Vanganing noyob qobiliyati. Hayot yo’li va bashoratlari
Taniqli bashoratchi ayol Vanganing vafot etganiga 20 yil bo’ldi, ammo uning bashoratlari hali-hamon katta qiziqish uyg’otib, ko’pgina bahs-muzokaralarga sabab bo’lmoqda.

XX asrning mashhur va sirli bashoratchisi bo’lmish Vanga bundan 160 yil muqaddam dunyoga kelgan. Uning hayot tarixi io’tgan asrning taniqli shaxslarnikiga qaraganda ancha sir-asrorlarga boy. Vanga bashoratlarining sirini hech kim ocha olgani yo’q, chunki bu bashoratlar hozirgi kunda ham amalga oshib kelmoqda.

“Xushxabar”

Vanga – to’liq ismi Vangeliya Pandeva Dimitrova 1911 yil 31 yanvarda hozirgi Makedoniya Respublikasi hududida bolgariyalik dehqonlar oilasida dunyoga keldi. Qizaloq tug’ilganida shunchalik nimjon va zaif ediki, ota-onasi uning yashab ketishiga ishonmaganlar, shuning uchun ancha vaqtgacha unga ism ham qo’ymaganlar. 

Biroq qizaloq ikki oy deganda o’ziga kelib, hammani hayratda qoldirib, o’sa boshladi. Ota-onasi uni cho’qintirib, unga Vangeliya, ya’ni “xushxabar” ismini qo’ydilar.

Bo’lajak bashoratchining bolalik chog’larini yorqin va quvonchga to’la o’tgan, deb bo’lmaydi. Otasi frontga ketgan, onasi esa Vanga uch yoshligida vafot etgan. Qizaloq qo’shnining uyida yashay boshladi. Otasi frontdan qaytishi bilanoq boshqa ayolga uylandi.     

Vanga yoshligidan tabib-tabib o’yinini o’ynashni xush ko’rar edi, tengdoshlariga o’tli giyohlarni damlab ichirishni yaxshi ko’rar edi. Uning yana bir g’alati, taqdirining belgisi bo’lmish o’ziga hos yoqtirgan o’yini bor edi – u ko’zlarini bog’lagan holda berkitib qo’ygan o’yinchoqlarini qidirib topishni yoqtirar edi.

Vanga 12 yoshligida uning hayotini tubdan o’zgartirib yuborgan voqea sodir bo’ldi. U dugonalari bilan sayr qilib, qishlog’iga qaytayotganida kuchli bo’ron turib, uni havoga ko’tarib, uchirib olib ketdi. Vangani bir-necha soatdan keyin uzoqdagi daladan shox-shabbalarning tagidan qumga belangan holda topdilar.

Bu baxtsiz hodisadan keyin Vanganing ko’zlari ko’rmay qoldi. Qizaloqning ko’zlarini saqlab qolish mumkin edi, biroq uning oilasining ko’zlarni operatsiya qildirishga mablag’i yo’q edi, shuning uchun uning ko’zlari bir umrga ojiz bo’lib qoldi. 

1925 yilda Vangani Zemun shahridagi ko’zi ojizlar pansionatiga joylashtirdilar. Bu yerda u to’qish, ko’zi ojizlar uchun mo’ljallangan Brayal alifbosi orqali o’qishni va taom tayyorlashni o’rgandi. Vanga uchun bu davr hayotining baxtiyor damlari edi, biroq taqdir taqozosi uni uyga qaytishga majbur etdi.

Ko’zi ojizlar uyida Vanga uch yil yashadi. Otasining ikkinchi xotini tug’ruq vaqtida vafot etib, otasi yordamga muhtoj bo’lib qoldi. Ko’zlari ojiz bo’lishiga qaramasdan, Vanga haqiqiy bekalarday ish qila oldi – u uy ishlarini ham bajardi, kichkintoy uka va singillarini ham parvarish qildi. Bundan tashqari qishloqdoshlariga kiyimlar to’qib berar, evaziga ulardan kiyim va oziq-ovqat olar edilar. 

Bashorat qilish qobiliyati

1938 yilga kelib Vangada bashorat qila olish qobiliyati ochila boshladi, aslida bu qobiliyatning ilk belgilari qizaloq ko’zi ojizlar uyida yashayotganida paydo bo’la boshlagan edi.

Vanga qishloqdoshlariga bashoratlar qilar, tushlarining ta’birini aytib berar edi. Ba’zilarning aytishicha, u bu narsani begona erkak kishining ovozi orqali yetkazib berar edi. Huddi shu davrda Vanga ilk bor trans holatiga tushgan va shundan keyin Ikkinchi jahon urushi boshlanishini oldindan aytib bergan.

Vanga qishloqdoshlarining yo’qolib qolgan chorva hayvonlarining aniq joyini bexato ayta olgan. U urushda bedarak yo’qolgan odamlarni tirik yoki o’lik ekanligini, tirik bo’lsa qayerda ekanligini, o’lgan bo’lsa ko’milgan joylari bexato aytgan.

Bashoratlari o’ngidan kelgan Vanganing dong’i yaqin atrofdagi qishloqlarga, shaharga yetib bordi. Uning huzuriga odamlar to’da-to’da bo’lib kela boshladilar. Bashorat qilishdan tashqari Vanga o’tli giyohlar bilan odamlarning turli xil kasalliklarini davolay boshladi.

Endi uning dovrug’i butun Bolgariyaga tarqaldi. Vanganing huzuriga odamlar qiyin vaziyatdan qutulish uchun yordam, maslahat, davo istab va bashorat ilinjida oqib kela boshladilar. Unga turli xil muammo bilan murojaat qilar edilar, u ham barchaga birdek muomala qilib, yoqdamini ayamas edi. Guvohlarning aytishlaricha, Vanga kuniga 130 nafar odamni qabul qilar edi. Shunday qilib Vanga haqida afsona tarqala boshladi.

Tashrif buyuruvchilar ichida taniqli shaxslar – siyosatchilar, adiblar, olimlar va artistlar paydo bo’la boshladi. Ular ham boshqalar qatori o’z taqdiri va mamlakatining kelajagi haqida bilishni xohlar edilar.

Aytishlariga qaraganda, bashoratchi bu ayolga kelajak haqida xabardor bo’lishiga qand donalari “yordam bergan”. Vanga huzuriga tashrif buyuruvchilar uning oldiga kelishdan oldin ikki dona qand bo’lagini kechasi uyquga yotish oldidan yostiqlarini tagiga qo’yishlari kerak edi. Ma’lumotlarga qaraganda, bashoratchi huzurida millionga yaqin tashrif buyuruvchilar kelib, ular ikki tonnaga yaqin qand bo’laklarini olib kelganlar.

Bolgariyalik olim Georgiy Lozanov Vangani 25 yil mobaynida kuzatdi. Uning ta’kidlashicha, u yetti mingdan ortiq bashoratning amalga oshganiga guvoh bo’lgan. Bu esa 80 % ni tashkil etadi va hech qanaqasiga tasodif bo’lishi mumkin emas.

Amalga oshgan buyuk bashoratlar

Aytishlariga qaraganda, Vanga Gitlerga mag’lubiyati haqida bashorat qilgan. U bu narsani uning shaxsan o’ziga aytgan: “SSSR ni o’z holiga qo’y! Baribir yutqizasan!”. Gaplari quruq safsata emasligini bildirib qo’yish maqsadida esa uning qo’riqchilarini orqa ko’chaga jo’natdi. Uning aytishicha, u yerda bugun bir sigir tug’ishi kerak edi, u hattoki tug’ilajak buzoqchaning ko’rinishini ham ta’riflab bergan. Vanganing aytganlarining hammasi bexato amalga oshganini ko’rgan Adolf bashoratchining uyidan kapalagi uchib qochib ketgan.

Stalinning vafotidan yarim yil oldin uning o’limi haqida bashorat qilgan Vanga qamoqqa tushadi, biroq bashorati amalga oshganidan keyin ozod etiladi.

Vanga shuningdek, 1963 yiIda Kennediga sodir etilgan suiqasdni, 1968 yildagi Chexoslovakiyadagi voqealarni, Robert Kennedining o’limi hamda AQSH dagi saylovlarda Niksonning g’alabasini oldindan aytib bergan.

Vanganing amalga oshmay qolgan buyuk bashoratlari ham bo’lgan. Bular 2010 yilda boshlanadigan yadroviy urush, 2011 yilda yo’q bo’lib ketishi kerak bo’lgan o’simlik dunyosi va Yer sayyorasida kimyoviy urushning boshlanishi. Buyuk bashoratchi shuningdek, o’zining qachon vafot etishini ham to’g’ri ayta olmagan.

Vanganing qobiliyati Bolgariya hukumati tomonidan tan olingan, 1967 yildan boshlab esa u davlat xizmatchisi sifatida rasmiylashtirilib, maosh ham ola boshlagan. Vanga 55 yillik faoliyati davrida milliondan ortiq odamlarni qabul qildi. Shaxsiy to’plagan pullariga esa ibodatxona qurdirdi.

Biroq cherkovdagilar bilan uning munosabati yaxshi emas edi. Cherkov Vanganing faoliyatyiga salbiy munosabat bildirgan hamda fol ochish va bashorat qilishni gunoh deb ta’kidlagan. Ammo shunga qaramasdan, Vanga barcha diniy ko’rsatmalarga amal qilib, cherkov bayramlarini ham nishonlagan.

Buyuk bashoratchi Vanga 1996 yil 11 avgust kuni 85 yoshida vafot etdi, o’zidan keyin esa kelajakka doir bir qancha bashoratlarni qoldirib ketdi. Uning oxirgi bashoratlari dunyo taqdiri va insoniyat kelajagiga taalluqlidir. Bu bashoratlarning talqini ustida entuziastlar hali-hamon bosh qotirmoqdalar.

Dunyoni nimalar kutmoqda…

Vanganing bashorat qilishicha, XXI asrda turli davlatlarning chegaralarida odamlar halok bo’la boshlagani uchun Yevropa ham asta-sekin halok bo’la boshlaydi. Uchinchi jahon urushi ham aynan Yevropa mamlakatlarida boshlanadi, chunki Yaiqin Sharqdagi mojaro tufayli ko’pgina davlatlar jabr ko’radi.

Yevropaliklar musulmonlar bilan urush boshlaydi, bu urushda yadro quroli ishlatiladi va natijada butun dunyo yo’q bo’lib ketadi.

Vanga shuningdek, bir necha yillar davom etadigan diniy mojarolarni ham bashorat qilib qoldirgan.

Bashoratchi yana butun Yer yuzini qamrab oluvchi yirik tabiiy ofatlar va kataklizmlarni bashorat qilgan.

“…Yillar o’tib, zilzila, suv toshqini, tabiiy kataklizmlar yer yuzini vayron qila boshlaydi, shahar va qishlolar yo’q bo’la boshlaydi, yomonlik qadrlanib, o’g’ri, giyohvand, chaqimchi, g’iybatchi va zinokorlarning son sanog’iga yetib bo’lmaydi.

Insonlar o’rtasidagi munosabatlar uzoqqa bormasdan barham topadi. His-tuyg’ular qadr-qimmatini yo’qotadi. Insoniy munosabatlarda yolg’on hissiyot, nafs va egoizm ustunlik qiladi.     

Maqolani baxolash?

Facebook Conversations