Insoniyat tarixidagi eng yosh qirol kim?

Qirollik va podsholik nufuzi bugungi kunga qadar saqlanib qolganidan xabardorsiz. Dunyoda shunday mamlakatlar borki, bu yerdagi hokimiyat hamon avloddan avlodga oʻtib keladi. Baʼzan qirollar taxtga juda erta chiqishga majbur boʻladilar. Ugandaning Toro qirolligini boshqarib kelayotgan va bugungi kunning eng yosh qiroli hisoblangan Oyo aynan shunday insonlardan biridir.

Ayni vaqtda uning yoshi 22 da. Bu vaqtga kelib qirol Oyo hokimiyatning qonun-qoidalarini yaxshigina tushunib olgan. U taxtga chiqqan vaqtlari 3 yoshda edi. Mitti qirol uchun juda kichik taxt yasalgan, qirol ulgʻaygani sayin taxt oʻlchamlarini ham oʻzgartirib boraverganlar. Qirol uchun marosimlar qoidasi ham oʻzgartirilgan. Qasamyodlar vaqtida unga oʻyinchoqlarga ovunib oʻtirishga ruxsat berilgan. Avvaliga hukumat ishlari vazirlar hamda ona qirolicha qoʻlida boʻlgan. Keyinchalik Oyo ulgʻayib, Menejment va biznes sohasida tahsil oldi, oʻzining qirollik majburiyatlarini toʻlaqonli ravishda bajarishga ham kirishdi.
Bugungi kunda uning fuqarolari qirolga juda yaxshi taʼrif beradilar: u soliqlar borasida oʻta adolatli, gumanitar-ijtimoiy loyihalar uchun katta pul ajratadi, sogʻliqni saqlash masalasi haqida qaygʻuradi va mamlakat odamlarining hayotini yaxshilash uchun tinmay kurashadi.

Tarixdagi eng yosh hukmdorlardan biri firʼavn Tutanxamon hisoblanadi. U Qadimgi Misr taxtiga chiqqan vaqtlari atigi 9 yoshda boʻlgan. Firʼavn 10 yil davomida hukmronlik qilgan boʻlsa ham, oʻzidan avvalgi hukmdorlar xatosini takrorlamagan, mamlakat poytaxtini Amarnaga qaytargan va 19 yoshida vafot etgan.

Ruslarning podshosi sanalmish Ivan IV (Ivan Grozniy) 3 yoshida taxtga chiqqanedi. Bunga otasi Vasiliy III ning oʻlimi sabab boʻlgan. Oradan 5 yil vaqt oʻtib podsho onasidan ham ayrilgan. Koʻplab dushmanlar qurshovida qolib ketgan bolakayni ochlik bilan azoblashgan, qamoqda saqlashgan, undan qoʻgʻirchoq podsho tarbiyalashga harakat qilgan.
Oqibatda, Ioann Vasilevich Grozniy Rossiya tarixidagi eng shafqatsiz hukmdor sifatida nom qozongan. Bunga sabab boʻlgan narsa esa uning barbod etilgan bolalik yillari edi.

Odam.uz tahririyati. Har bir maqolani odam tekshiradi va sodda, jonli oʻzbek tilida yozamiz. Maqsadimiz - foydali boʻlish va vaqtingizni behuda sarflamaslik.



