Marketologlarning makri yoki supermarketlardagi hiylalar


Sezgi aʼzolari – marketologlarning eng faol ittifoqdoshidir. Axir butun dunyo boʻyicha bong urib aytilmoqda: “Magazinlarga och qoringa bormanglar!” Qorningiz qanchalik och boʻlsa, shunchali koʻp ortiqcha narsa xarid qilishingiz ehtimoli katta. Bordi-yu qorningiz och boʻlmasa ham supermarketlarning ishtahangizni ochib yuboradigan usullari tiqilib yotibdi.
Masalan, shirinliklarning hidi yoki vitrinada turgan mahsulotlarga yoritish uskunalarining nuri shunday tushiriladiki, oddiy mahsulot ham jozibador koʻrinishga ega boʻlib, koʻzingizni quvnab, sizni oʻziga maftun etadi.

Supermarketda shoʻx musiqani eshitdingizmi – diqqatingizni kuchaytiring. Savdo hajmini kuchaytirish kerak boʻlgan joylarda shoʻx musiqa qoʻyilar ekan. Bunday energetik musiqalar rejalashtirmagan mahsulotingizni ham xarid qilishga undar ekan.
Tinch, ohista musiqalar ham tuzoq hisoblanadi. Magazinlarda ataylab inson yurak urushi chastotasidan ozgina pastroq boʻlgan musiqalar qoʻyilar ekan. Chunki bunday musiqalar xaridorlarning mahsulot taxlangan tokcha oldida uzoqroq qolishini, savdo zalini koʻproq aylanishini va oqibatda esa koʻproq narsa xarid qilinishini taʼminlar ekan. Maslahatimiz, doʻkonlarga qulochinlar taqib kiring.

Bu ham marketologlarning manipulyatsiyasi. Yaʼni ayni mavsum paytida kerakli mahsulotni haqiqatdan ham arzon narxda tavsiya etadilar. Xaridor yutaman deb oʻylab, ushbu supermarketga kiradi. Biroq doʻkonda chegirmalar hamma mahsulotga emasku. Arzon mahsulot ilinjida doʻkonga kirgan xaridor boshqa mollarni ham koʻzdan kechiradi va albatta yana qoʻshimcha nimanidir sotib oladi. Doʻkondor foydani aynan mana shu qoʻshimcha mahsulotning sotilishidan qiladi.

Kassa oldida marketologlar mayda-chuyda narsalarni sal qimmatroq narxda joylashtiradilar. Navbatda turganingizda shokolad yoki shirinlikdan oʻzingiz yoki kichkintoy farzandingiz uchun ovolasiz. Yoki salfetka va shunga oʻxshash narsani savdo zalidan ovolish esingizdan chiqqan boʻlsa – mana yoningizda turibdi, faqat ozgina qimmatroq. Bitta salfetka uchun orqaga qaytmaysizku, toʻgʻrimi?
Mana shunaqa “hiylalar” bilan marketologlar sizni oʻzingiz bilmagan holda qoʻshimcha xarid qilishga undar ekanlar.
Odam.uz tahririyati. Har bir maqolani odam tekshiradi va sodda, jonli oʻzbek tilida yozamiz. Maqsadimiz - foydali boʻlish va vaqtingizni behuda sarflamaslik.



