Tarixdagi eng mashhur va haybatli qaroqchilar


Bu mashhur ingliz dengizchisining nomi koʻpchilikka maʼlum. U Britaniya mustamlakachilik imperiyasini yaratishga bilvosita oʻz hissasini qoʻshgan va shu sababli dvoryanlik unvoniga erishgan. Yosh Dreykga qaroqchilik mahoratini qaroqchi va qul savdogari boʻlmish amakisi Xokkins singdirgan. Shunday qilib, 1572 yilda Dreyk “Svan” va “Pasha” kemalarida Panama boʻgʻozi tomon yoʻl oldi. U yerda u Portobelo shahrini talon-taroj qilib, yoqib yubordi, qitʼaning yovvoyi joylariga kirib borib, Perudan Portobeloga qarab kelayotgan, oltin va boshqa qimmatbaho narsalarni ortib olgan Ispaniya karvonlarini ham bosqinchilik yoʻli bilan qoʻlga kiritdi. Meksika sohilida u Ispaniya kemalariga shavqatsizlarcha hujum uyushtirdi.

Ushbu qaltis va jinoyatkorona sarguzashtlaridan soʻng, qaroqchi Angliyaga qaytib, saroy ahlining eʼtiborini qozondi hamda qirolicha huzuriga rasmiy ziyofatga taklif qilindi. Qirolicha bilan suhbat chogʻida Dreyk oʻzining “nomaʼlum Janubiy qitʼani qidirish” rejalari bilan oʻrtoqlashdi. Oʻsha davr olimlarining taxminiga koʻra, u Janubiy yarimsharda joylashgan boʻlishi kerak edi. Shuningdek, qaroqchi Amerika qitʼasining gʻarbiy sohilidan turib, ispanlarga hujum qilishni taklif qildi. Qirolicha Dreykning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatladi hamda moliyaviy tomondan taʼminlab turdi. 1577-1580 yillarda Dreyk tarixdagi ikkinchi (Magellandan keyin) dynuo boʻylab kema safarini amalga oshirdi. Ushbu safar chogʻida qaroqchi Olovli Yer bilan Antarktida oraligʻidagi boʻgʻozni kashf qildi va unga oʻzining nomini qoʻydi.

Yamayka oroli Karib havzasida qulay joyga ega edi, shuning uchun u mashhur ingliz qaroqchilarining toʻplanadigan asosiy bazasiga aylandi. Bu yerda inglizlarning Amerikadagi ispan kuchlariga qarshi barcha dengiz harakatlari rejalashtirilar edi. 17-asrda Genri Morganning harakatlari Yamayka va uning markaziy bandargohi Port-Royal tarixida muhim oʻrin tutgan. Aytgancha, u qaroqchilik davridagi eng jirkanch va yoqimsiz shaxs sifatida tanilgan.

Yoshlik chogʻlaridanoq Morgan Karib dengizidagi orollarga kelib, qaroqchilar olishuvlarida ishtirok etdi, asosan Kubada. Uning amakisi, ser Edvard Morgan, Yamaykada nufuzli hokim oʻrinbosari lavozimini egallagan edi. Shu tufayli Genri Yamayka flotining boshligʻi boʻlib oldi. Uning yirik bosqinchiliklari roʻyxatiga Kubaning Puerto Prinsip shahrining bosib olinishi, Karib dengizidagi ispanlarning eng kuchli qalʼasi boʻlmush Portobeloni, Perudan ispanlar tomonidan talon-taroj qilib olib kelingan oltin va kumushlar saqlanayotgan Panama shaharlarini bosib olish va talashlarni kiritish mumkin. Panama yoqib yuborilgandan soʻng, Ispaniya qiroli aybdorlarni jazolashni talab qildi. Hatti-harakatlariga javob berishi uchun Morgan hibsga olingan holda Vataniga qaytarildi. Ammo barcha ayblovlarga qarshi oʻlaroq Angliya qiroli Genri Morganni ritsar etib tayinladi. Yaqindagi ser unvonini olgan Morgan Yamaykaga bosh sudya va gubernator oʻrinbosari lavozimida qaytdi. Keyinchalik u orolning gubernatori boʻldi. Yangi mansabdagi ser Morgan endi oʻzi qaroqchilikka qarshi kurashishni boshladi. Sharafli qaroqchi 1688 yilda Port-Royalda vafot etdi.

Koʻplab taniqli va yovuz qaroqchilar singari, bu yaramas ham eng dahshatli koʻrinishga ega edi. Uning hurpaygan uzun soqoli butun yuzini berkitib turar edi. Kiyimlari qonli dogʻlar bilan qoplangan, yuvilmagan tanasidan porox isi, ter va kuchli sharobning sassiq hidi anqib turar edi. Jangda Tich har doim navbat bilan uchta toʻpponchadan foydalanar edi.
Edvard Tich 1680 yilda Bristolda tugʻilgan. U oʻzining "karerasini" inglizlarning xususiy qaroqchilik kemasida boshladi. U yerda u bosqinchilik janglarda jasorat koʻrsatdi. Tich kemalardan birini bosib olib, uning boshqaruvini oʻz qoʻliga oldi va oʻzi mustaqil holda qaroqchilik qila boshladi. Aslida u jamoaga nisbatan shafqatsiz munosabatda boʻlar, doimiy ravishda may va sharob taʼsiri ostida yurar edi (uning qoʻl ostidagilar kabi). Keyinchalik fransuzlarga qarashli yirik savdo kemasini qoʻlga kiritgach, Tich uning qoʻmondoni boʻldi hamda kemaga “Malika Annaning qasosi” deb nom berdi. Qaroqchi yoʻlda uchragan barcha kemalarga hujum qildi, ularni taladi, odamlarni garovga oldi. Qoʻlga kiritgan boyliklarni Shimoliy Karolinada pullar edi. U yerning gubernatori qaroqchilarga muruvvatli edi.

Tich uzoq vaqt davomida Amerika qirgʻoqlari boʻyida talon-taroj qilib yurdi. Ammo keyin keskin qaroqchilik harakatini amalga oshirdi. Charleston port shahriga kirgan Qora Soqol u yerda qimmatbaho oʻlja va boy yoʻlovchilari boʻlgan sakkizta kemani qoʻlga oldi. Yoʻlovchilarni ozod qilish uchun tovon puli belgiladi. Umumiy miqdori 1500 funt ga teng oltin va kumushlarni qoʻlga kiritdi. Keyinchalik Tich Shimoliy Karolinaning gubernatori bilan shartnoma tuzdi. Ammo ingliz floti dahshatli qaroqchiga qarshi harakat boshladi. Edvard Tichni qoʻlga olish toʻgʻrisida buyruq keldi. 1718 yil 17-noyabr Qora Soqolning hayotidagi soʻnggi kun edi. U kapitan Maynard bilan boʻlib oʻtgan shiddatli jangda halok boʻldi. Tich tanasining 25 ta joyidan jarohatlangan, ulardan 5 tasi oʻq jarohatlari boʻlgan edi. Qaroqchining boshi kesilib, yelkan yogʻochiga osilgan.

Mashhur qaroqchilar qanday boʻlganliklaridan qatʼiy nazar – qonxoʻrmi, jasurmi yoki olijanobmi, ularning dengiz sarguzashtlari bolalarni hamisha oʻziga maftun qilib kelgan. Ushbu sarguzashtlar haqidagi kitoblar maroq bilan oʻqiladi, filmlar esa sevib tomosha qilinadi.
Odam.uz tahririyati. Har bir maqolani odam tekshiradi va sodda, jonli oʻzbek tilida yozamiz. Maqsadimiz - foydali boʻlish va vaqtingizni behuda sarflamaslik.



