Kariyes qanday paydo boʻladi va unga qarshi qanday kurashish mumkin?

Kariyes ogʻiz boʻshligʻi kasalliklarining eng koʻp tarqalgan turi boʻlib, oddiy til bilan aytganda uni tish toʻqimalariga zarar yetkazuvchi infeksiya deya atash mumkin.
Ogʻiz boʻshligʻida mavjud boʻlgan bakteriyalar tishlar atrofida yigʻilib qoladi, oqibatda tish karashi paydo boʻlishiga olib keladi. Tish karashi shakar, shirin suyuqliklar va boshqa moddalar bilan oʻzaro taʼsirga kirishgan vaqtida kariyes yuzaga keladi. Avvaliga u faqatgina tish emaligining ustki qatlamini zararlaydi, keyin esa dentinga qadar yetib boradi. Agar kariyes pulpaga qadar yetib borgan boʻlsa, bemor kuchli ogʻriq hissini tuyadi.

Kariyes kelib chiqishining asosiy sababi insonning notoʻgʻri tanlangan turmash tarzi hisoblanadi. Tamaki mahsulotlari, shirinliklar, gigiyenaga amal qilmaslik tishlar salomatligiga jiddiy zarar yetkazadi.
Shirinliklarni haddan tashqari koʻp miqdorda tanovul qiladigan insonlar kariyes muammosiga boshqalarga qaraganda koʻproq duch keladilar. Tishlar sogʻlom boʻlishi uchun ularni har kuni ikki martadan tozalab yurish zarur. Tozalash jarayoni bir necha daqiqani tashkil qilishi kerak. Shuningdek, tishlarni maxsus iplar, chayish suyuqliklari bilan ham tozalash tavsiya etiladi.
Bundan tashqari har yili ikki marta tish shifokoriga qabuliga borish haqida ham unutmaslik lozim. Tajribali shifokor kariyesni ilk bosqichlaridayoq aniqlab, davolash jarayoni bilan shugʻullanadi. Shunda infeksiya tish asablariga qadar yetib bormaydi va oʻz vaqtida bartaraf etiladi.
Tishlarni shoshilmasdan, milklardan tish uchiga qarab tozalash tavsiya etiladi. Tish choʻtkasini esa har 3 oyda bir marta almashtirish kerak boʻladi.

Koʻpchilikni bir savol qiziqtiradi: tishlarni nonushtadan avval tozalash kerakmi yoki nonushtadan keyin? Gap shundaki, uyqu vaqtida ogʻiz boʻshligʻida koʻplab zararli bakteriyalar yigʻilib qoladi. Shu sababli tishlarni nonushta oldidan ham, undan keyin ham tozalab olgan maʼqul.
Kariyesga qarshi kurashishning yana bir usuli shirinliklarni bir oʻzini emas, boshqa turdagi yeguliklar bilan birga tanovul qilishdir. Shuningdek, limon va nordon olmani ham haddan tashqari koʻp isteʼmol qilish mumkin emas.
Odam.uz tahririyati. Har bir maqolani odam tekshiradi va sodda, jonli oʻzbek tilida yozamiz. Maqsadimiz - foydali boʻlish va vaqtingizni behuda sarflamaslik.



