Mehmon toifalari haqida
Mehmon toifalari haqida
Har bir mezbon bo’lguchi kim bilan muloqotda bo’layotganini, mehmonlar qanday odamlardan iborat ekanligini bilganlari ma’qul. U mehnat qilib topayotganini kimlar uchun dasturxonga qo’yayotganini, nimaga yelib-yugurayotganini anglashi joiz. Buning uchun har safar mezbonlik burchini ado etayotganda va o’zi mehmonlik sharafiga muyassarbo’lganida odamlarni zimdan kuzatib borishi zarurki, bu keyingi uyushtiriladigan ziyofatlarda kimlarni taklif qilish kerakligini aniqlashga yordam beradi.

Mehmon bo’lguchi kishilar asosan to’rt toifaga bo’linadi.

Bir toifa shaxslar borki, bular chaqirgan joyga boraveradi, yaxshi yeb-ichishni kanda qilmaydi, biroq o’zlari uyiga biror marta odam taklif qilmaydi, hech kimni hech qayerda mehmon qilmaydi, topganini kalamushday iniga burkanib o’zi yeydi. Bundaylar “keltir menga, yo’qdir senga” qabilida ish tutadigan, biroz hudbin va ziqna kishilardir.

Ikkinchi toifa odamlar bor, bular chaqirilgan joyga boradigan va javoban o’zlari ham albatta mehmon taklif qiladiganlardan iborat bo’lib, ular juda shinavanda, elga qovushadigan odamlardir.

Uchinchi toifa mehmonlari hech qachon hech kimnikiga mehmonga borishmaydi va o’zlari ham birovni taklif etishmaydi. Bunday mumsuq, odam yoqtirmaydigan, boshqalarni ham, o’zlarini ham hurmat qilmaydigan shaxslar bo’lib, hayot lazzatidan, do’stlar suhbatidan bebahra, odamgarchilikdan chiqqan hisoblanadilar. Bular yumshoq qilib aytganda, to’dadan ajralgan bo’riga o’xshashadi.

To’rtinchi toifa odamlar chaqirilgan joyga borishmaydi, ammo o’zlari doim mehmon chaqirishadi, yaxshi ziyofat qilishadi, qolganini odamlarga yedirish bilan hursand, hatto kundalik tamaddisini ham qo’shnini chaqirib birga baxam ko’rishga tayyor, qo’li ochiq bo’ladilar. Mana shu toifa mehmonnavoz, mard, hushfe’l, dono va bilimdon odamlardir.

Yangi mehmon topganda eskisidan yuz o’girmaslik kerak. Yaxshi mezbon mehmoni ko’pligi bilan mashxurdir. Shuni ham aytish kerakki, nokas, mumsuq, xudbin, ayyor shaxslar mehmonga taklif etilsa, obro’ to’kishi, fisqu fujur uyushtirishi, janjal chiqarishi, pushaymon yedirishi mumkin.

Muruvatli, mexr-shafqatli, dono, bilimdon, shinavanda odamlarni mehmon qilgan mezbon chinakam huzur qiladi, yayraydi, xordiq chiqaradi, obro’yi ortadi, dasturxon ustidagi suhbatda ham qimmatli bilimlarga ega bo’ladi.

Ваша реакция?

Сообщения из Facebook