Mistika. Arvoh va sharpalari bo’lgan mehmonxonalar
Mistika. Arvoh va sharpalari bo’lgan mehmonxonalar
Dunyoda o’z tarixi va hattoki o’z sharpayu-arvohlariga ega bo’lgan otel (mehmonxonalar) talaygina. Bunday joylar o’rganilmagan mistik voqealarga qiziquvchan sayyohlarni doimo o’ziga jalb qilib kelgan. Bu mehmonxonalarning keng koridorlarini maroq bilan aylanib chiqishingiz, dabdabali restoranlarida ovqatlanishingiz, kerak bo’lsa o’zga olam sir-asrorlarining guvohi bo’lishingiz ham mumkin.

Kolorado shtati, Estes Park, “Stenli” mehmonxonasi

Kolorado shtati, Estes Park, “Stenli” mehmonxonasi

Ushbu mehmonxona tarixiy joylar ro’yxatiga kiritilgan. U 1909 yilda ochilgan bo’lib, ko’pgina taniqli shaxslarni mezbon sifatida qabul qilgan. Bu otel Stiven Kingda psixologik qo’rqinchli janrdagi “Nurlanish” romanini yozishga ilhom uyg’otganligi tufayli ham mashhur bo’lib ketgan. Mistika va qo’rqinchli narsalarga boy bo’lgan bu asar katta muvaffaqiyat qozondi. Uning asosida suratga olingan filmning syomkalari boshqa mehmonxonada olinganligiga qaramay, “Stenli” oteli sharpa-yu-ko’lankalar tarafidan qo’riqlanadi, deb hisoblashadi.

“Gollivud Ruzveld” mehmonxonasi, Los-Anjeles, Kaliforniya

“Gollivud Ruzveld” mehmonxonasi, Los-Anjeles, Kaliforniya

1927 yil 15 may kuni Ispaniya kolonial uslubidagi ushbu 12 qavatlik mehmonxonaning tantanali ochilish marosimi bo’lib o’tdi. Aynan mana shu otelda “Oskar” kinomukofotining eng birinchi taqdimotlari bo’lib o’tgan edi, keyinchalik esa eng yomon kinomahsulotlar uchun beriladigan “Oltin malina” antiakademik mukofotlarning topshirilish marosimlari ham shu yerda o’tkazilgan. Mehmonxonada shuningdek, filmlar suratga olingan, film premyeralari bo’lib o’tgan va ko’plab Gollivud yulduzlari to’xtab, mehmon bo’lganlar.

Otelda yashovchilarning aytishlaricha, mehmonxona koridori hamda xonalarda bir zamonlar bu yerda yashagan mashhur yulduzlarning sarson, orom topmagan sharpalari sang’ib yurar emish. Merilin Monro hamda Montgomeri Kliftning arvohlari ayniqsa ko’p uchrar ekan. “Gollivud Ruzvelt” ning mehmonlari yarim tunda 9-qavatdan musiqa ovozi eshitilishidan ko’p marotaba shikoyat qilishgan. Aynan mana shu qavatda bir paytlar  aktyor va musiqachi Montgomeri Klift yashagan ekanda.

“Golden North” mehmonxonasi, Skaguey, Alyaska

“Golden North” mehmonxonasi, Skaguey, Alyaska

“Golden North” mehmonxonasi 1898 yilda “oltin talvasasi” ayni avjiga chiqqan pallada qurilgan. Klondayk shahriga yo’l olgan oltin izlovchilar shu otelda to’xtab o’tganlar. Afsonalardan birida aytilishicha, Aysk ismli otin qidiruvchi qallig’i Merini 23 xonaga joylashtirib, o’zi oltin koniga qarab yo’l oladi. Yigit qaytib kelganida qallig’i sirli ravishda vafot etgani haqidagi xabarni eshitadi. 

Merining o’limi borasida uch xil taxmin bor edi. Kimdir uning zotiljamga chalinib, vafot etgan desa, yana kimdir Meri qallig’ining uzoq qolib ketganidan xavotir olib, xonasidan chiqmay qo’yganligini aytgan, boshqalar esa kelinning mahalliy bezorilardan qo’rqib, xonasida berkinib o’tirganini gapirib beradi. Merining aynan nima sababdab vafot etgani noma’lum: qizning uzoq vaqt xonasidan chiqmaganidan xavotirga tushgan mehmonxona xodimlari eshikni buzib kirganlarida, qizning kelin kuylagiga burkangancha yotgan jasadiga duch keladilar. 

O’sha davrdan boshlab, Merining arvohi mehmonxona bo’ylab yurar hamda oltin konidan qaytayotgan qallig’ini ko’rish ilinjida derazalardan yo’lga qarab turar ekan. 23- xonada qo’nim topgan mehmonlar kechasi bo’g’ilib uyg’onib ketishlari va hammayoq berk bo’lishiga qaramay muzday shamolni his qilishlari haqida gapirib beradilar. 

Otelda yana bir nechta sirli va mistik xonalar bor. Aytishlaricha, ulardan qandaydir tillarang yog’du taralar ekan. 2002 yilda mehmonxona yopildi, biroq bu yerga ekskursiyalar uyushtirilgan va hattoki uning ichida kvest o’yini ham o’ynalar ekan. Ha, mistika ishqibozlari uchun ajoyib imkoniyat.

“Drovers Inn” mehmonxonasi, Argayl end Byut, Shotlandiya

“Drovers Inn” mehmonxonasi, Argayl end Byut, Shotlandiya

Aytishlaricha, “Drovers Inn” mehmonxonasi atrofida kichkina qizchaning sharpasi izg’ib yurar ekan. Bir paytlar u tog’dagi daryoga tushib ketgan qo’g’irchog’ini olaman, deb cho’kib ketgan ekan. O’shandan beri qizning orom topmagan ruhi yo’qolgan o’yinchog’ini qidirib, sarson bo’lib yurar emish. 6-xonada yashovchilarning aytishlaricha, yarim tunda ular uxlayotgan karavotlarining ustiga qayerdandir muzdek suv tomchilari tomib turar ekan. Bu yerda shuningdek, bir paytlar shu yerda yashagan hamda Shotlandiya klanlari o’rtasidagi janglarda halok bo’lgan podachilarning sharpalari ham izg’ib yurar ekan.

“Bolivar” grand-oteli, Serkado de Lima, Peru

“Bolivar” grand-oteli, Serkado de Lima, Peru

Bu mehmonxona 1924 yilda Peru poytaxtiga kelayotgan yuqori darajadagi shaxslarni joylashtirish uchun ochilgan bo’lib, Limadagi eng yaxshi otel hisoblangan. Bu yerda Gollivud yulduzlari, mashhur yozuvchilar va rok-musiqachilar qo’nim topganlar. Turli vaqtlarda “Bolivar” grand-otelida Sharl de Goll, Nikson, Robert Kennedi, imperator Akixito, yozuvchilar Xeminguey, Orson Uels, Ava Gardner, qo’shiqchilar Hulio Iglesias, Santanna va boshqa taniqli yulduzlar to’xtab o’tganlar.

Ammo vaqt o’tib, yangi zamonaviy mehmonxonalar paydo bo’lgan sari “Bolivar” otelining shuhrati so’na boshladi-yu, biroq paranormal aktivlikka ega bo’lgan joy sifatida nom qozona boshladi. Gap shundaki, bu yerda paranormal hodisalar bilan bog’liq voqealar haqida afsonalar uchrab turadi. Afsonalardan birida aytilishicha, bir paytlar shu mehmonxona oynasidan o’zini otib, halok bo’lgan ayolning oq kuylakdagi sharpasi koridorda izg’ib yurar ekan. Boshqa bir afsonada aytilishicha, grand-otelning xonalaridan biriga joylashgan hamda sirli ravishda vafot etgan shu otel xodimining arvohi ham shu yerlarda daydib yurar ekan.

Ваша реакция?

Сообщения из Facebook