Karate jangovar san’atining murakkab tarzda tarqalishi davridagi tarixi
Sobiq Sovet Ittifoqining Davlat Xavfsizlik Komiteti (DXK) Raisining o’rinbosari, general-polkovnik Vladimir Pirojkov o’tgan asrning 70 yillarining o’rtalarida Kubaga tashrif buyurganida Fidel Kastro uni Kuba maxsus vazifa kuchlarining jismoniy tayyorgarlik mashg’ulotlari bilan tanishtirib o’tgan.

Kubaliklar qo’l jangi uchun asos qilib sovet jangovar sambosidan tashqari yapon karatesining ham elementlarini kiritgan. Kubalik karatechilarning ko’rgazmaviy chiqishi sovet xavfsizlik xizmati rahbariyati vakilida juda katta taassurot qoldirgan. Uyga qaytgandan keyin Pirojkov o’z ko’zlari bilan ko’rgan narsalarini o’sha davrdagi Sovet Ittifoqi Davlat Xavfsizlik Komiteti Raisi Yuriy Andropovga batafsil aytib bergan. 

Shu paytda SSSR DXK 7-sonli Boshqarmasi tarkibida “A” guruhi – keyinchalik mashhur “Alfa” antiterror bo’linmasi shakllantirilayotgan edi. Bundan tashqari  9-chi boshqarma ham (hukumatni qo’riqlash) chet elda shu qadar moda tusiga kirgan yakka kurashning turini o’zlashtirishga qarshi emas edi. Yuriy Andropovning iltimosiga binoan Kuba ichki ishlar Ministrligi o’z instruktorlarini Sovet Ittifoqiga jo’natdi. 

1970-yillarning boshida Sovet Ittifoqi karateni juda faol rivojlantira boshladi. Moskvada dastlabki karatechilarning guruhlari paydo bo’la boshladi. Bu Moskva Davlat Universiteti (MDU), Xalqlar do’stligi universiteti, “Baumanchi”, “Frunzechi” va shu kabi boshqa klublar edi. Bu yerga xatto eng ishonchli odamlarning tavsiyanomalariga ko’ra ham kelish oson emas edi – istak bildirganlardan uzundan uzun navbatlar shakllangan. 1973 yilda SSSR sport komiteti karateni“ jismoniy tarbiyaning sovet tizimi bilan hech qanday uzviy aloqasi yo’q uslub” sifatida taqiqlashga uringandi. Biroq, shunga qaramay karate bilan shug’ullanuvchi sektsiyalar kun sayin ko’paydi.

1970-yillarning oxiriga kelib karate haqiqiy umumxalq sport turiga aylangan edi. Uning amallarini ijodiy va ilmiy ziyolilar vakillari bilan bir vaqtning o’zida jinoiy unsurlar, yuqori amaldorlarning bolalari bilan birga noxush oilalardan bo’lgan bezori o’smirlar, erkaklar bilan bir vaqtning o’zida ayollar ham o’zlashtirish istagida bo’lgan.

DXK ayrim xodimlari bir vaqtning o’zida MDU talabasi va SSSRdagi bir yapon firmasining vakili bo’lgan Tetsuo Sato mashg’ulotlaridan o’tgan edi. Karate bilan shug’ullangan holda ular bu sharqiy yakka kurashdan ularning idorasidagi jismoniy tayyorgarlik ko’rish mashg’ulotlarida foydalanish nafaqat mumkin, balki zarurligini allaqachon tushunib etgan edilar. Tashabbuskorlardan biri SSSR DXK birinchi bosh boshqarmasining vakili Aleksey Aleksandrov bo’lgan. Mahkama yig’ilishlarida u g’arbiy maxsus xizmatlar bu sohada allaqachon o’zib ketganligini aytib, xavfsizlik xizmati xodimlari karate kurashining amallarini o’zlashtirishi shart ekanligini doimiy ravishda isbotlashga harakat qilgan.

“Mutlaqo maxfiy” grifi ostida

DXK xarbiy-jismoniy tayyorgarlik doiralarida jangovar sambo o’rgatilgan. 1974yilning oxirida sharqiy yakkakurashlar bilan shug’ullangan jinoiy unsurlarga qarshi kurashda ularning xatti-xarakatiga yarasha javoban zarba bera olmasligi ehtimoligaqarshi ehtiyot chorasi sifatidami, g’arbiy maxsus xizmatlar xodimlariga etibolish maqsadidami, ammo jangovar samboga karateni ham qo’shib qo’yishga qaror qilingan edi, biroq sport sifatida emas, qo’l va oyoqlar yordamida zarba berishga o’rgatish uslubi sifatida.

Mixail Silin rahbarlik qilgan SSSR DXK kadrlar bo’yicha 5-chi Boshqarma xodimlari tomonidan xavfsizlik xodimlarini tayyorlash tizimiga karateni joriy qilish bo’yicha tadbirlar rejasi tuzib chiqilgan. Ushbu reja DXK o’z kanallari orqali chet davlatlaridan maxsus adabiyot, filmlar va anjomlarni qo’lga kiritish, uslublarni ishlab chiqish, instruktorlarni tayyorlash, yetuk xorijiy mutaxassislarni taklif qilish va xokazolarni o’z ichiga olgan edi. “Mutlaqo maxfiy” grifiga ega ushbu hujjatni shaxsan o’sha davrdagi DXK raisi Yuriy Andropovning o’zi imzolagan. Bu rejaniamalga oshirishni yosh va shijoatli tashkilotchi, jismoniy tayyorgarlik bo’yicha instruktor Nikolay Yeryominga topshirilgan. Yeryomin jismoniy tarbiya institutidan keyin 1973 yilda DXKga kelgan. U sambo bo’yicha sport ustasi unvoniga ega bo’lishidan tashqari karateni Tetsuo Satodan o’rgangan.

Nikolay Yeryominning eslashicha karate bilan shug’ullanish uchun dastlabki maxsus zal – Moskvadagi “Dinamo” stadionida, sobiq kinoteatr binosida tashkil etilgan. Jangovar, aniqrog’i – amaliy karate bo’yicha mashg’ulotlarni shtatdagi uch nafar instruktor o’tkazgan: Viktor Butyrskiy, Vladimir Arbekov va Boris Primakov. Butyrskiy DXKga ichki ishlar ministrligidan kelgan, u sambo vadzyu-do kurashlari bo’yicha xalqaro toifadagi sport ustasi bo’lgan, Arbekov –xaqiqiy karatechi, Primakov esa bokschi bo’lgan. Dinamo sport klubidagi karate jamoasining asoschilaridan biri Aleksey Dmitrievich Aleksandrov bo’lgan. Bu yerda DXKning turli boshqarmalaridan xodimlar majburiy tarzda karatega o’rgatilgan. 

Tayyorgarlik davomida uslub muvofiqlashtirilgan, trenajyorlar sotib olingan. Mashg’ulot maxfiy tarzda o’tkazilgan bo’lsada, baribir o’ta samarali kurash turi to’g’risidagi asossiz bo’lmagan mish-mishlar quloqdan quloqqa chalinaverib, mashg’ulotlarning sirliligi ham qolmagan. Bu mashg’ulotlarni Moskva atrofidagi Mesherino chegarachilar dam olish uyiga ko’chirilishiga sabab bo’lgan. U yerga Sovet Ittifoqining barcha respublikalaridan xodimlar jo’natila boshlagan. Yapon filmlarini tomosha qilgandan keyin odamlar zo’r qiziqish bilan shug’ullana boshlaganlar.  Atigi bir-ikki oy mashg’ulotlardan keyin ular o’z bo’linmalaridagi hamkasabalarini o’rgata oladigan darajaga erishgan.1976 yilda keng ko’lamli yig’inlar bilan birga DXK oliy rahbariyati va“Dinamo” sport klubi jamoasi uchun ko’rgazmaviy chiqishlarni uyushtirishga erishilgan. Darvoqe, Aleksey Aleksandrov tufayli “Dinamo” sport klubida nafaqat DXK xodimlari, balki ularning oila a’zolari ham mashg’ulotlarga qatnasha olgan.

Bu davr uchun karatening joriy qilinishi taraqqiyot ishi bo’lib qolgan. Biroq shuni hisobga olish kerakki, avval sambo bilan shug’ullanmagan xodimlar karate – har qanday tahdiddan qutqara oladigan vosita, karatechining zarbasi esa o’limga olib borishi mumkin ekanligiga chuqur ishongan. Ular shu tufayli turli ko’ngilsiz hodisalarga duch kelib qolgan.

Nikolay Yeryominning aytishicha bir kuni karate instruktorlaridan biri kafeda bir qizni bezorilarning shilqimligidan xalos etish maqsadida janjalning o’rtasiga tushgan. U yigit karatechi kabi fikrlagan va bezorilarni birgina chap qo’li bilan joyiga qo’yib qo’yishiga ishongan, biroq karate amallaridan birinchi harakat qilishi bilanoq peshonasiga qattiq zarba kelib urilgan va u o’zini yo’qotgan. U ertasi kuni “Dinamo”ga kattagina ko’kargan mo’mataloq bilan kelgan. Bu hodisa zal sharoitdagi karate bilan haqiqiy voqelikdagisi mutlaqo farq qilishining, maxsus xizmat xodimi nafaqat karate, balki jangovar sambo, boks, dzyu-doamallaridan ham xabardor bo’lishi kerakligining yorqin dalili bo’lgan. Keyinchalik bularning hammasidan sinchkovlik bilan yig’ib olingan amallarning to’plamini “qo’l jangi” deb atalgan.

Shu o’rinda Karate jangovar san’atining sovet ittifoqiga kirib kelishiga nuqta qo’yish ham mumkin edi. Ammo, uning kirib kelishiga faqatgina DXKning “mutlaqo maxfiy” grifi ostidagi hujjat sababchi bo’lgan deb ham bo’lmaydi.

Xo’sh, nima uchun bunday? Yana o’tgan asrning 60-yillariga qaytaylik. 

Davlat rahbarligiga Nikita Xrushyov kelganida diktator Iosif Stalin davridan keyingi “iliqlik” boshlanib xalqaro aloqalar keng tus ola boshlagan paytda “Karate-do”  to’g’risidagi dastlabki sadolar Sovet Ittifoqiga ham etib kelgan edi. Bu karatening dunyo miqyosida shijoatli tarzda rivojlanishi bilan bog’liq bo’lgan. Karatening asos solinishidan bugungi kunga qadar eng keng tarqalib, eng sayqallangani –Shotokan klassik usulidir. U ochiq va hech qanday sirlari yo’q – bunugi kunda dunyoda u to’g’risida juda ko’plab kitoblar (shu jumladan rus tilida ham) va video mahsulotlar mavjud.  Dunyoning turli mamlakatlarida juda ko’p taniqli karate ustalari Shotokan ta’limotidan yoshlarga saboq berib keladi. Bu usul o’ziga xos tarzda juda keng xilma-xillikka ega. Aynan shuning uchun ham, sobiq Sovet Ittifoqida karatening asosini Shotokan guruhlari tashkil etgan. Ammo bu birinchi qarashda oson kechganday tuyuladi.

Aslini olganda, gap shunda ediki, sovet tuzumi davrida “temir parda” mavjud edi. Lekin har qanday pardalar va to’siqlar ham eskirib, emirila boshlaydi. Karatening dovrug’i Sovet Ittifoqida tarqala boshlaganida dastlabki karate sektsiyalari avval aytganimizdek, MDU, Xalqlar do’stligi universitetida, Moris Teres institutida tashkil etilib talabalar  sportning yangiturini faol o’zlashtirishga kirishgan edi. Bu yerlarda  karatening turli yo’nalishlaridagi ustalari Shotokan usulidagi karateni o’rgata boshlagan edi.

1970 yilda Tokioda ippon-shobu, ya’ni Shotokan qoidalari bo’yicha karate-doning birinchi chempionati o’tkazilgan. Shundan beri, juda ko’p mamlakatlarda musobaqalar o’tkazila boshlagan. Sovet Ittifoqida-chi? 1973 yilda karate sektsiyalarining urchib ketganiga qaramay ilk bor sport sifatida tan olinmagandan so’ng sovet sportining rahbariyati karateni jismoniy tarbiya uslubi sifatida taqiqlab qo’ygan edi. Karate instruktorlarining obro’si partiya va hukumat vakillari obro’sidanko’ra balandroq bo’lishi mumkinligidan hayiqish barcha martabadagi mansabdorlar orasida karatega nisbatan qat’iy salbiy munosabatni shakllantirib kelar edi. Tabiiyki, taqiqlarga va mutaxassilarning yo’qligiga qaramay yashirin sektsiyalarko’payib boraverar,  sportchilarning ko’pchiligi esa Shotokan ta’limotini davom ettirar edi. 

Sektsiyalar “tizim”dan xoli bo’lgan muloqot orolchalariga aylanib qolgan edi. Lekin professional bo’lmagan qiziquvchilarning filmlar va kitoblar bo’yicha karate bilan shug’ullanishi ushbu usulni ayniqsa samarador qiluvchi, ustadan ustaga yetkaziluvchi eng nozik jihatlari hisobga olinmas edi. Shotokan karatening asosi bo’lgan texnikasigina emas falsafiy, ma’naviy, ahloqiy va estetik jihatlarining talqin qilinishi oddiyroq qilib aytilganida, o’z xolicha tashlab qo’yilgan edi. Bu borada xalqaro aloqalarning yo’qligi va axborot vakuumi usul mohiyatini anglashni buzilishiga olib kelgan.“Shixan”lar o’zlariga o’zlari “qora belbog’”larni taqdim qilib, bundan tashqari aslida dunyoning hech qayerida va hech qachon mavjud bo’lmagan usullar – Shotokan usuliga saviyasi o’ta past taqlidlar paydo bo’la boshlagan.“Muvofiqlashtirilgan” karate keyinchalik “Sovet karatesi” deb atalgan.

1970 yillarning oxiriga kelib Sovet Ittifoqida karate to’g’risida hech bo’lmasa qulog’ining uchi bilan eshitmagan biror kishini topish qiyin edi. Shu o’rinda karate jangovar san’atining tashrifnomasi sifatida bir tomondan Djo Lyuisning surati aks ettirilgan futbolkalarning tarqalib ketgani bo’lsa, ikkinchi tomondan unga qisqava aniq ta'rif beruvchi badiy film – “Yigirmanchi asr qaroqchilari”da Tal’at Ne’matullin ijrosidagi Salex ismli qaroqchilardan birining jangovar hayqiriqila sakrab tepishi bilan sovet dengizchisini sulaytirib qo’ygani bo’lib qolgan edi.

Shu o’rinda o’z-o’zidan savol tug’iladi – nima uchun “karate” deb nomlangan, asl maqsadi insonni tinmay o’zi ustida ishlab ma’naviy va jismoniy barkamollik, oqillik, aqli-rasolikka yetaklash bo’lgan ushbu jangovar san’ati aksariyat odamlarda baloning o’qi bo’lib ko’rinishiga qaramay, ko’pchilik, va ayniqsa yoshlar (bunga e’tibor bering - yoshlar!) uning sir-asrorlarini egallab olish istagida bo’lib qolgan?

Hamma gap shundaki, 70-yillarning oxiri, 80-yillarning boshlarida sovet tuzumining rasmiy qonun qoidalaridan tashqari “yozilmagan qonunlar” bema’ni qovunning urug’idek urchib keta boshlagan. Shu o’rinda aynan yoshlar o’zlarini himoyalanmaganligi his etgan. Birgina misol: e’tibor bering – oliy yoki o’rta-maxsus o’quv yurtiga yangi o’qishga kirgan birinchi kurs talabalari mazkur muassasadagi vaziyatni allaqachon tushunib yetgan yuqori kurs talabalari tomonidan iskanjaga olinishi, o’zlariga “hurmat” talab qilinishi, shaharlik yoshlarning qishloqdan kelganlarga nisbatan munosabatlarining ayrim paytlarda zo’ravonlik darajasigacha yetib borishi sobiq Sovet Ittifoqining “yozilmagan qonunlari”dan biri edi.

Yana bir misol – armiyaga xizmatga ketganlarning aksariyat qismi “otaxon”lar, ya’ni “ded”larning qo’liga borib tushar va ular tomonidan istalgan kunga solinar edi. Askarlarni tahqirlash armiya xizmati tugaganidan keyin ham tamom bo’lmas edi. Uyiga qaytayotgan askarlarga nisbatan “askar ovchilari” tomonidan ov uyushtirilgan. Qo’yarda-qo’ymay askarlarni mashinaga o’tkazib uyiga eltib qo’yish evaziga mo’maygina “suyunchi” olish ham “yozilmagan qonunlar”ning biriga aylanib bo’lgan edi.

“Yozilmagan qonunlar” nafaqat yoshlar, o’spirinlar, xatto bolalarning ham ongiga asta sekin kira boshlagan. O’rta maktablardagi sinflarda 1-shef, 2-shef, 3-shef va hokazo tarzda o’z “o’rnini” egallab olish ham, yaxshi o’qiydigan uquvchilar nazorat ishi yoki imtihon paytida “cho’kayotgan” dangasa, ikkichi sinfdoshini “qutqarmay” qolsa, yoki hech bo’lmaganda, shunga harakat qilmasa, uni “yozilmagan qonun”ni buzganlik uchun qattiq jazoga tortish hollari ham kuchayib ketgan edi.

Bunday misollarni minglab, xatto yuz minglab keltirish mumkin! Mana shunaqa “yozilmagan qonunlar” hukmronlik qilgan davlatda odamlarning davlat organlariga nisbatan ishonchi allaqachon so’nib bo’lgan edi. Shuning uchun ham, o’zini o’zi himoya qilish uchun Karate jangovar san’ati bir tomondan odamlarda umid hosil qiluvchi vositasi bo’lib ko’ringan bo’lsa, ikkinchi tomondan unga bo’lgan qiziqish modatusiga kirib borgani uchun xatto teatr va kino aktyorlari ham o’ziga nisbatan talabni yo’qotmasligi uchun karate bilan shug’ullanishiga to’g’ri kelgan. Masalan, vatandoshlarimiz qatoridan kino sohasidagi ustoz san’atkorlar Yodgor Sa’diev, Karim Mirxodiev, Seydulla Moldaxanovlar ham karate kurashi bilan jiddiy shug’ullangan.

1978 yilning 13 mart kunida dastlabki Karate maktablarining asoschilaridan biri Aleksey Shturmin SSSR Sport komitetidan “Karate kurashi bo’yicha komissiya tashkil etilishi to’g’risida”gi buyruq chiqarilishiga erisha olgan. Turg’unlik davrida boshqarilmaydigan va o’zboshimcha sektsiyalar juda ko’payib ketgani tufayli ilk attestatsiyalarning maqsadi jangovar san’at bo’yicha ta’limotni qonuniylashtirish va federatsiyaga yangi a’zolarni jalb etish bo’lgan. Hamma ham seminarlarda ishtirok eta olmagan va “Markaziy maktab”ningattestatsiyalaridan o’ta olmagan. Attestatsiyalarga kira olmagan yoki undan o’ta olmagan instruktorlarning shogirdlari rasmiy musobaqalarda qatnasha olmagan. Alohida guruhlarning istisno holatlari uchun dastlabki shartlari deyarli yopiq tizimga aylanib qolgan edi. Sport komiteti nuqtai nazaridan Sovet karate usulining yaratilishi uchun so’zsiz qulay yo’nalishi majburan qabul qildirilgan edi. Qoidalarning halqaro qoidalar tizimiga to’g’ri kelmasligi, dunyo karate musobaqalarida qatnashish imkonini inkor etdi. Bu esa o’z navbatida sportchilar va hakamlarninng malakasini oshirish ilojini yo’qqa chiqargan edi. Ma’muriy bosimga qaramay, ko’pchilik havaskorlar karatening “sovet” usuli – puch yong’oqdan o’zga narsa emas ekanligini yaxshi tushunar edi.

Sport amaldorlari hech narsani ko’rib chiqishni istamay karateni mafkuraviy jihatdan zararli deb topishdi. Keng omma bilan kuchaytirilgan reklama davrini saviyali mutaxassilar yo’qligiga qaramay, g’azablangan jamoatchilikning ahborot vositalari orqali e’tirozli chiqishlari bilan yakunlandi. Jinoiy va Ma'muriy kodeksga “ sport qoidalari bilan taqiqlangan karate amallariga o’qitish,o’qitish qoidalarini buzish, o’zboshimchalik bilan o’qitish” uchun tegishli moddalar kiritilgan edi. Dunyo hamjamiyati tomonidan g’alati tarzda qo’lga kiritilgan “qora belbog’”lar hamda mutaxassislarning tan olinmasligi, sport amaldorlari tomonidan juda ommabop sport turini rivojlantirish istagi yo’qligi pirovardida karatening taqiqlanishiga olib keldi. Hamma narsa 1984 yilning 17may kunida SSSR sport jamoalarida karate bilan shug’ullanishning rasmiy taqiqlanishi bilan tugadi. Sport komitet tomonidan 1978 yildan boshlab yaratilgan barcha hujjatlar yo’q qilingan edi. Natijada taqiq ostiga karatega juda yaqin bo’lgan sharq yakka kurashlarining hammasi tushdi.

O’zini himoya qilish bilan shug’ullanish borasidagi taqiqlar hech qachon va hech qayerda ishlamagan, ishlamaydi ham. Buni dunyo tarixi bir necha marta isbotlab bergan.

KARATE DAHOSI - DJO LYUIS

KARATE DAHOSI - DJO LYUIS

Sportchilarni texnik jihatdan tayyorgarligi va mahoratini oshirishdagi xalqaro musobaqaviy tajribasini inkor etilishi va zaruriy tibbiy nazoratning yo’qligi musobaqalarda sportchilarning xaloq bo’lishiga ham olib kelgan paytlar kuzatilgan.

Shunday bo’lishiga qaramay, baribir olib borilgan ishning natijalari yuzaga chiqqan. SSSR ninguchta chempionati bemalol xalqaro musobaqalarda qatnashishi mumkin bo’lgan kumite bo’yicha yorqin ustalarni aniqlashga yordam bergan. Sovet amaldorlari Karate kurashi qanchalar xunuk qilib ko’rsatishga uringan bo’lsa ham, bu urinishlarning barchasi zoe ketdi, sportchilarning ko’pchiligi Shotokan usuliga sodiq qoldi va uni amaliyotda qo’llashni davom ettirdi. 70-yillarning oxiridan boshlab Shotokan qoidalari bo’yicha musobaqalar o’tkazilgan.  

Ommaviy axborot vositalarida doimiy ravishda “sovet karatesi” maktablari reklama qilinar edi. SSSR Davlat Sport komitetining ma’lumotlariga qaraganda  1983 yilning boshida rasmiy ro’yxatdan o’tgan sektsiyalarda 300 mingdan ortiqroq kishi mashg’ulot o’tkazgan. Lekin, rasmiy karate ham umuman tayyor emas edi, chunki mutaxassislarning tayyorlash tizimi yo’q, chet el sertifikatlari tan olinmagan, rasmiy intsruktorlar etishmas edi. Ruxsatetilgan sektsilarda shug’ullanish imkonini topa olmaganlar “norasmiy” sektsiyalarni topib ana o’sha erda shug’ullanar edi. Sportchilar va attestatsiyadan o’tgan, biroq “sovet karatesi”da o’zi uchun hech qanday qiziqnarsani topa olmagan murabbiylar ham hafsalasi pir bo’lib, o’sib borayotgan“yashirin hujra”larga o’tib ketar edi.  

Rasmiy sektsilar ham yashirin tarzda faoliyat yuritishga o’tib ketgan edi. Guruhlar sportning boshqa turlariga o’xshab niqoblanar edi. Mabodo tekshirish kelib qolgudek bo’lsa, sportchilar ortiqcha savollarga o’rin tug’dirmaydigan mashg’ulotlar bilan shug’ullanardi. Mashg’ulotlarga mehmonlar qo’yilmas edi. Bunday sektsiyalarda shug’ullanganlarning ruhiyati ishonchsizlikning o’ziga xos izini qoldirar edi. Lo’ttibozlar uchun juda qulay kelgan davr firibgarlarga ham o’z ishini davom ettirish imkon eshiklarini keng ochib bergan edi: hurmat ko’r-ko’rona itoat qilishga almashtirilib, bu yerda tasavvuf, johillikka yo’l ochilar edi. Huddi shu tarzdagi ko’r-ko’rona itoat qilish 80-yillardagi eng mudhish voqealardan biri –Vilnyus shahrida Tal’at Ne’matullinning halok bo’lishiga olib kelgan. 

Karate bilan shug’ullanganlik uchun ta’qibdan qochish maqsadida, sobiq “sovet karatechilari” oq kimonolarini yashil kimonoga aylantirgan, amallarning nomlanishini esa yapon tilida emas rus tilida atagan, maxsus bo’linmalar xodimlari uchun qo’l jangidan ta’limot bera boshlagan. Har qanday qo’l jangining texnik jihozlari karate bilan deyarli bir xil, lekin ular o’zini himoya qilishga mutlaqo zid ma’noni anlatadi. 

Harbiy-amaliy fan sifatida u ma’lum ahamiyatga ega – dushmanni yo’q qilish, bu taktikani ham, jang texnikasini ham belgilaydi. Odatda “tanish-bilish orqali” jalb qilinganmutaxassislar o’zlari uslubiy qo’llanmalarning yaratgan. Qo’l jangi bu sohadagi dunyo tajribasini hisobga olmagan holda rivojlanib borgan. Vatanparvarlik tarbiyasi shiori ostida klublarga qo’l jangi tufayli, aslida qo’l jangi emas karate bilan shug’ullanish istagidagi o’smirlar jalb etila boshlagan edi. O’sha davrda sport klublari rahbarlarining ko’pchiligi qo’l jangining spetsifikasi tufayli vazmin va xushfe’l insonning o’rniga jamiyat haqiqiy jangarilarni yetishib chiqishiga erishishi mumkinligini hech tushuna olmagan edi.

Bunga faqat bir tomonlama baho berib bo’lmaydi, albatta. Bir tomondan, qo’l jangining johilligi bilan “tantrik karate targ’ibotchilari” kabi lo’ttibozlar o’g’il bolalarning ruhiyatiga salbiy ta’sir o’tkazilgan bo’lsa, boshqa tomondan ko’pchilik sportchilarga jangovar salohiyatini saqlab qolish imkonini bergan. Buning ustiga yashirin sektsiyalarda ham Shotokan usulining malakali ustalari ishlagan. Ular usulni rivojlantirishni davom ettirib, yaxshi shogirlarni ham tayyorlagan.Musobaqalarning yo’qligi, tabiyki karateni an’anaviy yo’nalishda rivojlantirgan, karate-doni o’zini barkamollik sari rivojlantirish tizimi sifatida anglab etishdagi buzilishlarni oldini olish imkonini bergan.

1985 yilning 6 iyun kuni Xalqaro Olimpiya Qo’mitasi tomonidan WUKO (Butunjahon karate tashkilotlari uyushmasi) tan olingan. 1988 yilda shobu-ippon bo’yicha Misrda o’tkazilgan yorqin jahon chempionatidan keyin WUKO to’laligicha olimpik tizimga yo’nalishni olgan edi. “Qayta qurish” sharoitida SSSR Davlat Sport komiteti chet qolishi mumkin emas edi. Sport ma’muriyati aholining karatega nisabatan qiziqishi baland bo’lgan holda taqiqlar samara bermasligini tushuna turib, yana sharq yakka kurash masalalari bilan shug’ullanishga majbur edi.

 

Butun mamlakat bo’ylab keng ko’lamda ketayotgan “qayta qurish” sharoitida SSSR Davlat sport komiteti chetda qolishi mumkin emas edi. Sport ma'muriyati taqiqlarning foydasi yo’qligini tushunsa-da, aholining karatega nisbatan bo’lgan qiziqishi juda balandligini hisobgaolgan holda yana sharq yakka kurashlari masalasi bilan shug’ullanishiga to’g’ri kelgan. Biroq , yana o’sha eski ma’muriy amaliyotni qo’llagan holda. Usullarni rivojlantirish masalalariga juda havfsirab qaralgan. Yana “muammolarni hal etishning yagona va to’g’ri yo’li” – manfaatdor tomonlarning fikrlari hisobga olmagan holda karate kurashining rivojlanishini ma’muriy choralar vositasida nazorat qilish tiqishtirilar edi. Bu esa muammo ustiga yanada ko’proq muammo keltirgan.

1988 yili Sharq yakka kurashlar assotsiatsyasisining ta’sis yig’ilishi bo’lib o’tdi. 1989 yilning 3 iyun kuni sovet sportchilari ilk bor rasmiy halqaro musobaqalarda qatnashgan.  Biroq bu yerda ham usullar siyosati ishlab chiqilmagan edi. Shuning uchun ham Shotokan ixlosmandlari usullar borasidagi saviyasiz siyosat, aniqrog’i esa bunday siyosatning yo’qligi tufayli yetakchi usullarni rivojlantirish tashkilotlari bilan aloqa bog’lashga erisha olgan edilar. Shutarzda 1989 yilda Karatening yashirin mashg’ulotlar davriga nuqta qo’yilgandi  - Vengriyaning bosh instruktori Yanosh kelgan (6- dan sohibi). Keyin esa Sovet Ittioqiga Rikuto Koga – (8-dan sohibi), Xirakazu Kanadzava kelgan. Biroq endi buning foydasi yo’q edi, chunki juda ko’p iste’dodli sportchilar tirikchilik dardida oxiri achinarli tarzda boshi berk ko’chaga olib kiruvchi reket va tovlamachilik bilan shug’ullanadigan turli shubhali guruhlarga a’zo bo’lib, halokat yo’lini tanlab bo’lgan edilar.

Shu tariqa sobiq Sovet Ittifoqida sportning eng go’zal turlaridan biri o’zining davrini ushbu davlat tugatilishidan oldin yakunlagan edi.

Hozirgi paytda karate jangovar san’atining bir necha yo’nalishlari mavjud:

 

Eng keksa usullari:

Sito-ryu –asoschisi Kenva Mabuni

Godzyu-ryu –asoschisi Tyodzyun Miyagi

Vado-ryu –asoschisi Xironori Otsuka

Shotokan –asoschisi Gichin Funakoshi

 

Karate usullari tinmay ko’payib bormoqda, chunki har bir usta mavjud bo’lgan usulga o’zining  biror yangiligini kiritishi mutlaqo yangi usulning vujudga kelishiga sabab bo’lgan. Avval sanab o’tilgan to’rttasidan tashqari usullarning eng keng tarqalganlari quyidagilar:

 

Kyokusinkay – asoschisi Masutatsu Oyama, 1950 yillarda shakllangan.

Ashixara-karate– asoschisi Xideyuki Ashixara, 1970-1980 yillarda Kyokusinkay usulidan tashlanish texnikasi bilan birga sabaki texnikasi qo’shilishi hisobiga vujudga kelgan.

Kosiki –asoschisi Kayso Kori Xisataka

Fudokan – 1980yilda yugoslaviyalik karate ustasi Ilya Yorg tomonidan asos solingan usul. Tibbiyot nuqtai nazaridan karate-doning eng ilmiy asoslangan usuli.

Syorin-ryu –okin va karatesining qadimiy usullaridan biri

Dzyosinmon Syorin-ryu(Tezkor karate) – asoschisi Ikeda Xosyu. Sovet Ittifoqida DXK tomonidan keng qo’llanilgan. 1970- yillarda yaratilgan amaliy yo’nalish. Uch asosiy maktabiga ega.

Ueti-ryu –okinava orolida Kambun Ueti tomonidan asos solingan usul.

Kyokusin Budokay– asoschisi Yon Blyuming

Konno-dzyuku –intellektual karate, 1999 yilda yaratilgan, asoschisi Konno Satosi.

Kudo – o’z ichiga karate, dzyu-do va tay qo’l jangi amalarini birlashtiruvchi omixta usul. Asoschisi Adzuma Takashi.

 

SURATDAGI KARATE DAHOSI - DJO LYUIS

SURATDAGI KARATE DAHOSI - DJO LYUIS

O’tgan asrning saksoninchi yillaridagi Sovet Ittifoqi davrida yozgi kiyimning eng ommabop bo’lganlaridan biri – futbolkalarda bir surat juda ommabop bo’lib ketgan. Ushbu suratda sharq yakka kurashlaridan biri va eng ommalashgani – karate kurashining eng qiyin, biroq uning butun mohiyatini bir harakatdayoq ko’rsata oladigan oyoq zarbasi parvozini ro’yobga chiqargan mahoratli karatechi kim o’zi? Bu surat haqiqiymi? Shunday inson haqiqatdan ham mavjudmi? Bunday savollar o’sha davrda ko’pchilikning hayolidan o’tgan, biroq, Sovet tuzumining ajralmas qismi bo’lgan “temir parda” ortidan deyarli hech narsani bilib bo’lmas edi.

Futbolkalar, plakatlarda aks ettirilgan bu odam haqiqatdan ham mavjud bo’lgan. U Masutatsu Oyama, Chak Norris, Benni Urkidez kabi mahoratli karate ustalari singari ushbu sharq yakka kurashining haqiqiy afsonasi edi. Bu afsonanviy insonning ismi Djo Lyuis. Karatening bo’lajak dahosi 1944 yilning 7 martida tug’ilgan va bolaligdan boshlab dastlab kurash bilan, keyin bodibilding, AQSH Xarbiy Dengiz kuchlari flotida hizmati so’ng, Okinava dengiz bazasida karate to’g’risida eshitib, shu kurash san’atiga mahliyo bo’lib qolgan edi. U bir necha karate ustalarini tahsilini olgan, birinchi ustozi Godzyu-ryu usulining asosichisi Tyodzyun Miyagi bo’lgan, ammo, shunisi aniqki, unga eng katta ta’sirni Eyzo Simabuki o’tkazgan.

Shuni aytib o’tish kerakki, Djo Lyuis yangiliklarni mensimay ma’lum bir usul doirasida chegaralanib qolmaydigan ustalar qatoridan edi. U o’zining ko’pchilik yelkadoshlari kabi biror narsani o’zgartirish, tajribalar qo’yish, tinmay izlanishdan hech qo’rqmas edi.

Karate bilan shug’ullana boshlaganidan atigi bir yil o’tib u qora belbog’ sohibiga aylandi. Albatta unga bunda juda puhta sport tayyorgarligi yordam bergan.

Ko’pchilikda qanday qilib bunday yuqori darajalarni konservativ Yaponiyalik tomonidan chet elliklarga va ayniqsa ko’p hollarda mashhur kishilarga shu qadar osonligicha berilgan, degan savol tug’iladi. Ko’pchilik ustalarning mavqei hamda qadr-qimmatini pasaytirib baho berib bo’lmaydi, ularning har biri o’ziga yarasha mahoratiga ega, biroq 20 asrda jang san’ati sohasida ham huddi yoga sohasidagidek holat vujudga kelib qolgan edi. Aniqrog’i, ko’pchilik ustalar amerikaliklar va yevropaliklarni oqib kelishidan juda mamnun edi. Bunga sabab shu ediki, mahalliy aholida og’ir iqtisodiy va ijtimoiy vaziyat tufayli bu ta’limotlarga e’tibor pasaygan, va aksincha, AQSH bilan Yevropada ularga qiziqish moda tusiga kirib borgan. Shuning uchun ham mashg’ulotlar uchun yaxshigina pul to’lay oladigan ajnabiylarga unvonlar hamda turli rangdagi belbog’lar bilan taqdirlanish odatdagidan ko’ra tezroq amalga oshirilgan.

Ammo har doim va har kim bilan ham shunday bo’lgan deya olmaymiz. Djon Lyuis ham aynan shu tarzda qora belbog’ sohibi bo’lmagani aniq.

Djo Lyuis ilk marotaba Vashingtondagi karate bo’yicha birinchi musobaqada ro’yxatdan o’tgan edi. Bir tomondan, u karate sportining hech qanday qoidalari to’g’risida habari bo’lmagan, boshqa tarafdan esa – uning ususli ko’proq ko’cha mushtlashuviga o’xshash bo’lsada janglarda peshqadamlik bilan g’olib chiqavergan. 

Mashhur sportchilarning hech biri Lyuisning sevimli zarbasi –“mavashi”ga qarshi tura olmagan. U o’zining barcha baholarini keyingi faoliyatidagi o’ziga  xos tashrif qog’oziga aylangan aynan shu zarbasi tufayli qo’lga kiritgan.

Sport karatesida atigi besh yil davomidagi chiqishlarida Lyuis o’sha davrning 30 nafar eng yirik musobaqalarida g’olib chiqqan. U 60-chi yillardagi boshqa bir sportchi – Maykl Stounning yutuqlarini, ya’ni, sport karatesi bo’yicha bir yil davomida birin-ketin uch asosiy chempionatida g’olib chiqib qaytara olgan yagona sportchi bo’lib qolgan.

Yosh karatechining muvaffaqiyati tufayli tashkilotchilar hatto har qanday yo’l bilan bo’lsada Lyuisning chempionatlarda qatnashishini taqiqlashga harakat qilishgan.

Biroq, Lyuis uchun endi faqat karatening doirasi torlik qila boshlagan edi. O’z shuhrati cho’qqisida bo’la turib, o’z g’alabalaridan qoniqmay qoldi. O’zining gaplariga ko’ra, mislsiz mukammal oyoqlar texnikasiga erishganidan so’ng u shu haqda o’ylanib qolganki, karatening ko’pchilik muxlislari faqat sharqiy usullarga to’g’ri keladigan qo’llar texnikasi borasida yetarli darajada mahoratga ega emas.

Karate ustasining qiziqishi boksga qaratilgan edi. U boks bilan mashhur murabbiy –Djoy Orbil boshchiliga shug’ullana boshladi.

Shu bilan bir qatordau Bryus Lininng “Djit Kun Do” tizimi bo’yicha Bryusning o’zi bilan shug’ullana boshladi, va unda yaxshi natijalarga erishdi. Aynan Bryus Li karate bo’yicha odatiy musobaqalarni "quruqlikdan suzish" deb atab full-kontakt usulining bo’lajak asoschisini to’liq kontaktli janglar g’oyasiga undagan, degan mish-mishlar ham urchib ketgan edi.

Djo Lyuis to’laligicha karatedan boksga va Bryus Li bilan mashg’ulotlarga o’tib olgan edi. Aynan o’sha yillarda promouter Li Folkner turli yulduzlar – Chak Norris, Mayk Stoun, Bob Uoll ishtirokida musobaqa o’tkazishga qaror qilgab. So’zsiz Djo Lyuis ham taklif etilgan edi.

Lekin chempionbir shart qo’ygan edi – jang to’liq kontaktda bo’lishi kerak.Tashkilotchilar Lyuisning shartlariga ko’ngan, biroq chempionlar va ustalarning ko’pchiligi bunday musobaqalarda qatnashishdan bosh tortdi. Djo Lyuisning raqibi boshqa bir karate ustasi Greg Beyns bo’lgan.

1970 yilning 17 yanvar kuni Kaliforniya shtatining Long Bich shahrida karatening full-kontakt qoidalari bo’yicha birinchi jang o’tkazildi. Lyuis Jangning ikkinchi raundidayoq sport yangi turi bo’yicha ilk chempioni bo’lib, Greg Beynsni nokautga uchratgan. Ayrim manbalarga qaraganda, Djoning o’zi o’z tizimining samarasini “full-kontakt karate” deb atagan, ammo ikir-chikirlarni yaxshi tushunmaydigan tomoshani olib borayotgan boshlovchi jang san’atini “amerikacha kikboksing” deb tanishtirgan.

Ushbu tadbirdankeyin bir qancha muddatga "full-kontakt" termini unutilgan va kundalik hayotda uning o’rniga “kikboksing” termini ishlatila boshlagan. Kikboksing doiralari faqat 80-yillarga kelib aniqlashganiga, undan avval esa juda mujmal termin bo’lishiga qaramay, aslida, ushbu jang san’atlari bir-biridan farq qilmaydi. Shu o’rinda shuni aytib o’tish kerakki, 20 asrning oxiridagi adabiyotlarda “kikboksing-karate” iborasini ham uchratish mumkin. Umuman, bir so’z bilan aytganda Djo Lyuis bu yo’nalishning asoschisi bo’lgan, biroq ushbu usul turli joylarda turlicha nomlanadi.

- Mening falsafam shunday – deb tushuntirar edi u, - agar men raqibni batamom mag’lublikka uchratmasam, qanday qilib men uning ustidan haqiqatda g’alaba qozondim,deyishim mumkin?

U o’z ommabopligini ham juda oddiy ta’riflar edi: Mening sochlarim yorqin tusda, ko’zlarim moviy, qad-qomatim ham xushbichim. Men shunchaki odamlarning tasavvuridagi dovyurak jangchining ideal timsoliga boshqalarga nisabatan ko’proq to’g’ri kelib qolganman, xolos.

Afsuski, Lyuis ham sport olamidagi boshqa ko’pchilik sportchilar singari mag’lubiyatdan qochib qutila olmagan edi. U birinchi marta ringdan yengilmagan holda chiqib ketganligiga qaramay, 1975 yildagi uning sportga qaytishini qoyil-maqom bo’lgan deb bo’lmaydi – u jangda mag’lubiyatga uchragan. 

Jangchilik faoliyatini tamomila to’htatganidan keyin Lyuis o’sha davrdagi boshqa ko’plab taniqli yakka kurash ustalari kabi o’z imkoniyatlarini kinoda sinashni boshladi. Masalan, Benni Urkidez va Richard Nortonlardek ring yulduzlari ishtirok etgan “Beshovlonning qudrati” filmi.

Ammo Lyuis kino sohasida ham ko’p qolmadi, chunki u jang san’atlari to’g’risidagi o’sha davrdagi kinoda jangovar sahnalarning bachkanaligiga, bundan tashqari, ular zo’ravonlikni targ’ib qilinishidan boshqa narsa emasligiga chiday olmas edi.

Maqolani baxolash?

Facebook Conversations