Kuling umringiz uzoq bo‘ladi: eng sara latifalar to‘plami
Kulgu - tanadagi endofrin moddasi - shodlik gormonining ishlab chiqarilishiga sabab bo‘ladi. Olimlarning aniqlashlaricha, kulgi bilan onkologik kasalliklarni ham davolash mumkin ekan. Bundan tashqari kulgu inson umrini uzaytirish uchun ham yordam beradi. Shunday ekan, kuling do‘stlar, umringiz uzoq bo‘ladi!

* * *

Aytishlaricha, qizlar ikki turga bo‘linarkan.

Birinchi turdagisi:

— Ishonasanmi, dugonajon, sevgan yigitim menga plitkali shokolad olib berdi. Sevgan yigitimni judayam yaxshi ko‘raman!

Ikkinchi turdagisi:

— Ishonasanmi, dugonajon, sevgan yigitim menga «Ayfon» olib berdi. «Ayfon»ni judayam yaxshi ko‘raman!

* * *

Xotin erta tongda o‘rnidan turib ko‘zgu qarshisiga bordi va o‘ziga o‘zi qayta-qayta qarab olgach, uxlayotgan erining tepasiga kelib dedi:

— Sizdaylarga buyam kam!

* * *

Yaponlar zamonaviy osma soat turini yaratishdi. Soathar safar asabiylashganda bir daqiqadan oldinga ilgarilarkan. Avval Yaponiyadagi barga ilishibdi. Roppa-rosa 24 soatdan keyin kelib qarashsa, atigi 2 daqiqa ilgarilabdi. Keyin Angliyadagi barga ilib ketishibdi. 24 soatdan keyin kelib qarashsa, soat 5 daqiqa ilgarilabdi. Rossiyadagi barga ilib ketishibdi. 24 soatdan keyin kelib qarashsa, soat joyida yo‘qmish. Barmendan so‘rashibdi:

— Biz kecha manavi yerga soat ilib ketgandik. Qani u?

Barmen javob beribdi:

— Iye, u soatmidi hali? Biz bo‘lsak, qishda ventilyatorga balo bormi deb axlatxonaga irg‘itvoribmiz.

* * *

Erkak kompyuterlar do‘koniga kelib sotuvchiga dedi:

— Men bir hafta oldin sizlardan kompyuter sotib olgandim.

— Xo‘sh, nima bo‘ldi?

— Kompyuter buzilib qoldi.

— Kafolot muddati qanaqaydi?

— Bir umrga kafolat bergandingiz.

— Buzilgan bo‘lsa, demak, kafolat muddati tugabdi.

* * *

Muallim o‘quvchidan so‘radi:

— Tasavvur qil, qo‘lingda 10 ming dollar pul bor. Birov kelib sendan 2 ming dollar qarz so‘radi. Senda qancha dollar qoladi?

— 10 ming dollar.

— Mayli, olaylik, senda 10 ming dollar pul bor. Bezori kallakesar keldi-da, 2 ming dollarini tortib oldi. Qancha pul qoladi senda?

— 10 ming dollar va bitta basharasi buzilgan bezori kallakesar.

* * *

— Do‘xtir, sizning dorilaringiz bilan tuzaldim mana! Shunchalar minnatdormanki, so‘z bilan ta’riflashga ojizman!

— So‘zni boshingizga urasizmi? Pul bilan ta’riflang,pul bilan!

* * *

Sakkizlik uchrashuvida Toni Bler debdi:

— Kecha tushimda men yer yuzining prezidentigaaylanganmishman.

Gapni Bushlar kichigi ilib ketibdi:

— Men bo‘lsam, kecha tushimda koinot va yerning yagona prezidenti emishman.

Putin ikkoviga bir-bir qarab olibdi-da, debdi:

— Men tushimda ikkalangizning nomzodingizniyam tasdiqlamabman.

* * *

Besh yashar bolakay dadasi bilan hayvonot bog‘iga bordi. Sherning qafasi yonida to‘xtashgach, dedi:

— Dada, mabodo anavi sher ikkalamizdan birimizni yeb qo‘ysa, nechanchi avtobusda uygacha yetvolay?

* * *

Sinoptikning o‘g‘ilchasi otasidan so‘radi:

— Dada, ob-havo ma’lumotlaringiz har safar to‘g‘ri chiqadimi?

— Albatta, faqat oy va kunlar to‘g‘ri kelmay qolishini aytmasa.

* * *

Uy bekasi mehmonlarga mulozamat ko‘rsatyapti:

— Olishib o‘tiringlar, uyalmanglar, olinglar, uyalmanglar!

Shu payt besh yashar qizchasi gapga aralashdi:

— Oyi, mehmonlarga xuddi bizning bog‘chadagiday gapirish kerak.

— Bog‘changda qanday gapirishadi?

— Bog‘chamizda: «Nima yegilaring kelsa, uyingga borgandan keyin yeysanlar. Bu yerda nima bersa shuni g‘ajib o‘tirlaring!» deyishadi.

* * *

Erkak do‘stiga dedi:

— Sen bilan kelinga havasim keladi. Hamisha birgasizlar! Kecha bozorga chiquvdim, qarasam, yana ikkovlaring xuddi oshiq-moshiqlarday qo‘ltiqlashib ketib boryapsizlar! Biram havas qildi-im!..

— E, bu nima deganing? Oshiq-moshiqmish.  Agar uni qo‘ltiqlab olmasam, qimmatbaho buyumlarni ko‘rdi deguncha o‘sha yoqqa chopqillab qoladi.

* * *

Yigit do‘stiga dedi:

— Vey, bu nima qilganing? Yaqinda uylangan bo‘lsang, yana nimaga paltongning tugmasini o‘zing qadayapsan?

— Jinnimisan? Bu mening paltommas, xotinimniki!

* * *

Suratkashni tug‘ilgan kunga taklif etishgandi. Birnechta suratlar olib uy bekasiga ko‘rsatdi. Uy bekasi qoyil qolib, hayratini yashira olmay dedi:

— Voy, suratlarning zo‘r chiqqanini! Fotoapparatingiz yangimi deyman?

Suratkash xafa bo‘ldi-yu, sezdirmadi. Faqat ketayotgan payt uy bekasiga dedi:

— Pishirgan ovqatlaringiz judayam mazali ekan! Qozoningiz yangimi deyman?

* * *

Tiqilinch avtobusda. Yoshi 80 dan oshgan qariya yonidagi yigitga dedi:

— Qara, hov anavi yerda keksa kampir turibdi. Chaqirib joy bo‘shatsang bo‘lmaydimi?

Yigit qariyaning qulog‘iga shivirladi:

— U mening qaynonam, ota!

— Iye, shunaqami? Unda manavi tizzangdagi yarim qop yukingniyam uning yelkasiga ort, tizzada yuk olib o‘tirish juda noqulay-da,bolam!

* * *

Kasalxonada amaliyot o‘tayotgan talaba qiz vrachga dedi:

— Do‘xtir, menga boshqa kasalni bera olmaysizmi?

— Nega?

— Boyagi berganingiz o‘lib qoldi.

* * *

70 yoshli kampir dugonasiga dedi:

— Tovba, haliyam ikkitasi meni talashib bir-birining go‘shtini yeb yotibdi.

— Yo‘g‘-e, kimlar? Men taniymanmi?

— Taniysan.

— Ismi nima ularning?

— Biriniki Parkinson, ikkinchisiniki Altsgeymer.

* * *

Erkak yaqin do‘stiga dedi:

— Agar temir yo‘l vokzaliga borib mening o‘rnimga qaynonamni kutib olsang, ellik dollar beraman.

— Kelmasa-chi qaynonang?

— Unda yuz dollar olasan.

* * *

Besh yashar bolakay onasiga dedi:

— Oyi, men ulg‘aysam, ko‘cha supuruvchi bo‘laman!

— Voy, nega?

— Ko‘cha supuruvchi bo‘lsam, kun bo‘yi ko‘chada o‘ynayman-da!

* * *

To‘rtta bolasi bor erkak ishdan qaytishda bir quti shokolad sotib oldi-da, uyga kirgach, bolalaridan so‘radi:

— Kim onasining gapini ikki qilmasa, onasining gapiga quloq solsa, u bilan tortishmasa, mana shu konfetlar o‘shaniki bo‘ladi. Xo‘sh, aytinglar-chi, konfetlar kimniki bo‘ladi?

Bolalari baravar javob berishdi:

— Sizniki, dada, sizniki!

* * *

Besh yashar bolakay ko‘chada o‘ynab yurgandi. Qarasa, keksa bir kampir yig‘lab o‘tiribdi. Asta yaqin bordi-da, so‘radi:

— Momo, nega yig‘layapsiz?

— Men hech kimga kerak bo‘lmay qolibman, bolam.

Bolakay birpas o‘ylanib turdi-yu, so‘radi:

— Momo, hamma-hammadan so‘radingizmi?

* * *

To‘rt yashar bolakay televizor orqali kuylayotgan opera xonandasining qo‘shig‘ini tinglab turdi-da, dadasiga dedi:

— Dada, xoh ishoning, xoh ishonmang, bog‘chada biz shunaqa baqirsak, tarbiyachimiz urishib beradi!

* * *

Temir yo‘l vokzali. Jinni boshqa bir jinniga yaqin kelib so‘radi:

— Kechirasiz, mana shu yo‘lda «Toshkent-Moskva» poyezdi turgandi. Ko‘rmadingizmi?

— Ketib bo‘ldi u poyezd.

— Ketib bo‘ldi? Qayerga ketdi?

* * *

— Eshitdingmi yangilikni?

— Qanaqa yangilik?

— Dunyo olimlari sabzavotlar ham bir-biri bilan muloqot qilishini aniqlashibdi. Ammo bu muloqot «Odnoklassniki» saytida sodir bo‘larkan.

* * *

Ona uch yashar bolasiga dedi:

— Agar hadeb yig‘layversang, seni gapga quloq soladigan, yig‘lamaydigan, yuvosh bolaga almashtirib kelaman.

— Almashtira olmaysiz?

— Nega?

— Qaysi ahmoq yaxshi bolani yomon bolaga almashardi!?.

* * *

— Dadasi, uch oydan beri qanday mashina olishni bilmay hayronsiz. Menga tanishganimizga uch kun bo‘lgandayoq uylanib olgandingiz.

— Xotin, tushunmaysan-da! Mashina sotib olish uylanish degani emas!

* * *

— Eshitdingmi, Toshmatvoy aka tomorqasiga judayam qo‘rqinchli yog‘och haykalcha qo‘yib olibdi!?

— Yo‘g‘-e!

— Ha, haykalcha shu qadar qo‘rqinchli ekanki, o‘tgan yili don o‘g‘irlab ketgan qarg‘alarning hammasi o‘sha donlarni qaytarib berishibdi.

* * *

Ota o‘g‘lidan so‘radi:

— Xo‘sh, maktabda ishlar qalay?

— Zo‘r! Beshinchi sinf bilan o‘zaro shartnoma muddatini yana bir yilga cho‘zdim!

* * *

— Do‘xtir, rahmat! Meni boylik vasvasasidan xalos etdingiz! Xo‘sh, xizmat haqingizga necha million so‘m so‘raysiz?

* * *

Yigit qizga dedi:

— Yur, restoranga boramiz!

— Men, bormayman. Sizdan xafaman.

— Yura qolgin!

— Mensiz boravering.

— Qanday qilib sensiz boraman? Axir, pulim yo‘q-ku!

* * *

Tun. Poyezd kupesi. Erkak ikkinchi qavatdan pastga quladi.

Xotin:

— Nima bo‘ldi?

Er:

— Ko‘ylagim tushib ketdi.

Xotin:

— Nega unda dupurlagan ovoz keldi?

Er:

— Ko‘ylakning ichidan chiqishga ulgurmay qoldim.

BO‘RINING REJASI

Bo‘ri quyonni o‘zining tug‘ilgan kuniga taklif etdi.

Quyon:

— Albatta boraman, bo‘rivoy! Meni tug‘ilgan kuningga taklif qilganing uchun boshim osmonga yetdi.

Bo‘ri o‘zicha o‘yladi:

— Mana, gazak topildi. Endi taom topsam, bas!

MILLIARDERNING SOVG'ASI

Milliarder yaqin do‘stining o‘g‘lini tug‘ilgan kuni bilan qutlash niyatida tashrif buyurdi va so‘radi:

— Bolajon, tug‘ilgan kuningga nima sovg‘a qilay?

— Temir yo‘l.

— Ha-a... Olti yuz ming chaqirimligi yetadimi?

O‘RMON HANGOMASI

Erkak o‘rmonga borib kattakon archaning ostida turib olgancha Xudoga nola qilardi:

— Xudoyim, menga shu archada nechta igna bo‘lsa, shuncha boylik ato et!

Buni eshitgan tanishi so‘radi:

— Agar shuncha boylikka ega bo‘lib qolsang, mengayam yarmini berasanmi?

— Bu nima deganing? Yo senga o‘rmonda archa kamlik qilayaptimi?

BILOG'ON XO‘ROZ

Bozorda bir erkak to‘tiqush va xo‘roz sotayapti. Xaridor so‘radi:

— To‘tiqush necha pul?

— O‘n ming so‘m.

— Namuncha qimmat?

— U «Sen jinni» deb gapira oladi.

— Xo‘roz qancha?

— Yigirma ming.

— Iye, nega buncha qimmat?

— U aqlli. Jinni demaydi-ku, lekin shunday deb o‘ylay oladi.

— Oyijon, ko‘zgungizni sindirib qo‘ydim. Faqat meni koyimang! Dadam aytdilarki, endi bo‘sh vaqtingiz judayam ko‘p bo‘larkan.

* * *

Er xotiniga dedi:

— Hayron qolaman-da! Ko‘z tegmasin-u, lekin o‘g‘limizning miyasi to‘la aql-a! Kimdan o‘tgan ekan-a?

— Sizdan o‘tgan bo‘lsa kerak. Chunki, mening aqlim joyida turibdi.

* * *

Ona o‘g‘liga dedi:

— Bugun seni jazolayman. Kechqurun ovqat yemasdan uyquga yotasan.

Ota bosh qashib turib dedi:

— Mana shu sho‘rvangni ichishga majbur qilganingda, yanada og‘ir jazo bergan bo‘larding.

SHIRINLIKKA HUSHIM YO‘Q

Erkak restoranga kirib o‘tirgach, ofitsiantkaga dedi:

— Menga bir piyola choy bering. Choyga o‘n qoshiq shakar soling. Ammo aralashtirmang. Shirinlikka unchalik hushim yo‘q.

SPORT «USTASI»

Ilgari men tennis, futbol, xokkey deganini shunday mohirlik bilan o‘ynab qo‘yardimki, menga teng keladigani bu dunyoda yo‘q edi... Afsuski, o‘g‘lim kompyuterni buzib qo‘ygandan so‘ng hammasi tugadi...

GUNOHIM NIMA?

Birinchi sinfga borishi kerak bo‘lgan bolakayni maktabga sudrab olib kelishayapti. U tinimsiz ovozining boricha baqirardi:

— O‘n bir yil?.. Qaysi gunohim uchun???

AHMOQ EMASMAN

Ota o‘g‘lidan so‘radi:

— Maktab direktoringning familiyasi nima?

— Bilmayman.

— Sinf rahbaringniki-chi?

— Uniyam bilmayman.

— Iye, yoshing o‘n beshga yetdi-yu, haliyam «bilmayman» dan nariga o‘tolmasang!.. Nechanchi sinfda o‘qiyotganingni bilarsan, hech bo‘lmasa?

— Albatta. Ahmoqmanmi bilmay?

— Xo‘sh, nechanchi sinfda o‘qiysan?

— Uchinchi.

HAYDOVCHI UXLAGANDA...

Sayyohlar tunda aeroportga kelib tushishdi. Ularni avtobusda qayergadir olib ketishdi. Yo‘lning yarmiga yetishganda pastlikka tushish kerak ekan. Avtobus katta tezlikda pastga tusha boshladi. Sayyohlardan biri kuzatuvchiga dedi:

— Iltimos, haydovchiga ayting, sekinroq haydasin!

— Iloji yo‘q. Uyg‘otib yuborsam o‘ldiradi.

JOSUSLAR

Chumoli va fil razvedkaga chiqishdi.

Chumoli:

— Fil! Yot! Dushmanlar meni payqab qolishdi!

* * *

Ikki kar gaplashishyapti:

— Sen baliq oviga ketyapsanmi?

— Yo‘q, men baliq oviga ketyapman.

— Ha-a, men baliq oviga ketyapsanmi deb o‘ylabman.

* * *

Erkak to‘tiqushini gapirishga o‘rgatayapti:

— Men yurishni bilaman.

— Men yurishni bilaman.

— Men gapirishni bilaman.

— Men gapirishni bilaman.

— Men ucha olaman.

— Aldamang.

* * *

Ona qo‘shnisiga maqtanayapti:

— Bilasizmi, qizim Hilolaxon atigi olti yoshga to‘lgan bo‘lsayam ingliz tilini, algebrani o‘rganayapti. Qizim, algebrachasiga «Salom» so‘zini aytib ber!

* * *

Tish do‘xtiri mijozdan so‘radi:

— Xo‘sh, boshlaymizmi? Qo‘rqmaslik uchun o‘zingizda kuch to‘plab oldingizmi?

— Ha, endi tishimga tegib ko‘ring-chi...

* * *

Xotin eriga dedi:

— Siz mening qarindoshlarimni yomon ko‘rasiz!

— Bekorlarni aytibsan! Masalan, sening qaynonangni o‘zimning qaynonamdan ko‘ra ko‘proq yaxshi ko‘raman.

* * *

Xasisdan qo‘shnisi so‘radi:

— Ha, oshna, kasal bo‘lib qoldingizmi?

— Yo‘q.

— Unda nega ketma-ketiga dori ichayapsiz?

— Saqlanish muddati tugashiga yaqin qolibdi. Uvol bo‘lmasin dedim.

* * *

Qo‘lini sindirib olgan millionerga vrach dedi:

— Singan joyingizni gipslamasak bo‘lmaydi.

— Gipslashingni boshimga uramanmi? Marmarla, haqini to‘layman!

* * *

— Bilasanmi, men "Moskvich" eng sadoqatli mashina deb hisoblayman!

— Nega?

— Chunki, uni bir marta xarid qilasan-u, umring oxirigachayam birovga sota olmaysan.

* * *

— Ishonasanmi, kecha shaxsan Kasparov bilan oshxonada bir stol atrofida o‘tirdim.

— Nima bo‘pti?

— E, tuzni uzatib yuboring desam, naq qirq besh daqiqa kuttirdi.

* * *

Fransuz yozuvchisi Viktor Gyugo kunlarning birida Prussiyaga jo‘nadi. Chegarada askar undan so‘radi:

— Nima ish qilasiz?

— Yozaman.

— Men sizdan kundalik hayotingizni nimaning evaziga kechirasiz deb so‘radim.

— Qalam evaziga.

— Shunaqami? Unda yozib qo‘yamiz: «Gyugo. Qalamfurush.»

* * *

Ikki tanish ishbilarmon tasodifan qabulxonada uchrashib qolishdi.

— Salom, ishlar qanday?

— Ha, ochig‘ini aytsam, unchalik yaxshi emas. Gap shundaki, korxonam yonib ketdi. Endi ta’tilga chiqib, yuz ming dollar sug‘urta puli olmoqchiman.

— Buni qara-ya, mening ham korxonamni suv bosib, barcha ishlarim yo‘qqa chiqdi. Endi salkam bir million dollar sug‘urta puli olishim kerak.

Bir daqiqalik jimlikdan keyin birinchi ishbilarmon ikkinchisining qulog‘iga sekin dedi:

— Ayt-chi, suv toshqinini qanday uyushtirsa bo‘larkan.

* * *

Qiz dengizchi askardan so‘radi:

— Dengiz juda chiroyli bo‘lsa kerak-a?

— Bilmadim, men suv ostida xizmat qilaman.

* * *

Bo‘ri Qizil Shapkachaning yo‘lini to‘sib so‘radi:

—    Qayerga ketayapsan? Buvijoningnikigami?

—    Ha.

—    Savatingdagi somsami?

—    Ha.

—    Gazetaga o‘ralganmi?

—    Ha.

Kel, o‘sha gazetangni o‘qishga berib tur!

* * *

O‘smir harbiy komissariatga kelib dedi:

— Men harbiy dengiz flotida xizmat qilishni xohlayman.

— Xo‘p. Suzishni bilasanmi?

— Suzishni?.. Nima, flotda kema yo‘qmi?

* * *

Xotin go‘zallik salonidan chiqib eridan so‘radi:

— Xo‘sh, qandayman?

— Unchalik emas-u, lekin harakat qilganing ko‘rinib turibdi.

* * *

Bolakay lagerdan turib ota-onasiga xat yozdi:

— Oyijon, adajon, mening ahvolim yaxshi. Kecha bizning lagerda boks bo‘yicha musobaqa bo‘ldi. Mana, tish pastasi, cho‘tkasi vashunga o‘xshash keraksiz buyumlarimni sizlarga yuborayapman.

* * *

— Eshmat Bo‘ribosarovich, mana shu filni bir milliongasotib oling!

— Bu nima deganingiz? Men bor yo‘g‘i ikki xonali kvartirada yashasam, shunday katta filga joyni qayerdan topaman? Nima berib boqaman? Yo‘q...

— Bo‘pti, o‘sha pulga ikkita fil beraman.

— Bu boshqa gap.

QO‘NG'IROQ VA RUChKA

Ofisga qo‘ng‘iroq qilishdi.

— Yaxshi qiz, faksni qabul qilib oling!

— To‘xtang, oldin ruchkamni topib olay!

MA’LUMOT

Birinchi sinfga borgan bolakay bog‘chaning yonidan o‘tib ketayotib, o‘ynab yurgan bolalarga yaqinlashdi-da, dedi:

— Eh, jon deb sizlarga qo‘shilardim-u, ma’lumot qurg‘ur yo‘l qo‘ymaydi-da!

MULOQOT

Tog‘. Cho‘pon qo‘ylarini haydab ketib borardi. Shu  payt qo‘l telefoni jiringlab qoldi. Telefon ovozini eshitgan qo‘ylar taqqa to‘xtab cho‘pon tomonga qarashdi. Cho‘pon esa, kim bilandir gaplashib bo‘lgach, telefonni cho‘ntagiga solarkan, qo‘ylarga dedi:

— Xavotirlanmanglar, meni so‘rashibdi!

GAP YO‘G'IDA GAP

— Qo‘shnijon, qozoningiz bormi?

— Ha.

— Kattami?

— Ha.

— Ko‘k ranglimi?

— Ha... Qozon kerakmidi?

— Yo‘q, shunchaki... Gap yo‘g‘ida gap-da!

«MEVAFURUSH» SERJANT

Kapitan serjantdan so‘radi:

— Nega harbiy xizmatga yangi kelganlarni ikki qator saflantirib, novchalarni oldinga, past bo‘ylilarni orqaga turg‘azib qo‘ydingiz?

— Kechiring, men armiyaga kelgunimcha bozorda meva-cheva sotish bilan shug‘ullangandim.

DANGASA XO‘ROZ

— Oshna, muncha xo‘rozing dangasa bo‘lmasa?

— E, asti so‘rama! Ishonasanmi, ertalablari mahalladagi xo‘rozlar qichqira boshlasa, mening xo‘rozim ularga javoban bosh irg‘ab qo‘ya qoladi.

* * *

Harbiy komisarriatda armiyaga chaqiriluvchidan so‘rashdi:

— Ismi-sharifingiz nima?

— Aleksandr Sergeyevich Pushkin.

— Shu ism-sharif juda tanish ko‘rinayapti-da!

— To‘g‘ri. Dadam mana shu yerda ishlaydi.

* * *

Professor talabalar bilan palatalarga kirib,bemorlarni ko‘rar ekan, shogirdlariga kasallikni to‘g‘ri aniqlashga yordam beradigan belgilar to‘g‘risida gapirdi:

— Masalan, mana bu yerda, — dedi u bir bemor yonida to‘xtab, — ko‘krak qafasi kengaygan bemorni ko‘rayapmiz. Odatda bu xil holat musiqa asboblarini puflab chaluvchilarda kuzatiladi. Siz musiqachimisiz?

— Ha.

— Ana ko‘rdingizmi, — dedi xursand bo‘lib ketgan professor, — sinchkov ko‘zga hammasi ma’lum. Qanaqa musiqa asbobini chalasiz?

— Baraban chalaman.

QO‘NG‘IROQ

Sayohat agentligiga qo‘ng‘iroq qilishdi.

— Allo, Misrga yo‘llanma sotasizlarmi?

— Ha.

— Misrda qanday kurortlar bor o‘zi?

— Sharm-al-Shayx, Xurgada, Taba, Nuveyba.

— To‘xtang, Nuveyba dedingizmi?

— Ha, qachon bormoqchisiz?

— Uzr, biz... Shunchaki, skanvord yechayotgandik. Nuveyba to‘g‘ri keladi.

BAYRAM SOVG‘ASI

— Azizam, 8 mart bayramiga qanday sovg‘a taqdim etishimni istarding? SMSmi yoki MMSmi?

IMTIHON TOPSHIRISH USULI

Yozma imtihondan chiqqan abituriyent do‘stidan so‘radi:

— Biror nima yozdingmi?

— Yo‘q, toza qog‘ozni topshirib yubordim.

— Jinnimisan? Endi meni sendan ko‘chiribdi deb o‘ylashadi.

FOYDALI LEKTSIYA

Okulist talabalarga lektsiya o‘qiyapti:

— Har bir ko‘rish qobiliyati yomon bo‘lgan odam yonida ikkita ko‘zoynak olib yurishi kerak. Biri o‘qish uchun, ikkinchisi birinchisi yo‘qolganda topib olish uchun.

TAKRORIY DARS

Maktabda yangi yil ertasi. Qorbobo kiyimida harbiy ta’lim muallimi.

— Salom bolalar!

— Salom, Qorbobo!

— Yo‘q, jaranglamadi. Yana bir marta takrorlaymiz!

MAQTANCHOQLAR

Haydovchi tanishlariga maqtanayapti:

— Men mashinamni shu qadar tez haydaymanki, ko‘chadagi simyog‘ochlar tep-tekis ko‘rinadi.

— Bu nima bo‘pti. Yaqinda men mashinamda shunaqangi zo‘r ag‘darildimki, orqadagi davlat raqamini ko‘rdim.

QAYNONADAN KUYGAN KUYOV

Yigit do‘stiga dedi:

— Men nimani orzu qilishimni bilasanmi?

— Yo‘q.

— Bankni o‘marsam-da, o‘g‘irlik sodir bo‘lgan joyda qaynonamning barmoq izlarini qoldirib ketsam deyman.

DO‘KONDA

— Kechirasiz, manavi baliqlar yangimi?

— Bilmadim, men bu do‘konda uch oydan beri ishlayapman xolos.

O‘ZGANING QUROLI

Jinoyatchining uyini militsionerlar tintuv qilishyapti. Undan so‘rashdi:

— Avtomat kimniki?

— Kalashnikovniki.

ANTIQA E’LON

— «Do‘konga farrosh kerak! Imzo: Xaridorlar.»

QO‘SHNILAR SUHBATIDAN

Ayol qo‘shnisiga dedi:

— Qo‘shnijon, yo‘qligingizdan foydalanib siz haqingizda qo‘shnilar shunaqangi yomon gaplarni gapirib tashalashayapti!..

— E, bu gaplar nima bo‘pti? Yo‘g‘imda menga desa kaltaklashmaydimi...

BOBONING DEGANLARI

— Bobo, uxlayapsizmi?

— Nimaydi?

— Ikki ming so‘m berib turing!

— Uxlayapman, bolam, uxlayapman.

IMTIHONDA

Uch abituriyent imtihon topshirayapti. Birining otasi o‘ta badavlat. Ikkinchisining tanishi badavlat. Uchinchi abituriyent kambag‘al oiladan. Birinchi abituriyentdan so‘rashdi:

— Qaysi mamlakat ustiga ilk bor atom bombasi yog‘dirilgan?

— Yaponiya.

— To‘g‘ri, bahongiz «5»!

Ikkinchi abituriyentdan so‘rashdi:

— Ilk bor qaysi mamlakat ustiga atom bombasi tashlangan?

— Yaponiya.

— To‘g‘ri. Nechanchi yilda?

— 1945 yil.

— To‘g‘ri, bahongiz «besh»!

Uchinchi abituriyentdan so‘rashdi:

— Ilk bor qaysi mamlakat ustiga atom bombasi tashlangan?

— Yaponiya.

— Nechanchi yili?

— 1945 yili.

— Qaysi shahriga tashlangan?

— Xirosima.

— Nechta odam halok bo‘lgan?

— Ikki yuz to‘qson to‘rt ming kishi.

— O‘lganlarning ismi shariflarini ayting.

ILTIMOS

Ayol do‘konda yangi palto sotib olayotib sotuvchidan so‘radi:

— Mabodo erimga yoqmay qolsa, «Sotib olingan buyumlar qaytarib olinmaydi» deya olasizmi?

 

Maqolani baxolash?

Facebook Conversations