Nemis ovcharkasi toʻgʻrisidagi 10 ta fakt

Ovcharkalar oila davrasida ham oʻzlarini oʻz uyidagidek his qiladi, ular juda doʻstona va bolalar bilan juda yaxshi chiqishadi. Shu bilan birga bu tur - eng yosh turlardan biri, nemis ovcharkalari paydo boʻlganiga atigi yuz yildan sal ortiqroq vaqt oʻtdi, xolos.

Nemis ovcharkasi– sunʼiy yetishtirilgan tur. Ovcharkalarning ajdodlari hozirgi Skandinaviya va Rossiyaning shimoliy sharqida istiqomat qilgan. Ularning qonida boʻrilarning ham qoni oqqan. Nemis ovcharkalari turining ilk namoyandasi Grayf laqabli it Germaniyaning Gannover shahrida 1882 yilda taqdim etilgan. Ularni yetishtirish bilan rotmistr Maksom fon Shtefanits boshchilik qilgan nemis ovcharkalarining ishqibozlari Klubi shugʻullangan. 1923 yilga kelib dunyo boʻylab ushbu turning yetishtiruvchilari soni 27 mingdan oshgan.

Ovcharkalardan podachi itlar sifatida foydalanishgan. Dastlabda ovcharkalar podani qoʻriqlash uchun yetishtirilgan. Ular oʻz vazifalarini aʼlo darajada bajara olgan. Bu borasida ularga teng keladigan yoʻq. Masalan, podaning kayfiyatini aynitayotgan qoʻyni choʻpon oʻzi aniqlay olmasa ham, ovcharka “isyonkor” qoʻchqor yok itakani birpasda aniqlab, oʻzining “bir-ikki shiringina pand-nasihatlari” bilan darrov tartibda chaqirib qoʻya oladi. Ayniqsa, Avstraliya va Yangi Zellandiyada buni juda yaxshi bilishadi. Ammo hayot doim inson faoliyatiga oʻzining toʻgʻrilashlarini kiritadi– Birinchi va Ikkinchi jahon urushlarida ovcharkalar frontda mislsiz yordamchi dastyorlar boʻlib qolgan.

Ovcharkalar urushda. Itlar sanitarlar (ular yaralangan askarlarning oldiga dori moddalar solingan sumkalarni yetkazib bergan), aloqachilar, xat-xabar eltib beruvchi va xatto sapyorlar sifatida hizmat qilgan. Buyuk Britaniya qoʻshinlarida xizmat qilgan Oʻqchi Xon nemis ovcharkasi dunyoga mashhur boʻlib ketgan – it oʻz egasini u oʻqqa tutilib qolib qattiq yaralanganidan keyin suvdan chiqarib qattiq tuproqli yerga chiqib olishiga yordam bergan. Xon jasurligi uchun oʻlimidan keyin Mariya Dikin medali bilan taqdirlangan.

Nemis ovcharkalarini gohida elzas ovcharkalari ham deb atashadi. Turni “Qayta nomlash” Ikkinchi jahon urushi tugab, “nemis” soʻzi faqat yoqimsiz hotira va taasurotlar uygʻota boshlaganidan keyin sodir boʻlgan. Biroq yangi nomlanish uzoqqa bormadi.

Nemis ovcharkasi eng aqlli it turlarining uchligiga kiradi. Bunday reyting Kanadaning Vankuver shahridagi Britaniya Kolumbiyasi universitetining ruhshunoslik professori Stenli Koren tomonidan tuzilgan.U yangi buyruqni anglash qobiliyatini (besh marta qaytarishdan kamroq) va buyruqni birinchi marta berishidayoq bajarilishini (95 foiz va undan yuqori) baholagan. Bu koʻrsatkichlar boʻyicha ovcharkalardan faqat border-kolli va pudel oʻtib tushgan. Reytingdagi oxirgi oʻrinni afgʻon tozi iti egallagan –unga yangi buyruqni 80-100 marta qaytarish kerak boʻlgan.

Ovcharkalar yangi egalariga tez oʻrganadi. Itlarning koʻpchiligi bitta xoʻjayinga bogʻlanib qoladi va undan ajralishni juda ogʻir boshidan kechiradi. Biroq ovcharkalarga buning umuman daxli yoʻq. Ular yangi odamga juda katta qiziqish hamda doʻstona munosabat bilan yondoshadi va hamkorlikka oson kirishib ketadi. Bu xususiyat politsiyachi itlar uchun juda muhim, chunki ular navbatchilikka har xil hodimlar bilan boradi.

Ovcharkaning tishlash kuchi 100 kilogrammdan oshadi. Ovcharkalarning jagʻlari juda kuchli va oʻta rivojlangan. Tishlash kuchi boʻyicha ulardan itlarning faqat ayrim turlari oʻtib tushishi mumkin. Masalan, rotveyler bilan pitbul.

Ovcharkalar boshqa hayvonlarning bolalarini “asrab olib, tarbiyalashi” mumkin. Ovcharkalar tashlab ketilgan sher bolalarini “asrab olib”, ularni boqib katta qilgan bir necha hodisalar maʼlum.

Ovcharkalarga qoʻyilgan haykallar. Rossiyaning Tolyatti shahrida oʻz egalarini kutib oʻtirgan it shaklidagi haykal mavjud. “Sodiqlik” deb nomlangan ushbu kompozitsiya uchun model boʻlib aynan nemis ovcharkasi xizmat qilgan. Kanadada xizmat paytida halok boʻlgan 32 nafar politsiyachi itlar hotirasiga yodgorlik majmuasi oʻrnatilgan.

Nemis ovcharkalari nafaqat hayvon oʻrgatuvchilari va kinologlarning balki kino rejissyorlarining ham buyruqlarini aʼlo darajada bajara oladi. Ushbu turdagi itlar oʻtgan asrning 60-yillaridagi Polshalik kinochilar tomonidan olingan “Sivil laqabli it sarguzashtlari”, 70-yillardagi “Toʻrt tankchi va it” koʻp seriyali badiy filmlarida, “Yonimga, Muxtar” sovet badiiy filmida, Avstriyaning “Komissar Reks” televizion serialidagi markaziy qahramoni sifatida namoyon boʻladi.
Odam.uz tahririyati. Har bir maqolani odam tekshiradi va sodda, jonli oʻzbek tilida yozamiz. Maqsadimiz - foydali boʻlish va vaqtingizni behuda sarflamaslik.



