Ibratli qissa: Har bir ishda hayr bor!

Vazirning eng sevimli gapi “Har bir ishda hayr bor”iborasi boʻlib, qanday voqea bilan toʻqnash kelmasin, shu gapni takrorlashdan charchamas ekan.

Kunlarning birida hukmdor ovga chiqib, kamon oʻqi tegib, qoʻlidagi bitta barmogʻidan judo boʻlibdi. Gʻazablangan podsho barchaga jahl qila boshlabdi. Vazir esa uni tinchlantirish maqsadida “Hukmdorim, barcha ishda hayr bor, oʻzingizni tuting!” debdi.
Bu soʻzlardan podsho battar gʻazab otiga minibdi. U sevimli doʻstiga aylangan vazirni zindonga tashlashlarini buyuribdi.

Oradan birmuncha vaqt oʻtib, hukmdor yana ovga chiqadigan boʻlibdi. Bu safar u qoʻshni yerlarda ov qila turib, yovvoyi qabilalar qoʻliga tushib qolibdi va uni asir olibdilar. Qabila qandaydir ilohlarga sigʻinar va ularga odamlarni qurbonlikka soʻyishar ekan. Qurbonlikka tayyorlanayotgan hukmdorni oʻz podsholari huzuriga olib borishibdi. Qabila boshligʻi asir tushgan odamni koʻrib, quvonib ketibdi va marosimni boshlashlarini buyuribdi. Marosim boshlangach, u hukmdorning bitta barmogʻi yoʻq ekanligini payqab qolibdi.

“Ilohlarimiz barmogʻi yoʻq odamga zormi?” deya baqira boshlabdi u. – Ilohlarga eng yaxshi narsalarni ravo koʻrish kerak. Yoʻqotinglar uni koʻzimdan!”
Hukmdorni qoʻyib yuborishibdi. U oʻz mamlakatiga kelib, darhol vazirini zindondan chiqarib olibdi.
“Doʻstim! Qanchalar haq ekansan! Barmogʻimdan ayrildim, ammo jonim omon qoldi! Men ham meni deb koʻp azob chekding. Mendan ranjima!” debdi podsho vaziriga qarata.

“Har bir ishda hayr bor, olampanoh! – javob beribdi vazir. – Sizdan aslo ranjimadim. Hatto meni zindonga tashlashingiz ham yaxshilikka! Agar zindonda boʻlmaganimda siz bilan ovga borardim, siz bilan meni ham tutib olishardi. Barmogʻingiz boʻlmagani uchun siz-ku qutulib ketardingiz, sizning oʻrningizga esa meni qurbon qilishar edi!”

Odam.uz tahririyati. Har bir maqolani odam tekshiradi va sodda, jonli oʻzbek tilida yozamiz. Maqsadimiz - foydali boʻlish va vaqtingizni behuda sarflamaslik.



