Qiziqarli

Oʻzbegimning 1001 odati: Eng ajoyib udumlar

Oʻzbegimning 1001 odati: Eng ajoyib udumlar

Samarqandning toʻy va unga bogʻliq urf odatlari juda ajoyib. Bu viloyat qizlari uyga kelgan sovchilarga koʻrinish berishlari aslo mumkin emas. Agar ikki tomon kelishib, toʻy boshlab yuborilsa, kelinning barcha uy jihozlariyu boshqa buyumlarini kuyov tomon oʻz zimmasiga oladi. Samarqand  toʻylarining yana bir oʻziga xosligi kelin uyiga kelgan kuyovnavkarlarga “toʻqqiz tovoq” kiritilishidir. Samarqand kelinchaklarining kelin salomi ham oʻzgalardan ajralib turadi. Ular qoʻliga yopilgan zardoʻzi dastroʻmol bilan yuzini ochib-yopib kelin salom qiladi.

Oʻzbegimning 1001 odati: Eng ajoyib udumlar

Buxoro viloyatining ayrim tumanlari, hususan Gʻijduvonda qadimgi urf-odatga koʻra toʻy qizning ota uyida boʻladi. Ammo deyarli barcha harajatlarni kuyov tomon oʻz zimmasiga oladi. Gʻijduvonliklar toʻy kelinning uyida boʻlishini “qizni uyidan ayirib, olib ketishadi, shu bois ota-onasini koʻrib qolsin” degan maʼnoda izohlashar ekan. Buxorolik kelin-kuyovlarning oʻziga xos odatlaridan biri – ularning toʻy oxiriga qadar tik turishlaridir. Bu yoshlarning kelgan mehmonlarga nisbatan hurmatini bildiradi. Kelin esa toʻy tugaguniga qadar har zamon tazimda boʻlib, salom berib turadi.

Oʻzbegimning 1001 odati: Eng ajoyib udumlar

Andijon viloyatida boshqa viloyatlarda uchramaydigan ajoyib odatlar bor. Masalan, andijonliklar kelgan mehmon qoʻliga obdastada suv quyib, chilopchin tutishadi. Bu Andijonda mehmonga hurmat sanaladi. Toʻylarga kelsak, eng qiziqarli odatlardan biri “qiz berkitdi” deb ataladi. Ayrim tumanlarda kelin uyiga tashrif buyurgan kuyovnavkarlar yoʻlini qiyiqchi bilan toʻsib, qizni berkitib qoʻyishadi. Qiz tomon rozi qilingach, kelin “topib beriladi”. Yana ayrim joylarda mahalla yigitlari kelin olib ketilayotgan mashinaning yoʻlini arqon bilan toʻsib olishadi. Kuyov tomon yigitlarni “rozi qilgach” arqon olib tashlanadi va “ borgan joyida toshdek qotsin” maʼnosida kelin ketayotgan mashina ortidan tosh otiladi. Andijon viloyatining ayrim tumanlarida bir necha bor tanqidga uchragan, ammo bugungi kunga qadar davom etib kelayotgan “mazar” nomli odat bor. Bunda qiz uzatgan tomon 40 kun davomida yoshlarni sarhil taomlar bilan yoʻqlab turishi kerak. Biroq, hozirgi kunda bu kabi holatlarga bir oz boʻlsa-da chek qoʻyilgan.

Oʻzbegimning 1001 odati: Eng ajoyib udumlar

Namanganda kuyovnavkar kelganda kelin tomonni maqtab yaxshi soʻzlar aytiladi, masalan bitta doʻppi koʻrsatiladi-da, “ Bu doʻppini kelinposhsha kechalari uhlamay, boʻlgʻusi umr yoʻldoshi uchun tikkan ekanlar, bahosi falon ming soʻm” deb kattagina narx qoʻyiladi. Keyin shunday qizni voyaga yetkazgani uchun xonadon egalariga barcha birgalikda rahmat deb, kuovjoʻralari “ bizga ham buyursin” deya niyat qilishadi. Namanganning ayrim hududlarida kuyov uyiga kelgan kelinni mashinadan qaynonasi koʻtarib tushiradi. Bu viloyatda kuyov tomonni qiynamaslik maqsadida qiz uchun qalin puli olinmaydi. Kuyovnavkarlar dasturxoniga qaynatilgan tuxum tortiladi. Ayollar ular oʻtirgan xonaga isiriq tutatishadi. Qiz tomon kuyovning har bir joʻrasidan“isiriq puli” undiradi.

Oʻzbegimning 1001 odati: Eng ajoyib udumlar

Navoiyda kelinchakning barcha sarpolarini yangi uyga birma-bir ilib chiqishadi. Navoiyliklar toʻyi koʻp jihatdan Buxoro, Samarqand toʻylariga oʻxshab ketadi. Kuyov uyiga tashrif buyurgan kelin gulxan atrofida aylantiriladi. Yana bir oʻziga xos jihati, kuyovnavkarlar qiz tomonga ketayotganida mashʼala bilan borishadi. Kelin esa kuyov uyiga yoqilgan sham koʻtarib tashrif buyuradi. Navoiy ayollari hurmat yuzasidan hech qachon turmush oʻrtogʻining ismini aytib chaqirishmas ekan.

Oʻzbegimning 1001 odati: Eng ajoyib udumlar

Qadim Shahrisabzda toʻydan keyin toʻy egalari 1 hafta ovqat qilishmaydi, qarindosh-urugʻlar har kuni ovqat qilib, kelin-kuyovni koʻrib ketishadi. Kelinchak toʻyning ertasi kuni yangi oilasining barcha aʼzolariga birma-bir sovgʻa ulashib chiqadi, koʻp hollarda qaynota-qaynonaga koʻrpa –yostiq, ovsin, qaynsingil va boshqalarga upa-elik, bolakaylarga oʻyinchoqlar taqdim etiladi. “Kelin oʻtirmayapti”, “Kelin osh yemayapti” odatlari ham Qashqadaryo toʻylariga oʻziga xos koʻrk bagʻishlaydi. Bunda qizning yangi oila aʼzolari uning oʻtirishi, osh yeyishi uchun bir olam vaʼdalar berishadi.

Oʻzbegimning 1001 odati: Eng ajoyib udumlar

Qoraqalpogʻistonning Qorakoʻl tumanida kelinchak yangi uyiga ortiqcha jihozlarsiz, sandiq va koʻrpa- toʻshak bilan tashrif buyuraveradi. Qizigʻi shundaki, toʻy ham, nahorgi osh ham qiz xonadonida beriladi, moddiy tomoni esa toʻlaligicha kuyovtoʻra zimmasiga yuklatiladi. Qizlar toʻy kuni koʻk  koʻylak deb atalgan mahsus kelinlik libosini kiyishadi. Bu koʻylakni avvaldan uning qarindoshlari tikib, tayyorlab qoʻyishadi.

Oʻzbegimning 1001 odati: Eng ajoyib udumlar

Azim Toshkent toʻylarida boshqa viloyat toʻylarida uchramaydigan odatlar talaygina. Misol uchun toʻy kuni kelin uyiga yoʻl olayotgan kuyov onasi bilan xayrlashadi. Uydan chiqqanidan soʻng, onasi uni chaqiradi va shirinlik yediradi. Kelin uyiga kelgan kuyovnavkarlar xonaga kirishgach, kuyov xona burchagidagi avvaldan tayyorlab qoʻyilgan surp pardani yirtadi. Soʻng nikoh oʻqiladi va osh tortiladi. Uni avval kuyovjoʻra kuyovga, soʻng kuyov barcha joʻralariga oshatib chiqishi kerak. Qolgan osh ustiga shirinliklar terilgach, kuyov uni oʻz panjasi bilan bosadi va kelinga kiritadi. Toshkent viloyatining ayrim hududlarida ajoyib anʼana bor. Unda kuyov joʻralari bilan “qiz bazmi”ga tashrif buyurishadi. Bazmda ularga qiyiqcha taqdim etiladi va yigitlar qiyiqchani bellariga bogʻlab yurishadi. Eng qizigʻi shundaki, agarda kuyov joʻralaridan birini kelin tomon hafa qilgudek boʻlsa, u toʻyxona oʻrtasiga chiqib, qiyiqchani yechib, yerga tashlaydi va qolgan yigitlar ham shu taqlid norozilik bildirib chiqib ketishadi. Shuning uchun “qiz bazmi”da kuyovjoʻralarni alohida hurmat bilan kutib olishga harakat qilishadi.

Oʻzbegimning 1001 odati: Eng ajoyib udumlar

Sirdaryoda qiz uyiga tashrif buyurgan sovchilar boʻlajak kelinni koʻrishlari mumkin emas. Erkaklar kelishib olishgach, kelin bilan kuyov uchrashishlariga ruxsat beriladi. Kelinni olib ketish uchun kelgan kuyovnavkarlarga kelin chiqib salom qiladi. Kuyovnavkarlar xonaga kirgach, dasturxonga Samarqanddagi kabi “toʻqqiz tovoq” kiritiladi.

Oʻzbegimning 1001 odati: Eng ajoyib udumlar

Jizzaxda qaynonalar kelin bilan koʻrishish uchun yuziga oq roʻmol yopilgan kelin oldiga pinjiga non qistirib keladi va indamaygina salomlashadi. Mazkur udum qaynona-kelin tinch yashashsin degan maqsadda qilinar ekan.

Oʻzbegimning 1001 odati: Eng ajoyib udumlar

Xorazmda turmushga chiqayotgan qizlar toʻydan bir kun avval dugonalari bilan “xina yoqar” marosimi oʻtkazishadi. Bunda kelin qoʻllariga oʻzining va kuyovning ismini yozib, xina qoʻyadi. Keyin bu xinani kuyovga koʻrsatib, undan sovgʻa undiradi. Xorazm kelinchaklari qoʻllarini tizzalariga qoʻyib kelinsalom qilishadi. Xorazmda kelin farzandli boʻlmagunicha qaynonasi bilan gaplashmaydi. Ayrim hududlarda esa kelin qaynotasi bilan umuman gaplashmas ekan.

Oʻzbegimning 1001 odati: Eng ajoyib udumlar
Oʻzbegimning 1001 odati: Eng ajoyib udumlar

Vodiyning ayrim joylarida, hususan Fargʻona viloyatida kelinni kuyov uyida qaynonasi tomonidan tayinlangan “vakil ona” kutib oladi. U kelinga shirin qatiq ichirib, tilla buyum taqadi. Kelin bu ayolni “aya” deb eʼzozlaydi, Oʻkol ona esa umrining oxiriga qadar ikki yoshga maslaxatgoʻy boʻlib qoladi. Fargʻona toʻylarining koʻpida toʻyxonada yigitlar va qizlar oʻrtasida gulli bahru-bayt oʻtkaziladi. Kelin va kuyov tomon bir-biriga gul berib, sheʼr aytishadi. Gul qaysi taraf vakilida qolsa, mushoirada oʻsha tomon yutkazadi.

Oʻzbegimning 1001 odati: Eng ajoyib udumlar
●

Odam.uz tahririyati. Har bir maqolani odam tekshiradi va sodda, jonli oʻzbek tilida yozamiz. Maqsadimiz - foydali boʻlish va vaqtingizni behuda sarflamaslik.

Oʻxshash maqolalar