O’zbegimning 1001 odati: Eng ajoyib udumlar
O’zbegimning 1001 odati: Eng ajoyib udumlar
O’zbek xalqi azaldan to’y - tomosha oshuftasi. Yillab to’y uchun zar yig’adi, yoru do’stini chorlab, elga katta osh beradi, kayvoni onaxonlaru, yoshi ulug’ otaxonlar ham qo’llarini duoga ochib “To’ylarga yerkazsin!” deya duo qiladi. Shu o’rinda turli viloyatlarning to’y marosimlariga oid bir- biridan qiziq urf-odatlari ham borligini alohida ta’kidlash joiz. Ular o’zbek to’ylarining fayziga fayz qo’shadi.

Samarqand

Samarqandning to’y va unga bog’liq urf odatlari juda ajoyib. Bu viloyat qizlari uyga kelgan sovchilarga ko’rinish berishlari aslo mumkin emas. Agar ikki tomon kelishib, to’y boshlab yuborilsa, kelinning barcha uy jihozlariyu boshqa buyumlarini kuyov tomon o’z zimmasiga oladi. Samarqand  to’ylarining yana bir o’ziga xosligi kelin uyiga kelgan kuyovnavkarlarga “to’qqiz tovoq” kiritilishidir. Samarqand kelinchaklarining kelin salomi ham o’zgalardan ajralib turadi. Ular qo’liga yopilgan zardo’zi dastro’mol bilan yuzini ochib-yopib kelin salom qiladi.

Buxoro

Buxoro viloyatining ayrim tumanlari, hususan G’ijduvonda qadimgi urf-odatga ko’ra to’y qizning ota uyida bo’ladi. Ammo deyarli barcha harajatlarni kuyov tomon o’z zimmasiga oladi. G’ijduvonliklar to’y kelinning uyida bo’lishini “qizni uyidan ayirib, olib ketishadi, shu bois ota-onasini ko’rib qolsin” degan ma’noda izohlashar ekan. Buxorolik kelin-kuyovlarning o’ziga xos odatlaridan biri – ularning to’y oxiriga qadar tik turishlaridir. Bu yoshlarning kelgan mehmonlarga nisbatan hurmatini bildiradi. Kelin esa to’y tugaguniga qadar har zamon tazimda bo’lib, salom berib turadi.

Andijon

Andijon viloyatida boshqa viloyatlarda uchramaydigan ajoyib odatlar bor. Masalan, andijonliklar kelgan mehmon qo’liga obdastada suv quyib, chilopchin tutishadi. Bu Andijonda mehmonga hurmat sanaladi. To’ylarga kelsak, eng qiziqarli odatlardan biri “qiz berkitdi” deb ataladi. Ayrim tumanlarda kelin uyiga tashrif buyurgan kuyovnavkarlar yo’lini qiyiqchi bilan to’sib, qizni berkitib qo’yishadi. Qiz tomon rozi qilingach, kelin “topib beriladi”. Yana ayrim joylarda mahalla yigitlari kelin olib ketilayotgan mashinaning yo’lini arqon bilan to’sib olishadi. Kuyov tomon yigitlarni “rozi qilgach” arqon olib tashlanadi va “ borgan joyida toshdek qotsin” ma’nosida kelin ketayotgan mashina ortidan tosh otiladi. Andijon viloyatining ayrim tumanlarida bir necha bor tanqidga uchragan, ammo bugungi kunga qadar davom etib kelayotgan “mazar” nomli odat bor. Bunda qiz uzatgan tomon 40 kun davomida yoshlarni sarhil taomlar bilan yo’qlab turishi kerak. Biroq, hozirgi kunda bu kabi holatlarga bir oz bo’lsa-da chek qo’yilgan.

Namangan

Namanganda kuyovnavkar kelganda kelin tomonni maqtab yaxshi so’zlar aytiladi, masalan bitta do’ppi ko’rsatiladi-da, “ Bu do’ppini kelinposhsha kechalari uhlamay, bo’lg’usi umr yo’ldoshi uchun tikkan ekanlar, bahosi falon ming so’m” deb kattagina narx qo’yiladi. Keyin shunday qizni voyaga yetkazgani uchun xonadon egalariga barcha birgalikda rahmat deb, kuovjo’ralari “ bizga ham buyursin” deya niyat qilishadi. Namanganning ayrim hududlarida kuyov uyiga kelgan kelinni mashinadan qaynonasi ko’tarib tushiradi. Bu viloyatda kuyov tomonni qiynamaslik maqsadida qiz uchun qalin puli olinmaydi. Kuyovnavkarlar dasturxoniga qaynatilgan tuxum tortiladi. Ayollar ular o’tirgan xonaga isiriq tutatishadi. Qiz tomon kuyovning har bir jo’rasidan“isiriq puli” undiradi.

Navoiy

Navoiyda kelinchakning barcha sarpolarini yangi uyga birma-bir ilib chiqishadi. Navoiyliklar to’yi ko’p jihatdan Buxoro, Samarqand to’ylariga o’xshab ketadi. Kuyov uyiga tashrif buyurgan kelin gulxan atrofida aylantiriladi. Yana bir o’ziga xos jihati, kuyovnavkarlar qiz tomonga ketayotganida mash’ala bilan borishadi. Kelin esa kuyov uyiga yoqilgan sham ko’tarib tashrif buyuradi. Navoiy ayollari hurmat yuzasidan hech qachon turmush o’rtog’ining ismini aytib chaqirishmas ekan.

Qashqadaryo

Qadim Shahrisabzda to’ydan keyin to’y egalari 1 hafta ovqat qilishmaydi, qarindosh-urug’lar har kuni ovqat qilib, kelin-kuyovni ko’rib ketishadi. Kelinchak to’yning ertasi kuni yangi oilasining barcha a’zolariga birma-bir sovg’a ulashib chiqadi, ko’p hollarda qaynota-qaynonaga ko’rpa –yostiq, ovsin, qaynsingil va boshqalarga upa-elik, bolakaylarga o’yinchoqlar taqdim etiladi. “Kelin o’tirmayapti”, “Kelin osh yemayapti” odatlari ham Qashqadaryo to’ylariga o’ziga xos ko’rk bag’ishlaydi. Bunda qizning yangi oila a’zolari uning o’tirishi, osh yeyishi uchun bir olam va’dalar berishadi.

Qoraqalpog’iston

Qoraqalpog’istonning Qorako’l tumanida kelinchak yangi uyiga ortiqcha jihozlarsiz, sandiq va ko’rpa- to’shak bilan tashrif buyuraveradi. Qizig’i shundaki, to’y ham, nahorgi osh ham qiz xonadonida beriladi, moddiy tomoni esa to’laligicha kuyovto’ra zimmasiga yuklatiladi. Qizlar to’y kuni ko’k  ko’ylak deb atalgan mahsus kelinlik libosini kiyishadi. Bu ko’ylakni avvaldan uning qarindoshlari tikib, tayyorlab qo’yishadi.

Toshkent

Azim Toshkent to’ylarida boshqa viloyat to’ylarida uchramaydigan odatlar talaygina. Misol uchun to’y kuni kelin uyiga yo’l olayotgan kuyov onasi bilan xayrlashadi. Uydan chiqqanidan so’ng, onasi uni chaqiradi va shirinlik yediradi. Kelin uyiga kelgan kuyovnavkarlar xonaga kirishgach, kuyov xona burchagidagi avvaldan tayyorlab qo’yilgan surp pardani yirtadi. So’ng nikoh o’qiladi va osh tortiladi. Uni avval kuyovjo’ra kuyovga, so’ng kuyov barcha jo’ralariga oshatib chiqishi kerak. Qolgan osh ustiga shirinliklar terilgach, kuyov uni o’z panjasi bilan bosadi va kelinga kiritadi. Toshkent viloyatining ayrim hududlarida ajoyib an’ana bor. Unda kuyov jo’ralari bilan “qiz bazmi”ga tashrif buyurishadi. Bazmda ularga qiyiqcha taqdim etiladi va yigitlar qiyiqchani bellariga bog’lab yurishadi. Eng qizig’i shundaki, agarda kuyov jo’ralaridan birini kelin tomon hafa qilgudek bo’lsa, u to’yxona o’rtasiga chiqib, qiyiqchani yechib, yerga tashlaydi va qolgan yigitlar ham shu taqlid norozilik bildirib chiqib ketishadi. Shuning uchun “qiz bazmi”da kuyovjo’ralarni alohida hurmat bilan kutib olishga harakat qilishadi.

Sirdaryo

Sirdaryoda qiz uyiga tashrif buyurgan sovchilar bo’lajak kelinni ko’rishlari mumkin emas. Erkaklar kelishib olishgach, kelin bilan kuyov uchrashishlariga ruxsat beriladi. Kelinni olib ketish uchun kelgan kuyovnavkarlarga kelin chiqib salom qiladi. Kuyovnavkarlar xonaga kirgach, dasturxonga Samarqanddagi kabi “to’qqiz tovoq” kiritiladi.

Jizzax

Jizzaxda qaynonalar kelin bilan ko’rishish uchun yuziga oq ro’mol yopilgan kelin oldiga pinjiga non qistirib keladi va indamaygina salomlashadi. Mazkur udum qaynona-kelin tinch yashashsin degan maqsadda qilinar ekan.

Xorazm

Xorazmda turmushga chiqayotgan qizlar to’ydan bir kun avval dugonalari bilan “xina yoqar” marosimi o’tkazishadi. Bunda kelin qo’llariga o’zining va kuyovning ismini yozib, xina qo’yadi. Keyin bu xinani kuyovga ko’rsatib, undan sovg’a undiradi. Xorazm kelinchaklari qo’llarini tizzalariga qo’yib kelinsalom qilishadi. Xorazmda kelin farzandli bo’lmagunicha qaynonasi bilan gaplashmaydi. Ayrim hududlarda esa kelin qaynotasi bilan umuman gaplashmas ekan.

Farg’ona

Vodiyning ayrim joylarida, hususan Farg’ona viloyatida kelinni kuyov uyida qaynonasi tomonidan tayinlangan “vakil ona” kutib oladi. U kelinga shirin qatiq ichirib, tilla buyum taqadi. Kelin bu ayolni “aya” deb e’zozlaydi, O’kol ona esa umrining oxiriga qadar ikki yoshga maslaxatgo’y bo’lib qoladi. Farg’ona to’ylarining ko’pida to’yxonada yigitlar va qizlar o’rtasida gulli bahru-bayt o’tkaziladi. Kelin va kuyov tomon bir-biriga gul berib, she’r aytishadi. Gul qaysi taraf vakilida qolsa, mushoirada o’sha tomon yutkazadi.

Ваша реакция?

Сообщения из Facebook