Kivi mevasining tarkibi, kelib chiqish tarixi va nomlanishi haqidagi maʼlumotlar

Kivi bundan 100 yil avval madaniy holda oʻstirila boshlandi, shu sababli uni eng yosh meva deya atash mumkin. Yangi Zellandiyalik A.Elison ushbu “tukli mevaning” urugʻini Xitoydan olib keladi va 30 yil davomida madaniy shakl berib,takomillashtiradi. Natijada yangi ekzotik meva paydo boʻladi. Uning nomlanishi haqida toʻxtalsak, Yangi Zellandiyada yashovchi uchmaydigan qush turi – kivi nomiga qoʻyilgan, sababi esa meva tashqi koʻrinishi jihatidan ushbu qushga juda oʻxshaydi. Shunday qilib, yangi ixtiro qilingan kivi mevasi oʻtgan asrning 30 yillarida dunyo bozorlarida paydo boʻlgan.

Meva tarkibi A, B1, B2, B6, B9, C, E, PP vitaminlari va koʻplab mikro va makroelementlarga boy. Shu sababli uni organizm uchun juda foydali meva deya atashimiz mumkin. Dietologlar nihoyatda foydali, shu bilan birga kam kaloriyali boʻlgani bois kivini parxez tutuish paytida isteʼmol qilishni tavsiya etadilar. Kivi mevasi onkologik, yurak-qon-tomir kasalliklarini bartaraf etib, qondagi tromblarni yoʻqotishga yordam beradi.

Anʼanaviy Xitoy tibbiyotida yovvoyi kivi mevasidan bod kasalini davolashda, ovqat hazm qilish jarayonini yaxshilashda va asab tizimini tinchlantirishda foydalanishgan.
Kivi kaliyga boy boʻlgani uchun u arterial bosimni tushirishga yordam beradi.
Ovqatlanishdan oldin 1-2 dona kivi isteʼmol qilinsa, qondagi xolesterin miqdori kamayadi.

Kivi mevasi kosmetologiya sohasida ham keng qoʻllaniladi. Meva terini yaxshi tozalab, foydali moddalar bilan toʻyintiradi. Kivi kislotaga toʻyingan meva boʻlgani bois, undan tayyorlangan niqob bemalol piling oʻrnini bosa oladi.
Kivi barcha mevalar kabi isteʼmol qilinib, undan toʻrt, pirojniy va boshqa shirinliklar tayyorlashda, bezashda keng ishlatiladi. Italiyada kividan hatto pitsa ham tayyorlanadi. Shuningdek, kividan salatlar tayyorlash, goʻshtni marinadlashdaham foydalanish mumkin.

Odam.uz tahririyati. Har bir maqolani odam tekshiradi va sodda, jonli oʻzbek tilida yozamiz. Maqsadimiz - foydali boʻlish va vaqtingizni behuda sarflamaslik.



