Bitiruv kechasining malikasi boʻlishni istaysizmi: qizlarga maslahatlar

Bitiruv kechasi bir umr esda qolishini, koʻrinishingiz esa betakror boʻlishini istasangiz, bu tadbirga oldindan tayyorgarlik koʻrish kerak. Kerakli obrazni belgilab, unga mos kuylak, oyoq kiyim, aksessuar, soch turmagi va makiyajni tanlash muhimdir. Maqolamizda ushbu muhim tadbirga toʻgʻri tayyorgarlik koʻrish boʻyicha kerakli maslahatlar beriladi.

Bitiruv kechasiga mos kuylak tanlash uchun modalar jurnalini varaqlab chiqing, forumlarni koʻrib chiqing hamda didi sizga mos tushuvchi yaqin odamingiz bilan maslahatlashib koʻring, masalan, onangiz, opangiz yoki dugonangiz bilan. Lekin shuni unutmangki, bu avvalambor sizning bayramingiz, shuning uchun ham hal qiluvchi qarorni oʻzingiz qabul qilishingiz lozim. Bunda moliyaviy ahvolni ham inobatga olish zarur.
Tayyor kuylak sotib olasizmi yoki zakazga tikdirasizmi, nima boʻlishidan qatʼiy nazar, bir necha omillarni hisobga olish lozim. Siz tanlagan kuylak qomatingizga mos tushishi, qulay boʻlishi va tadbirga muvofiq boʻlishi kerak. Kuylak juda kalta va ochiq boʻlmasligi lozim.
Bitiruv kechasida kiyadigan kuylagingiz sizga oʻtirib-turishga, harakatlanishga va raqs tushishga xalal bermasligi kerak. Shuning uchun juda tor kuylak tanlash yaramaydi. Uzun shleyfli kuylak tanlashni ham maslahat bermaymiz, bunda siz nafaqat raqs tushishga, balki harakatlanishga ham qiynalib qolishingiz mumkin.

Oyoq kiyim nafaqat chiroyli, balki qulay boʻlishi ham juda muhimdir. Oyogʻingizni siqib turuvchi va haddan tashqari baland poshnali tufli kiymagan maʼqul.
Bitiruv kechasi munosanati bilan yangi tufli sotib olar ekansiz, uni ushbu tadbirga kiyishdan avval bir oz kiyib, oyoqlaringizni unga oʻrgatib olishingiz zarur. Ehtiyot shart sumkachangizga oyoq uchun plastirni solib qoʻyishni unutmang, kerak boʻlib qolishi mumkin.
Biroq hech qanday qiyinchiligiga qaramasdan, tadbirning rasmiy qismi uchun juda baland poshnali tufli kiyishni moʻljallagan ekansiz, unda qulayroq ikkinchi juft oyoq-kiyimingizni ham ovoling.

Obrazingizni aksessuar va bezak buyumlari bilan toʻldirishingiz mumkin – zakolka, brosh, diadema, braslet va xokazo. Faqat bularning hammasini birvarakayiga taqib olmang, aks holda bachkana koʻrinib qolasiz. Oʻzingiz bilan kichik hajmli sumkachani olishni unutmang. Unga telefon, dastrumolcha, namli salfetka va kosmetika kabi zarur narsalarni solib olasiz.

Kechaga qanday soch turmagida borishni oldindan belgilab olish zarur, chunki aynan soch turmagi obrazingizni yaratadi. Bunda professional mutaxassis stilist xizmatidan foydalanish yoki uquvi bor dugonalaringizning mahoratiga ishonishingiz mumkin.
Makiyajni boʻrttirib yubormaslik kerak. U maksimal darajada tabiiy boʻlishi lozim – bu narsa sizning sofligingiz, yoshligingiz va chiroyingizni bildirib turadi. Bunda makiyajning sinalgan klassik turidan foydalangan afzal yoki stilist xizmatiga murojaat qilgan maʼqul.
Bitiruv kechasi shoshib qolmaslik va tadbirga kechikib kelmaslik uchun kun tartibini rejalashtirib olish muhimdir. Kiyinishingizga qancha vaqt ketishini hisobga olish, stilist xizmatiga yozilish, kuylakni dazmollab qoʻyish, oyoq-kiyim va aksessuarlarni tayyorlab qoʻyish zarur.

Bitiruv kechasi kuniga hech qanday kosmetik muolajalarni rejalashtirmang. Bu yumushlarni bir yoki bir necha kun avval oʻtkazish kerak. Birinchidan, bunday muolajalar koʻp vaqtingizni oladi, siz shoshib qolib, asabiylashishingiz mumkin. Ikkinchidan, kosmetik muolajalarning natijasini oldindan bilib boʻlmaydi, baʼzan yuz shishib yoki qizarib qolishi hamda qichishishi mumkin. Bunday noxushliklar esa bitiruv kechasida sodir boʻlmasligi kerak.
Bitiruv kechasiga tayyorgarlik koʻrayotgan qizlar yuqoridagi maslahatlarimizdan foydalanadilar, deb umid qilamiz.
Odam.uz tahririyati. Har bir maqolani odam tekshiradi va sodda, jonli oʻzbek tilida yozamiz. Maqsadimiz - foydali boʻlish va vaqtingizni behuda sarflamaslik.



