Jon Grey - "Erkaklar Marsdan, ayollar Veneradan": Muhabbatni qanday asrab qolish mumkin?

- Azizim, tish pastasining qopqogʻini yana ochiq qoldirib ketibsiz.
- Nima qilibdi shunga?
- Biroz eʼtiborli boʻlishingiz mumkinmi? Har doim mana shunday ish qilib ketasiz. Sizning ortingizdan barcha narsani yigʻishtirib yurish jonimga tegdi.
- Men nima qildim oʻzi, shuni tushuntirib ber. Hech qachon ortimdan senga ish qoldirmayman.
- Ha, siz ideal erkaksiz. Anavi kuni ishga ketish oldidan uydagi chiroqni yoniq qoldiribsiz... Aytmoqchimanki, siz ham boʻsh vaqtingizda uy ishlariga yordam berib turishingiz kerak.
- Meni hech narsa qilmaslikda ayblayapsanmi? Vijdoning bormi? Axir senga barcha ishga yordam beraman. Uyalmaysanmi?
- Nega menga baqiryapsiz? Oʻzingizni nazorat qila olmaysiz. Axir men sizga baqirmayapman-ku. Har doim mana shunday baqiraverasiz, bizning janjallarimiz qoʻshnilarning gʻiybatiga mavzu boʻlyapti.
- Axir oʻzing shunga meni majbur qilyapsan, keyin esa tinchlanishimni istayapsanmi? Men oʻz-oʻzidan baqirib ketadigan ahmoqqa oʻxshaymanmi? Asablarimga tegma, shunda baqir-chaqirimni eshitmaysan.
- Sogʻ odamning ishini qilmayapsiz. Siz bilan gaplashish mumkin boʻlmay qoldi oʻzi.

Mana shu yerda bir zumga toʻxtang. Agar suhbat shu tarzda davom etadigan boʻlsa ayol yigʻlashni boshlaydi, erkak esa arazlab uydan chiqib ketadi. Shu tariqa munosabatlarga osonlikcha darz ketadi. Eng yomon hollarda mana shunday mayda janjallar juftliklarni ajrimgacha olib borishi mumkin. Bu namunani shunchaki keltirdim xolos. Ammo tan olaylik, koʻp hollarda sevgan insonimiz yoki yaqinlarimiz mana shunday munosabat koʻrsatamiz-a?
Biroz jahldan tushgach arzimagan narsani deb urushganingizni ham anglaysiz, oʻzingizni gʻolib his qilish uchun yaqin insoningiz bilan istalgancha baxslashishingiz mumkin. Shaxsiy munosabatlarni yaxshilash va yoringizni tushunish uchun sizga Jon Grey muallifligidagi "Erkaklar Marsdan, ayollarVeneradan" nomli kitob yordam berishi mumkin. Bizning bugungi suhbatimiz ham aynan shu haqida boʻladi. Mazkur kitob nashr qilinganidan keyin haqiqiy bestsellerga aylanib ketdi. Ayrim mutaxassislar esa kitob sababli koʻplab oilalarda shaxsiy munosabatlar saqlab qolingani, ajrimlarning oldi olinganini ham taʼkidladilar. Kitobning asosiy gʻoyasi shunday: Erkaklar va ayollar tabiati bir-biridan butunlay farq qiladi. Ularning miyasi ham butunlay oʻzgacha ishlaydi.
Ayollar odatda oʻz soʻzlarining erkaklar tomonidan eshitilmasligiga nisbatan eʼtiroz bildirsalar, erkaklar nima uchun ayollarning bunchalar koʻp gapirishlaridan hayron boʻlishadi. "Gapni uzoqdan boshlamay maqsadini darrov aytsa boʻladi-ku" oʻylaydi erkak.

Erkaklar va ayollar miyasidagi birinchi farq quyidagicha: Erkaklarning miyasi tilga olinayotgan muammoni tezroq hal qilish uchun chora izlaydi. Sababi erkaklar tabiatan oʻzlarini boshqalardan aqlliroq, kuchliroq va tajribaliroq koʻrsatishni yaxshi koʻrishadi. Buning natijasida u avvalo suhbatning asosiy maʼnosiga diqqat qaratadi va muammoni hal qilishi mumkin boʻlgan yechim taklif qiladi.
Ayol uchun esa his-tuygʻular muhim. U bir gapni boshlaganida yori tomonidan gʻamxoʻrlik koʻrsatilishi, qoʻllab-quvvatlanishni istaydi. Bir soʻz bilan aytganda unga emotsional koʻmak kerak boʻladi. Ushbu jihatlar ayollar uchun muammoni zudlik bilan hal qilishdan koʻra koʻproq ahamiyatga ega. Buni aniq tasavvur qilishingiz uchun sizga yana bir namunaviy suhbatni keltirib oʻtamiz.
- Tasavvur qiling, bugun kiyimlarni yuvmoqchi boʻlib mashinaga solgandim. Oradan ikki soatoʻtib hammomga kirsam, mashina oʻchiq, butun xona suv bilan toʻlibdi. Mashinabuzildi, suv esa tashqariga toshib ketibdi. Uni tozalab olguncha boʻlarim boʻldi. Yaxshiyam, qoʻshnilarning uyiga suv oʻtmaguncha tozalab oldim.
- Havotir olma. Xozir ustaga qoʻngʻiroq qilaman, kelib mashinani tuzatib ketadi. Bugun kela olmasa, ertaga keladi.
- Ha, kelsin, tuzatsin. Juda charchab ketdim, ishonsangiz yigʻlagim ham kelyapti. Omadsizlikni qarang.
- Boʻldi, ustaga xabar yoʻlladim. Uyda boʻlsa koʻrishi bilan darhol yetib keladi. Agar biror muammo chiqadigan boʻlsa darhol menga qoʻngʻiroq qil, bir zumda mutaxassis chaqirish mumkin-ku.
- Men bu gaplarni usta chaqirishingiz uchun aytganim yoʻq. Shunchaki bugun ogʻir kun boʻlgani haqida sizga aytib beryapman. Ammo gapirib nima qildim, baribir meni tushunmayapsiz-ku.
Diqqat qilgan boʻlsangiz, ayol bu oʻrinda muammo haqida emas, oʻzining his-tuygʻulari haqida soʻzlamoqda. U qanchalar harakat qilmasin, erkak kishi miyasi uni tushuna olmaydi, chunki uning eʼtibori muammoni hal qilish vazifasiga qaratilgan. Ayollar esa uning tuygʻulariga nisbatan javob berilmagan holatlarda oʻzini kamsitilgan kabi his qiladi, yoridan arazlaydi, uni eʼtiborsizlikda ayblashi ham mumkin. Erkak esa "Men uning uchun harakat qilsam, xizmatimning qadriga yetmaydi-ya. Keyingi safar umuman yordam bermayman" degan fikrni hayolidan oʻtkazadi.
Bu kabi vaziyatlarda janjal kelib chiqmasligi uchun har ikki tomon ham miyaning ushbu sifatlarini yaxshi bilishi kerak. Agar ayol erkak uchun muammoning bosh maʼnosi muhim ekanligini bilsa, erkak ham yoriga "Tushunaman, azizam. Juda charchabsan" deya hamdardlik bilodirib qoʻysa olam guliston.
Bunday holatda erkak ham, ayol ham ortiqcha muammoga toʻqnash kelmaydi.
Xoʻsh, bunday vaziyatda ayol qanday yoʻl tutishi kerak?
Bir narsani yaxshilab tushunib oling. Erkaklar tabiatan oʻzlarining kuchli va bilimli ekanliklarini isbotlash shaydosi boʻlishadi. Agar biror muammo paydo boʻlsa, buni boshqalarga koʻrsatmaydilar, yolgʻizlikda qolgancha diqqatni bir yerga jamlab fikr qilishni maʼqul bilishadi. Muammoning yechimi topilmagan paytlarda oʻzlarini biror turdagi yumush - televizor koʻrish, oʻyin oʻynash, doʻstlar bilan uchrashish orqali chalgʻitishga harakat qiladilar.
Shu sababli yoringiz oʻzining muammolari haqida gapirishni istamaydigan boʻlsa unga savob berib janjal boshlamang. Uning muammosi nimada ekanligini bilgan taqdiringizda ham maslahat berishni hayolingizdan butkul chiqaring. Tavsiyalar yomgʻiri ostida qolgan erkak oʻzini zaif inson kabi his qiladi, ayolining xayrixohligi uning uchun haqoratday tuyuladi. Bu oʻrinda ayolning erkakka bera oladigan eng katta yordami - uni biroz holi qoʻyishidir.

Erkaklar va ayollar boshqa-boshqa tillarda gapiradilar, buni hech sezganmisiz? Erkak biror narsa oʻylasa uni ochiqchasiga aytadi. Ayolning aytgan gaplarida esa yashirin maʼno mavjud boʻladi. Aynan mana shu narsa ham ular orasidagi kelishmovchiliklarni gurkiratib yuborishi mumkin.
"Hech qachon menga yordam beray demaysiz" degan gap ayolning ogʻzidan chiqqan paytda uning zamirida "Menga yordam bersangiz xursand boʻlardim" degan gap boʻladi.
Agar u jumlalar orasida "hech qachon" degan soʻzni koʻp bor qoʻllasa shu kunga qadar sizning qilgan ishlaringizni unutdi degani emas. Shunchaki, ayollar vaziyatni boʻrttirib koʻrsatishga moyil boʻladilar. Ular gaplari erkakning qalbini yaralashi mumkinligi haqida oʻylab oʻtirishmaydi.
"Siz meni sevmaysiz" deb yigʻlagan ayol erkak muhabbatini koʻrmay qolgani yoki uning qadriga yetmay qoʻygani yoʻq, balki ayni paytda yorining koʻmagi va mehriga juda katta ehtiyoj sezmoqda.
"Men deyarli tayyorman" degan gapni eshitgan erkak yori ikki daqiqada tayyor boʻlishi, shunchaki poyabzalni kiyish qoldi degan fikrga keladi. Ammo ayolning ushbu gapi oldinda uning 10-20 daqiqalik ishi bor ekanligini anglatadi.
Agar erkak "Boʻldi, bu mavzuni yopamiz" desa u haqiqatan ham ushbu suhbatga nuqta qoʻyib mavzuni yopmoqchi. Yopilgan mavzu esa erkak tomonidan boshqa hech qachon koʻtarilmaydi. Agar ushbu jumla ayol tomonidan aytilgan boʻlsa, bilingki, u shunchaki baxslashishdan charchadi va mavzuni vaqtincha yopmoqchi. Ammo tez kunlarda uni qaytadan muhokama qilish uchun tayyor boʻladi.


Erkak va ayollar miyasi orasidagi uchinchi farq juda qiziqarlidir. Ayollar erkaklardan doim mehr va gʻamxoʻrlik koʻrsatishlarini kutib turishadi. Ammo u hech qachon buni oʻzi soʻrab olmaydi. Uning fikricha, erkak mehrni oʻz tashabbusiga koʻra bera olishi lozim. Misol uchun sumkasini koʻtarib olishingiz uchun shunchaki "Sumkamni koʻtarib oling" deyishi ham mumkin. Biroq ayollar hech qachon oʻz maqsadini ochiqdan-ochiq oshkor qilmaydilar. Ular erkakka qarata "Sumkamni koʻtarib olarsiz balki?" deya kesatishlari aniq. Erkak esa ushbu soʻzdan xafa boʻlib qoladi.
Tushunganingizdek, ayol va erkak oʻz yorining qanday oʻylashi haqida yetarlicha maʼlumotga ega boʻlishi lozim. Shu tariqa salbiy oqibatlardan qutulish ham mumkin. Balki oʻzgarishni va oʻz ustingizda ishlashni istamassiz ham. Ammo muhabbatni asrab qolish uchun yoringizning feʼli bilan hisoblashishingiz shart. Yoʻqsa, har qanday kuchli munosabat ham kun kelib maishiy muammolar qarshisida zaiflashishi mumkin. Munosabatlarning bor siri ham aynan shunda...


Odam.uz tahririyati. Har bir maqolani odam tekshiradi va sodda, jonli oʻzbek tilida yozamiz. Maqsadimiz - foydali boʻlish va vaqtingizni behuda sarflamaslik.



