Omadning uch siri
Omadning uch siri
Orzusidagi omad hamda muvaffaqiyatga erishgan insonlar hayotdagi asosiy yutuqlar - kaliti vaqtdan to‘g‘ri foydalanish ekanligi haqida ko‘p gapirishadi. Bundan tashqari mashhur tadbirkorlar, biznes, ijod, san’at borasida tarixda katta iz qoldirgan odamlarning ajoyib odatlari ham bo‘lgani haqida eshitgansiz. Xo‘sh, ushbu odatlarni siz ham o‘zlashtirib olishingiz mumkinmi? Albatta, ha! Buning uchun maqsadni to‘g‘ri qo‘yish yetarli bo‘ladi.

Birinchi sir: Kundalik tuting!

Mashhur insonlarning tarjimayi holini ko‘zdan kechirar ekansiz, ularning aksariyat qismi kundalik tutgani haqidagi ma’lumotga to‘qnash kelasiz. Misol uchun Benjamin Franklin har tong payti o‘ziga “Bugun qanday yaxshi ishlar qilishim kerak?”, har kuni tun cho‘kkanda esa “Bugun qanday yaxshi ishlar qila oldim?” deya savol bergan ekan.

Stiv Jobs esa vaqti-vaqti bilan o‘zingizga quyidagi savolni berib turishni tavsiya qilgan: “Agar bu hayotimning so‘nggi kuni bo‘lganda bugun qilmoqchi bo‘lgan ishlarimni bajararmidim?”

Albert Eynshteynning bu kabi qo‘lyozmalari soni 80 000 varaqni tashkil qilgan, AQSHning ikkinchi prezidenti Jon Adams esa umri davomida 50 ta kundalik tutgan. O‘z hayotingizdagi fikrlar, rejalar va voqealarni yozib borish davomida e’tiborli insonga aylanasiz va to‘g‘ri qaror qabul qilishni o‘rganasiz.

Ikkinchi sir. Uyqu sifatiga e’tibor bering.

Bugungi kunda olimlar kunduz kuni bir soat mizg‘ib olgan insonlar o‘z vazifalarini boshqalarga nisbatan yaxshiroq amalga oshirishlari haqida aniqlab bo‘lganlar. Tomas Edison, Uinston Cherchill, Ronald Reygan, Jon Rokfeller, Jon Kennedi kabi mashhur kishilar ham ushbu odatga rioya qilishgan. Shu sababli siz ham kunduz kuni bir soat uhlagancha aqlni charxlab oling!

Uchinchi sir: Jismoniy faollik

Aksariyat muvaffaqiyatli insonlarning jismoniy jihatdan faol ekanliklarini ham yaxshi bilasiz, albatta. Misol uchun Charlz Darvin har kuni ikki marta toza havoda sayr qilgan. Charlz Dikkens esa kun davomida tez yurgancha 10 kilometrlik yo‘l bosgan. Stiv Jobs o‘zining muhim uchrashuvlari oldidan piyoda yurib rejalar tuzgan.

Zamonamiz olimlari tez yurish, piyoda sayr qilish miyani tozalashi, ijobiy qobiliyatlarni oshirishi va insonni tetiklashtirishi haqida bir necha bor ta’kidlaganlar.

Ваша реакция?

Сообщения из Facebook