Bilib qoʻygan yaxshi! - Baʼzi xorijiy mamlakatlarning odob doirasidagi taqiqlari

Frantsiga borsangiz, pul haqida gapirish va savol berishdan saqlaning, chunki bu narsa fransuzlar nazarida yaramas odat hisoblanadi.

Ukrainada slyavyan doʻstingiz yoki dugonangizga guldasta bermoqchi boʻlsangiz, undagi gullarning soniga albatta eʼtibor bering va juft boʻlmasligi kerakligini yodda tuting. Chunki u yerdagilarning odati boʻyicha, juft sonli gullar faqatgina dafn marosimlariga olib kelinadi.

Yangi Zelandiyaga borib qolsangiz, avtomobil rulida oʻtirgan holda signal bera koʻrmang. Bu mahalliy aholi nazarida katta haqorat hisoblanadi.

Hindistonga bormoqchimisiz?! Unda shuni bilib olingki, qarama-qarshi jins vakili bilan hammaning oldida gaplashar ekansiz, unga yaqin turmasligingiz lozim.

Yaponiyada esa boshqa mamlakatlarda odat tusiga aylangan narsa – yaʼni restoran va qahvaxonalarda choychaqa qoldirish haqiqiy jinoyat hisoblanadi.

Bordiyu Meksikaga yoʻlingiz tushib qolsa, shuni yodda tutingkki, meksikaliklar “hazillarning qiroli” hisoblanadilar. Shuning uchun ham mahalliy aholining sizga nisbatan qilgan yoki aytgan haziliga hafa boʻlib yurmang, garchi bu juda qoʻpol hazil boʻlsa ham.

Norvegiyada odamlarning bir-biridan cherkovga brogan-bormaganliklari haqida soʻrashlari oʻrinsiz hisoblanadi va odob doirasidan chetga chiqqan sanaladi.

Turkiyaning ham oʻziga yarasha odob-ahloq doirasi bor, ularni bilib qoʻysangiz foydadan holi boʻlmas edi va siz noqulay ahvolga tushmas edingiz. Masalan, OK belgisini koʻrsatish Turkiyada qattiq haqoratlash sanaladi. Shuning uchun aslo bunday qila koʻrmang!

Buyuk Britaniyada odamlar bir-birlaridan oylik maoshlari yoki daromadlari haqida soʻramaydilar, chunki bu narsa odobsizlik hisoblanadi. U yerga yoʻl olishdan oldin ana shu narsani albatta inobatga oling.

Irlandiyaliklar bilan britaniyaliklarning talaffuzida farq bor. Yoʻlingiz tushib Irlandiyaga borib qolsangiz, irlandiyaliklarning talaffuzida gapirishga harakat qilmang. Turistlarning bunday aktsent bilan gapirishi ularga yoqmaydi.

Germaniyada tugʻilgan kun kirib kelmasidan oldin tabriklash ahloq doirasidan chetga chiquvchi odobsizlik hisoblanadi. Germaniyaga sayohatga borish niyatingiz boʻlsa, buni bilib qoʻyganingiz yaxshi.

Keniyaga yoʻlingiz tushib qolsa, shuni bilib qoʻyingki, mahalliy aholi ularga familiyalarini aytib, murojaat qilishlarini yoqtirmaydilar.

Chilida qoʻli bilan ovqat yeyish odobsizlik va befarosatsizlikdan dalolat beradi. Chiliga boradigan boʻlsangiz, bunga aslo yoʻl qoʻymang.

Singapurda esa jamoat transportida biror narsani yeyish taqiqlanadi. Shunday qilib qolsangiz, jarimaga tortilishingiz va atrofdagilarning nafratiga uchrashingiz mumkin.

Vengriyada biror ziyofatga borib qolsangiz, aytilgan qadah soʻzidan keyin bokallarni urishtirib yurmang. Aks holda sizni ahloqsiz, deb hisoblashadi.

Xitoyga borsangiz, u yerdagi aholiga soat va soyabon hadya qilishdan saqlaning. Murakkab xitoy tili fonetikasida “soat taqdim qilish” birikmasi “dafn marosimida qatnashish” degan soʻz birikmasi bilan juda oʻxshashib ketadi. Shuning uchun soat taqdim qilar ekansiz, siz u odamga oʻlimni ravo kopʼrgan boʻlar ekansiz. Soyabon hadya qilish esa aloqalarni uzish ramzi hisoblanar ekan.

Odam.uz tahririyati. Har bir maqolani odam tekshiradi va sodda, jonli oʻzbek tilida yozamiz. Maqsadimiz - foydali boʻlish va vaqtingizni behuda sarflamaslik.



