Paketli choylar, sunʼiy zagar va qoʻl soatlari : Birinchi jahon urushi davrida yaratilgan ixtirolar va ularning kundalik hayotimizga kirib kelishi


1917 yildan boshlab Birinchi jahon urushida qatnashayotgan barcha mamlakatlarning harbiy gospitallarida qon quyish keng yoʻlga qoʻyildi.
Undan avval esa uchta ilmiy yangilik: qonning bir-biriga mos tushmaydigan guruhlarga boʻlinishi, oz miqdordagi ssitrat natriy (limon kislotasining natriyli tuzi) qoʻshimchasi qon quyilishining oldini olishi hamda qonni muzlatgichda saqlash mumkinligi kashf qilingan edi.
Qon quyish kashfiyoti tufayli Birinchi jahon urushi davrida 92% yaralangan britaniyalik askarlarning hayoti saqlab qolindi.
Birinchi jahon urushi davrida Britaniya armiyasida xizmat qilayotgan Yangi Zelandiyalik jarroh Garold Gilles birinchi boʻlib yarador askarlarning yuzlariga tanalarining boshqa joyidagi terini koʻchirib oʻtkaza boshladi. Bu jarroh yaralangan hamda yuzlari kuygan askarlarning dastlabki qiyofalarini qaytarish uchun haykaltaroshlar bilan ham maslahatlashgan.
Urushdan keyin Gilles frontda orttirgan tajribasini “Yuzning plastik jarrohligi” nomli ilmiy ishlariga birlashtirib, dunyodagi ilk plastik jarrohlik klinikasiga asos soldi.

Ilk alyuminiyli protezni 1912 yilda britaniyalik muhandiz Charlz Dezutter oyogʻidan ajralgan akasi uchun tayyorladi. Muhandisning akasi havaskor uchuvchi boʻlib, aeroplanda uchayotganida halokatga uchragan edi. Birinchi jahon urushi yillarida bunday protezlar katta hajmda tayyorlana boshlandi. Alyumin protezlar yogʻochli protezlardan koʻra ancha qimmatroq tursada, yengilligi va chidamliligi bilan ajralib turar edi.
1916 yilda germaniyalik shifokor Karl Guldchinski ochlikdan hamda raxitdan azob chekayotgan rangpar bolalarni kvarts lampalar bilan muolaja qila boshladi. Yoz oylarida esa ularga quyosh nurlari ostida toblanishni buyurdi.
Tajriba yangi usul suyaklarni mustahkamlashini koʻrsatgandan keyin, butun Germaniya boʻyicha bolalarni kvarts lampalari bilan muolaja qilishga kirishildi.
Keyinchalik ultrafialet organizmda kaltsiyning soʻrilishini taʼminlovchi D vitaminining ishlab chiqarilishiga yordam berishi aniqlandi.

Frantsiyalik harbiy jarroh Rene Lerish maxsus jarrohlik kiyimlar boshqa tibbiyot mutahassislarning kiyimidan ajralib turishi hamda uning sterilligini nazorat qilish maqsadida jarrohlik operatsiyalarini oʻtkazuvchi shifokor va hamshiralarga moviy rangdagi xalatlar kiyishlarini tavsiya etdi. Urushdan keyin bu odat butun dunyo boʻylab tarqaldi.
Birinchi jahon urushigacha yaradorlarning jarohatlarini bogʻlashda antibakteritsid xususiyatga ega boʻlgan sfagnum poʻpanagi yohud korpiya (lattadan titib olingan ip) dan foydalanilgan. Birinchi jahon urushi yillarida har bir fazilatli ayol korpiyani terishni oʻzining vatanparvar burchi, deb bilar edi.
1914 yilda Amerikaning Kimberli-Clark kompaniyasi Antanta davlatlarining gospitallariga momiq paxtani yetkazib berish boʻyicha patentga ega boʻldi. Hamshiralar bunday yangi mahsulotning foydasini bilib, undan boshqa maqsadlarda ham foydalana boshladilar.
Urushdan keyin bogʻlov materiallariga boʻlgan ehtiyoj tushib ketdi. Kimberli-Clark omborxonalarida katta miqdorda paxta momigʻi yigʻilib qoldi. Bu mahsulotni nimaga ishlatish mumkinligini oʻylab topish kerak edi.
Yigʻilib qolgan momiq paxtani qoʻllanilishiga joy topildi. 1920 yildan boshlab Kotex brendi ostida ilk gigiyenik tagliklar sotuvga chiqarildi.

Harbiylar tovuslarga oʻxshab bezanmasdan kiyina boshlaganlaridan keyin erkak va ayollar harbiylarning formasiga taqlid qilib kiyina boshladilar. Shu zayl “Militari” uslubi urfga kirdi.
“Militari” uslubining ajralib turuvchi xususiyatlari – sargʻish-kulrang hamda zaytun rangi, keng yelka va ulama choʻntaklaridir.
Frantsiya mudofaa vaziri Ejen Etyen: “Qizil ishtonlar – bu fransuz armiyasining ramzidir!” deb taʼkidlar edi. Biroq nemislarning tezotar vintovka va pulemyotlari fransuzlarni anʼanasi va harbiy bashangliklaridan voz kechishlariga majbur qildi. Nemislarga qizil ishton kiygan raqiblarini nishonga olish qiyinchilik tugʻdirmas edi-da.

Britaniyalik bosh qoʻmondon Jon French birinchilardan boʻlib toʻrtta ulama choʻntakli toraytirilgan uzun kurtkani kiyib, uni oʻz nomi bilan atadi.
Soʻngra harbiy frenchni soldatlarga ham kiydira boshladilar. Siyosatchilardan birinchi boʻlib askarlar bichimidagi frenchni Aleksandr Kerenskiy kiya boshladi. Iosif Stalin ham koʻp yillar davomida french kiyib yurgan, keyinchalik esa uni marshal mundiriga almashtirgan.
Birinchi jahon urushi charm kurtkalarni urfga kirgizdi – bunday matoga bit va burgalar oʻrnasha olmas edi. Oktyabr revolyutsiyasi arafasida ular Rossiyaga katta hajmda olib kelingan edi, biroq bolsheviklarga nasib etdi hamda komissar va chekistlarning maxsus kiyimlariga aylandi. Urushdan keyin bunday kurtkalar chiroyi hamda qulayligi uchun qadrlana boshlandi va butun dunyoda urfga kirdi.

Amerikaga migratsiya orqali kelib qolgan shved Gideon Suindbek 1913 yilda “zamokli” ilgaklarning patentini qoʻlga kiritdi. Sanoat bu kashfiyotga qiziqish bildirmadi, biroq britaniyalik hamda kanadalik dengizchilar undan foydalanishni oʻzlariga maʼqul koʻrdilar. Foydalanganda ham kiyimda emas, qimmatbaho mayda narsalar solinadigan belbogʻdagi karmonlar uchun ishlatildi.
1920 yilda bu ixtiro frantsiyalik dizayner hamda Hermens firmasining diqqatini oʻziga tortdi. Shu tariqa “zamok” ilgakli ayollar sumkalari ishlab chiqarila boshlandi. 1937 yilga kelib esa bunday ilgaklar erkaklarning shimlarida qoʻllaniladigan boʻldi.
Birinchi jahon urushining havo hujumlarida ancha yillar oldin ixtiro qilingan parashyutlartni esga ola boshladilar. Parashyut yordamida ilk bor frantsiyalik Andre-Jak Garneren 1797 yilning 22 oktyabrida havo sharidan sakragan edi. Shu tariqa Andre, uning rafiqasi, jiyani hamda shogirdlari parashyutda sakrash boʻyicha namoyishlar uyushtirib, daromad qiladigan boʻldilar.
1912 yilda rossiyalik Gleb Kotelnikov halqani tortilishidan yoyiladigan yigʻma jildli parashyutni patentladi.
1918 yilning yozida esa parashyutlar nafaqat yaralangan uchuvchilarni qutqarish uchun, balki desantli operatsiyalarda ham foydalanila boshlandi. Frantsiyalik mayor Evrar hamda uning qoʻli ostidagi ikki nafar askar parashyut yordamida nemislarning Ardennadagi qarorgohlarining orqa tomoniga tushib, parashyutda tushirilgan portlatgichlar bilan temir yoʻllarni portlatib, front liniyasi orqali sogʻ-salomat qaytishga muvaffaq boʻldilar.
Biroq parashyutning tinch zamonda foydali ekanligi dargumon. Undan hozirgi paytda harbiy sohadan tashqari sportda va kosmik apparatlarni yerga tushirilishida foydalaniladi, xolos.

Tasmali qoʻl soatlari Birinchi jahon urushining uchuvchilari uchun ixtiro qilingan. Bunday soatlar qulay, ixcham va oʻngʻay edi, ammo koʻpchilikning fikricha, koʻrimsiz va obroʻsiz hisoblanar edi. Salobatli sanalgan zanjirli choʻntak soatlari esa bir necha oʻn yilliklardan keyingina muomaladan chiqarildi.
Urush shuningdek komandirlarning vaqt oʻlchovining aniqligi talabini ham qoʻyar edi. Askarlarni hujumga boshlash uchun aniqlik talab etilar edi. Bir soniya oldin yoki keyingi harakat ham askarlarning hayti uchun xavf solishi muqarrar edi. Aynan ana shu davrda “Vaqtni aniqlashtirib olaylik!”, degan ibora muomalaga kirib keldi.
Sheffildlik metallurg Garri Brearli Britaniya harbiy boshqarmasining buyurtmasiga binoan artelleriya stvoli uchun olovda erib ketmaydigan qotishmani ixtiro qilishi kerak edi. Bunday qotishma qizib ketmasligi hamda oʻq otish tezligining oshishini taʼminlashi zarur edi. Metallurg kutilayotgan natijaga erishmasada, xrom qoʻshilgan poʻlat korroziyaga chidamli ekanligini aniqladi.
1916 yilning 30 aprelida Germaniya hukumati kechki soat 11 da soat millarini bir soat oldinga surishga farmon berdi. Bu yoʻl bilan kunning yorugʻ qismidan koʻproq foydalanib, yoritish vositalaridan tejash rejalashtirilgan edi. 21 may kuni Britaniyada ham shunday qonun kuchga kirdi. Rossiyada yozgi vaqtga oʻtish 1917 yilda, Amerikada esa 1918 yilda yoʻlga qoʻyildi.
Urush tugaganidan soʻng bu odat bekor qilinib, Ikkinchi jahon urushi yillarida yana tiklandi. Keyinchalik yana bekor qilinib, 1970 yillardagi neft inqirozi davrida yana qayta yoʻlga qoʻyildi.

Birinchi jahon urushidan sal oldin amerikalik savdogar Tom Sallivan ipak matoli paketchalarda sotayotgan choylardan birini damlab koʻrdi.
Choyni yoʻl sharoitida saqlash, damlash uchun bunday qulay usul Drezdenning Teekanne firmasini qiziqtirib qoʻydi. Urush yillarida bu firma paketli choylarni frontga yetkazib turdi, faqat bunda choy ipak matoli paketchalarda emas, dokali paketchalarga joylangan edi. Askarlar bunday mahsulotni “choyli bomba”, deb atashar edi.
Odam.uz tahririyati. Har bir maqolani odam tekshiradi va sodda, jonli oʻzbek tilida yozamiz. Maqsadimiz - foydali boʻlish va vaqtingizni behuda sarflamaslik.



