Xatiko: vafodor it haqida qayg’uli voqea
Xatiko: vafodor it haqida qayg’uli voqea
Xatiko ismini eshitishimiz bilan hayolimizga “sadoqat”, “vafo” so’zlari keladi. Hammamiz Richard Gir ishtirokidagi “Xatiko: eng sadoqatli do’st’ nomli filmni sevib tomosha qilganmiz. Filmda hayotdan olingan real voqea tasvirlangan. Xo’sh, aslida qanday voqea ro’y bergan edi?!

Xatiko “akita-inu” zotiga taalluqli it bo’lgan. Bunday zotdor itlar sadoqati va mardligi bilan ajralib turadi. 

Xatiko laqabli it 1923 yilda tug’ilgan. Kuchuk bolasini Tokio universitetining professori Xidesaburo Uenoga sovg’a sifatida berishdi.

Xatiko yoshligidanoq xo’jayiniga juda bo’lanib qolgan edi. Ozgina katta bo’lgach u professorni Sibuya temir-yo’l stantsiyasigacha kuzatib qo’yadigan, kechki payt esa uni kutib oladigan bo’ldi.

Odamlar professor va uning itini ko’pincha birga ko’rishar va Xatikoning sadoqatidan hayratlanishar edi. Biroq kunlardan bir kun itning xo’jayini qaytib kelmadi.

1925 yilda Xidesaburo Ueno talabalarga dars o’tayotgan vaqtida to’satdan yiqilib tushadi, uning miyasiga qon quyilgan edi (insult). Yetib kelgan shifokorlar professorni saqlab qola olmadilar.

O’sha mash’um kunda professorning qaytmaganiga qaramasdan Xatiko har kuni stantsiyaga kelishni kanda qilmas va nigohi bilan tanish chehrani qidirar edi. 

Keyinchalik itni professorning qarindoshlarinikiga yuborishdi. Ammo Xatiko begona odamlarnikida qolishni istamasdan, doimo qochib ketar edi. U qavta-qayta eski uyiga qaytib borar va stantsiyaga chiqib, professorni kutishdan charchamas edi. 

Xatiko bir necha yillar davomida shunday tarzda hayot kechirdi. Uni avvaliga mahalliy ishchilar payqab qoldilar, keyinchalik esa yo’lovchilar ham uni yaxshi tanib qolishdi.

1932 yilda Xirokiti Saito ismli talaba bu sadoqatli it haqida qiziqa boshladi. U mahalliy aholidan qayg’uli voqeani eshitib, uning asosida maqola yozdi.

Maqola yirik yapon gazetalaridan birida chop etilgandan keyin, Xatiko butun mamlakatga mashhur bo’ldi. 9 yil mobaynida o’z egasini kutishdan charchamagan va uning qaytishidan umidvor bo’lgan sadoqatli itni ko’rish uchun temir-yo’l stantsiyasiga odamlar oqib kela boshladilar. Sadoqat va vafo timsoli bo’lmish Xatikoga atab Sibuya stantsiyasida haykal ham o’rnatildi.

Ko’chadagi shafqatsiz hayot sharoiti Xatikoga o’z ta’sirini o’tkazmay qolmadi. U boshqa itlarning hujumiga uchrab, ularni qaytarishga urindi. Turli xil kasalliklar va noto’g’ri ovqatlanish va sog’inch hissi Xatikoni holdan toydirdi. 1935 yilda uning jonsiz tanasini stantsiya yaqinidan topishdi. Uning tanasi veterinarlar tomonidan yorib ko’rilganda xavfli o’simta va boshqa turli xil kasalliklar borligi aniqlandi.

Bu voqeadan kinemotografiyachilar ham ta’sirlandilar. Mazkur qayg’uli voqea asosida ikkita film suratga olindi – Yaponiya mahsuloti bo’lmish “Xatiko voqeasi” hamda Britaniya va Amerika hamkorligida suratga olingan “Xatiko: eng sadoqatli dos’t” filmlari. 

Ваша реакция?

Сообщения из Facebook