Ko’sem sulton tarixi: asl ismi, kelib chiqishi hamda kanizaklikdan boshlab saltanat hukmdori darajasigacha ko’tarilishi
Hozirgi kunda butun dunyo bo’ylab “Muhtasham yuz yil” telesagasining davomi bo’lmish “Muhtasham yuz yil. Ko’sem saltanati” seriali katta muvaffaqiyat bilan namoyish etilmoqda. Ushbu serial Usmoniylar saltanatining yana bir buyuk namoyondasi, XVII asrning qudratli va shu bilan birga g’ozal ayoli – Ko’sem sulton haqida bo’lib, uning muhabbati va hokimiyat uchun kurashini aks ettiradi.

Ushbu maqolada Ko’sem sulton aslida qanaqa ayol bo’lganligi haqida ma’lumot berishga harakat qilamiz.

Ko’sem sulton Usmoniylar imperiyasining navbatdagi vakilasi bo’lib, uning taqdiri hammamizga yaxshi tanish bo’lgan Xurram sultonnikiga o’xshab ketadi. Birinchidan, bu ikkala ayol ham hayot yo’llarini kanizaklikdan boshlab, imperiyani boshqara olish darajasigacha ko’tarila oldialr. Bu yo’lda ko’p qiyinchiliklar, fitna va makr-hiylalarni boshlaridan kechirdilar. Ikkinchidan esa ularni qarindoshlik rishtalari bog’lab turadi. Ko’sem sulton Sulaymon va Xurramning chevarasi bo’lmish sulton Ahmad I ning xotini bo’lgan. 

Anastasiya, ruhoniyning qizi

Anastasiya, ruhoniyning qizi

Ko’sem sulton xonimning bolaligi haqida ma’lumotlar juda kam, ularning ko’pi taxminlarga asoslangan. Shunisi ma’lumki, u 1589 yilda yunon yoki bosniyalik ruhoniy oilasida dunyoga keldi va unga Anastasiya, deb ism qo’yildi (huddi Xurram hayoti kabi). 14 yoshida qul savdogarlariga asirga tushib, bozorda saroy ayonlari tomonidan sotib olinadi hamda 13 yoshli sulton Ahmadga tortiq qilinadi. Shu zayl qiz saroy haramiga kelib qoladi. Sulton Ahmad esa 1603 yilda otasi sulton Mahmud III ning o’limidan keyin taxtga o’tiradi.

Sultonning ma’shuqasi

Sultonning ma’shuqasi

Haramda u “Mohipaykar” ismini oldi. Haramda boshqa kanizaklar ham ko’p bo’lib, Mohipaykar ularning orasida uncha ajralib turmas edi, shuning uchun yosh sulton ham unga darrov e’tibor bermadi. Biroq yosh kanizak taqdirga tan berishni istamadi va o’z ustida ishlashni boshladi. U uydagilarini eslab ko’z yosh to’kishdan o’zini tiydi, haramda yuqori martabaga erishishni hamda sultonning ko’nglidan joy olishni oldiga qat’iy maqsad qilib qo’ydi. Kanizak bo’la turib u turk va boshqa tillarni o’rgandi, saroy etiketi va o’zini tutish qonun-qoidasini egalladi, raqs hamda musiqa asboblarini chalishni o’zlashtirdi. Qiz sulton huzuriga birinchi kirishidayoq, sulton uning nafaqat go’zalligi va maftunkorligi, balki o’tkir zehni, shirin suhbati va fahm-farosatiga tan berdi.

Ahmad sulton kanizakning ismini o’zgartirib, uni Ko’sem, ya’ni “eng suyukli” deb atadi. Ahmad sulton ham ajdodi bo’lmish sulton Sulaymon kabi Baxti taxallusi bilan she’rlar yozar, go’zal Ko’sem esa unga ilhom baxsh etib turar edi. Bu juftlik bir-biri bilan xatlar yozishib turar, bu nomalarda ularning ishqiy munosabatlari, sof tuyg’ulari aks etgan edi.

Ahmad I ning hukmdorlik davrida Ko’sem faqatgina erining itoatida bo’lgan va siyosat ishlariga hech qanday qiziqish bildirmagan. Ular rasman nikohdan o’tmagan bo’lsalar ham, sulton xonim “xaseki” unvoniga ega edi. Bu hukumdor eng suyukli xotini yoki kanizagiga beriladigan unvon bo’lib, haramda sulton onasining unvoni – volida sultondan keyin ikkinchi o’rinda turar edi. Bunday unvonni birinchi bo’lib, 1521 yilda sulton Sulaymon xohishiga binoan Xurram sulton ega bo’lgan, buni biz “Muhtasham yuz yil” seriali orqali bilamiz. 

Xaseki unvoniga ega bo’lgan Ko’sem Ahmad sultonga deyarli har yili merosxo’rlarni  - shaxzoda va malikalarni tug’ib berar va buning uchun uning qalbidan chuqur joy egallagan edi. Biroq u taxt vorisi, ya’ni sultonning eng birinchi o’g’lining onasi emas edi. Tarixchilarning aytishicha, sulton bilan 14 yil turmushlari davomida Ko’sem 13 nafar farzandni dunyoga keltigan, ularning besh nafari bolalik davirda vafot etgan. Ikki shaxzoda Murod  va Ibrohim esa keyinchalik Usmoniylar imperiyasining hukmdorlari bo’ldilar. Tadqiqodchilarning ta’kidlashlaricha, Ko’semning shaxzoda Qosim va shaxzoda Sulaymon ismli o’g’illari ham bo’lgan. Qizlarining soni esa o’g’illarinikiga qaraganda ko’proq bo’lgan,  saroydagi o’z mavqeining mustahkamligini saqlab qolish uchun ularni nufuzi baland, obro’-e’tiborli insonlarga, vazirlarga turmushga bergan.

Chet eldan kelgan elchilar Ko’sem haqida fikrlarini bildirib, quyidagilarni yozishgan: “U juda lobar, zukko, aqlli, mahoratli va shu bilan birga chiroyli qo’shiq kuylar ekan. Sulton uni juda sevadi, ardoqlaydi va hamisha yonida bo’lishini xohlaydi. Bu ayol juda oqila bo’lishiga qaramasdan, eri bilan muloqotda siyosiy mavzulardan og’iz ochmaydi”

Venetsiya elchisi Kontarini, 1612 yil

“U qirolning qalbidan chuqur joy egallagan, u nimani istasa qirol bajarishga tayyor. Aytgani aytgan, degani degan”. 

Fransuz elchisi Kristofer Valyer, 1616 yil

1617 yilda sulton Ahmad I 28 yoshligida kasalga chalinib, vafot etadi. Ko’sem beva bo’lib qoladi, aynan ana shu davrdan boshlab uning hokimiyat uchun murakkab va shu bilan birga g’olibona hayot yo’li boshlanadi. Undan keyin bu ishni hech bir sulton xonim qila olmagan. Avvaliga Ko’sem sultonning qalbidan joy olish uchun tirishgan bo’lsa, endilikda u shaxzodalarining taqdiri uchun kurashar edi. Qoida bo’yicha, Ahmadning boshqa xotinidan tug’ilgan eng birinchi o’g’li – Usmon yangi sulton etib tayinlanishi kerak edi. Biroq Ko’sem saroy devoni bu nomzodni yoshi kichikligini bahona qilib, rad etishiga erishdi. Usmon bu davrda 13 yosh edi, biroq uning otasi Ahmad I ham aynan ana shu yoshda taxtga o’tirgan edi.

Saltanat hukmdorligi Ahmadning ukasi Mustafo I ga ishonib topshirildi. Mustafoning hukmdorligi  faqatgina rasman edi, aslida u saltanatni boshqara olmas edi, chunki  ruhiy xasta edi. 

Ko’p o’tmay yosh shaxzoda Usmonning tarafdorlari Mustafoni taxtdan tushirishga muvaffaq bo’ldilar. Taxtga o’tirgan sultonning barcha erkak qarindoshlari qatl qilinishi kerak edi, biroq Mustafoning kasalligi uni dordan saqlab qoldi. Ko’sem esa bolalari bilan eski saroyga quvg’in qilindi. U yerdan turib Ko’sem Konstantinopolga (hozirgi Istambul) qaytib, taxt uchun kurashga zamin yarata boshladi.   

Shaxzoda Usmon taxtda 1618-1622 yillar davomida o’tirdi. So’ngra u ham yanicharlar tomonidan uyushtirilgan isyonning qurboniga aylandi. Rad etishiga qaramasdan taxtni boshqarish yana Mustafoga torshirildi. Biroq Mustafo taxtda uzoq o’tirmadi. 1623 yilda Ko’sem navbatdagi davlat to’ntarishini uyushtirdi hamda 11 yoshli o’g’li shaxzoda Murodning sulton etib tayinlanishiga erishdi. Ko’sem tabiiyki, volida sulton maqomiga ega bo’lib, 1623 yilgacha rasman shaxzodaning regenti (saltanatni vaqtinchalik boshqarib turuvchining unvoni) bo’ldi. Chet ellik elchilarning yozib qoldirgan qaydlarida aytilishicha, Ko’sem majlis o’tkazilayotgan xonada parda ortidan turib, o’g’liga nimalar deyish, u yoki bu savolga qanday javob qaytarish hamda qanday qarorlar qabul qilish kerakligini aytib turgan.

Murod IV ulg’ayib, onasining yordamidan voz kechdi. U jahldor va ahloqsiz fe’l-atvorga ega edi. Sharob ichishga mukkasidan ketishi uni halok etdi: 28 yoshida jigar sirrozidan vafot etdi. U o’zidan erkak merosxo’rlar qoldirmagani uchun 1640 yilda taxtni uning ukasi shaxzoda Ibrohim egalladi, va Ko’sem yana regent bo’ldi. Sulton Ibrohim I ham 21 yoshga to’lgandan keyin onasining hokimiyatni boshqarish borasidagi yordamidan voz kechdi va hattoki onasini saroydan quvg’in ham qildi. Bu narsa Ko’semga og’ir botdi va u bu narsa uchun o’g’lini kechirmadi. Ibrohim I irodasi bo’sh hamda amakisi Mustafo singari ruhan nosog’lom edi – manfaatparast va g’araz niyatli kanizaklarni onasidan ustun qo’ydi.

1648 yilda navbatdagi davlat to’ntarishi sodir bo’ldi, Ibrohim I taxtdan ag’darilib, qatl qilindi. Uning o’rnini o’g’li, Ko’semning nabirasi 7 yoshli Mahmud egalladi. Yosh sultonning onasi – Turxon sulton uning regenti bo’lishi kerak edi, biroq Ko’sem undan bu huquqni olib qo’yib, nabirasiga o’zi regentlik qila boshladi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, volida sulton onalik mehri tufayli o’g’illarining kamchiligiga ko’z yumib keta olmas edi, u aksincha juda qattiqo’l va talabchan edi. U saroy ayonlaridan o’g’illariga saltanatni boshqarish sir-asrorlarini, ish yuritishlarni, hijjatlar bilan ishlashni o’rgatishlarini topshirgan edi. U aktiv va ochiq tarzda tashqi siyosat yuritish tarafdori edi, tamaki chekish va sharob ichishga qarshi chiqar va ortiqcha dabdabani yoqtirmas edi. Ammo bu harakatlarining ko’pi zoye ketar edi, huddi Xurram sulton hayotidagi kabi. Xurram ham ichkilikka ruju qo’ygan o’g’li Salimni otasi sulton Sulaymonning vorisi bo’lishini istamagan edi.  

Xalq ardog’ida

Xalq ardog’ida

Usmoniylar saltanatining a’zolari hamda saroy ayonlari uchun Ko’sem sulton hukmdor va qattiqqo’l ayol edi. Biroq oddiy xalq uchun u ardoqli edi: u xayriya ishlari bilan ko’p shug’ullanar, qamoqxona, kasalxona va yetimxonalardan tez-tez xabar olib turar edi. Ko’sem shuningdek, qambag’allarning qarzini to’lashlariga ko’maklashar, yetim qolgan qizlarning turmushga chiqishlariga yordam berar va ularga sep ham qilib berar edi, ommaviy yemakxonalarni otaliqqa olgan edi: bu yerda har kuni bir necha yuzlab odamlar bepul ovqatlanar edilar. Istambul arxividagi qog’ozlarda yozilishicha, Ko’semning o’limidan keyin shaharda 10 000 nafar odam och qoldi. Hozirgi Istambul shahrining Uskyudar tumanida 1640 yilda Ko’sem buyrug’i bilan Chinili masjidi qurildi. U hozirgi kunda ham qo’r to’kib turibdi.

Ko’sem sulton o’limi

Ko’sem sulton o’limi

Mahmud  IV taxtga o’tirgandan so’ng uning onasi Turxon sulton o’g’liga o’zi regentlik qilmoqchi bo’ldi, biroq Ko’sem o’z joyini keliniga bo’shatib berishni istamadi va buning natijasida ayollar o’rtasida kurash avj oldi. Usmoniylar saltanatidagi bu ikki sulton xonimlar orasidagi sovuq urush uch yil davom ettdi va Ko’sem sultonning mag’lubiyati bilan yakunlandi: 1651 yil 3 sentyabr kuni Turxon sulton tomonidan yollangan saroy xodimlari o’z xonasida uxlab yotgan Ko’semni bo’g’ib o’ldirdilar. Buyuk volida unvonidagi bu ayolning yoshi 62 da edi. 

Ko’sem Usmoniylar imperiyasi tarixida ikkala o’g’li va nabirasi sulton bo’lgan hamda uch marotaba regentlik huquqini qo’lga kirintagan yagona ayol bo’lgan. U rasman regent bo’lgan bo’lsa-da, aslida esa erining o’limidan keyin to o’zining so’nggi kunlarigacha butun saltanatni boshqargan. Tarixchilar bu davrni Usmoniylar imperiyasining eng yaxshi davrlaridan biri deb hisoblaydilar. 

Maqola yoqtimi? A'zo bo'l va do'staring bilan bo'lish!

Maqolani baxolash?

Facebook Conversations