Shaxs sifatida tan olina boshlagan okean fuqarolari - Delfinlar

Eng katta koʻngil hushliknidelfinlar bilan birga suzish bahsh etadi. Ular mehribon, silliq, chiroyli, ularni nafaqat bolalar, balki kattalar ham juda sevadi. Ammo delfinariyga tashrif buyurishdan oldin bu ajoyib sut emizuvchilar haqida baʼzi qiziqarli maʼlumotlar bilan tanishish maqsadga muvofiqdir.

Delfinlar aylana yoʻnalishda suzadi va bir koʻzi bilan har doim ularning yoniga yirtqichlar kelib qolmasligini nazorat qilib turadi. Muayyan vaqtdan keyin ular teskari tomonga suza boshlaydi va boshqa koʻzi bilan kuzatadi.
Delfin suzayotgan oʻrtacha tezlik soatiga 5-12 kilometrga teng. Bu delfinning turlari va vaziyatlarga bogʻliq, baʼzi chaqqon delfinlarning tezligi soatiga 32 kilometrga qadar tezlikda harakatlanishi mumkin.

Delfinlar hammasi bir-biriga qarindosh boʻlgan gala tashkil etib yashaydi, shuning uchun ulardagi oʻzaro yordam berish jihati juda yaxshi rivojlangan. Ular doimo zaiflashgan delfinga u choʻkib ketmasligi uchun har doim suv yuzasiga yaqin boʻlishiga yordam beradi. Delfinlar choʻkayotgan odamga yordamga kelgani toʻgʻrisidagi hikoyalar mavjud. Ular oʻzini hech qachon dushman singari tutmaydi.

Delfinlarda oʻz ismlari mavjudligi eng shov-shuvli kashfiyot boʻlgan. Ularning aka-ukalari shu tariqa bir-birini ajratadi. Har bir delfin bolasi tugʻilganida oʻz ismini oladi. Bu tajribalar bilan isbotlandi: ismini bildiruvchi qayd etilgan hushtak signaliga huddi shu ismga ega boʻlgan delfin javob beradi.

Delfinlar fiziologik jihatdan insonlarga juda oʻxshash.
Odamlar ham delfinlar ham oʻpka bilan nafas oladi. Ikkalasi ham toʻrt kamerali yurakka ega boʻlib, miyaning vazni deyarli bir xil. Delfinlar va odamlar issiq qonli jonzotlardir, hatto oʻlchamlari ham taxminan bir xil. Uning oʻlchamlari, xususan boʻyi inson kabi 1,5-2 metrga yetadi.

Delfinlarning aksariyati oʻzlarining oldidagi narsalarni koʻrmaydilar. Delfinlar va hatto “qotil kit”lar, yaʼni kasatkalar narsalarga qaraganda yonboshida yotib, ularni u yoki bu koʻzi bilan tekshiradi.
Delfinlar havo bilan nafas oladi. Ularda baliq kabi jabralari yoʻq, ammo ular oʻpkalari va yuqori qismida nafas olish teshigi mavjud. Huddi shu nafas olish teshigi bilan kitlar va delfinlar turli xil tovushlarni taratadi. Afalinlar, odatda, nafasni oʻrtacha7.25 daqiqaga ushlab qoladi. Ammo ular suv ostida 15 daqiqagacha turishlari ham mumkin.

Delfinlar exolokatsiya vazifasidan foydalanadi, radar bilan bir xil prinsiplarga ega va u oziq-ovqat qidirish uchun ishlatiladi.
Delfinlar oʻzlarini koʻzguda taniy olishadi.
Delfinlar baliq emas.
Delfinlar suvda yashashiga va boshqa dengiz hayvonlariga oʻxshashliklariga qaramay, ular koʻproq odamlarga yaqinroq. Delfin –baliqlar kabi ikra tashlamasdan bolalarini tugʻadigan va ularni sut bilan oziqlantiradigan issiq qonli hayvon. Uning tangasi yoʻq, buning oʻrniga tanasi silliq va nozik teri bilan qoplangan. Delfinlarning hatto suzgichlari ham boshqacha tuzilgan. Delfinlarning suzgichlarida baliq suzgichlaridan farqli oʻlaroq, yelka suyaklari va hatto barmoqlarga oʻxshash narsa mavjud. Eng ehtimolga yaqini, bir paytlar delfinlar yer yuzida yashagan, ammo evolyutsiya jarayonida dengizga qaytgan.

Kattalar Delfin miyasi taxminan 1700 grammga, odamda esa 1400 grammga teng. Lekin miyaning hajmi, hali hech narsadan darak emas, muhimi - uning tuzilishi. Bu hayvonlarni magnit-rezonans tomografida tadqiq qilinishi shuni koʻrsatdiki, delfinlarning nerv hujayralari va miya qobigʻidagi burmalarning umumiy soni odamnikidan ham koʻproq ekan.

Maʼlumki, delfinlar turli chastotalardagi tovushli signallar yordamida muloqot qilishadi, bu bizga hushtak chalish yoki chiqillashni eslatadi. Oxirgi ilmiy maʼlumotlarga koʻra, delfinlar taxminan 14 000 ta turli ovozli signallardan foydalanishi mumkin, ular taxminan oddiy odamning soʻz birikmalariga toʻgʻri keladi. Har bir delfinning oʻz ismi bor, unga javob beradi.
Bu ism delfinga gala tomonidan tugʻilish paytidayoq beriladi va butun hayot davomida saqlanadi.

Delfinlar, odatda, yolgʻiz yashamaydi. Ularning galalari murakkab ijtimoiy tuzilishga ega boʻlib, unda har bir delfin oʻziga xos oʻrniga ega.
Delfinlar juda harakatchan, qiziquvchan feʼl-atvorga ega. Yovvoyi hayvonlarning aksariyati odamlar bilan aloqa qilishdan oʻzini olib qochsa yoki tajovuzkorona namoyon qilsa, delfinlar odamlar bilan oʻynashni va ayniqsa, bolalar bilan muloqot qilishni juda yaxshi koʻrishadi. Ular nafaqat insonga, balki boshqa hayvonlarga ham mehribonlik koʻrsatadilar. Barcha kuzatuvlar tarixida delfinlar odamlarga hujum qilgani umuman qayd etilmagan. Lekin inson delfinlarga doimo hujum qilib kelmoqda.

1936-yilda, Britaniya zoologi Ser Jeyms Grey (Sir James Gray) Delfinlar erishishi mumkin boʻlgan yuqori tezligiga (uning maʼlumotlariga koʻra, soatiga 37 kilometrgacha) eʼtiborini qaratdi.
Jeyms Grey zarur hisob-kitoblarni amalga oshirganidan soʻng, gidrodinamikaning qonunlariga binoan delfinlarning mushaklari kuchi bilan bunday yuqori tezlikka erishib boʻlmaydi,deb koʻrsatgan. Bu jumboq "Grey paradoks" deb nomlangan. Uning muayyan darajada yechimini topish bugungi kungacha davom etib kelmoqda. Turli vaqtlarda, turli tadqiqotchilar guruhlari delfinlarning bu darajadagi tezligini turlicha tushuntirishlarini ilgari surgan, lekin bu savolga aniq va umum eʼtirof etilgan javob haligacha yoʻq.

Delfinlar oʻz-oʻzini davolash uchun ajoyib qobiliyatga ega. Biror joyi yaralangudek boʻlsa - yara hatto katta boʻlsa ham - qon oqmaydi va taxmin qilish mumkin boʻlganidek, infeksiyadan oʻlmaydi. Buning oʻrniga, ularning eti juda tez surʼatda qayta tiklana boshlaydi. Masalan, akula tishlarining oʻrni kabi chuqur jarohatlarda atigi bir necha hafta oʻtib deyarli hech qanday aniq izlari qolmaydi.Eng qiziqarlisi shuki, shikastlangan hayvonlarning xatti-harakatlari sogʻlomlariniki bilan deyarli bir xil. Bu delfinlarning asab tizimi qaltis holatlarda ogʻriq hissini toʻsib qoʻyishga qodir degan taxmin uchun asos boʻladi.

Hindiston hukumati yaqinda delfinlarni hayvonlar qatoridan chiqarib tashladi va ularga “insoniyatga tegishli boʻlmagan shaxslar” maqomini berdi. Shunday qilib, Hindiston delfinlarning aqli va ongini, oʻz-oʻzini anglash qobiliyatining mavjudligini tan olgan birinchi mamlakatga aylandi. Shu munosabat bilan Hindiston atrof-muhit va oʻrmon vazirligi delfinlardan foydalangan barcha namoyishlar va tomoshalarni taqiqlab qoʻydi va ularning huquqlarini poymol qilmay hurmat qilishga butun insoniyatni chaqirdi.


Odam.uz tahririyati. Har bir maqolani odam tekshiradi va sodda, jonli oʻzbek tilida yozamiz. Maqsadimiz - foydali boʻlish va vaqtingizni behuda sarflamaslik.



