Buyuk dizaynerlarga ilhom bergan mashhur ayollar
Buyuk dizaynerlarga ilhom bergan mashhur ayollar
Dunyodagi har bir ijodkor, jumladan liboslar dizayneriga ham sohibjamol ilhom parisi kerak - u ijodkorga kerakli obrazni tasavvur qilish uchun yordam beradi, liboslarning umumiy ko‘rinishi aynan uning qiyofasi bilan birga faraz etiladi. Ko‘plab mashhur dizaynerlar o‘z ilhom parilarini ijodkor ayollar orasidan topgan edilar.

Yuber de Jivanshi + Odri Xepbern

Yuber de Jivanshi va aktrisa Odri Xepbernning iliq munosabatlari 40 yil davomida, aktrisaning o‘limiga qadar saqlanib qolgan. Ular 1954 yilda "Sabrina" filmining suratga olish ishlari davomida tanishgan bo'lib, Yuber Odri xonim uchun ko‘plab liboslar yaratgan, ammo film so‘nggida uning nomi qayd etilmagandi. 

Shundan keyin Jivanshi janoblari Xepbernning har bir filmi va kundalik obrazlari uchun liboslar yaratishni boshladi. "Tiffanida nonushta" filmidagi mashhur qora ko‘ylak, fotosessiyalar uchun tayyorlangan barcha liboslar Jivanshining mohir qo‘llari yordamida yaratilardi. Odri Xepbern ushbu liboslarda o‘zini topgandek bo‘lishini bot-bot ta’kidlagan. Dizayner aktrisaga qanday liboslar ko‘proq yarashishini yaxshi bilgan. Xepbernning jozibali va nafis obrazlari uning tashrif qog‘ozlaridan biriga aylandi, Jivanshi liboslari o'zining ilhom parisi bilan birga mashhur bo‘lib boraverdi.

Monika Belluchchi + Domeniko Dolche va Stefano Gabbana

Bir zamonlar o‘zining modellik karyerasini boshlagan Monika Belluchi uchun Dolce & Gabbana modalar uyi bilan imzolangan shartnoma katta moda olamiga kirib borishdagi asosiy omad kaliti bo‘lgan edi. Aktrisa ayol go‘zalligining timsoliga aylandi: uning jozibali, sehrli, o‘ziga ishongan ayol obrazi ushbu ikki ijodkor liboslari orqali juda yorqin tarzda ko‘rsatib berildi. 

Afsonaviy Italiya aktrisasi bugungi kunga qadar ushbu ikki dizaynerning ilhom parisidir. Ular aktrisa sharafiga maxsus sumka ham ishlab chiqqanlar. Ushbu hamkorlik vaqt o‘tib mustahkam do‘stlikka ham aylanib ketdi, desaak adashmagan bo‘lamiz.

Katrin Denev + Iv Sen-Loran

Ushbu ikki ijodkor 1966 yilda "Kunduzgi sohibjamol" filmining suratga olish ishlari davomida tanishgan edilar. Ular parijlik qizning betakror obrazini yaratish uchun o‘ziga xos jaketlar va betakror ko‘ylaklar yaratishgan. Dizayner bu vaqtda kino uchun ilk marta liboslar yaratgan edi. Kartina haqiqatan xit darajasiga qadar ko‘tarildi, dunyo go‘zallari aktrisaning obrazini takrorlashga harakat qila boshladilar.

Shundan keyin Katrin yangi rollarga rozilik berishdan avval film ijodkorlariga liboslarni Sen-Loran tikishi kerak degan shart qo‘ya boshladi. U qizil yo‘lak uchun faqatgina dizaynerning liboslarini kiyar, ularning do‘stligi ko‘pchilik uchun namunaga aylangan edi.

Naomi Kempbell + Azzedin Alayya

Supermodel va kelib chiqishi tunislik bo‘lgan dizayner Azzedin Alayyaning o‘zaro do‘stligi shunchalar namunali darajada bo‘lganki, Naomi uni"ota" deya atashni boshlagan. Model 16 yoshlik vaqtlari dizayner bilan birga o‘z faoliyatidagi birinchi modalar haftaligida tanishib qolgan. Alayya qizni juda yoqtirib qoldi, unga o‘z farzandi kabi g'amho'rlik qilgan, haddan tashqari ko‘p ishlab toliqib qolmasligi, begonalar bilan do‘stlashmasligi, tungi vaqtlarda ko‘chaga chiqmasligini nazorat qilib borgan.

U dizayerning moda namoyishlarida ishtirok etgan, asta-sekin Azzedin Alayya uning uchun maxsus liboslar yaratishni boshlagan. Ushbu iliq munosabatlar 30 yil davom etdi. 2017 yilda dizayner yorug‘ olam bilan xayrlashdi. Kempbell esa bunday judolikdan chuqur qayg‘uda ekanligini aytgan edi. 

Sofiya Koppola + Mark Jeykobs

Ushbu ijodiy hamkorlik do‘stlik aloqalaridan boshlangan. Taniqli rejissyor va dizayner 1990 yildan beri bir-birlarini yaxshi tanishardi, 2001yilga kelib esa birgalikga ishlashga qaror qiladilar. Mark bu vaqtda Sofiyaga o‘zining birinchi atiri timsoliga aylanishni taklif etadi. Koppola brendning ko‘plab reklama roliklarida ishtirok etgan, Mark Louis Vuitton brendiga ishga o‘tgan vaqti modalar uyi uchun chemodanlar dizaynini yaratgan, uning ishi rivoji uchun mini filmlar va reklama roliklarini suratga olib bergan. Aynan shu sababli ham dizayner o‘z ilhom parisi sharafiga Sophia by Marc Jacobs sumkasini ixtiro qilgan. 

Kira Naytli, Kristen Styuart, Vanessa Paradi, Lili-Rouz Depp + Karl Lagerfeld

Moda olamining qirollaridan biri va Chanel modalar uyini boshqargan marhum dizayner Karl Lagerfeldning ilhom parilari bir emas, bir nechta edi. Unga ilhom bag‘ishlagan ayollar orasida aktrisalar Kira Naytli va Kristen Styuart ham bo‘lib, ushbu ijodkorlar dizayner uchun ayol nozikligining namunasi sanalgan.  

Dizayner Vanessa Paradining tashqi ko‘rinishini ham juda yaxshi ko‘rgan. Endilikda aynan uning qizi Lili-Rouz Depp podiumlar olamini zabt etib bormoqda. 

Rene Zellveger + Karolina Errera

 

Rene Zellveger hashamatli tantanalar chog‘ida kiyish uchun ko‘p yillardan beri Karolina Erreraning liboslariga murojaat qilib keladi. Amerikalik dizayner esa Rene Zellvegerni o‘z ilhom parisi deb hisoblaydi. Dizayner bir zamonlar o‘zi uchun ikkita joziba timsoli mavjud ekani, ularning biri Jaklin Kennedi bo‘lsa, ikkinchisi Zellveger ekanligini aytgan edi.

Ваша реакция?

Сообщения из Facebook