Shifobaxsh yog’lar- ular haqida nimalarni bilamiz?
Shifobaxsh yog’lar- ular haqida nimalarni bilamiz?
“Sochlaringiz qalin bo’lishini istaysizmi, bodom yog’idan surting”, “qabziyat qiynaydi, zaytun yog’idan qabul qiling”. Bugun bu kabi tavsiyalar shu qadar ko’pki, qay biriga ishonishni ham bilmaysiz. Xo’sh, aslida ham qay bir yog’ foydaliroq? Qaysinisi nima uchun qo’llaniladi? Bu maqolamiz shu haqda.

Zaytun yog’i

Yurak, tomirlar, oshqozon-ichaklar, o’t pufagi va jigar xastaliklarida foydali. Muntazam iste’mol qilinganida jig’ildon qaynashini keltirib chiqarishi mumkin. Shu bois haftada bir ikki marta foydalanish kifoya.

Zaytun yog’i tabiiy ich suruvchi vosita. Ertalab och qoringa ichilgan bir osh qoshiq zaytun yog’i ichaklar o’tkazuvchiligini yaxshilab, qabziyatning oldini oladi. Shu bilan birga hotirani yaxshilab, aqliy faollikni ham rag’batlantiradi.

Zaytun yog’ini kechqurun yotishdan avval yuz terisiga surtib yengil uqalansa, mayda ajinlar yoziladi. Anglaganingizdek mazkur yog’ ajinlarga qarshi eng samarali vosita. Yuzdagi kosmetik vositani tozalashda ham paxtaga ozroq zaytun yog’idan tomizib, foydalanish mumkin.

Xomilador ayollar qorin terisiga tirtiq tushmasligi uchun ilitilgan zaytun yog’ini qorin terisiga yengil surtib qo’yishlari lozim. 

Kunjut yog’i

B guruhi vitaminlari, kalsiy, fosfor, yog’ kislotalari, lesitin va sezamol hisobiga organizmning yoshga doir o’zgarishlarini ijobiy hal etadi. Ya’ni keksalik alomatlari bilan kurashadi. Ertalab bir choy qoshiq kunjut yog'ini qabul qilish umumiy quvvatning tiklanishi, me’da va ichaklar, shuningdek, avitaminozda foyda beradi.

Sabzavotli salatlarga qo’shilgan kunjut yog’i asabni tinchlantiradi. Uyqusizlik, jismoniy zo’riqish, kamqonlik, ko'z nurining hiralashuvi va hotira susayishida ham asqotadi.

Kunjut yog’idan yuz terisini tozalashda foydalanish mumkin. Buning uchun paxtaga ozroq zaytun yog’i tomizib, teri yuzasi artiladi. Aytgancha mazkur usul quruq yuzlilarga mos keladi.

Soch uchun kunjut yog’idan tayyorlangan niqoblarni ishlatish mumkin. Tirnoqlaringiz sinuvchan bo’ib qoldimi, har kuni uyquga yotishdan oldin kunjut yog’idan surtib qo’ying. Bir necha xaftada “o’ziga” keladi. 

Qovoq yog’i

Me’da va ichaklar faoliyatini yashilab, jigar ishini me’yorlashtiradi. Tartib bilan qabul qilinganida ichaklardagi tiqinlarni haydab chiqaradi, gijjalar bilan kurashishda yordam beradi. Parazitlar (gijja)ga qarshi davo tariqasida foydalanilganida sut-qatiq mahsulotlari cheklanadi. Qovoq yog'ini qo’llashda yorlig’ida ko’rsatilgan miqdoriga amal qilish lozim.

Uzum danagining yog’i

E vitaminining ko’pligi bilan yetakchilik qiladi. Uzum danagidan tayyorlangan yog’ning atigi bir choy qoshig’i E vitaminining inson organizmi uchun kerak bo’lgan bir kunlik miqdorini ta’minlaydi.

Yuz va qo’l terisining quruqlashishida uzum danagining yog’i yaxshi natija beradi. Yog’ning oz miqdordagisini yuz va qo’l terisiga surtib, yengil uqalash kifoya. Teri kataklari kerakli ozuqaga ega bo’ladi.

Yong’oq moyi

Foydali yog’ kislotalari bilan birgalikda biofaol moddalarga mo’lligi bilan ham ajralib turadi. Inson organizmi yong’oq moyini yaxshi qabul qiladi. Shunday bo’lsa-da, bir kunda 1 choy qoshiqdan ortig’ini iste’mol qilish tavsiya etilmaydi. Tartib bilan qabul qilinganida immunitet va hayotiy faollikni oshiradi, moddalar almashinuvi jarayonini yaxshilaydi.

Ozishni istaganlar uchun yong’oq eng yaxshi vositadir.Tana vaznini kamaytirishni maqsad qilganlar sabzavotli salatlarga yong’oq yog’ini aralashtirishlari yoki ertalab nonushtadan yarim soat oldin 1 choy qoshiq mazkur yog’dan qabul qilishlari mumkin. 

Avakado moyi

Yuqori kaloriyali mahsulot sanalsa-da, qon tarkibini tozalashda hizmati beqiyos. Avakado yog’ini sabzavotli yeguliklarga qo’shib iste’mol qilish organizmga foyda beradi. Tanovul uchun tanlangan mahsulotlar kam kaloriyali bo’lishiga ahamiyat qarating. Shunda o’zaro uyg’unlik hosil bo’ladi.

Ko’z atrofi terisi parvarishi uchun tarkibida avakado yog’i bo’lgan kremlarni tanlang. Mazkur vosita terini mayinlashtirib, mayda ajinlarni tekislaydi. 

Atirgul moyi

Atirgul barglaridan olinadigan mazkur yog’ shamollash, nafas yo’li shilliq pardalari, bronxitda foydali sanaladi. Bosh og’rig’idan aziyat chekkanlar atirgul moyida namlangan lattani o’griq beryotgan soxaga qo’yib yotishlari lozim. Mazkur usul uyqusizlikda ham naf beradi.

Atirgul yog’ini ozroq iliq suvga aralashtirib, og’iz chayqalsa, tish og’rig’i yengillashadi. Teridagi jarohatlarga surtilsa yaraning tez bitishini ta’minlaydi. 

Chakanda (oblepixa) yog’i

Tibbiyotda teri kasalliklarini davolashda qo’llaniladigan chakanda yog’i og’riq qoldiruvchi va antiseptik hususiyati bilan ham qadrlanadi. Quloq, tomoq kasalliklari hamda soch to’kilishida ham foydasi bisyor.

Oshqozon yarasini davolashda kuniga 2-3 marta ovqatlanishdan oldin chakanda yog’ini ichish tavsiya etiladi.

Har bir organizm o’ziga hosdir. Shu bois tavsiyalarni qo’llashdan avval davolovchi shifokoringiz bilan maslaxatlashing.

Ваша реакция?

Сообщения из Facebook