Toshkentlik Shomahmudovlarning keyingi taqdiri qanday kechdi?
Toshkentlik Shomahmudovlarning keyingi taqdiri qanday kechdi?
Ushbu hikoyani siz juda ham yaxshi bilasiz. Shomahmudovlar tomonidan asrab olingan bolalarning keyingi taqdiri qanday kechdi? Taqdir ularni qaysi tomonlarga olib bordi? Ularning qay birlari O‘zbekistonda qoldi?

Fyodor hikoyasi

Fyodor ushbu uchrashuvni bir umr kutdi. Turli manzillarga maktublar yozdi, ta’til paytlarida chang bosgan arxivlardagi hujjatlarni ko‘zdan kechirganda o‘tmishda, urush yillarida yo‘qotgan yaqinlarini topishga umid qilardi. Kelib chiqishi ukrainalik bo‘lgan, o‘zbeklar qo‘lida tarbiya topgan Fyodor Kulchikovskiy - Yo‘ldosh Shomahmudov va nihoyat o‘z yaqinlarini topishga erishdi. Oradan o‘tgan 45 yillik ayriliqdan keyin uni nafaqadagi buvisi Darya Alekseyevna Kulchanovskaya qarshi oldi. Qarangki, yoshi ulug‘ ayol o‘tgan yillar davomida nabiraning tirik ekanligiga aslo shubha qilmagan ekan.

 

Darya Alekseyevna bu paytda 104 yoshda edi. U 70 yoshli qizi Vera Ivanovna bilan birga temiryo‘l stantsiyasidan birozgina uzoqroqda joylashgan uyda istiqomat qilardi. U har kuni poyezdning temir g‘ildiraklari ovoziga quloq tutardi: balki bu safar kelgan poyezd ichida uning nabirasi bordir?

 

Ayolning yoshi ulg‘ayib qolgan bo‘lsa ham, hamon tetik edi, ro‘zg‘or ishlarini bir zumda bajara olar va urush yillaridagi og‘ir hayoti, ota-onasi, halok bo‘lgan 8 aka-ukasi, opa-singillarini yaxshi eslardi. Ertadan kechga qadar tinmasdan ishlagan, 15 yoshida turmush qurganini hotirlardi. U Ivana, Oksana va Vera ismli farzandlar ko‘rdi. Ular juda baxtli yashardilar, ammo ushbu baxt ortidan katta sinov ham keldi. Ayolning turmush o‘rtog‘i Fuqarolar urushida yaralandi, shu tariqa bolalarini bir o‘zi katta qilishga majbur bo‘ldi.

Urush boshlanmasidan avval uning qizi Oksana Donbasslik konchi bilan oila qurdi. Ushbu nikohdan esa Fyodor dunyog akeldi. Tug‘ruq jarayonini Darya Alekseyevnaning o‘zi qabul qilib oldi. Ayol bolakayning ko‘krak sohasida qizil nor bor ekanligiin aniq eslab qolgan edi. Oradan o‘tgan 45 yillik ayrilikdan keyin ham ana shu kichik nor ularning uchrashishlari uchun yordam berdi. Oksana o‘g‘li bir yarim yoshlik paytlari kasallik sababli olamdan o‘tdi. 1941 yilda esa uning eri ham vafot etdi. Urush boshlanib hujumlar kuchaygan paytda bolani evakuatsiya qilish kerakligi haqida aytishdi. Ayol rozi bo‘lmadi, sababi Fyodor oila shajarasidan qolgan yagona erkak kishi edi. Ammo vakillar agar nemislar shu yerga bostirib kelsalar bolani asir olishlari va Germaniyaga jo‘natishlari haqida ochiq aytishdi. 

Oradan bir necha kun o‘tib bolakay sharq tomonga yo‘l oldi. Bu paytlarda uning yoshi atigi beshda edi. U o‘zi bosib o‘tgan uzoq yo‘lni juda yaxshi eslardi. Yo‘lda suv yetishmas, bolalar vagondagi qirov qatlamini tomchi shakliga keltirib, chanqoq bosish uchun uni ichib borardilar.Yo‘l oxirlab qolganda bolalar ochlik va sovuqdan shunchalar zaiflashib qoldilarki, ularning barchasini vagondan qo‘lda ko‘tarib tushishga to‘g‘ri keldi. Fyodor qarshisida singlisini bag‘riga bosib kelgan bolakayni yaxshi eslaydi. Qizaloqning o‘lib bo‘lganini esa Toshkentga yetib kelgach bildi...

 

Bolakayning Toshkentdagi 41 raqamli bolalar uyiga olib kelishdi. Bu yerda u o‘z yurtidan kelgan Sasha Bunin bilan do‘stlashib oldi. Kunlarning birida Buninni toshkentlik temirchi Shoahmad Shomahmudov o‘z uyiga olib ketdi. Oradan bir hafta o‘tgach u yana keldi va Fyodorga Sasha do‘stisiz zerikib qolgani haqida aytib u bilan ketishni taklif qildi.

 

1942 yilning 2 sentyabr kuni bolakay Shomahmudovlar oilasining a’zosiga aylandi. Unga Yo‘ldosh ismini berdilar, yigitcha oiladagi sakkizinchi farzand edi. 

Shoahmad Shomahmudov va uning ayoli Bahri opa Akramovaning o‘z farzandlari bo‘lmagan. Ammo ular o‘z tarbiyalaridagi barcha bolalarga ota-onalik mehrini berdilar. Bolalar orasida ruslar, tatarlar,ukrainlar, beloruslar, qozoq, o‘zbek, chuvash va moldavan o‘g‘il-qizlar bor edi. Oila o‘ta boy yashamasdi, ammo bolalar bir-birlariga juda tez ko‘nikdilar.

 

Urush yakunlangach, bolalarning to‘rttasi o‘z yaqinlarini topib ular bilan ketishdi. Oilada tarbiya topgan ikki farzand - o‘zbek qizi Muazzam va belorus yigiti Mixail bir-birlariga ko‘ngilberdilar. Shu tariqa ularning to‘yi bo‘lib o‘tdi.

Fyodor Toshkent tog‘ texnikumini tamomladi va Karagandaga ketdi. Bu yerda Valentina ismli qiz bilan uchrashib, uning qo‘lini so‘radi. 1966 yilda sodir bo‘lgan zilziladan keyin Toshkentga qaytdilar.  

 

Darya Alekseyevna urush yillaridan keyin nabirasini uzoq izladi. Uning yozmagan joyi, so‘ramagan odami qolmadi.  Ammo bola haqida hech qanday ma’lumot topa olmadi. Bolakay o‘tirgan eshelon O‘zbekiston tomon yo‘l olganini xabar qildilar xolos. 

Ayolga gazeta korrespondenti Konstantin Iosifovich Salnichenko katta yordam berdi. Darya Alekseyevna 101 yoshni qarshilagan paytda u ayolning uyiga kelgan va u bilan tanishgandi. Ushbu inson Buxoroga xat yozib, yo‘qolgan bolakayni izlash uchun yordam so‘radi. 

Urush yillarida Fyodorning familiyasi biroz o‘zgargan, hujjatlarda Kulchanovskiy emas, Kulchikovskiy bo‘lib qayd etilgan ekan. Shu sababli ham ayol nabirasini uzoq yillar davomida topa olmagan bo‘lib chiqdi. Ammo Salnichenko o‘zi izlagan odamning tashrifigacha yashay olmadi. Fyodor va Darya Alekseyevna uchrashgan paytda u vafot etgandi. 

Uchrashuv kuni nabira ham, buvi ham uhlay olmadilar. Ular o‘tgan yillarni birgalikda yodga olishdi. Ayol  o‘zining qutisidan qizi Oksananing saqlanib qolgan yagona suratini uning o‘g‘liga ko‘rsatdi. Sarg‘ayib ketgan suratga boqib turgan erkakning  yosh to‘la ko‘zlari onasining unutilgan qiyofasini darrov tanib oldi...  

Fyodor buvisining uyiga ikki marta keldi. Darya Alekseyevna ham chevarasi Konstantinni ko‘rish baxtiga musharraf bo‘ldi. 

1986 yilning sentyabr oyida Fyodor ayolni dafn qildi. Darya Alekseyevna o‘limidan oldingi daqiqalarda ham tetik holatda edi, nabirasini parvarish qilib o‘stirgan ayol - uning tutingan onasi Baxri opaga salom yo‘llashlarini tayinladi, u bilan uchrasha olmagani uchun kuyindi.

 

Shoahmad Shomahmudov 1969 yilda, 82 yoshida olamdan o‘tdi. U Baxri opadan 16 yosh katta edi, rafiqasi va farzandlarini so‘zsiz yaxshi ko‘rib yashardi. U haqiqiy mehnatkash inson edi, hayotining so‘nggi daqiqalarida ham bog‘da mehnat qila turib, qo‘lida ketmon ushlagan holatda jon berdi... 

Olga - Holida ona hikoyasi

Moldaviyadan kelgan Olga Timonina Shomahmudovlar oilasi a’zosiga aylangach unga Holida ismini berdilar. U katta oiladagi eng kenja farzand edi. Ulg‘aygach O‘zbekistonda qolish qaroriga keldi.

Ayni paytda Holida ona Toshkentning Jarariq mahallasida istiqomat qiladi. Yoshi ulug‘ ayol o‘zbek tilini puxta o‘zlashtirgan va hamisha tinch kunlarga shukrona keltirish kerakligini aytadi. Bugungi kunda Holida Shomahmudovaning 2 nevarasi, 5 evarasi bor. O‘zining aytishicha, tushlariga onasi - Baxri opa oq ro‘mol yopingan holatda juda ko‘p kirar ekan. Holida ona buni ota-onasining jannatda ekanligiga ishora deb biladi. Urush tugaganidan keyin uni izlab akasi kelgan. Ammo O‘zbekistonga o‘rganib bo‘lgan qiz endi hech qayergа ketmasligini aytib o‘lkada yashab qolgan ekan...

Ваша реакция?

Сообщения из Facebook