14 fevral: Buyuk shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud topgan kun

Boburning nozik taʼbi, musiqaga boʻlgan qiziqishini barcha juda yaxshi bilardi. U farzandlarini ham ilm olishga undar, ular uchun eng yaxshi ustozlardan homiylik qilishni soʻrardi. Qarangki, Boburning oʻrtancha oʻgʻli Kamronda ham shoirlik qobiliyati paydo boʻldi. U "Kamron" taxassuli bilan ruboiy va gʻazallar bitishni boshladi. Boburning sevimli qizi Gulbadan esa nasr yoʻlanishidan bordi. Uning katta akasi Humoyunga bagʻishlab yozgan"Humoyunnoma" asari esa muhim tarixiy hujjatlardan biri boʻlib qoldi.

Oʻrta asr Sharq madaniyati va adabiyotining buyuk namoyandasi Zahriddin Muhammad Bobur 1483yil 14-fevralda Andijonda tugʻildi. Otasi Umarshayx Mirzo temuriy avlodidan boʻli, Fargʻona viloyatining hokimi boʻlgan. Zahriddin Muhammad Boburoʻz davrining taniqli muallim va murabbiylari rahbarligida taʼlim va tarbiya olgan. Barcha temuriy shohzodalar singari otasi saroyida tahsil oldi. Otasi Umarshayx Mirzo 1495 yilda vafot etgach, 12 yoshida uning oʻrniga taxtga oʻtirdi, shiddatli saroy kurashlari girdobida qolib, biron-bir madrasani ham tugatishga imkon va fursati boʻlmasa-da, adabiyot, nafis sanʼatining chinakam shaydosi boʻlib yetishdi. Andijon taxti uchun ukasi Jaxongir Mirzo, amakasi Sulton Ahmad Mirzo, togʻasi Sulton Mahmudxon va boshqa raqiblarga qarshi kurashadi. Samarqand taxti uchun bir necha yil shiddatli janglar olib boradi,ammo samarasiz kechgan bu janglardan keyin Bobur janubga qarab yoʻl oladi.
Andijonni Shayboniyxon egallagach, Zahriddin Muhammad Bobur Afgʻonistonga ketishga majbur boʻladi. 1503-yilda Qobul va Gʻaznani jangsiz qoʻlga kiritadi. 1505-1515-yillarda bir necha bor Markaziy Osiyoga qaytishga urinib koʻradi, ammo hech qanday natijaga erisha olmaydi. 1519-1525-yillarda Hindistonni qoʻlga kiritish uchun jang olib boradi. 1526-yilning aprel oyida Ponopatda Hindiston sultoni Ibrohim Loʻdi bilan va 1527-yili mart oyida Chitora hokimi Rano Sango bilan boʻlgan janglarda Boburning qoʻli baland keladi. Tarixiy maʼlumotlarning bayon qilishicha, Boburning Hindistonga yurishida Dehli hukmdori Ibrohim Sulton siyosatidan norozi boʻlgan Panjob hokimlari ham Boburni qoʻllaganlar va Sikri jangidagi bu gʻalaba Boburga Hindistonga oʻz hukmronligini uzil-kesil oʻrnatish va Boburiylar sulolasini barpo etish imkoniyatini berdi. Yangi mustahkam davlat “Boburiylar” nomini oladi va 300yildan ortiq hukmronlik qiladi.

Bobur jahonga mashhur “Boburnoma”asarini yaratdi. Unda Movarounnahr, Xuroson, Hindiston xalqlari tarixi, urf-odat va anʼanalarini, tarixiy shaxslarini, mamlakat tabiiy lavhalarini aks ettirdi. Bobur Xoʻja Ubaydullo Ahrorning “Volidiya”risolasini fors tilidan oʻzbek tiliga tarjima qildi, aruzvazni va qofiya masalalariga “Mufassal”asarini yozdi.
Zahriddin Muhammad Bobur adabiyotshunos, tarixshunos olim va shoir sifatida xalqimiz maʼnaviy madaniyati tarixida muunosib oʻrin egalladi.
Bobur 1530-yilning 26-dekabrida Hindistonnig Agra shahrida oʻzi bunyod etgan goʻzal maskan Zarafshon chorbogʻida vafot etdi.
Bobur qisqa vaqt ichida Hindistonda siyosiy muhitini barqarorlashtirish, Hindiston yerlarini obodonlashtirib, birlashtirish, savdo-sotiq ishlarini toʻgʻri yoʻlga qoʻyish, bogʻ-rogʻlar yaratish ishlariga rahbarlik qildi. Madaniy yodgorliklar qurish, karvonsaroylar barpo qilish, kutubxonalar qurish Bobur va uning oʻgʻillari davrida keng miqyosda yoyildi. Hindiston meʼmorchiligiga Markaziy Osiyo uslubi kirib kela boshladi. Bobur va uning hukmron avlodlari huzurida oʻsha davrning ilgʻor va zehni oʻtkir olimlari, shoirlari, musiqashunoslarini mujassam etgan mukammal bir maʼnaviy-ruhiy muhit vujudga keldi.

Bobur oʻz maʼrifiy, madaniy,ijtimoiy faoliyatida ilmli kishi (ustoz), ilmni oʻrganish uchun ilm talabgori boʻlish gʻoyasini oldinga surdi.
Bobur deydi:
Kim yor anga ilm tolibi ilm kerak,
Oʻrgangali ilm tolibi ilm kerak.
Men tolibi ilm tolibi ilm yoʻq,
Men borman ilm tolibi, ilm kerak.
Bobur ilmli boʻlishni istaganlarni ilmni zoʻr havas, ishtiyoq bilan egallashga daʼvat etdi.
Bobur axloq-odob haqidagi qarashlariga yaxshilik, vafodorlikni eng goʻzal fazilat sifatida ulugʻlaydi, yomonlikni jafo keltiruvchi illat sifatida qaradi:
Har kimki vafo qilsa,vafo topqusidur,
Har kimki jafo qilsa jafo topqusidur.
Yaxshi kishi koʻrmagay yomonligʻ hargiz,
Har kimki yomon boʻlsa, jazo topqusidur.
Bobur odamlarni elga yaxshilik qilib,oʻzidan yaxshi nom qoldirishga chorlaydi:
Bori elga yaxshilik qilgilki, mundin yaxshi yoʻq.
Kim degaylar dahr aro qoldi falondin yaxshi yoʻq,.
Bobur yaxshi xulqlikni,kishilarga yaxshilik qilishni insonni oliyjanobligini hisoblaydi. Bobur mehnat ahlini qadrladi va davlat ahlini tasvirida “mehnat elini”unutmaslikka daʼvat etdi.
Davlatga yetib mehnat elin unutma,
Bu besh kun uchun oʻzingni asru tutma,
deydi Bobur.
Boburning bu insonparvarlik qarashlari “Boburnoma” asarida dehqon xoʻjaliklarida ishlayotgan qullar, asrlarning achinarli ahvoli tasvirida ham oʻz ifodasini topgan.

Boburning maʼnaviy-maʼrifiy qarashlarida Vatan tuygʻusi salmoqli oʻrinda turadi.
Bobur Afgʻoniston va Hindistonda davlatni boshqarib turgan holda, umrining oxiriga qadar kindik qoni toʻkilgan yurtni unutmadi. U oʻz ona diyorini haddan ziyod sevadi, Vatanidan judoligidan gʻam-alam chekadi. U tugʻilib oʻsgan yurtini qoldirib ketishni ”xatolik”,”yuz qarolik” deb biladi, oʻzini oʻz yurtidan judo boʻlgan gʻarib his qiladi. U deydi:
Toleʼ yoʻqi jonimga baloligʻ boʻldi,
Har ishniki ayladim xatoligʻ boʻldi.
Oʻz yerni qoʻyib Hind sari yuzlandim,
Yorab netayin, ne yuz qaroligʻ boʻldi.
Zahriddin Muhammad Boburning ilm-maʼrifathaqidagi gʻoyalari, axloq odob, yaxshilik, vafo, insonni xalqqa yaxshilik, qiladigan qilib tarbiyalash, mehnat ahlini qadrlash, insonparvarlik,Vatandan judolik gʻam, alam ekanligi, adolat haqidagi qarashlari,axloqiy-taʼlimiy fikrlari hozirgi davr yoshlar tarbiyasida ham gʻoyat ahamiyatlidir.
Bobur Hindistonda katta hajmdagi davlat ishlari bilan bir qatorda oʻzining adabiy-badiiy faoliyatini ham davom ettirdi. 1503-yilda “Xatti Boburiy” ni yaratdi. 1521-yilda “Mubayyin al-zakot”, 1523-25-yillarda“Muxtasar”, “Xarb ishi”, “Musiqa ilmi” (topilma), “Volidiyya” asarlarini,1519-yilda 1-devon “Qobul devoni” ni, 1528-29-yillarda 2-devon “Hind devoni” ni yaratdi. “Tuzuki Boburiy”, “Voqeoti Boburiy”, “Voqeanoma”, “Boburnoma” nomlari bilan mashhur boʻlgan asarni 1525-1530-yillarda yozdi.
Boburning tarixiy, ilmiy va adabiy merosini oʻrganish va ommalashtirishda Oʻzbekiston, Tojikiston va Rossiya olimlarining faoliyatlari diqqatga sazovordir. XIX-XX asrlar davomida Georg Ker, N.Ilminskiy, O.Senkovskiy, M.Sale, Porso Shamsiyev, Sodiq Mirzayev, V.Zohidov, Ya.Gʻulomov, R.Nabiyev, S.Azimjonova, A.Qayumov kabi olimlarning harakatlari tufayli “Boburnoma” bir necha bor nashr qilindi (oʻzbek va rus tillarida).
Bobur ikki tilda -oʻzbek va forsiy tillarida erkin ijod qilgan boʻlsa-da, faqat oʻzbekcha sheʼrlarini toʻplab 2 ta devon tuzgan. 1519-yilda Qobulda, 1529-yilda Hindistonda tuzilgan bu devonlar oʻsha joylar nomi bilan yuritiladi. Qobul devoni topilmagan. Hind devonidagi sheʼrlarining umumiy miqdori 400 dan ortiq. 119 tasi gʻazal, 231 tasi ruboiy, boshqalari turli janrdagi sheʼrlardir. Bobur sheʼrlarining maʼlum bir qismi hasbi hol xususiyatiga ega boʻlgan gʻazaldir. Bobur gʻazallari orasida hayotga qaynoq mehr aks etgan, joʻshqin gʻazallar, afsus-nadomat ohanglari bilan toʻlgan gʻazallarni ham uchratish mumkin.

Ammo Boburning betimsol shaxsi shohlik, balki shoirlik va olimlikdan ham teranroqda turadi. Shuning uchun uning latif ruhi va darveshvash koʻngli andak-mundak narsalarni pisand qilmaydi, aniqrogʻi arzitmaydi. Shunday ekan, qaysi xon yoki sulton:
Qilmoq umidu biym ila xizmat shah olida
Darbonining soʻkunchu tayoqigʻa arzimas, -
deydi.
Insonga xos qanaqa tabiiy fazilat va sof tuygʻular boʻlsa, Bobur hayotda ham, ijodda ham asosan ana shularga suyangan. U oʻz davlati va saltanati manfaati yuzasidan sheʼriyatiga bir siyosiy rang, targʻibot ohanglarini olib kirsa boʻlardi. Yoʻq Bobur sheʼriyatida topolmaysiz bunday ohanglarni.
Mohiyatan toju taxt, hukmronlikka borib tarqaladigan murod-maqsadlarini ham u nihoyatda oddiylashtirib, oddiy odamlarning yuragiga uygʻunlashib ketadigan mazmunda aks ettiradi:
Koʻngli tilagan murodigʻa yetsa kishi
Yo barcha murodlarni tark etsa kishi,
Bu ikki ish muyassar oʻlmasa olamda,
Boshni olib bir sorigʻa ketsa kishi.
Bu fikrlar aynan shoh va shoir Boburga tegishli ekanini bilamiz, ammo koʻngli bir murodga intilib, yetolmagan, “bu ikki ish muyassar” boʻlmasa-da, boshini olib qayonlargadir ketishning ham uddasidan chiqolmagan har bir kishiga daxldorligini ham inkor etolmaymiz. Shuning uchun Boburning maʼnaviy-ruhiy dunyosi shohu gadoni oʻziga jalb etaveradi. Koʻngilni sehrlash, ruhni qanoatlantirishdan toʻxtamaydi.
Bobur tasavvuf taʼlimoti bilan maxsus shugʻullanmagan boʻlsa-da, ayrim sheʼrlarida tasavvufiy gʻoyalar aks etgan. Shoirning quyidagi sheʼrlarida dunyoi dundan chekinayotgan, siyrati darveshvash, Bobur bilan yuzma-yuz kelganday boʻlamiz:
Arzimas gʻam yemakka bu dunyo,
Bal otin demakka bu dunyo.
Tamaʼ uzgil bu eski dunyodin,
Xotiringdin chiqar bu dun yodin.
Davlat uchun oʻzungni zor etma,
Izzat uchun oʻzungni xor etma.
Bobur bir masnaviysida Husni Mutlaqqa murojaat etib shunday deydi:
Goʻshu hushimni soʻzing sori qil,
Jonu koʻnglimni oʻzung sori qil.
Gʻamlaring birla ovut koʻnglimni,
Maʼrifat birla yorut koʻnglimni.

Bobur ruboiylaridan birida “Har ishniki ayladim xatoligʻ boʻldi”, -deydi. Aslida Bobur qilgan ishlar xato boʻlmagan. Birgina “Boburnoma” asarini olib qaraydigan boʻlsak ham hali bu darajada har tomonlama yetuk asar yaratilmaganligining guvohi boʻlamiz. Bu asar butun jahon ommasiga mashhur boʻlgan shoh asardir. “Boburnoma” da Bobur yashagan davrdagi Movarounnahr, Xuroson, Eron va Hindiston xalqlari tarixi yoritilgan. Asar uch qismdan iborat boʻlib, 1-qismi- XV asrning ikkinchi yarmida Markaziy Osiyoda roʻy bergan voqealarga, 2-qismi XV asrning oxiri, XVI asrning birinchi yarmida Qobulda roʻy bergan voqealarga, 3-qismi XVI asrning birinchi choragidagi Shimoliy Hindiston xalqlari tarixiga bagʻishlangan. “Boburnoma” ning mavjud toʻliq matni 1857-yilda turkolog N.Ilminskiy tomonidan Qozonda tipografiya yoʻli bilan nashr qilingan. 1905-yilda ingliz olimasi A.Beverigi xonim “Boburnoma” ning Haydaroboddagi qoʻlyozma nusxasini chop ettirdi. Ana shu 2 ta nusxaga asoslanib 1948-49-yillarda asarning ikki qismdan iborat toʻliq matni P.Shamsiyev, Sodiq Mirzayevlar tomonidan nashr qilindi. 1960-1989-yillarda yana qayta nashr etildi. “Boburnoma” dagi maʼlumotlar oʻsha davrda yaratilgan boshqa tarixiy manbalar: Mirxond, Xondamir, Muhammad Solih, Binoiy, Muhammad Haydar, Farishta, Allomiy kabi tarixchilarning asarlarida bu darajada oshiq va mukammal yoritilmagan. Muallif “Boburnoma” da Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy, Behzod, Mirzo Ulugʻbek va boshqa allomalar haqida oʻzining eng yuqori fikr va mulohazalarini bildiradi. Kamoliddin Binoiy, Behzod, Mirak naqqosh, Husayn Udiy singari adabiyot va sanʼat arboblari haqida qimmatli maʼlumotlar va mulohazalarni keltiradi.
Bobur nima haqda va kim haqda yozmasin, gʻoyat samimiydir. Oʻzining quvonchini ham, gʻamini ham hech kimdan yashirmay, roʻy-rost aytadi. Doʻsti haqida ham, dushmani haqida ham koʻnglidagini soʻzlaydi.
Bobur butun umri jangu jadallarda kechishiga qaramasdan tabiatan nihoyatda ziyrak va sinchkov, gʻoyat fahmli va idrokli, hamma narsaga qiziquvchan bir zot edi. U qaerga bormasin, oʻsha yerning geografik tuzilishi, joylashishi oʻrindan tortib, oʻsimlik va hayvonot dunyosigacha, qishu yozining ob-havosidan, elining tili-yu, urf-odatlarigacha hamma-hammasi bilan qiziqadi va yozib qoldiradi.
“Boburnoma” da Boburning ilk sheʼriy mashqlaridan tortib yirik asarlarigacha yozilish tarixi, ular bilan bogʻliq voqealar haqida maʼlumot berilgan. Alisher Navoiy bilan xatlashgani, “Boburiy xat” ni ixtiro etgani, musiqa bilan shugʻullangani, turkiy tilning sofligi va ravnaqi uchun kurashganlari haqida ham batafsil maʼlumot beradi.

“Boburnoma” Bobur kezgan yurtlar haqida oʻziga xos qomusdir. Lekin bu faqat sinchkov emas, badiiy zavqi ham baland boʻlgan ijodkor tomonidan yozilgan. Asarda turli fanlarga oid maʼlumotlar bilan bir qatorda goʻzal ijodiy kuzatishlar, chiroyli badiiy lavhalar ham bor. Ayniqsa, Xuroson va Hindiston manzaralarini chizganda, xususan, oʻzbek oʻquvchisiga notanish urf-odatlar, oʻsimlik va hayvonlar haqida hikoya qilganda Boburning badiiy isteʼdodi ish beradi. Masalan, u xurmoni shunday tushuntiradi:
“Yana xurmodir. Agarchi xurmo Hindiston maxsusi emas. Chun ul viloyatlarda yoʻq edi, mazkur boʻldi. Xurmo daraxti Lamgʻonda ham bordur, shoxlari daraxt kallasida bir yerda-oʻq boʻlur. Barglari shoxlarining tubidin uchigʻacha ikki tarafida boʻlur, tanasi nohamvor (notekis) va badrang (koʻrimsiz) dir. Mevasi uzumning xoʻshasidek boʻlur, xoʻshasidin xili ulugʻroq boʻlur.
Derlarkim, nabotat orasida xurmo daraxtining ikki ishi hayvonotqa oʻxshar: biri ulkim, nechukkim hayvonot boshini kesarlar-hayoti munqatiʼ boʻlur(uzilur). Xurmo daraxtining ham boshi kesilsa, daraxti qurur. Yana biri ulkim, nechukkim hayvonottin benar natija hosil boʻlmas, xurmo daraxtigʻa ham narxurmo shoxini kelturub, tegurmasalar, yaxshi bar bermas. Bu soʻzning haqiqati maʼlum ermas”.
“Boburnoma” oʻzbek nasri taraqqiyotiga juda katta taʼsir koʻrsatdi. Buning yorqin namunasi Abulgʻozi Bahodirxonning “Shajarai turk” va “Shajarai takorima” asarlaridir. “Boburnoma”ning tasvir va bayon usuli tarjimalar orqali boshqa adabiyotga ham oʻtdi. Gʻarb va Sharqning fan va davlat arboblari Boburning tarix va madaniyat oldidagi xizmatlarini belgilashda bu kitobga asosiy manba sifatida qaradilar. Hindiston tarixini yoritishda esa, mutaxassislar fikricha, hali xam buyuk bobomiz Beruniyning “Hindiston” idan keyingi muhim asar“Boburnoma” boʻlib turibdi.
Bobur oʻzining maʼlum va mashhur asarlari bilan tarixnavis adib, lirik shoir va ijtimoiy masalalar yechimiga oʻz hissasini qoʻshgan olim sifatida xalqimiz maʼnaviy madaniyati tarixida munosib oʻrin egallaydi.

Bobur «Boburnoma» ni 925 hijriy- 1518-1519 milodiy yilda yozishga kirishib, shu vaqtdan boshlab keyingi yillarda sodir boʻlgan voqealarni ketma-ket yozib borgan. 934 hijriy - 1527 milodiy yildan soʻng, yaʼni Rano Sango ustidan gʻalaba qozonib, shimoliy Hindistonda oʻz saltanatin imustahkamlagan Bobur oʻz kitobida boshdan kechirgan sarguzashtlarini, yaʼni 899 hijriy - 1494 milodiy yildan 925 hijriy - 1518-1519 milodiy yilgacha boʻlgan voqealarni ham kiritishni maʼqul deb bilib, ularni esdalik uslubida yozib borgan. Shuning natijasida «Boburnoma»da 899 hijriy - 1494 milodiy yildan 936 hijriy - 1529 milodiy yillarda sodir boʻlgan voqealarning sanaviy tartibdagi bayoni oʻz aksini topgan. Shuni ham nazarda tutmoq lozimki, «Boburnoma»da ana shu yillar orasida oʻn olti yil (910, 915-924, 927, 928, 930, 931 va boshqa hijriy yillar) voqealarining alohida bayoni uchramaydi. Ammo bu «Boburnoma»ning yaxlitligiga katta taʼsir koʻrsatmaydi.
Shunday qilib, «Boburnoma»da Boburning Fargʻona viloyati hokimi boʻlib,Kobulda oʻzini podshoh deb eʼlon qilgani va nihoyat Hindistonda oʻz saltanatiga asos solgani bilan bogʻliq voqealar tizmasi oʻz aksini topgan.
«Boburnoma»ning mazmuni unda tasvirlangan hodisa-voqealar shunchalik boy va koʻp qirraliki, buning natijasida u Movarounnahr, Afgʻoniston vaHindistonning XV asr va XVI asr boshlaridagi tarixiy, madaniy, urf-odatlar, ilmi va adabiyoti, oʻsimliklar va hayvonot dunyosi, shahar, qishloq, meva va gullarining boy manzarasini chizuvchi nodir manbaga aylanib qoldi.
Asarning bosh qahramoni-hikoya qiluvchisi Zahiriddin Muhammad Boburdir. «Boburnoma»ni oʻqigan kishi bosh qahramonning achchiq-chuchuk sarguzashtlari, oʻziga xos fazilatli shaxsiyati, nihoyatda hassos, qiziquvchan, oʻtkir zehn va serqirra idrokli, keng dunyoqarashli ekanligi, mard va jasur, toʻgʻri soʻz va mustahkam iymon-eʼtiqodli boʻlganligining guvohi boʻladi. Shunisi muhimki, bosh qahramon-Bobur oʻzgalar aybini axtarishga intilmaydi, balki oʻz aybi va xatosini ham, oʻzining «gunohlarini ham shafqatsiz boʻlib qalamga oladi. Shundan-da, Bobur baʼzan qiyin ahvolda qolganini ham yozib, shunday deydi:«Manga bisyor dushvor keldi, beixtiyor gʻalaba (koʻp) yigʻladim» (Boburnoma,113-bet).
«Boburnoma» - da hayotiylik, haqqoniylik, haqgoʻylik va sodda-turkona bayon yetakchilik qiladi. Boburning quyidagicha yozganlari ham bu fikrlarni qoʻllab-quvvatlaydi: «Chun bu tarixda andoq iltizom qilinibdurkim, har soʻzning rostini bitilgay va har ishning bayoni voqeini tahrir etilgay» (Boburnoma,292-bet).
Asarda oʻsha davrning tarixiy shaxslari - otasi Umarshayx mirzo, amakisi Sulton Mahmud mirzo, Sulton Husayn Boyqaro, Shayboniyxon va boshqa koʻplab tojdorlar, hokimlar, Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy, Muhammad Solih, Badriddin Chochiy kabi ijodkorlar ham qalamga olingan. Ularning tasviri esa bir xil emas, balki har birining tashqi siymosi-surati, ichki dunyosi, urf-odat, qilmishlari, afzaliyat va kamchiliklari boburona koʻrish va qarash asosida oʻziga xos tarzda tasvirlanadi. Masalan, Sulton Husayn Boyqaroning tasvirini nazardan oʻtkazaylik:
«Shujoʻ va mardona kishi edi… Temurbek naslidin hech kim maʼlum emaskim, Sulton Husayn mirzocha qilich chopmish boʻlgʻay. Tabʼi nazmi bor edi. Devon ham tartib qilib edi. Turkiy aytur edi. Taxallusi «Husayniy» edi… Bovujudkim, ham yosh va ham saltanat bila ulugʻ podshoh edi, kichiklardek qoʻchqor saxlab, kabutar oʻynar edi, tovuq ham urushqa solur edi…»
«Boburnoma»dagi tabiat moʻjiza va manzaralari tasvirlari ham Boburning yozuvchi sifatidagi nozik didi, Shoirona idroki, qiziquvchan va hassosligidan dalolat beradi. Jumladan, Kobulning sharqi-shimolidagi Koʻhiston tasvirida chilgʻoʻza daraxti haqida shunday yozadi: «Koʻhiston elining chirogʻlari tamom chilgʻoʻza yigʻochindindur, shamʼdek yonar, xele gʻarobati bordur»
Yoki, Dashti shayx deb ataladigan mavze tasvirida quyidagicha yozganlari qiziqarlidir: «Bu domanada (togʻ etagida) rango-ranga har navʼ lola boʻlur. Bir qatla sanattim, oʻttiz ikki-oʻttiz uch navʼ gʻayri mukarrar lola chiqti. Bir navʼ lola boʻlurkim, andin andak (ozgina) qizil gul hidi kelur, lolai gulboʻy, der eduk» (Boburnoma, 193-bet).
«Boburnoma»da Hindiston bilan bogʻliq voqea-hodisa, joy hamda tabiat manzaralari va boshqa tasvirlarda urdu tilidagi soʻzlardan foydalanish ham koʻzga tashlanadi. Shunisi borki, Bobur urdu tilini oʻrgana boshlagan va hatto oʻzbekcha-urducha ayrim baytlarni ham yozgan:
Mango na havoi kuch-u havasi monak-u mutti,
Faqr ahligʻa bas boʻlgʻusidur poni-yu rutti.
Baytda ishlatilgan urducha soʻzlarning izohi: kuch-hech narsa; monak-qasr; mutti-marvarid; poni-suv; rutti-non.
Agar diqqat qilinsa, mazkur oʻzbekcha-urducha baytda «faqir-mening faxrim», degan hadisning mazmuni Boburona uslubda bayon etilgan.
Shunday qilib, «Boburnoma» tarixiy-esdalik va badiiy asar sifatida Boburning yozuvchilik mahoratini oʻzida mujassam etgan koʻpqirrali va teran ahamiyatga molik yodgorlik boʻlib, faqat oʻzbek nasrininggina emas, balki jahoniy nasrning shoh asarlaridan biridir.
Shuning uchun Yangi Dehlidagi milliy muzeyning mutasaddisi janob G.N.Pantning «Boburnoma»ga oid maqolasini quyidagicha yakunlashida hikmat koʻp:
«Hindiston tarixida uning (Boburning) qutlugʻ xizmatlari chinakam buyukdir, ammo solnomachilik bobidagi xizmati esa undan ham buyuk. «Boburnoma» ajoyib adabiy va tasviriy sanʼat asaridir, tarixiy hujjat sifatidagi qiymati esa aslo beoʻlchov. Amir Temur tarjimai holi (yaʼni, «Temur tuzuklari») kashfiyot boʻlsa, Boburning tarjimai holi (yaʼni «Boburnoma») bu kashfiyotning oliy nuqtasidir».

Keltursa yuz baloni oʻshal bevafo manga,
Kelsun agar yuzumni evursam, balo manga.
Netgayman ul rafiq bilakim, qilur base,
Mehru vafo raqibgʻa, jabru jafo sanga.
Begona boʻlsa aql meni tilbadin, ne tong,
Chun boʻldi ul parisifatim oshno manga.
Ohu yoshimdin orta durur zaʼf, ey tabib,
Bildim yarashmas emdi bu obu havo manga.
Dardim koʻrub muolajada zoyeʼ etma umr,
Kim, jonda dardi ishq durur bedavo manga.
To yor kimni istaru koʻngliga kim yoqar,
Tashvish bejihat durur oxir sango,manga.
Bobur, boʻlub turur ikki koʻzum yoʻlida toʻrt,
Kelsa ne boʻldi qoshima bir-bir mango manga.
* * *
Oʻzni , koʻngul, aysh bilan tutmoq kerak,
Bizni unutqonni unutmoq kerak.
Ayshu tarab gulbunigʻa suv berib,
Gʻussa niholini qurutmoq kerak.
Tiyra turur zuhd damidin koʻngul,
Ishq oʻti birla yorutmoq kerak.
Har nimagʻa gʻam ema, gʻam koʻp turur,
Aysh bila oʻzni unutmoq kerak.
Qoʻyma mashaqqat aro, Bobur, koʻngul,
Oʻzni farogʻat bila tutmoq kerak.
* * *
Ne xush boʻlgʻayki, bir kun uyquluq baxtimni uygʻotsam,
Kechalar tori moʻyidek beligʻa chirmashib yotsam.
Gahi guldek yuzini ul shakar soʻzlukni islasam,
Gahi shakkar kibi ul yuzi gulning laʼlidin totsam.
Qani Shirin bila Layliki sendin noz oʻrgansa,
Qani Farhodu Majnunkim, alargʻa ishq oʻrgatsam.
Yoruq kunduz, qorongʻu kechada anjum kibi boʻlgay,
Chekib gar oh dudini koʻngul oʻtini tutratsam.
Koʻzum ravshanligʻida boʻlgʻay, Bobur, base kamliq,
Agar qoshi bila yuzun hilolu kunga oʻxshatsam.
* * *
Sochining savdosi tushti boshima boshdin yana,
Tiyra boʻldi roʻzgʻorim ul qaro qoshdin yana.
Men xud ul tifli parivashgʻa koʻngul berdim, vale,
Xonumonim nogahon buzulmagʻay boshdin yana.
Yuz yomonliq koʻrub ondin telba boʻldung,ey koʻngul,
Yaxshiligʻni koʻz tutarsen ul parivashdin yana,
Tosh urar atfol mani,uyida forigʻ ul pari,
Telbalardek qichqirurmen har zamon toshdin yana.
Oyogʻim etgancha Boburdek ketar erdim, netay,
Sochining savdosi tushti boshima boshdin yana.
* * *
Jonimdin oʻzga yori vafodor topmadim,
Koʻnglumdin oʻzga mahrami asror topmadim.
Jonimdin oʻzga jonni dilafkor koʻrmadim,
Koʻnglum kibi koʻngulni giriftor topmadim.
Usruk koʻziga toki koʻngul boʻldi mubtalo,
Hargiz bu telbani yana hushyor topmadim.
Nochor furqati bila xoʻy etmisham, netay,
Chun vasligʻa oʻzumni sazovor topmadim.
Bore boray eshigiga bu navbat, ey koʻngul,
Nechaki borib eshigiga bor topmadim.
Bobur, oʻzungni oʻrgatakoʻr yorsizki, men
Istab jahonni muncha qilib yor topmadim.
* * *
Koʻngulga boʻldi ajoyib balo qaro soching,
Shikasta koʻngluma ermish qaro balo soching.
Muyassar oʻldi junun mulki, ey junun ahli,
Nisori ashkni emdi bu kun mango soching.
Soching shikastida bordur shikasta koʻngullar,
Koʻngullar ochilur, ochilsa ul qaro soching.
Ochildi koʻngli, chu ochting sochingni, Boburning,
Ne ayb, agar desa dilbandu dilkusho soching.
* * *
Baloyi ishqki, har dam manda jafoyedur,
Bu ishdin kecha olmon ajab baloyedur.
Xati labigʻa tutash boʻlsa, ey koʻngul, ne ajab,
Ki Xizr chashmayi hayvongʻa rahnamoyedur.
Yarar bu xasta koʻngul dardigʻa oʻqin yarasi,
Magarki har yarasi yorning davoyedur.
Bahor fasliduru may havosi boshimda,
Ayoq tut menga soqiyki, xush havoyedur.
Ul oy raqibgʻa boʻldi rafiqu Boburning
Rafiqu hamdami hajrinda ohu voyedur.
* * *
Sening ishqingda, ey nomehribon, bexonumon boʻldim,
Deman bexonumon ovvorayi ikki jahon boʻldum.
Labing gar bermasa boʻsa nechuk jon elta olgʻaymen,
Bu yoʻldakim, adam sahrosigʻa emdi ravon boʻldum.
Soʻrub ul oy labidin ogʻzining ramzini angladim,
Bir ogʻiz soʻz bila koʻrungki muncha xoʻrdadon boʻldum.
Nechakim qoshi yolar ishqida tuzlukni koʻrsattim,
Vale oxir malomat oʻqlarigʻa-oʻq nishon boʻldum.
Kular erdim burun Farhodi miskin dostonigʻa,
Bu Shirindurki oning birla-oʻq hamdoston boʻldum.
Visoling davlatigʻa yetmasam Bobur kibi, ne tong,
Ki hajring mehnatida asru zoru notavon boʻldum.
Odam.uz tahririyati. Har bir maqolani odam tekshiradi va sodda, jonli oʻzbek tilida yozamiz. Maqsadimiz - foydali boʻlish va vaqtingizni behuda sarflamaslik.



