Insoniyat tarixidagi eng noyob va qimmatbaho hadyalar

Elvis Presli nafaqat ijodkorligi, qobiliyati va gʻayrioddiy koʻrinishi, balki onasiga boʻlgan mehr-muhabbati bilan ham tanilgan.Va shu bilan birga “Kadillak” avtomobiliga nisbatan kuchli ehtiros bilan yongan. Qoʻshiqchi mehribon onasiga nisbatan boʻlgan kuchli boʻgʻliqlikni namoyon qilish maqsadida volidasiga pushti rangdagi “Kadillak-60” avtomobilini hadya qilgan. Buni koʻrgan Amerikalik barcha onalar farzandlaridan shunday sovgʻa olishni orzu qila boshlaganlar. Hozirda ushbu retro-avtomobil Memfisdagi Elvis Preslining uy-muzeyining eksponati hisoblanadi.

Britaniyalik rassom ayol Lora Xedlend qaynonasining qalbini zabt etish maqsadida qovurilgan non boʻlaklaridan uning ulkan suratini yaratadi. Ushbu sanʼat asari kiritilgan Ginnesning Rekordlar Kitobidagi maʼumotlarga qaraganda, suratni yaratishda 600 dona buxanka noni va 9852 dona qovurilgan non boʻlaklari sarflangan.

Taniqli rassom Van Gog nafaqat ijod asarlari, balki gʻalati bir qiligʻi – yaʼni oʻz-oʻzining qulogʻini kesib olganligi bilan mashhur boʻlganligi hech kimga sir emas. Baʼzi manbalarning yozishicha, Van Gog bunday qurbonlikni suyukli yori uchun qilgan. Gap shundaki, rassomning mahbubasi bir paytlar uning quloqlariga shaydo boʻlganligini aytgan. Biroq bunday tuhfa ayolni oʻlasi choʻchitib yuborgan va detallarni sinchiklab oʻrganish uchun oʻrtaga politsiya aralashgan.

Mashhur amerikalik qoʻshiqchi Madonna sevgilisi va turmush oʻrtogʻi Gay Richga sovgʻa sifatida Elton Jonning “Gayga atalgan qoʻshiq” ashulasini oʻziga xos bir tarzda ijro etib bergan. Bu juftlik allaqachon ajrashib ketganliklariga qaramasdan qoʻshiqchining bu harakati ehtirosli muhabbat namunasi boʻlib qolgan.

Yana bir noyob tuhfa sifatida haqiqiy xazina bilan toʻldirilgan sandiqni misol qilib keltirish mumkin. Baʼzi sabablarga koʻra nomi tilga olinmagan bir xazinatopar gʻarq boʻlgan kemadan topib olgan, qimmatbaho toshlar bilan toʻldirilgan naq 3 ta sandiqni rafiqasiga tortiq qilgan.

Frantsiya qiroli Lyudovik XIV rafiqasiga noyob suvsar (sobol) poʻstin tortiq qilgan. Uning noyobligi shundaki, bu garderob buyumining uzunligi yarim kilometrga teng, shuning uchun ham qirolicha bogʻda oyoq yalang sayr qila olgan.

Boni va Klayd voqeasini butun dunyo biladi, ammo shunisi qiziqki, oʻzining gʻalati qiliqlari bilan dongʻi ketgan bosqinchi oʻz mahbubasiga kaktuslar plantatsiyasini tuhfa qiladi. Aytishlaricha, plantatsiyani sovgʻa sifatiada qabul qilgan ayol kaktusning sharbatidan tayyorlanadigan tekila ichimligining ishqibozi boʻlgan.

Afsonaviy Kleopatrani lol qoldirish maqsadida Mark Antoniy malikaga dunyodagi eng chiroyli va qimmatbaho marvarid donasini tuhfa qilgan. U ideal oʻlchamdagi marvaridni sharob toʻldirilgan bokalga solib, uni malikaga beradi va agarda bu qimmatbaho sovgʻa Misr hukmdori boʻlmish Kleopatraga yoqmasa, uni bemalol daryoga tashlab yuborishi mumkinligini aytadi.

Noyob sovgʻalar roʻyxatiga birorta qimmatbaho toshning kirmasligi mumkin emas, albatta. Gap Richard Bartonning sevgilisi Elizabet Teylorga hadya qilgan olmosi haqida bormoqda. Bu tosh juda katta emas edi, bor-yoʻgʻi 70 karat, biroq uni qirralash ishlari aql bovar qilmas darajada ustalik bilan bajarilganidan moʻjizaviy koʻrinishga ega edi. Narxi ham shunga yarasha juda va juda qimmat edi.

Hattoki har bir bayramni biz bilan oʻtkazadigan oddiy gullarni baʼzi romantik shaxslar shunday taqdim qilar ekanlarki, esingizda bir umr qolar ekan. Taniqli sportchi Jo Di Madjio mashhur boʻlib ulgurgan sevgilisi Merlin Monroga yigirma yil davomida kuniga bittadan atirgul sovgʻa qilgan. Agar bu tuhfa qilingan gullarning barchasi yigʻilsa, 7305 ta atirguldan iborat guldasta hosil boʻladi. Sportchi suyukli ayoli vafot etganidan keyin ham uning qabriga gul oborishni kanda qilmadi.

Boshqa bir afsonaviy ayol Jaklin Kennediga butun bir boshli orol tuhfa qilingan. Milliarder Aristotel Onassis amerikalik prezidentning bevasiga Yunonistondagi Chayonlar orolini taqdim etgan. Koʻp oʻtmay ular turmush qurishadi, nikoh marosimi esa aynan ana shu orolda boʻlib oʻtadi.

Dunyoning yetti moʻjizalaridan biri – Semiramida osma bogʻlari – Vavilon hukmdori Amitisning rafiqasiga sovgʻa sifatida taqdim qilingan edi. Ajoyib jannatmisol bu bogʻlar quruq vodiy uzra barpo qilinib, haqiqiy muhabbat timsoli sanalar edi.

Ammo ishq ila, sevgi-muhabbat bobida yaratilgan noyob tuhfa bu hanuzgacha Toj-Mahal hisoblanadi. Bu afsonaviy inshoot Hindistom hukmdori, Bobiriylar sulolasining vakili Shoh Jahon tomonidan suyukli rafiqasi Mumtoz Mahalbegimga atab bunyod etilgan. Malika toʻlgʻoq vaqtida, oʻn toʻrtinchi farzandini dunyoga keltirayotgan chogʻda vafot etadi. Ushbu ajoyib maskan devorlari ustki qatlamining har bir santimetri oʻyma naqsh tushirilgan toshlar bilan bezatilgan, maqbaraning konstruktsiyasi esa har tarafga qarab, shunday moslab qurilganki, har kuni “ quyosh chiqishi bilan tirilib,quyosh botishi bilan oʻlmoq” mumkin. Tarixchilarning aytishlaricha, Hindistonga hujum uyushtirgan forslar ushbu qasrga qoʻllarini ham tekkizmagan ekanlar.

Odam.uz tahririyati. Har bir maqolani odam tekshiradi va sodda, jonli oʻzbek tilida yozamiz. Maqsadimiz - foydali boʻlish va vaqtingizni behuda sarflamaslik.



