Tutanxamon maqbarasining siri
Tutanxamon maqbarasining siri
Tutanxamon tarixda o‘zining sirli maqbarasi, uning ichidan topilgan behisob boyliklar bilan mashhur bo‘lgan Misr hukmdori. Uning sirli qabri haqida afsonalar ham, sirlar ham juda ko‘p. Aslida bu inson kim bo‘lgan? Uning maqbarasi qanday ochilgan edi?

1-ma’lumot

Tutanxamon Misr hukmrdoriga aylangan paytlarida atigi 8-9 yoshlarda bo‘lgan. Tahminlarga ko‘ra uning taxtga chiqishida amaldorlar - qo‘shin sarkardasi Xoremxeb va saroy ayoni Eyening xizmati katta bo‘lgan. 

2-ma’lumot

Tutanxamon 10 yil davomidamamlakatni boshqargan va yoshlik paytlaridayoq vafot etgan. Olimlar uni eramizdan avvalgi 1333-1324 yillarda hukmronlik qilganini aytib o‘tadilar.

3-ma’lumot

Olimlar uzoq yillar davomida Tutanxamoning asl o‘lim sababini bilish uchun turli texnologik vositalar yordamidan foydalanib kelishgan. Bu o‘rinda uning vafotiga doir ikkita asosiy tahmin mavjud. Birinchisi hukmdor ensa sohasidan qattiq zarba olgani sabab bo‘lgan (buning tasodifiy yoki atayin uyushtirilgan zarba ekanligi noma’lum). Ikkinchisi esa oyoq sohasini sindirib olgan va jarohatga infeksiya tushgancha hukmrdorning o‘limiga sabab bo‘lgan.

4-ma’lumot

Tahminlarga ko‘ra Tutanxamon Malika Nefertitining o‘gay o‘g‘lidir. Olimlar Tutanxamon fir’avn Exnatonning o‘g‘li ekanligini aytishadi. Exnaton esa malika Nefertiti bilan oila qurgan va unga 6 nafar qiz farzand tuhfa etgan. Bundan tashqari Exnatonning kichkina xotini Kira ham bo‘lgan va Tutanxamonning onasi aynan Kira sanaladi (ammo bularning aniq ma’lumot ekanligi isbotlanmagan).

5-ma’lumot

Tutanxamon tug‘ilgan paytlariga unga Tutanxaton deya ism berilgan. U va otasi Exnatonning ismi tarkibidagi "aton" so‘zi misrliklar ilohiga ishora bergan. Firavn Exnaton misrliklarni yagona iloh - Atonga sig‘inish uchun majbur qilgan. Tutanxaton taxtga ega chiqqanidan keyin mamlakat hududida avvallari yopiq bo‘lgan barcha ibodatxonalarni ochib tashlashga buyruq bergan va  o‘z ismini Tutanxamonga o‘zgartirgan.

6-ma’lumot

Tutanxamon mo‘miyosi hamon Shohlar vodiysidagi maqbarada saqlanadi. Uning mashhur niqobi esa Qohiradagi Misr muzeyiga joylashtirilgan.

7-ma’lumot

Tutanxamon va uning rafiqasi farzand ko‘rishmagan, ammo malika Anxesenpaaton ikki marta homilador bo‘lgan va bu paytda bolalar tug‘ilmay vafot etavergan. Ikkita qiz bola chaqaloqlarning chala tug‘ilgan embrioni mo‘miyolangan holatda Tutanxamon maqbarasidagi kichik qabrlar ichiga joylashtirilgan. O‘tkazilgan DNK testlari esa qizaloqlarningTutanxamon farzandlari ekanligini tasdiqlagan.

 

Tutanxamon xazinasi

1893yil Fransiya arxeologi Loret Amenofis II maqbarasini topgan va uning atrofida yana 13 ta boshqa jasadlar bo‘lganligini aniqlagan. Eng fantastik kashfiyot malakali misrshunos olim Karter va uning boy homiysi Lord Karnavonlar tomonidan 1922 yilda sodir bo‘lgan. 1903 yildan boshlab keyingi bir necha yillar davomida amerikalik sayyoh Teodor Devis Shohlar vodiysida qo‘l tegmagan birorta maqbara topish umidida tinmasdan qidiruv ishlari olib borgan, lekin natija bo‘lmagan.

1914 yilda u tekshirish ishlarini tugadi deb hisoblab, ijaraga olgan Vodiyni Karter bilan Karnavonga topshiradi. 

Ular qariyb 9 yil izlanishda bo‘ladilar. Bu davr ichida bir necha yuz tonna qum va toshlarni joydan-joyga suradilar. Tekshirilmagan hech bir narsa qolmaydi. Hatto kichkinagina teshik ham ular e'tiborini chetlab o‘tmaydi. Ammo natija yo‘q edi. Oxiri ular ham umidlarini uza boshlaydilar. Toqati toq bo‘lgan Karnavon 1922 yilda ishlarni davom ettirishdan voz kechganligini ma'lum qiladi. Ammo Karter hech bo‘lmasa yana bir-ikki oy ishlarni davom ettirishni undan o‘tinib so‘raydi. Chunki Karter nima uchundir bir kichkinagina uchburchak shaklidagi teshikka e'tibor bergan edi.

Turistlarning Ramzes VI maqbarasiga o‘tadigan yo‘lini to‘smaslik maqsadida bu yerda hech kim qazish ishlarini olib bormagan edi. Shuning uchun ham Karter: "Mana shu bo‘shliq tekshirilmas ekan, barcha choralar ko‘rildi deb bo‘lmaydi", degan xulosaga keladi.

Karnavon rozi bo‘ladi. Karter esa yana Misrga qaytadi va o‘sha uchburchak bo‘shliqni tozalashga kirishadi. 

Bir necha kundan keyin u hayajon bilan qoyani ichkarisiga kirib ketgan zinani ko‘rib qoladi. Zina bo‘ylab pastga tushadi. Uning ko‘z oldida mutlaqo shikastlanmagan devor paydo bo‘ladi. Karter devor oldida bir daqiqa sukut saqlaydi. Devorda esaTutanxamondan dalolat beruvchi shoh muhri bor edi. Karter shu zahotiyoq xo‘jayiniga qo‘ng‘iroq qiladi. Karnavon zudlik bilan Misrga yetib keladi. Ular devorni buzib kiradilar. Bu yerda qurilish chiqindilari bilan to‘ldirilgan tor yo‘lak, unda yana bir shoh muhri bilan belgilangan devor bor edi. Hal qiluvchi damlar boshlanadi. Karnavon va bir nechta kishilar koridorda sabrsizlik bilan kutib turadilar, bu vaqtda Karter devorning yuqorisida kichik teshik ochadi. Ko‘radiki, devor orqasi bo‘shliq. U elektr chirog‘ini o‘sha tomonga yo‘naltiradi. Karter bir necha daqiqa qotib qoladi.

"Siz biron narsa ko‘ryapsizmi?", deb so‘raydi Karnavon.

"Ha, - deb javob beradi Karter. - Ajoyib narsalar, xuddi ertaklardagidek".

Bu tarix haqida o‘z vaqtida va undan keyin ham juda ko‘p gapirilgandi, chunki u takror va takror gapirishga arziydigan tarixdir. 

Karter topgan xona aslida xazina bilan to‘ldirilgan dahliz edi. Unda ikkita eshik bo‘lib, biri omborxona, ikkinchisi go‘rxona bilan bog‘langan. 

Bu yerdagi mo‘jizalardan biri shohning illa plastinka bilan qoplangan taxtidir. Darhaqiqat u ajoyib taassurot tug‘diradi. Tilla plastinka taxtga suyanchiq sifatida ishlangan bo‘lib, unda shoh va malika ko‘rinishi bog‘da tasvirlangan. Yosh hukmdor taxtda o‘tiribdi. Malika Anxesnamon esa uning yelkasiga moy surkamoqda. Shakl va bezaklar plastinkaga Lyapis-lazur va serdolik kabi qimmatbaho toshlardan inkrustatsiya qilish yo‘li bilan ishlangan. Bu astoydil izlangan go‘zal relyeflardan biridir.


 

Bu narsalarning hammasi tartibsiz ravishda bir to‘da qilib uyib tashlangan. Aftidan bu kichik maqbaraga mebel shoshilinch ravishda qo‘yilgan bo‘lsa kerak. Maqbarani o‘g‘irlashga bir marta harakat ham qilingan. 

Dalil tariqasida aytib o‘tish mumkinki, taxtning oltin oyoqlari uzib olingan bo‘lib, ular bir parcha gazmolga o‘rab qo‘yilgan holda topilgan. 

Ko‘rinib turibdiki, o‘g‘rilar buyumlarni olib chiqib ketishga ulgurmaganlar. Ularga kimdir halaqit bergan. Ehtimol o‘g‘rilar o‘z jinoyatlarini amalga oshirayotgan paytlarida qo‘lga tushganlar. Xullas, 1923 yilda yo‘lak buyumlardan bo‘shatilib, shoh muhri bosilgan ikkinchi devor buzilganda, uning orqasida xudo va ma'budalar shakllari bilan bezatilgan oltin lavha topilgan.

Aslida esa u to‘g‘ri burchakli katta hajmdagi yog‘ochdan ishlangan va sirti sof tilladan inkrustatsiya qilingan butxona bo‘lib, u bir tomoni 5,5 metr, ikkinchi tomoni 3,5 metrga teng keladigan dafn xonasini butkul egallab turgan.

Karter butxona eshigini ochganda, unga tanish bo‘lgan o‘sha shohlik tamg‘asi bo‘lgan, o‘sha sof oltin bilan qoplangan lekin boshqa butxonaga duch kelgan.

Ma'lum bo‘lishicha, bu yerda bir-birining ichiga moslashtirilgan to‘rtta butxona bo‘lib arxeologlarning bilishicha, shoh ularning eng oxirgisining tubidan joy olishi lozim bo‘lgan. 

Darhaqiqat Karterning o‘ta professional mohirligi talab etgandek, butxonalar qismlarga ajratib olinganda u yerda go‘rxona borligi ma'lum bo‘lgan. Go‘rxonada bir-birining ustiga qo‘yilgan uchta sarkofag saqlangan. Ularning dastlabki ikkitasi oltin, rangli pasta va qimmatbaho toshlar bilan naqshlangan. Mo‘miyo saqlangan uchinchi sarkofag sof oltindan qilingan va uni yerdan qo‘zg‘atish uchun kamida to‘rt kishi kerak bo‘lgan.

Go‘rxona orqasida uchinchi xona joylashgan. U ham boshqalari kabi har xil ajoyib buyumlar: quti va kiyim solingan sandiq hamda chiyabo‘ri - xudo Anubisning tilla suvi bilan qoplangan yaltiroq shakli, qayiqda qo‘liga uzun arqonga bog‘langan nayza ushlab turgan shohning tasviri, ikki g‘ildirakli jang aravalarining bo‘laklari va boshqa narsalar bilan to‘ldirilgan.

Maqbaralar bo‘yicha katta mutaxassis Alan Gardinerning hikoya qilishicha, Karter o‘sha uchinchi xonadagi qutini ochganda, uning ichida patli yelpig‘ich bo‘lgan. "Uning parlari -degan edi u, - shunchalik go‘zal va kishini esankiratadigan darajada nafis va ko‘rkam ediki, go‘yo ular hozirgina tuyaqush qanotidan yulib olingandek, shoh ham eramizdan uch ming yil avval emas, balki yaqinda dafn etilgandek tuyulardi. Ular menda kutilmaganda kuchli taassurot qoldirdi. Bunday holatni men hech qachon boshimdan kechirmagan edim va bundan keyin ham kechirmasam kerak". Endi biz buyuk jangchi fir'avnlar Seti I va Ramzes II larning maqbaralarida, agar ular o‘g‘irlanmaganda, shubhasiz qanday boyliklar mavjud bo‘lganini ko‘z oldimizga keltirishimiz mumkin. Nima uchun Tutanxamon qabri o‘g‘irlanmay qolgan, degan savolga ba'zilar uni o‘g‘rilar topolmaganlar degan fikrni sabab qilib ko‘rsatdilar. Bu haqiqatdan yiroqdir. Qabrning o‘g‘irlanmay qolganligiuni o‘g‘rilar topolmaganligida emas aksincha, Tutanxamonning bedarak shaxsligi maqbarani o‘g‘rilardan saqlab qolgan.

 

Axenaton bilan qarindosh tutingan Tutanxamon tez orada unutilgan. Uni zudlik bilan kichik, ko‘rimsizmaqbaraga dafn etganlar. 

Keyinchalik Ramzes II maqbarasini ochish paytida hosil bo‘lgan tuproq Tutanxamon qabriga kiradigan yo‘lni berkitib qo‘ygan. 

Agarda maqbara 1922 yillar xeolog Karter tomonidan tasodifan topilmaganda, u biz uchun hanuzgacha yechilmagan bir sir bo‘lib qolar edi. 

Xulosa qilib aytganda, qabrdagi narsalar bir-birlaridan ashyolarining boyligi va xilma-xilligi, bajarish texnikasining mukammalligi, beqiyos chiroyi va bezagi bilan ajralib turadi hamda 18-sulola davridagi hunarmandchilik san'atining yuqori darajada rivojlanganligidan dalolat beradi.

Hozirgi kungacha Tutanxamonning mo‘miyolangan jasadi o‘z qabridagi sarkofagda saqlanmoqda. Qolganlari qimmatbaho narsalar bilan birga, Qohira muzeyiga qo‘yilgan.

Shohlar vodiysidagi maqbaralarni ko‘zdan kechirar ekanmiz, ularda qadimgi Misr hayotini ko‘rsatuvchi lavhalar ham talaygina. Bu lavhalar asosan qoyalarning sharqiy qismidan topilgan aslzoda kishilarning maqbaralarida mavjuddir.

 Ma'lumki, o‘lgan kishilarning tanalari qo‘yilgan xonalar katta chuqurlikda joylashgan. Ularning ustida esa ziyoratxonalar bo‘lgan. Qadimgi misrliklar hayotini ko‘rsatuvchi suratli lavhalar ana shu ziyoratxonalar devorida tasvirlangan.

 

Mana bu Nebamon maqbarasi. Devorga ishlangan suratlardan birida qandaydir aslzoda papirusdan ishlangan qayiqda xotini va qizi bilan ov qilayotgani ko‘rsatilgan. U qayiqda tik turgan holda qo‘lida nayza bilan yovvoyi hayvonlarni ovlamoqda. Xotini esa o‘tirgan holda erini yiqilib ketmasligi uchun oyoqlaridan mahkam ushlab turibdi.

Boshqa ko‘rinishda shohlar vodiysida xudolar va marhumlarga bag‘ishlanib uyushtirilgan dabdabali bayram aks ettirilgan. Qabul marosimlarining muxlislari, misrlik zodagonlar mehmonlar bilan birga kichik kursi atrofida oldilariga qo‘yilgan ilvasin, baliq va harxil shirinliklardan totib o‘tirishibdi. Shu bilan birga ularga qiziqarli tomosha ham ko‘rsatilyapti. Odatda ayollardan tuzilgan sozandalar kuy ijro etmoqdalar. Yosh raqqosalar esa raqsga tushmoqdalar. Suratda ko‘rsatilgan ikki o‘yinchining badan harakatidagi uyg‘unlikning kamolot darajasiga ko‘tarilganligi, rassomning mohirligidan dalolat berib turibdi. 

Ikki sozandaning yuzi old tomonga qaratilgan. Kishi yuzini old tomondan ko‘rsatish butun Misr rassomchilik san'atidagi odatdan tashqari holdir. Marosimda o‘tirganlarga xizmatkorlar may tutayotganlarini ham ko‘rish mumkin. Gap shundaki, Misrliklar mayni juda qadrlaganlar.

Bulardan tashqari, oddiy inson hayotiga bag‘ishlangan qator lavhalarni ham ko‘rishimiz mumkin. Mana bunda esa dehqon mehnat dalasida yer haydayotgani, hosilni yig‘ishtirayotgani, molni boshqarayotgani hamda hunarmandchilik bilan shug‘ullanayotgani jonli ifoda etilgan.

Tutmos VI va Fivalik yer o‘lchovchi Mena maqbaralaridagi devorlarga ishlangan suratlar ham hayotiyligi bilan kishi fikrini o‘ziga jalb etadi. 

Tutmos III ning vaziri Rexmir qabrida esa qandaydir zavod tasvirlangan bo‘lib, unda ishchilar tayanma kursi, taxt, butxona va boshqa narsalar tayyorlayotganlari aks ettirilgan. Aynan shu narsalar Tutanxamon maqbarasidan topilgan edi. Yana boshqa bir qator suratlarda Amon-Ra ibodatxonasi uchun bronzadan ulkan eshiklarni quyib yasash jarayoni ko‘rsatilgan. Unda ishchilar o‘choqni yoqish uchun nafaslarini harakatga keltirayotganliklari tasvirlangan. Yuqorida kishilar eritish qoshiqlarida eritilgan metalni otashkurak yordamida katta to‘rtburchak shaklga quymoqdalar. Undan naridagi boshqa suratda Rexmir - endi u Misr fir'avni sifatida atrofni o‘rab olgan homiylari bilan adolat sudida raislik qilmoqda. 

Yuqorida bayon etilgan fikrlarga yakun yasab shuni aytish mumkinki, yangi podsholik davrida Misrdavlati va uning me'morchilik san'ati o‘zining eng yuksak kamolot cho‘qqisiga ko‘tarildi. Ana shu cho‘qqidan esa rivojlangan qo‘shni davlatlar ta'siri ostida an'anaviy madaniyatning parchalanayotgani sezilib turardi.

Fir'avnlar chirog'i

Piramidalar, Misr ehromlarini o‘rganayotgan olimlar vaqt o‘tgani sari yanada ko‘proq yangidan-yangi kashfiyotlar qilishmoqda. Mana, masalan, bir necha vaqt oldin Tutanxamonning dafn etish bo‘lmasini topgan arxeologlarni nafaqat u yerdagi inson qo‘li tegmagan zeb-ziynatlar, balki sag‘anani bezab turgan devordagi ajoyib rasmlar (freskalar) hayratga soldi. Biroq ushbu yorqin yozuvlarda odatda chiroqlardan qoladigan qurum yoki tutun izining mutlaqo yo‘qligi tadqiqotchilar oldiga mantiqiy savolni tashladi: qadim ustalar o‘zlarining ish joyini nima bilan yoritgan ekanki, natijada ulardan hech qanday iz qolmagan?

Mazkur hodisadan so‘ng tarixiy manbalarni yanada sinchkovlik bilan o‘rganishni boshlagan mutaxassislar qiziqfaktlarga duch kela boshladilar. Aniqlanishicha, uzoq o‘tmishda misrliklar elektr toki yordamida yoritish moslamalarini yaratgan bo‘lishlari mumkin ekan. Bu haqda miloddan avvalgi 450-354 yillarda yashagan avliyo Avgustin guvohlik beradi. U o‘z asarlarida Izida ibodatxonasida "shamol ham, suv ham o‘chira olmaydigan" g‘ayrioddiy chiroqni tilga oladi. Moziyning yana bir faylasuflaridan biri Plutarx ham Amon Ra xudosi butxonasining kirish yo‘lida yonib turgan chiroq haqida fikr yuritadi. Uning so‘zlariga qaraganda, "Ibodatxona ruhoniylari bu chiroq bir necha yuz yillar davomida o‘chmay yonib kelayotganini aytishgan". 

To‘g‘ri, yuqoridagilarning barchasi qo‘lyozma manbalar, xolos. Aslida piramida quruvchilari chindan ham elektr toki bilan ishlaganliklariga moddiy dalillar ham bormikan?

 

Dendera shahrida (u Nil daryosining sharqiy sohilida joylashgan) Xator ma'budasi ibodatxonasining devorlaridan birida noodatiy barelef (tekis yuzaga ishlangan bo‘rtma naqsh) topilgan. Unda odamlar va ularning yonida hozirgi cho‘g‘lanma chiroqlarga o‘xshash ulkan kolbalar aniq aks etgan. "Chiroqlar"ning ichki qismida "to‘lqinsimon ilonlar" tasviri ko‘rinadi. Balki, bu cho‘g‘lanma simlarining ramziy tasvirlaridir? - deydi tadqiqotchilardan biri. Ilonlarning o‘tkir dumlari shaffof kolbaning ingichka qismiga kiritiladi. Bir qarashda bu bizga odatiy bo‘lib qolgan chiroq o‘rnatiladigan moslama (patron)ga o‘xshaydi. Naqshda, shuningdek, bu uskunani elektr toki taqsimlanadigan asbobga o‘xshash moslama bilan bog‘laydigan o‘ziga xos sim ham tasvirlangan. 

Elektrotexnika sohasining eng yetakchi mutaxassislaridan biri V. Xarn Jed ustunlari nomini olgan bu qurilmalarda joylashgan "ilonli shaffof kolbalar" hozirda keng qo‘llaniladigan yuqori darajadagi kuchlanish izolyatorlariga o‘xshaydi degan fikrda. Agar uning gapi haqiqatga yaqin deb qabul qilinsa, bu"ilonlar" spiralsimon gaz chirog‘ini aks ettirayotganligidan dalolat berardi. Olim o‘z qarashini isbotlashga qat'iy kirishdi va yoy shaklida nur taratib turadigan chiroq uchun generatorning amaldagi modelini yaratishning uddasidan chiqdi.

Murakkab jarrohlik operasiyalari... asrlar oldin?!

Ko‘p yillar mobaynida Misr mo‘miyolarini o‘rganish davomida aql bovar qilmas kashfiyot qilindi: 4000 yililgari misrlik jarrohlar zamonaviy shifokorlardan-da mahoratli va tajribali bo‘lishgani taxmin qilinmoqda. Har holda doktor Habib Al-Hofiz shunday nuqtai nazarning muallifi sifatida ilm ahliga o‘zini tanitdi. Uning izlanishlari natijasi o‘laroq, yurakni shuntlash (bunda venaning bir qismi aortaga ulab qo‘yiladi, natijada qon aylanishi yurakning zararlangan qismini chetla bo‘tadi), yuzning plastik operatsiyalari kabi jarrohlik operatsiyalari amalga oshirilganiga ishonch hosil qilingan. Bu uzoq o‘tmish shifokorlari texnika taraqqiyoti yuksak deb tan olinayotgan bugungi kunda ham insoniyat amalga oshira olmaydigan davolash tadbirlari va ishlari, yanada aniqroq aytadigan bo‘lsak, murakkab jarrohlik operatsiyalarini ham amalga oshirgan degani.

 - Qadimda shifokorlar hozirgi olimlarga nisbatan inson organizmi haqida ko‘proq ma'lumotga ega bo‘lishgan, degan fikrdaman, - deya ta'kidlaydi doktor Al-Hofiz. 

Uning miloddan oldingi 2700-1250 yillarga aloqador deya taxmin qilinayotgan 231 ta qadimiy mo‘miyolar ustida olib borgan ikki yillik tadqiqotlari natijasi arxeologlar va tarixchilar olamida haqiqiy shov-shuv bo‘ldi.

 

Gap shundaki, izlanishlardan mo‘miyolardan birida transplantatsiya operatsiyasi o‘tkazilganligi ma'lum bo‘ldi. Bu o‘z navbatida o‘tmish shifokorlari organizmning immunologik hujayralari o‘zga tana to‘qimasini qabul qilmasligining qanday qilib oldini olishni juda yaxshi bilgan degani. Eng hayratlanarlisi, hozircha o‘ta mukammal deb tan olingan asboblar yordamida ham zamonaviy meditsina bu kabi operatsiyalarni o‘tkazishga qodir emas. Doktor Al-Hofizning fikricha, miloddan avvalgi 1900 yillardagi Qadimiy Misr tibbiyot texnologiyasi juda yuksak darajada bo‘lgan. Yuqorida sanab o‘tilgan davolash usullari va xizmatlari fir'avnlaru badavlat misrliklarga keyingi asrlarda ham ko‘rsatilardi. Lekin Misr Buyuk Iskandar tomonidan zabt etilganidan so‘ng ular unut bo‘lgan. Garchi bizgacha misrliklarning tibbiyot sohasida qo‘lga kiritgan yutuqlari borasida birorta yozma ma'lumotlar saqlanib qolmagan bo‘lsa-da, Misr shifokorlari ko‘plab davrlar davomida tabobat ilmining yetakchi darg‘alari ekanligiga mo‘miyolar  guvohlik berib kelmoqda.

 

Ваша реакция?

Сообщения из Facebook