9-fevral: Buyuk shoir va mutaffakir Mir Alisher Navoiy tavallud topgan qutlugʻ kun

Uni mashhurlik yoki boylik emas, yurt uchun xizmat qilish maqsadi qiziqtirar edi. Bundan tashqari ulugʻ shoir koʻplab shogirdlarni voyaga yetkazdi, mashhur rassom Kamoliddin Behzod va hattot Sulton Alilar ham aynan uning qoʻl ostida taʼlim olganlar. Navoiyning yuqori mansab egasi boʻlganidan xabardorsiz, albatta. U olim, sanʼatkor, yozuvchilardan oʻz qobiliyat va imkoniyatlarini toʻgʻri ishlatishni talab qilardi. U ijodiy ishga shoshma-shosharlik, pala-partishlik bilan qaraydigan insonlar sirasidan emasdi, bu kabi insonlarni yoqtirmas, shu sababli nasihatni ayamas ham edi. Bundan tashqari shogirdlari Navoiy haqida uning oʻta marhamatli va talabchan ustoz boʻlganini yozib ketganlar, Navoiyga hos boʻlgan ushbu talabchanlik shoirlarni ulugʻlik darajasiga koʻtarardi, u ustoz sifatida qoʻl ostidagi ijodkorlarning hafsala va sabr bilan ish koʻrishlarining tarafdori boʻlgan. Buni mana bu holat orqali ham tushunib olasiz.

"Osafiy degan shoir oʻz ijodiy mahoratini oshirishga aksariyat holatlarda yalqovlik qilar, ishlariga beparvolik bilan qarardi. Navoiy esa ushbu kamchiliklarni tanqid qilib, uni yaxshilikka undab turardi, albatta. Bir kuni Osafiy Navoiyning yoniga kelib, shunday dedi:
- Ustoz, men endi siz aytgandek ijodga qattiq kirishdim. Mana masalan kecha bozordan ikki pulga sham olib, kechqurun ishga oʻtirdim va shu sham tugaguniga qadar ikki yuz misra sheʼr bitdim.
Osafiyning bu gapi Navoiyga yoqmadi, chunki Osafiy shoshma-shosharlik bilan tuzsiz va kuchsiz gʻazallar yozib kelgan edi. Ranjigan Navoiy shoirga qarab "Demak siz yozgan misralarning bahosi bir pul ekan-da!" deya tanbeh berib qoʻydi.

Navoiy vazirlik vaqtida ham halqning taʼlim olishiga katta diqqat qaratar edi. Uning qoʻllab-quvvatlashi sababli doʻsti Sulton Xusayn Boyqaro ham ilm-fan uchun davlat gʻaznasidan kattagina pul ajratib bergan ekan.
Hazrati Alisher Navoiy ijodi turkiy adabiyotining eng yuksak choʻqqisidir. Chunki hech kim unga qadar bu tilda bunchalik ,,koʻp va hoʻp“ (Bobur) yozmagan edi. Aytish mumkinki, undan keyin salkam olti yuz yil ichida ham hech kim u kabi koʻp va yaxshi yozolgani yoʻq. Navoiy barcha turkiy xalqlarning eng buyuk shoiridir. U oʻzini ,,Xitodin to Xuroson“ gacha yoyilgan turkiy “qavm” larning shoiri, deb bildi. Ularni bir adabiy til bayrogʻi ostida birlashtirdi – “yakqalam” qildi. Buyuk shoir Xurosonda, uning poytaxti Hirotda yashab ijod qildi. Navoiy yashagan davrda Xuroson va Mavorounnahr bir mamlakat boʻlib, taxt egasi ixtiyorida kelganligi va aholisining asosiy nufuzini turk xalqlari tashkil etkanligi maʼlum. Zahiriddin Muhammad Bobur Navoiy asarlarining “Andijon shevasi bila rost”ligini aytadi.

Alisher Navoiy 1441-yil 9-fevralda Amir Temurning oʻgʻli Shohruh Mirzo hukmronligi davrida Hirotda tugʻildi. Zamondoshlari uning haqida “Nizomiddin Mir Alisher” deb yozadilar. “Nizomiddin” – din-diyonat nizomi degani boʻlib, donishmand mansab egalariga beriladigan sifat, “Mir” – Amir demakdir. Uning otasi Gʻiyosiddin Muhammad Temuriylar saroyining amaldorlaridan edi. Uning onasi amirzoda Shayx Abusaid Changning qizi boʻlgan, ismi maʼlum emas. Alisherning bobosi Temurning oʻgʻli Umar Shayx bilan emikdosh boʻlganekan. Alisher kichiklik chogʻida saroy muhitida yashaganligi uchun alohida tarbiya va nazoratda boʻldi. Uch-toʻrt yoshligida davrning mashhur shoiri Qosim Anvorning kattalar ham tushinishi qiyin boʻlgan bir baytini yodlab hammani hayratga soldi. U boʻlajak sulton Husayn Boyqaro bilan birga oʻqidi. 1447-yili Shohruh vafot etib, Hirot notinch boʻlib qoldi. Shunda Alisher va uning oilasi Iroqqa yoʻl oladi. Alisherning xonadoni1451-yili Hirotga qaytadi. 1452-yili Abulqosim Bobur Mirzo Xuroson taxtiga oʻtiradi. Alisherning otasi Sabzavorga hokim qilib tayinlanadi. 1453-yili Alisherning otasi Gʻiyosiddin Muhammad vafot etdi. Alisher esa Abulqosim Bobur hizmatiga oʻtadi. Avval Sabzavorda, soʻng Mashhadda yashadi. Ikki maktabdosh doʻst – Husayn va Alisher yana birga boʻldilar. Bu yillar ham yosh Alisher uchun oʻqish va bilm yillari boʻldi. U yetti- sakkiz yoshida sheʼr yozgani maʼlum. Bu sheʼrlar shoirning aytishicha, “turk alfozi bila” bitilgan. U forscha sheʼrlar ham yozdi. Turkiy shʼrlariga “Navoiy”, forschasiga “Foniy” taxallusini egallaydi. “Navo”ning bir maʼnosi – kuy, ohang, yana bir maʼnosi – bahr.

Dard, gʻamni ham “Navo” deganlar. “Foniy“ esa oʻtib ketuvchi, yoʻq boʻluvchi, vaqtincha degani. Navoiy oʻn besh yoshlarida oʻz sherlari bilan zamonasining mashhur shoirlari diqqatini tortdi. Xondamirning yozishicha, sheʼrlari bilan endigina tanilib kela boshlagan Alisher oʻz davrining dongdor shoiri mavlono Lutfiy huzurida oʻzining: "Orazin yobqoch, koʻzindin sochilur harlahza yosh, Boʻylakim paydo boʻlur yulduz nihon boʻlgʻoch quyosh" matlaʼsi bilan boshlanadigan gʻazalini oʻqiydi. Sheʼrdan hayratga tushgan keksa shoir shunday deydi: “Valloh, agar muyassar boʻlsa edi, oʻzimning forsiy va turkiy tillarda aytgan oʻn-oʻn ikki ming baytimni shu gʻazalga almashardim va buni oʻzimning yutugʻim deb hisoblar edim”. Bu turkiy sheʼriyat buyuk isteʼdod kirib kelayotgannidan nishona edi.
1457-yilda Abulqosim Bobur Mirzo vafot etdi. Hokimyat tepasiga Abusaid Mirzo keldi. Husayn Bayqaro taxt uchun kurashga shoʻngʻib ketdi. Navoiy esa, Mashhad madrasalarida oʻqishini davom ettirdi. Shoir 1464-yilda Hirotga qaytadi. Biroq poytaxtda uni nohushliklar kutar edi. Abusaid Mirzo u bilan taxt tashlayotgan Husayn Boyqaroning yaqin kishilarini taʼqib va tazyiq ostiga olgan, jumladan, Alisherning togʻalari Mirsaid Kobuliy va Muhammad Ali Gʻaribiylarni oldinma-keyin qatl ettirgan edi. Alisherning ota mulki musodara qilingan, hatto yashab turgani boshpana ham qolmagan edi. U jonajon shaxri Hirotda uzoq qololmadi.

Holbuki, yosh shoirning ijodi avj pallaga kirgan, Jomiydek alloma bilan yaqindan tanishib, saboqlar olgan, mehrini qazongan edi. Navoiy “Nuran maxdum” deb eʼzozlagan bu mashhur shoir va olim oʻzini siyosatdan uzoq tutar, hatto shahar tashqarisidagi Saʼdiddin Koshgʻariy (1456-yilda vafot etgan mashhur shayx, Jomiyning ustozi) mozori yonidan joy qilib oʻsha yerda yashar edi. Vatan va doʻstlarni tashlab ketish ogʻir. Xayrlashmay ketish undan-da ogʻir. Shoir ulugʻ doʻstiga ketish sabablarini tushuntirmoqchi. Xat shu munosabat bilan yozilgan. Inson soʻzi bilan ulugʻdir, “falak jisminig joni” – soʻz, ayniqsa “nazm”, – deydi shoir. Va oʻzida sheʼr yozishga juda katta kuch-qudrat sezayotganini aytadi. Nizomiy Ganjaviyning 30 yil sarflab maydonga keltirgan “Xamsa”si uning uchun 2-3 yillik ishdir. Faqat unga imkon kerak. Yurt notinch, odamlarda vafo yoʻq. Hatto, tasalli beruvchi kishi ham yoʻq. Ketaman, desang etagingdan tutadigan umr yoʻldoshing, ketsang, ayriliqdan eziladigan doʻsting boʻlmasa. Bu maktubdan maʼlumki, Navoiy 24-25 yoshlaridayoq “Xamsa” yaratishga har jihatdan tayyor ekanini bilgan.

Oʻzining ijodiy kuchiga ishonchi katta boʻlgan. Navoiy 60-yillarning ikkinchi yarmida Samarqandda yashadi. Shoir Samarqandda dastlab moddiy qiyinchilikda hayot kechiradi. Keyinroq, unga shahar hokimi Ahmad Hojibek homiylik koʻrsatadi. Samarqand shoirining hayotida oʻchmas iz qoldirdi. Zamon boʻronlari har qancha toʻzitmasin, shaharda olim-u fozillar hali ham koʻp edi. 1465–1466-yillarda muhlislari uning sheʼrlarini toʻplab, oʻzlari “Devon” tuzdilar. Bu kitob bugun “Ilk devon” nomi bilan mashhurdir.
Alisher Navoiy 1469– 1472-yillarda muhrdor, 1472–1476- yillarda vazir boʻlib xizmat qildi. 1487– 1488-yillarda Astrobodda hokimlik qildi. Husayn Bayqoro uni oʻziga gʻoyat yaqin turar, har bir narsada u bilan maslahatlashar va shoirning fikrini nihoyatda qadrlar edi. Toʻgʻri, Boyqaro va Navoiy oʻrtasiga sovuqlik tushgan paytlar ham boʻladi. Lekin oʻz davrining bu ikki buyuk arbobning doʻstligi va hamkorligi juda koʻp sinovlardan muvaffaqiyat bilan oʻtib, avlodlarga oʻrnak boʻlib qoldi. Navoiy 1476-yilda vazirlikdan boʻshagandan soʻng ham obodonlik ishlariga rahnomolik qilaverdi. Podshohning eng yaqin kishisi sifatida unga barcha ishlariga yordam berib turdi. Navoiy ilm va sanʼst ahlining homiysi, madatkori edi. Zahiriddin Muhammad Bobur yozadi: “Ahli fazl va ahli hunargʻa Alisherbekcha murabbiy va muqavviy (madadkor) maʼlum emaskim, hargiz paydo boʻlmish boʻlgʻay. Ustoz Qulmuhammad va Shayx Noyi va Husayn Udiykim, sozda saromad (mashhur) edilar, bekning tarbiyat va taqviyat (madad)i bilan muncha taraqqiy va shuhrat qildilar. Ustoz Behzod va Shoh Muzaffar tasvirda bekning saʼy (gʻayrat) va imom (himmat)i bilan mundoq mashhur va maʼruf (maʼlum) boʻldilar…”

Alisher Navoiy sheʼrni, shoirlikni hamma narsadan baland tutdi. Vazirlik martabasida turib ham sheʼr yozishni toʻxtatmadi. Ulugʻ shoirning ikki sheʼriy devonini muxlislari tuzgan boʻlsalar, “Badoye ul-bidoya” (“Badiiylik ibtidosi”) nomli devonini 1472–1476-yillarda sultonning amiriga koʻra, shoirning oʻzi kitob qildi. 1485– 1486-yillarda ikkinchi devon “Navodir un-nihoya” (“Nihoyasiz nodirliklar”) maydonga keldi. Navoiyning eng katta orzusi yirik dostonlar yozish, birinchi navbatda, XII asrning buyuk shoiri Nizomiy Ganjaviy (1141–1209)dan keyin shoirlik qudratining mezoniga aylanib qolgan “Xamsa” yaratish edi.
Navoiy “Xamsa” yozish niyati toʻgʻrisida ustozi Abdurahmon Jomiy bilan maslahatlashganda, u Navoiyni bu ishga tezlikda kiritishga undaydi. Shoir ustozidan oq fotiha olib, ogʻir, mashaqqatli ishga kirishadi. Nizomiy bilan bellanishish – uning panjasiga panja urish (“Xamsa”siga “Xamsa” bilan javob qilish) maqsadida maydonga kirish ulkan jasorat talab qilardi. Sheʼrga yuzma-yuz boʻlish uchun sher boʻlmaganda ham yoʻlbars boʻlmoq lozim edi:
Emas oson bu maydon ichra turmoq,
Nizomiy panjasiga panja urmoq.
Kerak sher oldida ham sheri jangi,
Agar sher oʻlmasa,bori palangi.

Navoiy besh dostonni ikki yilda yozib tamomlaydi. “Xamsa” yaratishga 1483-yilda kirishgan shoir 1485-yil boshida uni tugatadi. Agar shoir ishlagan kunlarigina hisobga olinsa 54 ming misralik ulkan asar olti oyda bitkazilganligi maʼlum boʻladi. Shu tariqa, tukiy tildagi birinchi “Xamsa” yaratildi.
Husayn Boyqaro Navoiy tomonidan bir vaqtlar Sayyit Hasan Ardasherga yozilgan sheʼriy maktubdagi gaplarini shunchaki bir “xomayi gazof ” (shoirona gap) deb oʻylagan edi. Shoir sultonga “Xamsa”ni taqdim etganida, u gʻoyat qattiq hayajonga tushadi. Zayniddin Vosifiyning “Badoyeʼ ul-vaqoye” asarida yozilishicha: “Shoh Navoiyga: Bir mojaro Siz bilan bizning oramizda koʻpdan hal boʻlmay keladi, shuni bugun bir yoqlik qilaylik, deydi. Bu mojaro shundan iborat ediki, Sulton Husayn Alisherning muridi boʻlishni orzu qilar va uni “pirim”deb atardi. Alisher esa har gal: “Yo Alloh, yo Alloh, bu qanday gap boʻldi! Aslida, biz muridmiz, siz hammamizga pirsiz” – der edi. Endi Sulton Husayn Alisherdan soʻradi: “Pir nima-yu, murid nima?” Shunda Alisher javob berdi: “Pirning tilagi – muridning tilagi boʻlishi kerak”. Sulton Husayn oʻzining oq otini olib kelishni buyurdi. Ot juda asov, chopagʻon edi. Sulton Husayn aytdi: “Siz murid, men pir boʻlsam, siz shu otga minasiz, men uni yetaklayman”. Alisher otga minadi. Ot gʻoyat asov boʻlib, shohdan oʻzgani yaqinlashtirmas edi. Alisher oyogʻini uzangiga qoʻyishi bilan ot tipirchilay boshladi. Sulton Husayn otiga oʻshqirdi, ot itoat qilib, Alisherning minishini kutdi. Alisher egarga oʻtirishi bilan Husayn otning jilovidan ushlab, yetaklay boshladi. Alisher hushdan ketdi. Uni egardan koʻtarib oldilar.” Tarixda bunday hol koʻrilmagan edi.
1989-yilda Navoiyga Hirotga qaytgach, Astrobod hokimi qilib Badiuzzamon tayinlangan edi. Bu orada Balxda Darveshali qoʻzgʻoloni boshlanadi. Husayn Boyqaro Navoiyni olib, Balxga joʻnaydi. Darveshali bilan sulh tuziladi, lekin Hisorda Abusaidning oʻgʻli Sulton Mahmud Husayn Boyqaroga qarshi kurash boshlaydi. Shoh Navoiyni Balxda qoldirib, oʻgʻli Badiuzzamonni olib, Hisorga otlanadi. U bilan ham murosaga kelishib, orqaga qaytadi va Balxni Badiuzzamon tasarrufiga beradi.

Badiuzzamon oʻn uch yoshli oʻgʻli Moʻmin Mirzoni Astrobodda qoldirib, Balxga keladi. Xadichabegim Nizomulmulk bilan birgalikda Astrobodga Muzaffar Mirzoni hokim qilib tayinlashga erishadilar. Xadichabegim shohning mastlik chogʻida unga imzo qoʻydirib, tezlikda farmonni ijro ettirib yuboradi. Shoh hushiga kelib, yangi farmon joʻnatganida jallod Moʻmin Mirzoning boshini kesib ulgurgan edi. Bu voqea 1497 -yilning sentabrida yuz bergan edi. 1500-yil dekabrning oxirida Husayn Bayqaro Astrobod yurishidan qaytar edi. Anʼanaga koʻra, saroyning barcha eʼtiborli kishilari shohni kutib olishga yoʻlga chiqadilar. Ular orasida Alisher Navoiy ham bor edi. Sogʻligʻi yomonlashganiga qaramay, shoir safardan qaytgan sulton huzuriga yetib keldi va hamrohlari yordamida uning koʻksiga bosh qoʻyib, hushidan ketadi. Shu ahvolda yarim tunda uni uyga olib ketadilar.

Ertasiga mashhur tabiblar maslahatga toʻplanib, qon olmoqqa qaror berardilar. Ammo buni foydasi boʻlmaydi. Uch kun hushsiz yotgan Alisher Navoiy 1501-yilning 3-yanvarida vafot etadi.

Qaro koʻzum,kelu mardumlugʻ emdi fan qilgʻil,
Koʻzum qarosida mardum kibi vatan qilgʻil.
Yuzung guliga koʻngul ravzasin yasa gulshan,
Qading niholigʻa jon gulshanin chaman qilgʻil.
Takovaringgʻabagʻir qonidin hino bogʻla,
Itinggʻa gʻamzada jon rishtasin rasan qilgʻil.
Firoq togʻida topilsa tufrogʻim, ey charx,
Xamir etib yana ul togʻda koʻhkan qilgʻil.
Yuzung visoligʻa yetsun desang koʻngullarni,
Sochingni boshdin-ayogʻ chin ila shikan qilgʻil.
Xazon sipohiga, ey bogʻbon, emas moneʼ
Bu bogʻ tomida gar ignadin tikan qilgʻil.
Yuzida terni koʻrub oʻlsam, ey rafiq, meni
Gulob ila yuvu gul bargidin kafan qilgʻil.
Navoiy, anjumani shavq jon aro tuzsang,
Aning boshogʻligʻ oʻqin shamʼi anjuman qilgʻil.
Orazin yopqach koʻzumdin sochilur har lahza yosh,
Oʻylakim paydo boʻlur yulduz, nihon boʻlgʻach quyosh.
Qut bir bodomu yerim goʻshan mehrob edi,
Gʻorati din etti nogah bir baloliq koʻzu qosh.
Bu damodam ohim ifsho aylar ul oy ishqini,
Subhnung bot-bot dami andogʻki aylar mehr fosh.
Boʻsae qilmas muruvvat, asru qattiqdur labing,
Desam ogʻzi ichra aytur laʼl ham bor navʼ tosh.
Novaking koʻnglimga kirgach jon talashmoq bu ekin,
Kim qilur paykonini koʻnglum bila jonim talosh.
Umri jovidistasang fard oʻlki, boʻston Xizridur,
Sarvkim daʼb ayladi ozodaliq birla maosh.
Qoshi ollinda Navoiy bersa jon, ayb etmangiz,
Gar budur mehrob, bir-bir qoʻygusidir barcha bosh.

Oʻn sakkizming olam oshubi agar boshindadur,
Ne ajab, chun sarvinozim oʻn sakkiz yoshindadur.
Desa boʻlgʻaykim, yana ham oʻn sakkiz yil husni bor,
Oʻn sakkiz yoshina muncha fitnakim boshinadur.
Oʻn sakkiz yil dema, yuz sakson yil oʻlsa, uldurur,
Husn shohi, ul balolarkim, koʻzu qoshinadur.
Hayrat etmon husni naqshidaki, har hayratki, bor,
Barchasi ezid taolo sunʼi naqqoshinadur.
Tan anga siymu ichina tosh muzmar koʻnglidin,
Aqlgʻa yuz hayrat, ul oyning ichu toshinadur.
May ketur, ey mugʻki, yuz hayrat aro qolmish Masih,
Bul ajablarkim, bu eski dayr xuffoshindadur.
To Navoiy toʻkti ul oy furqatidin bahri ashk,
Har qachon boqsang, quyosh aksi aning yoshindadur.
Koʻrgali husnungni zoru mubtalo boʻldum sanga,
Ne baloligʻ kun edikim, oshno boʻldum sanga.
Har necha dedimki kun-kundin uzay sendin koʻngul,
Vahki, kun-kundin batarrak mubtalo boʻldum sanga.
Men qachon dedim:«Vafo qilgʻil manga» zulm aylading,
Sen qachon deding: «Fido boʻlgʻil manga» boʻldim sanga.
Qay paripaykarga dersen telba boʻldung bu sifat,
Ey pari paykar, ne qilsang qil manga, boʻldum sanga.
Ey koʻngul, tarki nasihat aylading ovora boʻl,
Yuz balo yetmaski, men ham bir balo boʻldum sanga.
Jomi Jam birla Xizr suyi nasibimdur mudom,
Soqiyo, to tarki joh aylab gado boʻldum sanga.
Gʻussa changidin navoe topmadim ushshoq aro,
To Navoiydek asiru benavo boʻldum sanga.
Lablaring kimhayf erur teng tutmoq oni qand ila,
Sindirur yuz qand bozorini shakkar xand ila.
Toki hayronmen senga nomus ila itmish koʻngul,
Telba yangligʻkim, qochar el gʻofil oʻlgʻach band ila.
Odam ul soatki jannat ichra avlodin koʻrar,
Ne quvongʻay dam-badam sen nozanin farzand ila.
Qoʻy nasihat, zohido, oʻtlugʻ damimdin vahm qil,
Telba it imkoni yoʻqturkim, sogʻalgʻay pand ila.
Hojatingni elga arz etmakka hojat boʻlmasun,
Xush chiqishsang lahzani bu zori hojatmand ila.
Lablaring hajrinda yur parkandkim boʻlmish koʻngul,
Laʼl erur mahlul qon oʻrnigʻa har parkand ila.
Chun Navoiy koʻngli sindi, emdi lutfing ne asigʻ?
Kim ushatsa shishani bitmas yana payvand ila.
Oshiqoʻldum, bilmadim yor oʻzgalarga yor emish,
Olloh-olloh, ishq aro mundoq balolar bor emish.
Qaddigʻa elmayli boʻlgʻondin koʻngul ozurdadur,
Ul alifdin zorlarning hosili ozor emish.
Elga nova kurdi, men oʻldim erur bu turfakim,
Jonim etgan resh el bagʻrigʻa kirgan xor emish.
Rishtakim, muhlik yaram ogʻzigʻa tiktim angladim,
Kim kafan jinsi qirogʻidin suvurgan tor emish.
Koʻyi devoridin ogʻriq tangʻa tushgan soyadek,
Sel gʻamidin emdi soya oʻrnigʻa dildor emish.
Jongʻa taxvif ayladim tigʻi halokidin aning,
Bilmadim bu ishdin ul oʻlguncha minnatdor emish.
Ey Navoiy, xoʻblarni koʻrma osonligʻ bilan,
Kim biravkim soldi koʻz, uzmak koʻngul dushvor emish.

Qon yutub umri jahon ahlida bir yor istadim,
Lekin ul kamrak topildi, garchi bisyor istadim.
Kimga kim jonim fido aylab sogʻindim dam-badam,
Ermas erdi yorliqda chun vafodor istadim.
Bilmadim olam elida yoʻqturur mutlaq vafo,
Vahki, umri ulcha yoʻqtur sogʻinib yor istadim.
Ulki, topilmas bashar jinsida vah gʻaflat koʻrung,
Kim pari xaylida men devonai zor istadim.
Sirri ishqimni koʻngul koʻz birla fosh etmak ne tong,
Qalbu tardomanni men chun sohib asror istadim.
Shayx birla xonaqahdin chun yorugʻluq topmadim,
Dayr piri xizmatigʻa koʻyi xammor istadim.
Ey Navoiy, chun rafiqi topmadim, bu gʻussadin,
Oʻzni bekaslik balosigʻa giriftor istadim.
Meni menistagan oʻz suhbatiga arjumand etmas,
Meni istar kishining suhbatin koʻnglum pisand etmas.
Ne bahra topqamen andinki, mendin istagay bahra,
Chu ulkim bahrai andin tilarmen bahramand etmas.
Netay huru pari bazminki, qatlim yo hayotimgʻa,
Ayon ul zahr chashm aylab nihon, bu noʻshxand etmas.
Kerakmas oyila kun shaklikim, husnu malohatdin,
Ichim ul chok-chok etmas, tanim ul band-band etmas.
Kerak oʻz chobuki majnunvashi qotil shiorimkim,
Buzugʻ koʻnglumdin oʻzga yerga javloni samand etmas.
Koʻngul uzcharx zolidin, firibin yemakim, oxir
Ajal sarrishtasidin oʻzga boʻynunggʻa kamand etmas.
Ul oy oʻtlugʻ yuzin ochsa, Navoiy tegmasun deb koʻz,
Muhabbat tuxmidin oʻzga ul oʻt uzra sipand etmas.

Kecha kelgumdir debon ul sarvi gulroʻ kelmadi,
Koʻzlarimga kecha tong otquncha uyqu kelmadi.
Lahza-lahza chiqtimu chektim yoʻlida intizor,
Keldi jon ogʻzimgʻavu ul shoʻxi badxoʻ kelmadi.
Orazidek oydin erkanda gar etti ehtiyot,
Roʻzgorimdek ham oʻlgʻonda qorongʻu kelmadi.
Ul parivash hajridinkim yigʻladim devonavor,
Kimsa bormukim anga koʻrganda kulgu kelmadi.
Koʻzlarindin necha suv kelgay deb oʻlturmang meni,
Kim bori qon erdi kelgan bu kecha suv kelmadi.
Tolibi sodiq topilmas, yoʻqsakim qoʻydi qadam,
Yoʻlgʻakim avval qadam maʼshuqa oʻtroʻ kelmadi.
Ey Navoiy, boda birla xurram et koʻnglung uyin,
Ne uchunkim boda kelgan uyga qaygʻu kelmadi.
Gʻurbatda gʻarib shodmon boʻlmas emish,
El anga shafiq-u mehribon boʻlmas emish.
Oltun qafas ichra gar qizil gul butsa,
Bulbulga tikondek oshyon boʻlmas emish.
* * *
Zohid, senga – hur, manga – jonona kerak,
Jannat – sega boʻlsun, manga – mayxona kerak.
Mayxona aro soqiy-u paymona kerak,
Paymona necha boʻlsa toʻla, yona kerak.

Yo rab, ul shaxd-u shakar yo labdurur,
Yo magar shaxd-u shakar yolabdurur.
Jonima payvasta novak otqali,
Gʻamza oʻqin qoshigʻa yolabdurur.
* * *
Yo qoshingdin necha bir oʻq koʻz tutay,
Otki, oʻtrusigʻa oning koʻztutay.
Necha koʻrgach oʻzga mahvashlar qoshin,
Yangi oy koʻrgan kishidek koʻz tutay.
Odam.uz tahririyati. Har bir maqolani odam tekshiradi va sodda, jonli oʻzbek tilida yozamiz. Maqsadimiz - foydali boʻlish va vaqtingizni behuda sarflamaslik.



