Toshkentlik Shomahmudovlarning keyingi taqdiri qanday kechdi?

Fyodor ushbu uchrashuvni bir umr kutdi. Turli manzillarga maktublar yozdi, taʼtil paytlarida chang bosgan arxivlardagi hujjatlarni koʻzdan kechirganda oʻtmishda, urush yillarida yoʻqotgan yaqinlarini topishga umid qilardi. Kelib chiqishi ukrainalik boʻlgan, oʻzbeklar qoʻlida tarbiya topgan Fyodor Kulchikovskiy - Yoʻldosh Shomahmudov va nihoyat oʻz yaqinlarini topishga erishdi. Oradan oʻtgan 45 yillik ayriliqdan keyin uni nafaqadagi buvisi Darya Alekseyevna Kulchanovskaya qarshi oldi. Qarangki, yoshi ulugʻ ayol oʻtgan yillar davomida nabiraning tirik ekanligiga aslo shubha qilmagan ekan.

Darya Alekseyevna bu paytda 104 yoshda edi. U 70 yoshli qizi Vera Ivanovna bilan birga temiryoʻl stantsiyasidan birozgina uzoqroqda joylashgan uyda istiqomat qilardi. U har kuni poyezdning temir gʻildiraklari ovoziga quloq tutardi: balki bu safar kelgan poyezd ichida uning nabirasi bordir?
Ayolning yoshi ulgʻayib qolgan boʻlsa ham, hamon tetik edi, roʻzgʻor ishlarini bir zumda bajara olar va urush yillaridagi ogʻir hayoti, ota-onasi, halok boʻlgan 8 aka-ukasi, opa-singillarini yaxshi eslardi. Ertadan kechga qadar tinmasdan ishlagan, 15 yoshida turmush qurganini hotirlardi. U Ivana, Oksana va Vera ismli farzandlar koʻrdi. Ular juda baxtli yashardilar, ammo ushbu baxt ortidan katta sinov ham keldi. Ayolning turmush oʻrtogʻi Fuqarolar urushida yaralandi, shu tariqa bolalarini bir oʻzi katta qilishga majbur boʻldi.
Urush boshlanmasidan avval uning qizi Oksana Donbasslik konchi bilan oila qurdi. Ushbu nikohdan esa Fyodor dunyog akeldi. Tugʻruq jarayonini Darya Alekseyevnaning oʻzi qabul qilib oldi. Ayol bolakayning koʻkrak sohasida qizil nor bor ekanligiin aniq eslab qolgan edi. Oradan oʻtgan 45 yillik ayrilikdan keyin ham ana shu kichik nor ularning uchrashishlari uchun yordam berdi. Oksana oʻgʻli bir yarim yoshlik paytlari kasallik sababli olamdan oʻtdi. 1941 yilda esa uning eri ham vafot etdi. Urush boshlanib hujumlar kuchaygan paytda bolani evakuatsiya qilish kerakligi haqida aytishdi. Ayol rozi boʻlmadi, sababi Fyodor oila shajarasidan qolgan yagona erkak kishi edi. Ammo vakillar agar nemislar shu yerga bostirib kelsalar bolani asir olishlari va Germaniyaga joʻnatishlari haqida ochiq aytishdi.

Oradan bir necha kun oʻtib bolakay sharq tomonga yoʻl oldi. Bu paytlarda uning yoshi atigi beshda edi. U oʻzi bosib oʻtgan uzoq yoʻlni juda yaxshi eslardi. Yoʻlda suv yetishmas, bolalar vagondagi qirov qatlamini tomchi shakliga keltirib, chanqoq bosish uchun uni ichib borardilar.Yoʻl oxirlab qolganda bolalar ochlik va sovuqdan shunchalar zaiflashib qoldilarki, ularning barchasini vagondan qoʻlda koʻtarib tushishga toʻgʻri keldi. Fyodor qarshisida singlisini bagʻriga bosib kelgan bolakayni yaxshi eslaydi. Qizaloqning oʻlib boʻlganini esa Toshkentga yetib kelgach bildi...
Bolakayning Toshkentdagi 41 raqamli bolalar uyiga olib kelishdi. Bu yerda u oʻz yurtidan kelgan Sasha Bunin bilan doʻstlashib oldi. Kunlarning birida Buninni toshkentlik temirchi Shoahmad Shomahmudov oʻz uyiga olib ketdi. Oradan bir hafta oʻtgach u yana keldi va Fyodorga Sasha doʻstisiz zerikib qolgani haqida aytib u bilan ketishni taklif qildi.
1942 yilning 2 sentyabr kuni bolakay Shomahmudovlar oilasining aʼzosiga aylandi. Unga Yoʻldosh ismini berdilar, yigitcha oiladagi sakkizinchi farzand edi.

Shoahmad Shomahmudov va uning ayoli Bahri opa Akramovaning oʻz farzandlari boʻlmagan. Ammo ular oʻz tarbiyalaridagi barcha bolalarga ota-onalik mehrini berdilar. Bolalar orasida ruslar, tatarlar,ukrainlar, beloruslar, qozoq, oʻzbek, chuvash va moldavan oʻgʻil-qizlar bor edi. Oila oʻta boy yashamasdi, ammo bolalar bir-birlariga juda tez koʻnikdilar.
Urush yakunlangach, bolalarning toʻrttasi oʻz yaqinlarini topib ular bilan ketishdi. Oilada tarbiya topgan ikki farzand - oʻzbek qizi Muazzam va belorus yigiti Mixail bir-birlariga koʻngilberdilar. Shu tariqa ularning toʻyi boʻlib oʻtdi.
Fyodor Toshkent togʻ texnikumini tamomladi va Karagandaga ketdi. Bu yerda Valentina ismli qiz bilan uchrashib, uning qoʻlini soʻradi. 1966 yilda sodir boʻlgan zilziladan keyin Toshkentga qaytdilar.
Darya Alekseyevna urush yillaridan keyin nabirasini uzoq izladi. Uning yozmagan joyi, soʻramagan odami qolmadi. Ammo bola haqida hech qanday maʼlumot topa olmadi. Bolakay oʻtirgan eshelon Oʻzbekiston tomon yoʻl olganini xabar qildilar xolos.

Ayolga gazeta korrespondenti Konstantin Iosifovich Salnichenko katta yordam berdi. Darya Alekseyevna 101 yoshni qarshilagan paytda u ayolning uyiga kelgan va u bilan tanishgandi. Ushbu inson Buxoroga xat yozib, yoʻqolgan bolakayni izlash uchun yordam soʻradi.
Urush yillarida Fyodorning familiyasi biroz oʻzgargan, hujjatlarda Kulchanovskiy emas, Kulchikovskiy boʻlib qayd etilgan ekan. Shu sababli ham ayol nabirasini uzoq yillar davomida topa olmagan boʻlib chiqdi. Ammo Salnichenko oʻzi izlagan odamning tashrifigacha yashay olmadi. Fyodor va Darya Alekseyevna uchrashgan paytda u vafot etgandi.
Uchrashuv kuni nabira ham, buvi ham uhlay olmadilar. Ular oʻtgan yillarni birgalikda yodga olishdi. Ayol oʻzining qutisidan qizi Oksananing saqlanib qolgan yagona suratini uning oʻgʻliga koʻrsatdi. Sargʻayib ketgan suratga boqib turgan erkakning yosh toʻla koʻzlari onasining unutilgan qiyofasini darrov tanib oldi...
Fyodor buvisining uyiga ikki marta keldi. Darya Alekseyevna ham chevarasi Konstantinni koʻrish baxtiga musharraf boʻldi.
1986 yilning sentyabr oyida Fyodor ayolni dafn qildi. Darya Alekseyevna oʻlimidan oldingi daqiqalarda ham tetik holatda edi, nabirasini parvarish qilib oʻstirgan ayol - uning tutingan onasi Baxri opaga salom yoʻllashlarini tayinladi, u bilan uchrasha olmagani uchun kuyindi.

Shoahmad Shomahmudov 1969 yilda, 82 yoshida olamdan oʻtdi. U Baxri opadan 16 yosh katta edi, rafiqasi va farzandlarini soʻzsiz yaxshi koʻrib yashardi. U haqiqiy mehnatkash inson edi, hayotining soʻnggi daqiqalarida ham bogʻda mehnat qila turib, qoʻlida ketmon ushlagan holatda jon berdi...


Moldaviyadan kelgan Olga Timonina Shomahmudovlar oilasi aʼzosiga aylangach unga Holida ismini berdilar. U katta oiladagi eng kenja farzand edi. Ulgʻaygach Oʻzbekistonda qolish qaroriga keldi.

Ayni paytda Holida ona Toshkentning Jarariq mahallasida istiqomat qiladi. Yoshi ulugʻ ayol oʻzbek tilini puxta oʻzlashtirgan va hamisha tinch kunlarga shukrona keltirish kerakligini aytadi. Bugungi kunda Holida Shomahmudovaning 2 nevarasi, 5 evarasi bor. Oʻzining aytishicha, tushlariga onasi - Baxri opa oq roʻmol yopingan holatda juda koʻp kirar ekan. Holida ona buni ota-onasining jannatda ekanligiga ishora deb biladi. Urush tugaganidan keyin uni izlab akasi kelgan. Ammo Oʻzbekistonga oʻrganib boʻlgan qiz endi hech qayergа ketmasligini aytib oʻlkada yashab qolgan ekan...


Odam.uz tahririyati. Har bir maqolani odam tekshiradi va sodda, jonli oʻzbek tilida yozamiz. Maqsadimiz - foydali boʻlish va vaqtingizni behuda sarflamaslik.



