Usmoniylar imperiyasi. Sulaymon I: biografiya
Usmoniylar imperiyasining o’ninchi sultoni bo’lmish Sulaymon I saltanatini misli ko’rilmagan qudratga ega bo’lishini ta’minladi. Buyuk sarkarda shuningdek, oqilona qonunlar muallifi, yangi maktablar asoschisi va me’moriy obidalar qurilishining tashabbuskori sifatida ham tanilgan.

1494 yilda turk sultoni Salim I hamda uning xotini – qrim xonining qizi Oysha Hafsa farzand ko’rdilar, unga Sulaymon, deb ism qo’ydilar. Bu shahzodaning taqdiriga  kelajakdayarim dunyoni zabt etish hamda mamlakatini qayta isloh qilish yozilgan edi.

Bo’lajak sulton Sulaymon I Istambuldagi saroy maktabida tahsil olib, o’sha davrning eng mukammal bilimlarini egalladi, bolalik va o’smirlik chog’larini kitob mutolaasi hamda ma’naviy o’sish bilan o’tkazdi. Erta o’smirlik chog’laridanoq u uchta viloyatga hokimlik qila boshladi. Sulaymon I taxtga o’tirishidan avval Usmoniylar saltanati aholisining mehriga va hurmatiga sazovor bo’ldi. 

Hukmdorlikning boshlanishi

Sulaymon 26 yoshida taxtni egalladi. Venetsiyalik elchi Bartolomeo Kontarini uni quyidagicha tasvirlagan:

“Baland bo’yli, istarasi issiq. Uning bo’yni odattagidan uzun, yuzi ingichka, qirra burun, terisi rangpar. Xalq uni dono hukmdor sifatida ta’riflar hamda oqilona hukmdorlik qilishiga ishonadi”.

Sulaymon avvaliga bu ishonchni oqladi. Hukmdorlik davrini xalqparvarlik hissi bilan boshladi – otasi tomonidan bosib olingan mamlakatlarning yuqori martabali asirlarini ozod qildi. Bu harakati bilan chet el mamlakatlari bilan munosabatni yaxshilab, ular bilan savdo-sotiq aloqasini yo’lga qo’ydi.

Bu yangilikdan ayniqsa yevropaliklar xursand bo’lgan edilar, ammo ularning quvonchi uzoqqa cho’zilmadi. Bir qarashda vazmin va adolatli Turkiya hukmdori aslida harbiy shuhrat haqida orzu qilayotgan edi.

Tashqi siyosat

Sulaymon I hukmdorligi davrida mayda urushlarni hisobga olmaganda 13 ta yirik harbiy yurish qildi, ulardan 10 tasini Yevropa hududida amalga oshirdi. Bu paytga kelib Usmoniylar imperiyasi Jazoirdan to Erongacha bo’lgan hududda yastanib, misli ko’rilmagan darajadagi qudratga ega bo’ldi. U davrlarda “Turklar darvoza yaqinida”, degan ibora yevropaliklar uchun vahimaning o’zi edi, hukmdorini esa dajjol bilan tenglashtirishar edi.

Sulaymon I taxtga o’tirganidan bir yil o’tib Vengriya chegarasiga qarab yurish qildi. Turk qo’shinlarining hujumi natijasida Shabats qal’asi ishg’ol qilindi. Shundan keyin g’alaba ketidan g’alaba kelaverdi –mag’lubiyat nimaligini bilmagan usmoniylar Qizil dengiz, Jazoir, Tunis, Rodos oroli, Tebriz va Iroqni zabr etib, u yerlarni o’z nazoratlari ostiga oldilar. 

Qora dengiz bilan O’rtayer dengizining sharqiy hududlari ham jadallik bilan o’sib borayotgan Usmoniylar saltanatining haritasidan joy oldi. Vengriya, Sloveniya, Transilvaniya, Bosniya va Gertsogovina kabi davlatlar ham sultonga bo’ysinar edi. 1529 yilda turk sultoni katta ketib, Avstriyaga qarshi yurush boshladi va 120 ming nafarli qo’shini bilan poytaxtga hujum uyushtirdi. Biroq u yerda tarqalgan epidemiya Venani ishg’ol qilinishdan asrab qoldi hamda turk qo’shinining uchdan bir qismining qirilib ketishiga sabab bo’ldi. Shundan keyin shahar qamali bekor qilindi.

Sulton Sulaymon faqatgina Rossiyyagagina jiddiy yurushlarni uyushtirmadi, chunki uni na bir harakatu va na bir pul sarflashga arzimaydigan xilvat bir viloyat, deb hisoblar edi. 

Shuhratparast sulton Sulaymonning hukmdorlik davrining oxiriga kelib Usmoniylar imperiyasi musulmon olamining tarixdagi eng buyuk va qudratli saltanatiga aylandi. Biroq harbiy harakatlar davlat hazinasiga jiddiy zarar yetkazar edi – hisob-kitoblarga qaraganda, 200 ming harbiylardan iborat bo’lgan qo’shinning ta’minoti tinch davr sarf-harajatlarining uchdan ikki qismini tashkil qilar edi.

Ichki siyosat

Sulton Sulaymonni Yevropada “Muhtasham”, musulmon olamida esa “Qonuniy” nomi bilan atashar edi. Uning hayot davri nafaqat harbiy muvaffaqiyatlardan iborat, balki mamlakatning ichki ishlaridagi faoliyati bilan ham to’lgan edi. Sultonning topshirig’i bilan Ibrohim qozi XX asrgacha tadbiq qilinib kelingan qonunlar majmuasini yangiladi. Jazolash va o’lim hukmi ancha qisqartirildi, biroq pul va hujjatlarni qalbakilashtirish, poraxo’rlik va yolg’on guvohlik berish kabi jinoyatlar ustida qo’lga olinganlarning qo’li avvalgidek kesilar edi.

Sulaymon I hukmdorlik qilayotgan saltanatda turli din vakillari qo’shnichilikda yashar edi, shuning uchun oqil sulton shariat ta’sirini kamaytirishga qaror qildi hamda dunyoviy qonunlarni ishlab chiqdi. Biroq bu qonunlarning bir qismi doimiy urushlar tufayli hayotga tadbiq qilinmay qolib ketdi.

Ta’lim tizimi ham yaxshi tomonga o’zgardi: birin ketin boshlang’ich maktablar ochila boshladi, ta’limni davom ettirish niyatidagi bitiruvchilar esa sakkizta eng asosiy madrasalar qoshidagi kolledjlarda tahsil ola boshladilar.

Shaxsiy hayoti

Sulaymon I she’riyat shaydosi bo’lgan, shu bilan birga zargarlik, temirchilik hunarini ham chuqur egallagan, hattoki harbiy yurishlar uchun shaxsan o’zi zambaraklar quygan.

Sultonning haramida qancha kanizagi bo’lgani noma’lum.Tarixchilar faqatgina sultonga farzand tug’ib bergan ma’shuqalari haqidagina ma’lumotlarga egadirlar. 1511 yilda 17 yoshli sultonning birinchi mahbubasi Fyulane ismli kanizak bo’ldi. Uning tug’gan farzandi 10 yoshga yetmayoq chechak kasalidan vafot etdi. O’g’lining vafotidan hech qancha vaqt o’tmay bu ayol saroy sahnasida ko’rinmay qoldi.

Sultonga farzand tug’ib bergan ikinchi kanizakning ismi Gyulfem xotun bo’lib, u ham hukmdorga o’g’il tortiq qildi. Biroq bu bola ham chechak epidemiyasidan omon chiqa olmadi. Shundan so’ng bu ayol ham sultondan uzoqlashtirildi, biroq shunga qaramay yarim asr davomida uning do’sti va maslakdoshi bo’lib keldi. 1562 yilda Gyulfem Sulaymonning buyrug’i bilan bo’g’ib o’ldirildi.

Sultonning rasmiy rafiqasi maqomini qo’lga kiritish uchun Mohidavron ismli kanizak ham urinib ko’rdi. Mohidavron 20 yil davomida haram hamda saroyda o’z ta’sirini o’tkazib keldi, ammo u ham sulton bilan qonuniy nikoh qura olmadi. O’g’li Mustafo bilan saltanat poytaxtidan o’g’li hokim etib tayinlangan viloyatlardan biriga ko’chib ketishga majbur bo’ldi. Keyinchalik taxt vorisi hisoblanmish shahzoda Mustafo otasiga qarshi isyon ko’tarishni rejalashtirishda ayblanib, qatl qilindi.

Sulaymon Qonuniyning ayollari ro’yxatini shubhasiz,hammamizga tanish va mashhur Xurram xonim boshqaradi. Kelib chiqishi slovyanlik bo’lgan bu kanizak Galitsiyadan asirga olib kelingan. Haramda Roksolana ismini oldi hamda hukmdorni maftun etdi: sulton uni ozod etib, so’ngra qonuniy nikohiga oldi. Nikoh marosimi 1534 yuilda rasmiylashtirildi.

Roksalana quvnoq fe’l-atvori va hamisha kulib yurgani uchun Xurram deb atala boshladi. Lekin Xurram ideal ko’rinishga ega bo’lmagan,atrofdagilar uning aqli va kerakli joyda ishlata oladigan makr-hiylasini qadrlashar edi. To’pkapa saroyida haram tashkil qilgan, ko’pgina xayriya tashkilotlariga asos solgan Xurram xonim rassom va yozuvchilarga ilhom bahsh etib turgan.

Sulaymon Roksolananing ko’ngliga qaragan, uning xohish-istagini bajo keltirgan. Bundan foydalangan Roksolana eriga o’z so’zini o’tkazgan va hattoki sultonning boshqa xotinlaridan ko’rgan o’g’illarini qatl qilishiga ham erishgan. Xurram sultonga Mihrimah ismli qizni va besh nafar o’g’il tug’ib bergan.

O’g’illari ichidan Salim otasidan keyin mamlakatni boshqardi, biroq u hukmdorlikni o’z o’rniga qo’ya olmadi. Sulton Salim ko’proq ichkilik va aysh-ishratga ruju qo’ygan edi. Uning hukmdorlik yillarida Usmoniylar imperiyasi so’nib bordi. Sulaymonning Xurramga bo’lgan muhabbati yillar o’tgan sayin kamaymadi, hattoki xotinining vafotidan keyin ham turk hukmdori boshqa nikoh qurmadi.

Sultonning o’limi

Ko’pgina kuchli mamlakatlarni bo’ysundira olgan sulton o’zi xohlagandek urushda omonatini topshirdi. Bu voqea Vengriyaning Sigetavr qal’asini ishg’ol qilish vaqtida sodir bo’ldi. 71 yoshli Sulaymon ancha paytdan beri podagra kasalligidan azob chekib kelar edi. Kasallik borgan sari kuchayib bordi, sulton hattoki otda ham yurishga qiynalib qoldi. Tabiblarning qilgan hatti-harakatlari sultonni asrab qola olmadi.

Sulaymon sulton 1566 yilning 6 sentyabrida vafot etdi.U qal’aning asosiy hujumiga ikki soat qolganda omonatini topshirdi. Sultonidan ayrilganini bilgan askarlar tushkunlikka tushishlari va buning natijasida isyo nkelib chiqishi mumkin edi. Shuning uchun sultonning o’limi haqidagi xabar qo’shinga yetib bormaslik maqsadida saroy tabiblari darhol o’ldirildi. Taxt vorisi Salim Istambulda o’z hokimiyatini o’rnatgandan keyingina qo’shinlar  hukmdorning vafoti haqidagi xabarni eshitdilar.

Sulton Sulaymonning o’limi haqida bir necha afsonalar mavjud. Ulardan birida aytilishicha, o’limi yaqinlashib kelayotganini his qilgan sulton vaziriga o’z vasiyatini aytgan. Falsafiy ma’noga ega bo’lgan bu vasiyatda aytilishicha, Sulaymon qo’llari kafanga o’ralmay ochiq qolishini va tobutdan chiqarib qo’yilishini so’ragan – ya’ni hamma ko’rib qo’ysin, topgan-tutgan boylik bu dunyoda qoladi, hattoki Buyuk sulton Sulaymon ham bu dunyodan quruq qo’l bilan ketmoqda.

Xotira

Sulaymon I ning hayoti haqida bir necha hujjatli va badiiy filmlar suratga olingan. Shulardan 2011 yilda ekranga chiqqan “Muhtashamyuz yil” seriali ayniqsa diqqatga sazovordir. Unda saroy hayoti, u yerdagi fitnalar tomoshabinga to’laqonli qilib yetkazib berilgan. Serialda sultonSulaymon rolini turk aktyori Halit Ergench maromiga yetkazib talqin etgan. Aktyor tomonidan yaratilgan bu obraz sulton hukmdorligi talqinining eng yaxshi namunasi, deb tan olindi. Kanizak va sultonning rafiqasi rolini esa olmon-turk kelib chiqishiga ega bo’lgan aktrisa Maryam Uzerli mahoratli ijro etgan. U ham Hurramning fe’l-atvorini to’laqonli ko’rsatib bera olgan.

Kitoblar

*”Sulaymon Qonuniy”. Usmoniylar imperiyasining buyuk sultoni. 1520-1566”, G.Lemb

*”Sulaymon. Sharq sultoni”, G.Lemb

*”Sulton Sulaymon va Roksolana. Nomalar, she’rlar, hujjatlar…” Buyuklar nasri.

*”Muhtasham yuz yil” kitoblarining seriyalari. N.Pavlisheva

*Sulaymon hamda Xurram-sultonning mushtasham asri”. P.J. Parker

*”Usmoniylar imperiyasining yuksalishi va so’nishi. Cheksiz hudud hukmdorlari”, Gudvin Jeyson, M.Sharov

*”Roksolana, Sharq qirolichasi”. O. Nazaruk

*”Haram”, B. Smoll

Filmlar

*1996 – “Roksolana”

*2003 – “Xurram sulton”

*2008 – “Haqiqat izlab. Roksolana: taxt sari qonli yo’l”

*2011 – “Muhtasham yuz yil”

Arxitektura

*Sulaymoniy masjidi

*Xurram Sulton masjidi

*Shahzoda masjidi

*Salimiy masjidi

  

Maqola yoqtimi? A'zo bo'l va do'staring bilan bo'lish!

Maqolani baxolash?

Facebook Conversations