Oʻzbekiston

9-fevral: Buyuk shoir va mutaffakir Mir Alisher Navoiy tavallud topgan qutlugʻ kun

9-fevral: Buyuk shoir va mutaffakir Mir Alisher Navoiy tavallud topgan qutlugʻ kun

Uni mashhurlik yoki boylik emas, yurt uchun xizmat qilish maqsadi qiziqtirar edi. Bundan tashqari ulugʻ shoir koʻplab shogirdlarni voyaga yetkazdi, mashhur rassom Kamoliddin Behzod va hattot Sulton Alilar ham aynan uning qoʻl ostida taʼlim olganlar. Navoiyning yuqori mansab egasi boʻlganidan xabardorsiz, albatta. U olim, sanʼatkor, yozuvchilardan oʻz qobiliyat va imkoniyatlarini toʻgʻri ishlatishni talab qilardi. U ijodiy ishga shoshma-shosharlik, pala-partishlik bilan qaraydigan insonlar sirasidan emasdi, bu kabi insonlarni yoqtirmas, shu sababli nasihatni ayamas ham edi. Bundan tashqari shogirdlari Navoiy haqida uning oʻta marhamatli va talabchan ustoz boʻlganini yozib ketganlar, Navoiyga hos boʻlgan ushbu talabchanlik shoirlarni ulugʻlik darajasiga koʻtarardi, u ustoz sifatida qoʻl ostidagi ijodkorlarning hafsala va sabr bilan ish koʻrishlarining tarafdori boʻlgan. Buni mana bu holat orqali ham  tushunib olasiz. 

9-fevral: Buyuk shoir va mutaffakir Mir Alisher Navoiy tavallud topgan qutlugʻ kun

"Osafiy degan shoir oʻz ijodiy mahoratini oshirishga aksariyat holatlarda yalqovlik qilar, ishlariga beparvolik bilan qarardi. Navoiy esa ushbu kamchiliklarni  tanqid qilib, uni yaxshilikka undab turardi, albatta. Bir kuni Osafiy Navoiyning yoniga kelib, shunday dedi:

- Ustoz, men endi siz aytgandek ijodga qattiq kirishdim. Mana masalan kecha bozordan ikki pulga sham olib, kechqurun ishga oʻtirdim va shu sham tugaguniga qadar ikki yuz misra sheʼr bitdim.

Osafiyning bu gapi Navoiyga yoqmadi, chunki Osafiy shoshma-shosharlik bilan tuzsiz va kuchsiz gʻazallar yozib kelgan edi. Ranjigan Navoiy shoirga qarab "Demak siz yozgan misralarning bahosi bir pul ekan-da!" deya tanbeh berib qoʻydi. 

9-fevral: Buyuk shoir va mutaffakir Mir Alisher Navoiy tavallud topgan qutlugʻ kun

Navoiy vazirlik vaqtida ham halqning taʼlim olishiga katta diqqat qaratar edi. Uning qoʻllab-quvvatlashi sababli doʻsti Sulton Xusayn Boyqaro ham ilm-fan uchun davlat gʻaznasidan kattagina pul ajratib bergan ekan.

Hazrati Alisher Navoiy ijodi turkiy adabiyotining eng yuksak choʻqqisidir.  Chunki hech kim unga qadar bu tilda bunchalik ,,koʻp va hoʻp“ (Bobur)  yozmagan edi.  Aytish mumkinki, undan keyin salkam olti yuz yil ichida ham hech kim u kabi koʻp va yaxshi  yozolgani  yoʻq. Navoiy  barcha  turkiy xalqlarning  eng  buyuk shoiridir.  U  oʻzini ,,Xitodin to Xuroson“ gacha yoyilgan turkiy “qavm” larning shoiri, deb bildi. Ularni bir adabiy til bayrogʻi ostida birlashtirdi – “yakqalam” qildi. Buyuk shoir Xurosonda, uning  poytaxti Hirotda  yashab ijod qildi. Navoiy yashagan davrda Xuroson  va Mavorounnahr bir mamlakat boʻlib, taxt egasi ixtiyorida kelganligi va aholisining asosiy  nufuzini turk xalqlari  tashkil  etkanligi maʼlum.  Zahiriddin  Muhammad Bobur  Navoiy  asarlarining “Andijon shevasi bila rost”ligini aytadi.      

9-fevral: Buyuk shoir va mutaffakir Mir Alisher Navoiy tavallud topgan qutlugʻ kun

Alisher Navoiy 1441-yil 9-fevralda Amir Temurning oʻgʻli Shohruh  Mirzo hukmronligi  davrida  Hirotda tugʻildi.  Zamondoshlari  uning haqida  “Nizomiddin  Mir   Alisher”    deb   yozadilar.   “Nizomiddin”   –       din-diyonat     nizomi   degani    boʻlib,  donishmand  mansab   egalariga   beriladigan  sifat,  “Mir”  – Amir   demakdir.   Uning  otasi Gʻiyosiddin Muhammad Temuriylar saroyining amaldorlaridan edi. Uning onasi amirzoda  Shayx   Abusaid  Changning   qizi   boʻlgan,  ismi   maʼlum   emas.  Alisherning   bobosi Temurning oʻgʻli Umar Shayx bilan emikdosh boʻlganekan. Alisher kichiklik chogʻida saroy   muhitida   yashaganligi   uchun  alohida   tarbiya   va  nazoratda   boʻldi.   Uch-toʻrt yoshligida     davrning    mashhur    shoiri  Qosim    Anvorning kattalar ham    tushinishi   qiyin boʻlgan bir baytini yodlab hammani hayratga soldi. U boʻlajak sulton Husayn  Boyqaro  bilan  birga oʻqidi.  1447-yili  Shohruh vafot  etib,  Hirot notinch  boʻlib  qoldi. Shunda Alisher va uning oilasi Iroqqa yoʻl oladi. Alisherning xonadoni1451-yili Hirotga qaytadi.   1452-yili  Abulqosim Bobur  Mirzo  Xuroson taxtiga  oʻtiradi.  Alisherning  otasi Sabzavorga  hokim   qilib tayinlanadi. 1453-yili  Alisherning  otasi Gʻiyosiddin  Muhammad  vafot etdi.  Alisher  esa Abulqosim  Bobur  hizmatiga oʻtadi. Avval  Sabzavorda, soʻng Mashhadda yashadi. Ikki maktabdosh doʻst – Husayn va Alisher yana birga boʻldilar. Bu yillar ham yosh Alisher uchun oʻqish va bilm yillari boʻldi. U yetti- sakkiz yoshida sheʼr yozgani maʼlum. Bu sheʼrlar shoirning aytishicha, “turk alfozi bila”  bitilgan. U forscha sheʼrlar ham yozdi. Turkiy shʼrlariga “Navoiy”, forschasiga “Foniy”  taxallusini  egallaydi. “Navo”ning  bir  maʼnosi –  kuy,  ohang, yana  bir  maʼnosi –  bahr. 

9-fevral: Buyuk shoir va mutaffakir Mir Alisher Navoiy tavallud topgan qutlugʻ kun

Dard,  gʻamni   ham   “Navo”  deganlar.   “Foniy“   esa  oʻtib   ketuvchi,   yoʻq  boʻluvchi,  vaqtincha degani. Navoiy oʻn besh  yoshlarida oʻz sherlari bilan zamonasining mashhur shoirlari diqqatini tortdi. Xondamirning  yozishicha, sheʼrlari bilan endigina tanilib kela  boshlagan Alisher oʻz davrining dongdor shoiri mavlono Lutfiy huzurida oʻzining: "Orazin yobqoch, koʻzindin sochilur harlahza yosh, Boʻylakim paydo boʻlur  yulduz nihon boʻlgʻoch quyosh" matlaʼsi bilan boshlanadigan  gʻazalini oʻqiydi.  Sheʼrdan  hayratga tushgan  keksa  shoir shunday  deydi:  “Valloh, agar  muyassar  boʻlsa edi,  oʻzimning  forsiy va  turkiy  tillarda aytgan  oʻn-oʻn  ikki ming  baytimni  shu gʻazalga  almashardim va buni  oʻzimning  yutugʻim deb  hisoblar  edim”. Bu  turkiy sheʼriyat buyuk isteʼdod kirib kelayotgannidan nishona edi.  

1457-yilda   Abulqosim   Bobur  Mirzo   vafot   etdi.  Hokimyat   tepasiga Abusaid Mirzo keldi. Husayn Bayqaro taxt uchun kurashga shoʻngʻib ketdi. Navoiy esa, Mashhad madrasalarida oʻqishini davom ettirdi. Shoir 1464-yilda Hirotga qaytadi. Biroq poytaxtda  uni  nohushliklar   kutar  edi.   Abusaid   Mirzo  u   bilan   taxt  tashlayotgan   Husayn Boyqaroning yaqin kishilarini taʼqib va tazyiq ostiga olgan, jumladan, Alisherning togʻalari   Mirsaid   Kobuliy  va   Muhammad   Ali  Gʻaribiylarni   oldinma-keyin   qatl   ettirgan edi. Alisherning ota mulki musodara qilingan, hatto yashab turgani boshpana ham  qolmagan edi. U jonajon shaxri Hirotda uzoq qololmadi. 

9-fevral: Buyuk shoir va mutaffakir Mir Alisher Navoiy tavallud topgan qutlugʻ kun

Holbuki, yosh shoirning ijodi  avj  pallaga   kirgan,   Jomiydek  alloma   bilan   yaqindan  tanishib,   saboqlar   olgan,  mehrini   qazongan edi. Navoiy “Nuran maxdum” deb eʼzozlagan bu mashhur shoir va olim oʻzini     siyosatdan uzoq tutar, hatto shahar tashqarisidagi Saʼdiddin Koshgʻariy (1456-yilda vafot   etgan mashhur shayx, Jomiyning ustozi) mozori yonidan joy qilib oʻsha yerda yashar edi. Vatan  va doʻstlarni  tashlab  ketish ogʻir.  Xayrlashmay  ketish undan-da  ogʻir.  Shoir   ulugʻ  doʻstiga  ketish sabablarini  tushuntirmoqchi.  Xat shu  munosabat  bilan  yozilgan.  Inson soʻzi bilan ulugʻdir, “falak jisminig joni” – soʻz, ayniqsa “nazm”, – deydi shoir. Va  oʻzida sheʼr yozishga juda katta kuch-qudrat sezayotganini aytadi. Nizomiy Ganjaviyning 30 yil sarflab maydonga keltirgan “Xamsa”si uning uchun 2-3   yillik ishdir. Faqat unga imkon kerak. Yurt notinch, odamlarda vafo yoʻq. Hatto, tasalli beruvchi kishi ham yoʻq. Ketaman,  desang  etagingdan tutadigan  umr  yoʻldoshing, ketsang,  ayriliqdan  eziladigan   doʻsting  boʻlmasa.  Bu maktubdan  maʼlumki,  Navoiy 24-25  yoshlaridayoq  “Xamsa”   yaratishga  har  jihatdan tayyor  ekanini  bilgan.

9-fevral: Buyuk shoir va mutaffakir Mir Alisher Navoiy tavallud topgan qutlugʻ kun

Oʻzining  ijodiy kuchiga  ishonchi  katta   boʻlgan. Navoiy     60-yillarning    ikkinchi  yarmida    Samarqandda    yashadi.  Shoir   Samarqandda   dastlab moddiy   qiyinchilikda  hayot kechiradi. Keyinroq,  unga  shahar   hokimi Ahmad  Hojibek homiylik koʻrsatadi. Samarqand shoirining hayotida oʻchmas iz qoldirdi. Zamon    boʻronlari  har qancha  toʻzitmasin,  shaharda olim-u  fozillar  hali ham  koʻp  edi. 1465–1466-yillarda  muhlislari uning  sheʼrlarini  toʻplab, oʻzlari  “Devon”  tuzdilar. Bu  kitob    bugun “Ilk devon” nomi bilan mashhurdir. 

Alisher     Navoiy   1469– 1472-yillarda     muhrdor,    1472–1476- yillarda vazir boʻlib xizmat qildi. 1487– 1488-yillarda Astrobodda hokimlik qildi. Husayn Bayqoro uni oʻziga gʻoyat yaqin turar, har bir narsada u bilan maslahatlashar va shoirning fikrini  nihoyatda qadrlar  edi.  Toʻgʻri, Boyqaro  va  Navoiy oʻrtasiga  sovuqlik  tushgan paytlar ham boʻladi. Lekin oʻz davrining bu ikki buyuk arbobning doʻstligi va hamkorligi  juda koʻp sinovlardan muvaffaqiyat bilan oʻtib, avlodlarga oʻrnak boʻlib qoldi.  Navoiy 1476-yilda  vazirlikdan     boʻshagandan  soʻng ham obodonlik ishlariga rahnomolik qilaverdi. Podshohning eng yaqin kishisi sifatida unga barcha ishlariga yordam berib turdi. Navoiy ilm va sanʼst ahlining homiysi, madatkori edi. Zahiriddin Muhammad  Bobur   yozadi:  “Ahli   fazl   va  ahli   hunargʻa   Alisherbekcha   murabbiy  va   muqavviy  (madadkor) maʼlum  emaskim,  hargiz paydo  boʻlmish  boʻlgʻay. Ustoz  Qulmuhammad  va Shayx   Noyi   va  Husayn   Udiykim,   sozda  saromad   (mashhur)   edilar,  bekning   tarbiyat  va taqviyat    (madad)i    bilan  muncha     taraqqiy   va shuhrat   qildilar.  Ustoz  Behzod     va  Shoh Muzaffar tasvirda  bekning  saʼy (gʻayrat)  va  imom (himmat)i  bilan  mundoq mashhur  va  maʼruf (maʼlum) boʻldilar…”     

9-fevral: Buyuk shoir va mutaffakir Mir Alisher Navoiy tavallud topgan qutlugʻ kun

 Alisher  Navoiy sheʼrni,  shoirlikni  hamma narsadan  baland  tutdi. Vazirlik  martabasida turib  ham  sheʼr yozishni  toʻxtatmadi.  Ulugʻ shoirning  ikki  sheʼriy devonini  muxlislari  tuzgan boʻlsalar,  “Badoye  ul-bidoya” (“Badiiylik  ibtidosi”)  nomli devonini   1472–1476-yillarda  sultonning  amiriga koʻra,  shoirning  oʻzi kitob  qildi.  1485– 1486-yillarda    ikkinchi  devon “Navodir  un-nihoya”  (“Nihoyasiz nodirliklar”)  maydonga  keldi.  Navoiyning  eng  katta orzusi   yirik   dostonlar  yozish,   birinchi   navbatda,  XII  asrning buyuk shoiri Nizomiy Ganjaviy (1141–1209)dan keyin  shoirlik  qudratining  mezoniga aylanib qolgan “Xamsa” yaratish edi.   

Navoiy  “Xamsa” yozish    niyati   toʻgʻrisida ustozi Abdurahmon Jomiy bilan maslahatlashganda, u   Navoiyni bu ishga tezlikda kiritishga undaydi. Shoir  ustozidan  oq fotiha olib, ogʻir, mashaqqatli ishga kirishadi. Nizomiy bilan bellanishish – uning panjasiga panja urish (“Xamsa”siga “Xamsa” bilan javob qilish) maqsadida maydonga kirish ulkan jasorat talab qilardi. Sheʼrga yuzma-yuz boʻlish uchun sher boʻlmaganda ham yoʻlbars  boʻlmoq lozim edi:  

                          Emas oson bu maydon ichra turmoq,

                          Nizomiy panjasiga panja urmoq.

                          Kerak sher oldida ham sheri jangi,

                          Agar sher oʻlmasa,bori palangi. 

9-fevral: Buyuk shoir va mutaffakir Mir Alisher Navoiy tavallud topgan qutlugʻ kun

Navoiy besh  dostonni  ikki yilda  yozib  tamomlaydi. “Xamsa”  yaratishga  1483-yilda kirishgan   shoir  1485-yil boshida uni  tugatadi. Agar shoir  ishlagan   kunlarigina   hisobga olinsa  54 ming  misralik  ulkan asar  olti  oyda bitkazilganligi  maʼlum  boʻladi. Shu  tariqa,  tukiy tildagi birinchi “Xamsa” yaratildi.  

Husayn  Boyqaro  Navoiy   tomonidan  bir   vaqtlar  Sayyit Hasan   Ardasherga  yozilgan sheʼriy maktubdagi gaplarini shunchaki bir “xomayi gazof ” (shoirona gap) deb oʻylagan  edi.  Shoir sultonga “Xamsa”ni  taqdim   etganida, u  gʻoyat   qattiq   hayajonga  tushadi.  Zayniddin  Vosifiyning “Badoyeʼ ul-vaqoye” asarida  yozilishicha:  “Shoh  Navoiyga: Bir  mojaro  Siz bilan  bizning  oramizda koʻpdan  hal  boʻlmay keladi,  shuni  bugun bir  yoqlik  qilaylik,  deydi. Bu mojaro   shundan    iborat  ediki, Sulton   Husayn   Alisherning  muridi boʻlishni orzu qilar va uni “pirim”deb atardi. Alisher esa har gal: “Yo Alloh, yo Alloh, bu  qanday gap boʻldi! Aslida, biz muridmiz, siz hammamizga pirsiz” –  der edi. Endi Sulton Husayn  Alisherdan  soʻradi: “Pir  nima-yu,  murid nima?”  Shunda  Alisher javob  berdi:  “Pirning tilagi  –  muridning tilagi  boʻlishi  kerak”.  Sulton  Husayn  oʻzining oq  otini  olib kelishni buyurdi. Ot juda asov, chopagʻon edi. Sulton Husayn aytdi: “Siz murid, men pir  boʻlsam, siz shu otga minasiz, men uni yetaklayman”. Alisher otga minadi. Ot gʻoyat asov  boʻlib, shohdan  oʻzgani  yaqinlashtirmas  edi. Alisher  oyogʻini  uzangiga qoʻyishi  bilan  ot tipirchilay  boshladi.  Sulton Husayn  otiga  oʻshqirdi, ot  itoat  qilib, Alisherning  minishini  kutdi. Alisher  egarga  oʻtirishi bilan  Husayn  otning jilovidan  ushlab, yetaklay boshladi.  Alisher hushdan ketdi. Uni egardan koʻtarib oldilar.” Tarixda bunday hol koʻrilmagan edi.  

1989-yilda Navoiyga Hirotga qaytgach, Astrobod hokimi qilib  Badiuzzamon  tayinlangan edi. Bu  orada Balxda  Darveshali  qoʻzgʻoloni boshlanadi. Husayn Boyqaro Navoiyni olib, Balxga  joʻnaydi. Darveshali  bilan  sulh tuziladi, lekin  Hisorda  Abusaidning oʻgʻli Sulton Mahmud Husayn  Boyqaroga qarshi  kurash boshlaydi.  Shoh Navoiyni Balxda qoldirib, oʻgʻli Badiuzzamonni olib, Hisorga otlanadi. U bilan ham  murosaga  kelishib, orqaga  qaytadi va Balxni  Badiuzzamon tasarrufiga   beradi.

9-fevral: Buyuk shoir va mutaffakir Mir Alisher Navoiy tavallud topgan qutlugʻ kun

Badiuzzamon oʻn uch yoshli oʻgʻli Moʻmin Mirzoni Astrobodda qoldirib, Balxga keladi.  Xadichabegim  Nizomulmulk   bilan   birgalikda  Astrobodga   Muzaffar   Mirzoni  hokim   qilib tayinlashga   erishadilar. Xadichabegim   shohning  mastlik chogʻida  unga  imzo qoʻydirib,  tezlikda  farmonni ijro  ettirib  yuboradi. Shoh  hushiga  kelib, yangi  farmon  joʻnatganida jallod  Moʻmin  Mirzoning boshini  kesib  ulgurgan edi.  Bu  voqea 1497 -yilning   sentabrida yuz bergan edi. 1500-yil   dekabrning oxirida  Husayn    Bayqaro Astrobod yurishidan qaytar edi. Anʼanaga  koʻra, saroyning  barcha eʼtiborli kishilari shohni kutib olishga yoʻlga chiqadilar. Ular orasida Alisher Navoiy ham bor  edi. Sogʻligʻi yomonlashganiga       qaramay, shoir  safardan  qaytgan sulton huzuriga yetib keldi  va hamrohlari yordamida uning koʻksiga  bosh qoʻyib,  hushidan ketadi. Shu ahvolda yarim tunda uni uyga olib ketadilar.

9-fevral: Buyuk shoir va mutaffakir Mir Alisher Navoiy tavallud topgan qutlugʻ kun

Ertasiga   mashhur tabiblar    maslahatga toʻplanib,   qon olmoqqa qaror  berardilar. Ammo buni foydasi boʻlmaydi. Uch  kun hushsiz yotgan Alisher Navoiy 1501-yilning 3-yanvarida  vafot etadi. 

9-fevral: Buyuk shoir va mutaffakir Mir Alisher Navoiy tavallud topgan qutlugʻ kun

Qaro koʻzum,kelu mardumlugʻ emdi fan qilgʻil,
Koʻzum qarosida mardum kibi vatan qilgʻil.

Yuzung guliga koʻngul ravzasin yasa gulshan,
Qading niholigʻa jon gulshanin chaman qilgʻil.

Takovaringgʻabagʻir qonidin hino bogʻla,
Itinggʻa gʻamzada jon rishtasin rasan qilgʻil.

Firoq togʻida topilsa tufrogʻim, ey charx,
Xamir etib yana ul togʻda koʻhkan qilgʻil.

Yuzung visoligʻa yetsun desang koʻngullarni,
Sochingni boshdin-ayogʻ chin ila shikan qilgʻil.

Xazon sipohiga, ey bogʻbon, emas moneʼ
Bu bogʻ tomida gar ignadin tikan qilgʻil.

Yuzida terni koʻrub oʻlsam, ey rafiq, meni
Gulob ila yuvu gul bargidin kafan qilgʻil.

Navoiy, anjumani shavq jon aro tuzsang,
Aning boshogʻligʻ oʻqin shamʼi anjuman qilgʻil.

Orazin yopqach koʻzumdin sochilur har lahza yosh,
Oʻylakim paydo boʻlur yulduz, nihon boʻlgʻach quyosh.

Qut bir bodomu yerim goʻshan mehrob edi,
Gʻorati din etti nogah bir baloliq koʻzu qosh.

Bu damodam ohim ifsho aylar ul oy ishqini,
Subhnung bot-bot dami andogʻki aylar mehr fosh.

Boʻsae qilmas muruvvat, asru qattiqdur labing,
Desam ogʻzi ichra aytur laʼl ham bor navʼ tosh.

Novaking koʻnglimga kirgach jon talashmoq bu ekin,
Kim qilur paykonini koʻnglum bila jonim talosh.

Umri jovidistasang fard oʻlki, boʻston Xizridur,
Sarvkim daʼb ayladi ozodaliq birla maosh.

Qoshi ollinda Navoiy bersa jon, ayb etmangiz,
Gar budur mehrob, bir-bir qoʻygusidir barcha bosh.

9-fevral: Buyuk shoir va mutaffakir Mir Alisher Navoiy tavallud topgan qutlugʻ kun

Oʻn sakkizming olam oshubi agar boshindadur,
Ne ajab, chun sarvinozim oʻn sakkiz yoshindadur.

Desa boʻlgʻaykim, yana ham oʻn sakkiz yil husni bor,
Oʻn sakkiz yoshina muncha fitnakim boshinadur.

Oʻn sakkiz yil dema, yuz sakson yil oʻlsa, uldurur,
Husn shohi, ul balolarkim, koʻzu qoshinadur.

Hayrat etmon husni naqshidaki, har hayratki, bor,
Barchasi ezid taolo sunʼi naqqoshinadur.

Tan anga siymu ichina tosh muzmar koʻnglidin,
Aqlgʻa yuz hayrat, ul oyning ichu toshinadur.

May ketur, ey mugʻki, yuz hayrat aro qolmish Masih,
Bul ajablarkim, bu eski dayr xuffoshindadur.

To Navoiy toʻkti ul oy furqatidin bahri ashk,
Har qachon boqsang, quyosh aksi aning yoshindadur.

Koʻrgali husnungni zoru mubtalo boʻldum sanga,
Ne baloligʻ kun edikim, oshno boʻldum sanga.

Har necha dedimki kun-kundin uzay sendin koʻngul,
Vahki, kun-kundin batarrak mubtalo boʻldum sanga.

Men qachon dedim:«Vafo qilgʻil manga» zulm aylading,
Sen qachon deding: «Fido boʻlgʻil manga» boʻldim sanga.

Qay paripaykarga dersen telba boʻldung bu sifat,
Ey pari paykar, ne qilsang qil manga, boʻldum sanga.

Ey koʻngul, tarki nasihat aylading ovora boʻl,
Yuz balo yetmaski, men ham bir balo boʻldum sanga.

Jomi Jam birla Xizr suyi nasibimdur mudom,
Soqiyo, to tarki joh aylab gado boʻldum sanga.

Gʻussa changidin navoe topmadim ushshoq aro,
To Navoiydek asiru benavo boʻldum sanga.

Lablaring kimhayf erur teng tutmoq oni qand ila,
Sindirur yuz qand bozorini shakkar xand ila.

Toki hayronmen senga nomus ila itmish koʻngul,
Telba yangligʻkim, qochar el gʻofil oʻlgʻach band ila.

Odam ul soatki jannat ichra avlodin koʻrar,
Ne quvongʻay dam-badam sen nozanin farzand ila.

Qoʻy nasihat, zohido, oʻtlugʻ damimdin vahm qil,
Telba it imkoni yoʻqturkim, sogʻalgʻay pand ila.

Hojatingni elga arz etmakka hojat boʻlmasun,
Xush chiqishsang lahzani bu zori hojatmand ila.

Lablaring hajrinda yur parkandkim boʻlmish koʻngul,
Laʼl erur mahlul qon oʻrnigʻa har parkand ila.

Chun Navoiy koʻngli sindi, emdi lutfing ne asigʻ?
Kim ushatsa shishani bitmas yana payvand ila.

Oshiqoʻldum, bilmadim yor oʻzgalarga yor emish,
Olloh-olloh, ishq aro mundoq balolar bor emish.

Qaddigʻa elmayli boʻlgʻondin koʻngul ozurdadur,
Ul alifdin zorlarning hosili ozor emish.

Elga nova kurdi, men oʻldim erur bu turfakim,
Jonim etgan resh el bagʻrigʻa kirgan xor emish.

Rishtakim, muhlik yaram ogʻzigʻa tiktim angladim,
Kim kafan jinsi qirogʻidin suvurgan tor emish.

Koʻyi devoridin ogʻriq tangʻa tushgan soyadek,
Sel gʻamidin emdi soya oʻrnigʻa dildor emish.

Jongʻa taxvif ayladim tigʻi halokidin aning,
Bilmadim bu ishdin ul oʻlguncha minnatdor emish.

Ey Navoiy, xoʻblarni koʻrma osonligʻ bilan,
Kim biravkim soldi koʻz, uzmak koʻngul dushvor emish.

9-fevral: Buyuk shoir va mutaffakir Mir Alisher Navoiy tavallud topgan qutlugʻ kun

Qon yutub umri jahon ahlida bir yor istadim,
Lekin ul kamrak topildi, garchi bisyor istadim.

Kimga kim jonim fido aylab sogʻindim dam-badam,
Ermas erdi yorliqda chun vafodor istadim.

Bilmadim olam elida yoʻqturur mutlaq vafo,
Vahki, umri ulcha yoʻqtur sogʻinib yor istadim.

Ulki, topilmas bashar jinsida vah gʻaflat koʻrung,
Kim pari xaylida men devonai zor istadim.

Sirri ishqimni koʻngul koʻz birla fosh etmak ne tong,
Qalbu tardomanni men chun sohib asror istadim.

Shayx birla xonaqahdin chun yorugʻluq topmadim,
Dayr piri xizmatigʻa koʻyi xammor istadim.

Ey Navoiy, chun rafiqi topmadim, bu gʻussadin,
Oʻzni bekaslik balosigʻa giriftor istadim.

Meni menistagan oʻz suhbatiga arjumand etmas,
Meni istar kishining suhbatin koʻnglum pisand etmas.

Ne bahra topqamen andinki, mendin istagay bahra,
Chu ulkim bahrai andin tilarmen bahramand etmas.

Netay huru pari bazminki, qatlim yo hayotimgʻa,
Ayon ul zahr chashm aylab nihon, bu noʻshxand etmas.

Kerakmas oyila kun shaklikim, husnu malohatdin,
Ichim ul chok-chok etmas, tanim ul band-band etmas.

Kerak oʻz chobuki majnunvashi qotil shiorimkim,
Buzugʻ koʻnglumdin oʻzga yerga javloni samand etmas.

Koʻngul uzcharx zolidin, firibin yemakim, oxir
Ajal sarrishtasidin oʻzga boʻynunggʻa kamand etmas.

Ul oy oʻtlugʻ yuzin ochsa, Navoiy tegmasun deb koʻz,
Muhabbat tuxmidin oʻzga ul oʻt uzra sipand etmas.

9-fevral: Buyuk shoir va mutaffakir Mir Alisher Navoiy tavallud topgan qutlugʻ kun

Kecha kelgumdir debon ul sarvi gulroʻ kelmadi,
Koʻzlarimga kecha tong otquncha uyqu kelmadi.

Lahza-lahza chiqtimu chektim yoʻlida intizor,
Keldi jon ogʻzimgʻavu ul shoʻxi badxoʻ kelmadi.

Orazidek oydin erkanda gar etti ehtiyot,
Roʻzgorimdek ham oʻlgʻonda qorongʻu kelmadi.

Ul parivash hajridinkim yigʻladim devonavor,
Kimsa bormukim anga koʻrganda kulgu kelmadi.

Koʻzlarindin necha suv kelgay deb oʻlturmang meni,
Kim bori qon erdi kelgan bu kecha suv kelmadi.

Tolibi sodiq topilmas, yoʻqsakim qoʻydi qadam,
Yoʻlgʻakim avval qadam maʼshuqa oʻtroʻ kelmadi.

Ey Navoiy, boda birla xurram et koʻnglung uyin,
Ne uchunkim boda kelgan uyga qaygʻu kelmadi.

         Gʻurbatda gʻarib shodmon boʻlmas emish,

         El anga shafiq-u mehribon boʻlmas emish.

             Oltun qafas ichra gar qizil gul butsa,

         Bulbulga tikondek oshyon boʻlmas emish.

                                   *  *  *

        Zohid, senga – hur, manga – jonona kerak,

     Jannat – sega boʻlsun, manga – mayxona kerak.

            Mayxona aro soqiy-u paymona kerak,

          Paymona necha boʻlsa toʻla, yona kerak.

 

9-fevral: Buyuk shoir va mutaffakir Mir Alisher Navoiy tavallud topgan qutlugʻ kun

              Yo rab, ul shaxd-u shakar yo labdurur,

              Yo magar shaxd-u shakar yolabdurur.

                 Jonima payvasta novak otqali,

              Gʻamza oʻqin qoshigʻa yolabdurur.

                                *  *  *

          Yo qoshingdin necha bir oʻq koʻz tutay,

                Otki, oʻtrusigʻa oning koʻztutay.

         Necha koʻrgach oʻzga mahvashlar qoshin,

            Yangi oy koʻrgan kishidek koʻz tutay.

 

●

Odam.uz tahririyati. Har bir maqolani odam tekshiradi va sodda, jonli oʻzbek tilida yozamiz. Maqsadimiz - foydali boʻlish va vaqtingizni behuda sarflamaslik.

Oʻxshash maqolalar