Zamonaviy malikalar: Ular qanday yashashadi?
Ushbu qizlar qirollik oilalarida tavallud topgan va malika boʻlib tugʻilgan boʻlishlariga qaramay, bu ularning oddiy insonlarni sevib qolishi, ijtimoiy tarmoqlarda vaqt oʻtkazishi, dunyo podiumlariga model sifatida chiqishi va nufuzli universitetlarda taʼlim olishlari uchun toʻsiq boʻla olmayapti.

Bir odatda malikalarni ertaklardagi kabi betakror liboslar kiygan, hashamatli toj taqqan malaksiymo koʻrinishida tasavvur qilamiz, aslida esa ular oddiylar qizlardan mutlaqo farqlanishmaydi. Ushbu roʻyxatda keltirib oʻtilajak zamonaviy malikalar kundalik hayotda toj taqib yurmasalar ham, juda yaxshi taʼlim olishgan, turli sohalarga qiziqishadi va zamonaviy kasblar bilan shugʻullanishadi.

Malika Aleksandra, Lyuksemburg

Malika Aleksandra, Lyuksemburg

Malika Aleksandra Lyuksemburg gersogi Anri va Lyuksemburgning buyuk gersoginyasi Mariya Terezaning yagona qizi boʻlib, sport bilan jiddiy shugʻullanadi.

Aleksandra bolalik paytlaridanoq Uimbldonda qatnashib kelgan, ammo unchalik katta yutuqlarni qoʻlga kirita olmadi. Aytganday, malikaning asl ismi juda ham uzun (dunyo malikalari orasidagi eng uzun ismlardan biri bu) – Aleksandra Jozefina Tereza Sharlotta Mariya Vilgemina.

Aleksandra 5 tilda soʻzlasha oladi va taxtga vorislar roʻyxatida 5 oʻrinda turadi.

Ledi Ameliya Vindzor, Buyuk Britaniya

Ledi Ameliya Vindzor, Buyuk Britaniya

Ameliya hali juda ham yosh, ammo uni Angliyaning birinchi raqamli sohibjamoli deya ataydilar. Qirolicha Yelizaveta II ning nabirasi va Sent-Endryu grafi Georg Vindzorning qizi haqiqatan ham juda goʻzal. Garchi Ameliya qirollik oilasi vakili hisoblansa ham, uning malika sifatida rasmiy unvoni yoʻq. Buyuk Britaniya qonunlariga koʻra, qizning otasi graf boʻlsa, qiz malika emas, ledi deya atalishi lozim. Bundan tashqari Ameliya Vindzor taxtga vorislar qatorida boʻlsa ham undan umid qilmaydi. Sababi uning oldida taxtga daʼvogarlik qilishi mumkin boʻlgan 37 ta voris bor.

Ammo qizning oʻzi ham taxt haqida orzu qilib oʻtirmaydi. U taʼlim sohasi va jurnalistika bilan juda qiziqadi. Angliyaning birinchi raqamli goʻzali raqs kechalarining ishqibozi. Uning har bir chiqishi matbuotda katta shov-shuvga sabab boʻladi. 2010 yilga kelib Tatler jurnali oʻzining muqovasida Ameliyaning akasi va opasi bilan tushgan suratini eʼlon qildi.

Malika Mariya-Luiza, Belgiya

Malika Mariya-Luiza, Belgiya

Belgiya qirolligi hali juda ham yosh boʻlishiga qaramay, uning Yevropada qanchalar mashhur ekanligini koʻpchilik juda yaxshi biladi. Tashqi koʻrinish jihatidan nafis qoʻgʻirchoq qaoʻxshaydigan malika Mariya-Luiza 1995 yilda tavallud topgan. U Belgiya malikasi Astrid va Ersgersog Lorersning qizi hisoblanadi.

Ushbu qirollik oilasidagi barcha qizlar ismiga Mariyani qoʻshib qoʻyadilar, shu sababli ham ularni bir-biridan ajratib olish juda qiyin.

Luiza-Mariya katta opasi va akasi kabi Sint-Jan Berchman kolleji, keyin esa Buyuk Britaniyada tahsil olgan. Ammo qizning kun kelib taxtga chiqishi armi mahol. U taxt vorislari roʻyxatidagi toʻqqizinchi oʻrinda turadi. Shu bilan birga Mariya-Luizani orzudagi qizlardan biri sifatida bilishadi. Uning nufuzi va goʻzalligi hech bir kuyovni befarq qoldirmasligi aniq.

Malika Iman bint al Abdulla, Iordaniya

Malika Iman bint al Abdulla, Iordaniya

Iordaniya qiroli Abdulla II va qirolicha Raniyaning qizi Iman bint al Abdulla onasiga juda oʻxshaydi. Uning koʻzlari, mayin tabassumi mamlakat odamlarini allaqachon rom etib boʻlgan.

Iman sharqona muhitda tarbiya topgan qiz, ammo aksariyat arab malikalaridan farqli ravishda jamiyat hayotida faol ekanligi bilan diqqatga tushgan. Imanning onasi Raniya mamlakatda ayollar huquqlari uchun kurashadi.

Ayni paytda Iman Vashingtonda tahsil olmoqda.

Sharlotta Kaziragi, Monako

Sharlotta Kaziragi, Monako

Ushbu sohibjamol qizgabir bor qaragan paytingizda uning husniga rom boʻlishingiz tayin. Sharlotta oʻzining buvisi – Gollivud yulduzi Greys Kelli kabi betakror joziba ega. Uni zamonaviy malikalar ichidagi eng mashhurlaridan biri deya atash oʻrinlidir.

Sharlotta nafaqat goʻzal, balki oʻta aqlli va savodli qiz. Shu sababli ham uni malikalar uchun kerakli barcha sifatlarga ega inson sifatida yaxshi bilishadi. Kaziragi Sorbonna universitetining jurnalistika yoʻnalishini tamomlagan va oʻz kabi boʻyicha koʻplab yutuqlarga ham erishgan. Bundan tashqari malika moda olami shaydosi, u mazkur sohaning eng nufuzli odamlari bilan qalin doʻst tutingan.Rasmiy tadbirlar uchun unga jahon brendlari oʻzlarining liboslarini tavsiya qilishlari ham bejizga emas!

Ammo Sharlotta ham xuddi Ameliya Vindzor kabi malika unvoniga ega emas. ”Men malika emasman. Mening onam malika, lekin men emas. Men davlat rahbarining jiyaniman, shu sababli ham ayrim hukumat vazifalarini bajaraman xolos” deydi u.

Sharlotta ikki farzandning onasi, u har bir sohada faol boʻlishni yoqtiradiganin tiluvchan va harakatchan inson.

Malika Mako, Yaponiya

Malika Mako, Yaponiya

Yaponiya malikasi Mako nafaqat oʻz yurtida, balki internet olamida ham juda mashhur shaxs. Yaponiya imperatori Akixitoning katta nabirasi 2004 yilda oʻzining maktab formasida tushgan suratlari orqali mashhur boʻlib ketgandi. Suratlar internet tarmogʻi boʻylab butun dunyoga tarqaldi, multfilm ijodkorlari esa uning obrazidan turli qahramonlarni yaratish uchun foydalandilar.

Imperator oilasi bunday vaziyatga salbiy munosabat bildirgani yoʻq. Yapon malikasi goʻzal va jozibador boʻlish bilan birga oʻqimishli hamdir. U Tokiodagi oliygohlardan birini Arts and Science dasturi boʻyicha tugatgan, Avstriyada tahsil olgan.

2017yili Malika oʻzi sevgan insonga turmushga chiqmoqchi ekanligi haqidagi xabar bilan barchani hayratga solgandi. Uning tanlagan yori Key Komuri boʻlib, yoshlar Tokiodagi universitetdagi oʻqish paytida tanishib qolganlar.

Ushbu muhabbat tarixi uchun Mako oʻzining oliynasab unvonidan kechishga rozi boʻlgandi, ammo turli holatlar sabab uning toʻyi ortga surilaveradi.

Malika va Keyning koʻzlariga qarasangiz ularda muhabbat uchqunlarining yaqqol namoyon boʻlib turganini koʻrasiz.

Malika Mariya-Olimpiya, Gretsiya

Malika Mariya-Olimpiya, Gretsiya

Malika Mariya-Olimpiya Gretsiya hukmdorlarining avlodlaridan biri. Garchi bugungi kunda Gretsiyada monarxiya yoʻq boʻlsa ham, ularning unvonlari, hukmdorlarning nabira va chevaralari haligacha bor. Mariya-Olimpiya oʻzining muhabbat qissasi – Buyuk Britaniya shahzodasi Garri bilan turmush qurish ehtimoli ila mashhur boʻlib ketgandi. Ammo keyinchalik ushbu munosabatlar uchun asos yoʻq ekanligi, ular oʻzaro til topisha olmaganlari maʼlum boʻldi.

Gretsiya malikasi bugungi kunda hashamatli hayot tarzini olib boradi, moda jurnallari uchun suratga tushadi va mashhur insonlar bilan doʻstlashadi. Bundan tashqari u juda aqlli hamdir – Mariya-Olimpiya grafik dizayn va sanʼat tarixi yoʻnalishida tahsil olgan, Dior modalar uyida amaliyot oʻtagan. Instagram ijtimoiy tarmogʻida uning obunachilari soni haddan tashqari koʻp.

Malika Gabriella, Avstriya

Avstriya malikasining toʻliq ismi Gabriella Mariya Pilar Iolanda Jozefina Sharlotta hisoblanadi. U mamlakatning oxirgi imperatori Karlning chevarasidir. Bugungi kunda Avstriyada monarxiya mavjud emas, ammo imperator oilasi aʼzolaridagi unvonlar hamon saqlanib qolgan. Malika ersgersoginya Mari-Astrid va ersgersog Karl Kristian oilasida tavallud topgan. Qizning bitta singlisi va 3 ta ukasi bor. Aytganday, ular gersog Jan Lyuksemburgning ham chevaralari xisoblanishadi.

Polin Dyukre, Monako

Polin Dyukre, Monako

Polin Greys Magay Dyukre – Monako malikasi Stefaniyaning qizi boʻlib, 1994 yilda dunyoga kelgan. Polin bolalik yillaridanoq badiiy gimnastika bilan shugʻullangan, sport musobaqalarida dayver sifatida ham ishtirok etgan. 2010 yilda Germaniyadagi oʻsmirlar chempionatida Monako nomidan chiqish qilgan. Bundan tashqari malika sirk sanʼatining ashaddiy ishqibozi. U har yili Xalqaro sirk sanʼati festivalida ishtirok etadi.

Maqolani baxolash?

Facebook Conversations