Buyuk rus adibi, dramaturg va nasr yozuvchisi - Aleksandr Sergeyevich Pushkinning hayoti, ijodi va ulkan merosi

Aleksandr Sergeyevich Pushkin (1799-yil 26-may(6-iyun) Moskva — 1837-yil 29-yanvar (10-fevral) Sankt-Peterburg) - yangi rusadabiyotining realistik yoʻnalishiga asos solgan ulugʻ rus adibi, dramaturg vanasr yozuvchisi, adabiyot tanqidchisi va nazariyachisi, tarixchi, publisist,XIX-asr birinchi yarmining eng oroʻli adabiyot arboblaridan biri.
Pushkin hali tiriklik paytidayoq eng buyuk rus milliy shoiri sifatida shon-shuhratga ega boʻlgan.
Dunyodagi har qanday xalqning donishmandligi va qalb nazokatini oʻzida mujassamlantirgan shoiri boʻladi. Rossiya, nafaqat Rossiya butun dunyo rusiyzabon kishilarida inson maʼnaviy olamining musavviri, shubhasiz, Aleksandr Sergeyevich Pushkin. U nurga intilib, doim ozodlik uchun kurashuvchi shoir, buyuk va mutlaq nekbin boʻlib yetishdi. Bu xususida rus xalqining buyuk shoiri Aleksandr Blok: «Pushkinning nomi naqadar jarangdor», - deb taʼriflagan edi.

Buyuk tatar shoiri Abdulla Toʻqay XX- asrning boshida yozgan asarlaridan birida Aleksandr Sergeyevich Pushkinni sheʼriyat osmoning yorqin yulduzi deb atagan edi. Bu taʼrif chiroyli shoirona tashbeh boʻlsa-da, unda rus shoiri ijodining mohiyati, ular yaratgan sheʼriyatning qimmati toʻgʻri va haqqoniy aks etgan. Mana, bir yarim asrdirki, bu nom jahon sheʼriyatining eng yuksak, eng porloq yulduzi kabi nafis qalblarga, goʻzallik va ezgulik ishtiyoqida yongan yuraklarga saxiylik bilan nur taratib kelmoqda. Pushkin yaratgan asarlar – lirik sheʼrlar, dostonlar, ertaklar, dramatik asarlar, hikoyalar, qissalar, romanlarning hamasi vaqt sinovidan muvaffaqiyat bilan oʻtdi. Chinakam sanʼat asari zamonlar oʻtishi bilan qarimas, aksincha, har qaysi zamonda avval uncha koʻzga tashlanmagan yangi qirralari jilolanib yasharib borar ekan. Pushkinning qay bir asarini oʻqimang, ular xuddi kechagina yozilgandek tuyuladi. Shuning uchun ham bugungi kunda bu asarlar har qanday sarhadlardan oshib oʻtib, dunyoning hamma goʻshalariga yetib bordi. Bugungi kunda Pushkin Yevropava Osiyoda, Afrika va Avstraliyada ham, Shimoliy va Janubiy Amerika qitʼalarida ham kitobxonlarning eng sevimli yozuvchilaridan biri boʻlib qolgan. Bu buyuk soʻz sanʼatkorining taqdiri yana bir haqiqatni tasdiqlaydi – daho shoirlar, ulugʻ adiblar hamisha bir xalqning farzandi, bir muhitning mevasi oʻlaroq maydonga keladiyu, keyinchalik hamma xalqlarning farzandiga aylanib ketadi. Bugun dunyodagi yuzlab xalqlar qatori oʻzbek xalqi ham Pushkinni oʻzlarining sevimli ijodkorlari sifatida sevadi va uning asarlarini qayta-qayta oʻqishdan charchamaydi. Undan oʻz milliy adiblari kabi faxrlanadi, asarlaridan bahramand boʻladi. Buning sababi shundaki, Pushkin oʻz davrining eng ilgʻor gʻoyalarini yuksak mahorat bilan ifodalay olgan. U rus milliy shoiri boʻlgani holda umuminsoniy haqiqatlarni hayqirib kuylagan edi. Albatta, Pushkin buyuk shoir sifatida har qaysi oʻziga xos, bir-birini takrorlamaydigan ijodiy olamni yaratgan.

Maʼlumki, Rossiya 1812-yilda Vatan urushini boshidan kechirdi – rus qoʻshinlari buyuk sarkarda Mixail Illarionovich Kutuzov boshchiligida butun Yevropani titratgan Napoleon I Bonapart armiyasini tor-mor qildi va uni Rossiyadan quvib chiqardi. Darhaqiqat, bu buyuk gʻalaba Rossiyadagi ilgʻor kuchlarning vatanparvarlik tuygʻularini oshirib-toshirdi, ularning qalbini oʻz vatani, oʻz xalqi uchun iftixor hislariga toʻldirdi. Vatan urushi butun dunyo qarshisida Rossiyaning buyuk mamlakat ekanini, rus xalqining esa isteʼdodi ham, qudrati ham bitmas-tuganmas buyuk xalq ekanini yana bir marta namoyish etdi. Ayni choqda, shu buyuk gʻalabaning shuʼlasi Rossiya hayotining ilgari koʻzdan nari, panada yotgan tomonlarini ham yoritib yubordi, jamiyatning juda keskin ijtimoiy ziddiyatlarini ochib tashladi. Maʼlum boʻldiki, Napoleonni yenggan, tarixning ijodkori boʻlgan xalq benihoya qiyin sharoitda zulmat qoʻynida, zulm iskanjasida, erksizlik va jaholat toʻrlariga chulgʻangan holda yashar ekan.

Butun mamlakatda krepostnoy huquq hokim: bu huquqqa binoan dehqon pomeshchikning mulki hisoblanar edi. Pomeshchik oʻz dehqonini ishlatishi, qonini zulukdek soʻrishi, koʻngliga kelsa buyumdek sotib yuborishi, istagancha tahqirlashi mumkin edi. U dehqonni oʻldirib yuborgan taqdirda ham, hech kim qotil pomeshchikning mushugini pisht deyolmas edi. Mamlakatning ilgʻor fikrli, sof vijdonli odamlari bunday ahvolga chidab turolmadilar. Mavjud ijtimoiy tartiblarni, krepostnoy huquqni, unga panoh boʻlib turgan monarxizm sistemasini tanqid qilish boshlangan, Rossiyani Yevropa mamlakatlariga qiyos qilish kuchaygan, adolatli, erkin, maʼrifatli jamiyat barpo etish uchun kuchli harakat boshlan edi. Bu harakat tarixda dekabristlar harakati degan nom bilan shuhrat qozondi: 1825-yilning 14-dekabr kuni bir qancha zobitlar Sankt-Peterburgda Senat maydoniga chiqib, podshoga qarshi isyon koʻtardilar. Isyon shafqatsiz suratda bostirildi. Uning ishtiokchilaridan besh kishi dorga osildi, yuzlab odamlar Sibirga surgun qilindi, turmalarga tashlandi. Isyon bostirildiyu, lekin podsho hukumati uning ruhini bostira olmadi. Senat maydonida roʻyi-rost namoyon boʻlgan isyonkorlik ruhi, erkinlik istagi, maʼrifatga, ziyoga tashnalik, zulmatga, jaholatga nafrat, rus xalqini uning boʻyi bastiga, qudratiga, buyukligiga munosib tarzda ozod va baxtiyor koʻrish ishtiyoqi yashashda davom etdi. Xuddi shu ruh, shu gʻoyaviy tamoyillar XIX asrdagi rus adabiyoti, musiqasi, rassomchiligi uchun qudratli qanot boʻldi va ularning yuksak parvozini taʼminladi. Pushkin birinchilardan boʻlib, shu isyonkorlik ruhidan bahramand boʻldi va birinchilardan boʻlib, erksevarlik gʻoyalarini, zulmga qarshi otashin nafratlarini oʻz asarlariga singdirib yubordi. Uning sheʼriyati tom maʼnodagi kurashchan sheʼriyat edi. U oʻz asarlarida rus kishisiga muhabbatni kuyladi, oddiy insonning buyukligini tarannum etdi. Bu buyuk insonning ijodi odamlar qalbida ezgulikka ishtiyoqni barq urdirib, zulmat ichidagi nurdek porladi.

Rus xalqining ulugʻ shoiri Aleksandr Sergeyevich Pushkin 1799-yil 6-iyunda Moskvada kambagʻallashib qolgan dvoryan oilasida tugʻildi. Uning onasi Nadejda Osipovna buyuk Pyotrning arabi deb shuhrat qozongan, keyinchalik general darajasiga koʻtarilgan Ibrohim Gannibalning nevarasi edi. Otasi Sergey Lvovich kambagʻallashib qolgan dvoryanlardan boʻlib, maʼrifatli, adabiyotni yaxshi koʻradigan odam boʻlgan. Yaʼni shoirning otasi adabiyotga juda qiziqqan boʻlib, uning boy kutubxoasi ham bor edi. Aleksandrning amakisi Vasiliy Lvovich Pushkin boʻlsa oʻzi sheʼrlar ham yozib turar, zamonasining taniqli shoiru adiblari bilan yaqin muloqotda boʻlardi. Pushkinlar xonadoniga Nikolay Mixaylovich Karamzin, Igor Ivanovich Dmitriyev, Konstantin Nikolayevich Batyushkovlar tez-tez kelib turganlar.

Pushkinning ota-onasi farzandini chet ellik tarbiyachi – guvernerga (guverner - murabbiy, tarbiyachi) topshirgan edi. Pushkinning guvernerdan olgani shu boʻladiki, u yetti yoshga kirganida frantsuz tilida mukammal oʻqiy va yoza oladigan boʻlgan. Biroq fransuz tarbiyachilari Pushkin tarbiyasiga foydali taʼsir koʻrsata olmaganlar. Bolalik chogʻlarida Pushkinda buvisi Mariya Alekseyevna Gannibal chuqur taassurot qoldirdi. Mariya Alekseyevna nabirasini behad yaxshi koʻrgan, unga koʻp vaqtini bagʻishlagan. U yosh Pushkinni rus tilida oʻqish va yozishga oʻrgatdi, unga ajoyib xalq ertaklarini aytib berdi. Shuningdek, Rossiyaning qadimgi turmushidan jonli hikoyalar aytib bergan. U nevarasiga, ayniqsa, podsho Pyotr Birinchining faoliyati haqida, bobokaloni Gannibal toʻgʻrisida gapirishni juda yoqtirgan edi. Keyinchalik Pushkin rus tarixiga chuqur qiziqish bilan qaragan, hatto tarixiy mavzularda oʻnlab asarlarni yaratgan. Pushkindagi tarixga qiziqishning dastlabki urugʻlarini uning qalbiga buvisi Mariya Alekseyevna ekkan edi.

Rus krepostnoy dehqonlari, uy xizmatkorlari Pushkinning eng yaqin doʻstlari edi. Pushkin enagasi Arina Rodionovnani hammadan ham koʻproq sevar edi. Pushkin buvisi va enagasidan eshitgan ertak va qoʻshiqlarni umrbod esida saqlab qoldi. Ular Pushkinda ona tili va xalq poeziyasiga muhabbatni uygʻotdi.
Pushkinning oʻzi kun boʻyi otasining kutubxonasida boʻlar, boshini koʻtarmay kitob oʻqir edi. U oʻn besh yoshga qadam qoʻyganida rus va fransuz tilidagi koʻp kitoblarni va badiiy asarlarni oʻqib chiqib, anchasini yod olgan edi.
Badiiy adabiyotni tinimsiz oʻqishi, enagasidan va buvisidan eshitgan ertak va hikoyalari Pushkinda ijodga boʻlgan isteʼdodni barvaqt uygʻotdi. U har xil janrlarda qobiliyatini sinab koʻrdi: masallar, sheʼrlar, doston va komediyalar yozdi.

1811-yilda Peterburg yaqinidagi Tsarskoye seloda oʻrta va oliy maʼlumot beradigan maxsus oʻquv yurti – litsey ochildi. Pushkin 12 yoshga toʻlganda amakisi Vasiliy Lvovich uni Moskvadan Peterburgga olib keladi. Yosh Aleksandr qabul imtihonlarini topshirib, mana shu litseyga kirdi.
Bu litsey podsho Aleksandrning buyrugʻi bilan nufuzli dvoryanlarning bolalari uchun ochilgan boʻlib, undan podshoning umidi katta edi. Ammo podshoning bu umidlari puchga chiqdi.
Pushkin va u bilan birga oʻqishga kirgan oʻttizta oʻsmir litseyning birinchi talabalari edi. Ular tezda doʻstlashib ketishadi.
Litsey yopiq oʻquv yurti boʻlgn: tarbiyalanuvchilar litseyda ham oʻqir, ham yashar edilar. Litsey oʻquvchilari oʻqituvchilar bergan bilim bilangina cheklanib qolmay, hayot va odamlar haqida yana ham koʻproq bilim olishni istar edilar. Ular, ayniqsa, adabiy hayot va siyosiy voqealar bilan juda qiziqardilar.
Pushkin oʻz oʻrtoqlariga hamma vaqt samimiy munosabatda boʻlar, ayniqsa, Ivan Ivanovich Pushchin, Anoton Antonovich Delvig, Vilgelm Karlovich Kyuxelbekerni juda ham yahshi koʻrar edi. Ular keyinchalik rus tarixida salmoqli iz qoldirishdi va umr davomida Pushkinga sadoqatlarini saqlab qolishdi. Delvig, Kyuxelbekerlar sheʼrlar yozar edi. Bu sheʼrlar oʻquvchilarning gazetalarida va rasmli qoʻl yozma jurnallarida chiqarilar edi.
Litsey talabalari koʻplab kitoblar oʻqishar va oʻqiganlari ustida qizgʻin bahslar qilishardi. Pushkin oʻqishda ham, bahslarda ham tengdoshlari orasida ajralib turardi.
Pushkinning litseyda oʻqigan chogʻlari 1812-yilgi Vatan urushining tarixiy voqealariga toʻgʻri keldi. Bu voqea butun mamlakatni hayajonga soldi va koʻp kishilarda vatanparvarlik, milliy iftixor tuygʻularini uygʻotdi.
Pushkin va uning oʻrtoqlari litseyda tahsil olayotgan vaqtlaridayoq krepostnoy tuzumning nobopligi va adolatsizligini tushunib olgan ilgʻor kishilar bilan tanishadilar.

Ularning fikrlari, nutqlari va xatlari Pushkinning oʻz hayotini xalqqa va uning ozodligi uchun kurashga bagʻishlash kerakligini anglashga yordam berdi.
Pushkin litseyda oʻqib yurgan vaqtlaridayoq sheʼrlar yoza boshlaydi Pushkinning shoirlik shuhrati litsey doirasidan chetga chiqadi. Uning matbuotda bosilgan ilk asari 1814-yildan «Vestnik Yevropi» («Yevropa darakchisi») jurnalida «Shoir doʻstimga» sheʼri boʻlib, mazmuniga koʻra u Kyuxelbekkerga bagʻishlangan edi. Pushkin yozgan ilk sheʼrlari qoʻlma-qoʻl boʻlib ketadi va u koʻpchilikning eʼtiborini qozonadi. Hatto Vasiliy Andreyevich Jukovskiydek atoqli shoir Pushkin bilan tanishish uchun atayin litseyga keladi. Jukovskiy keyinroq shoir Pyotr Andreyevich Vyazemskiyga yozgan maktubida litseyga borish tafsilotini toʻla bayon qilib Pushkinni «adabiyotimizning umid yulduzi» deb atagan edi. U yana: «Biz hammamiz birlashib, bu isteʼdodning oʻsishiga yordam bermogʻimiz darkor. Kelgusida u hammamizni ortda qoldiradigan ulugʻ shoir boʻlib yetishadi», deydi.
Pushkinning boshqa sheʼrlari yuqorida taʼkidlab oʻtganimiz sheʼri eʼlon qilingandan keyin, bir yil keyin esa boshqa jurnallarda ham muntazam ravishda bosila boshlaydi.
Pushkin haqida yozgan mualliflarning deyarli hammasi uning litseydagi hayotidan yana bir voqeani eslab oʻtishadi. Bu –1815-yilning yanvarida boʻlgan voqea. Oʻshanda talablarning yuqori kursga oʻtishlari oldidan imtihon boʻlgan.
Pushkin 1815-yil yanvarida litseyda tantanali imtihon vaqtida mashhur shoir Derjavin huzurida yangi yozgan «Tsarskoye Selo xotiralari» sheʼrini baland ovoz bilan oʻqib beradi. «Mening ovozim, - deb yozadi Pushkinning oʻzi bu paytni eslab, - oʻspirinlarnikidek jaranglar, qalbim esa huzurbaxsh shodlik bilan toʻlgan edi. Men sheʼrimni qanday oʻqib tamomlaganimni xotirlay olmayman. Oʻqib boʻlib qayerga qochganimni eslay olmayman. Derjavin haddan tashqari quvonib, men bilan quchoqlashib koʻrishmoqchi boʻlib, meni yoʻqlatibdi…Ammo meni qidirib topolmadilar».
Darhaqiqat, imtihonda ishtirok etgan shoir Derjavin sheʼrdan gʻoyat taʼsirlanib, koʻziga yosh olib, Pushkinni quchmoqchi, peshonasidan oʻpmoqchi boʻladi. Biroq Pushkin ham hayajonda oʻzini tutolmay, sheʼrini oʻqib boʻlishi bilan, zaldan yugurib chiqib ketgan va hech kim topolmaydigan joyga yashirinib olgan edi.
Pushkin litseyda 6 yil tahsil oldi, 1817-yilda uni tamomlab, chinakam hayot yoʻliga kirdi. U shoir boʻlib yetishgan edi.

Pushkin litseyni bitirgandan soʻng, davlat mansabdori etib tayinlandi. Lekin yosh shoirni bu xizmat qiziqtirmas edi. Uni poytaxtdagi madaniy hayot oʻziga tortdi. U koʻp mutolaa qildi, adabiy jamiyat va toʻgaraklarda qatnashdi, teatrlarga muntazam ravishda borib turdi va musiqani juda sevdi. Pushkin, ayniqsa, ijtimoiy-siyosiy voqealarni diqqat bilan kuzatib bordi.
Bu yillarda dvoryanlarning krepostnoy zulmga nafrat bilan qarovchi ilgʻor qismlari yashirin jamiyatlar tuzib, bu jamiyatlarda podshoga va pomeshchiklarga qarshi qoʻzgʻolon koʻtarishga tayyorgarlik koʻrdilar.
Pushkin ularning harakatida bevosita ishtirok etmasa ham, ularning aʼzolari bilan juda yaqindan aloqada boʻldi. U inqilobchi dvoryanlarning otashin kuychisi boʻlib qoldi, qullik kishanlarini parchalab tashlashga qaratilgan, hurriyatparvarlik gʻoyalari bilan sugʻorilgan «Erkinlik» qasidasi (1817), «Chadayevga», «Ertaklar» (1818), «Qishloq» (1819) degan sheʼrlarini, podsho Aleksandr I, uning ministr va amaldorlariga qarshi hajviyalar yaratdi. Bu asarlar qoʻl yozma holda faqat dvoryanlar oʻrtasidagina emas, balki hurriyattalab ziyolilar, savodli dehqonlar va askarlar oʻrtasida ham keng tarqaldi.

Pushkinning bu vaqtlarda yozgan asarlari ichida litseydaligida boshlagan va 1820-yil koʻklamida tugatgan «Ruslan va Lyudmila» dostoni ayniqsa diqqatga sazovordir.
Ammo Pushkin xavf-xatar ostida qoladi. Uning sheʼrlari podsho qoʻliga ham tushadi. Aleksandr I litsey direktori Engelgardt bilan uchrashganda, uning sobiq shogirdi Pushkinni tilga olib, u: «Pushkin kishini gʻazablantiruvchi sheʼrlari bilan butun Rossiyani toʻldirib yubordi: yoshlar hammasi uning sheʼrlarini yod biladilar… Pushkinni Sibirga surgun qilish kerak», - degan edi.
Bu nohaq buyruqdan xabardor boʻlgan shoirning doʻstlari Karamzin, Jukovskiy, Chadayev uni surgundan qutqarib qolish uchun harakat qilishadi. Bu harakat tufayli shoirning qismati birmuncha yengillashadi. Uzoq va sovuq Sibirga yuborish oʻrniga Pushkinni Rossiyaning janubiga surgun qiladilar. Shoir 1820-yilning may oyida endigina 21 yoshni qarshi olgan vaqtida qarindoshlari va doʻstlari bilan xayrlashib, Peterburgdan janub tomonga, Bessarabiya noibi general Inzov qoʻl ostidagi xizmatga surgunga ketdi.

Pushkin general Inzov idorasi oʻrnashgan Yekaterinoslav (hozirgi Dnepropetrovsk) shahriga kelishi bilanoq, Dneprda choʻmilib, xastalanib qoldi.
Shu vaqtda 1812-yilgi urush qahramoni general Rayevskiyning oilasi Pushkinni koʻrgani keladi; Rayevskiyning oʻgʻli Pushkinning doʻsti edi. Rayevskiylar oilasi Kavkaz va Qrimga ketayotgan edilar. Ular shoir bilan samimiy munosabatda boʻladilar. Pushkinni davolatishni sabab qilib general Inzovdan ruxsat olishga va uni oʻzlari bilan birga olib ketishga muvaffaq boʻladilar. Pushkin Kavkazga borib, ikki oy davomida maʼdanli suvda (Pyatigorskda) davolanadi, soʻngra Rayevskiylar bilan birga Qora dengiz boʻylab sayohat qiladi.
Janubning tabiati shoirni maftun etdi. Pushkin Kavkazdaligida togʻ xalqlarining hayoti va urf-odatlari bilan tanishadi; Rayevskiyning katta oʻgʻli bilan birga ingliz shoiri Bayronning bir qancha asarlarini ruschaga tarjima qildi. Koʻplab sheʼrlar yozdi. «Kavkaz asiri» dostonini yozishga kirishdi. Qrimda u bir qancha qadimgi afsonalarni yozib oldi. Qrimdan qaytishda yoʻl-yoʻlakay Boqchasaroyga qoʻndi. «Boqchasaroy fontani» dostonining mavzusi va gʻoyasi shu yerda tugʻildi.
Pushkin 1820-yilning sentyabr oyida Kishinyovga bordi, chunki u sayohatda yurganida Inzovning idorasi Kishinyovga koʻchirilgan edi. Pushkin surgunda boʻlgan vaqtlarida ham Rossiyaning ilgʻor kishilari bilan yaqin aloqa bogʻlay oldi. Rossiyaning shimolida boʻlgani kabi, janubida ham samoderjaviye va krepostnoychilik tuzumiga qarshi kurashuvchi yashirin jamiyatlar tashkil etilgan edi. Pushkin Kishinyovda janubiy jamiyatning rahbari Pestel va boshqa dekabristlar bilan tanishdi. Ular oʻz shoirlarini yaxshi koʻrishar va unga ishonar edilar.

Pushkin Kishinyov surgunida uch yilcha (1823-yilning iyul oyigacha) boʻldi. Bu yillar Pushkin ijodining gullagan davri edi. Kishinyovda u bir qancha yirik asarlar va ajoyib sheʼrlar yozdi. «Kavkaz asiri» dostonini tugatdi (doston 1822-yilda bosilib chiqdi). «Boqchasaroy fontani» ustida ishladi. 1823-yil mayda «Yevgeniy Onegin» romanini yoza boshladi. «Afsungar Oleg toʻgʻrisida qoʻshiq» balladasi, «Tutqun» sheʼrini ham shu yillar orasida yozdi.
Pushkin, ozroq muddatga boʻlsa ham, Peterburgga borib turishga ruxsat etilishini bir necha marta iltimos qildi, lekin podsho amaldorlari uning iltimosini rad qildilar. Shundan keyin shoir oʻzining boshqa biron kattaroq shaharga koʻchirilishini soʻradi. Bu ishda oʻrtoqlari ham unga yordamlashdilar va 1823-yilning yozida Pushkin Odessaga, Janubiy oʻlka general gubernatori graf Vorontsovning qoʻl ostiga yuborildi.
Bu vaqtda Pushkin hammaga mashhur shoir edi. Odessaning ilgʻor kishilari, ayniqsa, yoshlar Pushkinni doʻstona kutib oldilar.
Odessadagi dvoryan asilzodalar ichida Pushkinning anchagina dushmanlari ham bor edi. Ularning eng ashaddiysi graf Vorontsov oʻz atrofidagilarning xushomadlariga, taʼzim qilib turishlariga odatlangan takabbur amalparast edi. Xalqning shoirga boʻlgan muhabbati, kishilar tomonidan uning nomi sevib tilga olinishi Vorontsovga hech yoqmadi. U Pushkinni kamsitishga, obroʻsizlantirishga harakat qilar, unga munosib boʻlmagan mayda ishlarni buyurar va hatto, uni taʼqib qilish uchun maxfiy odam qoʻygan edi.
Pushkin bu amalparastga boʻyin egmadi, unga atab hajviya yozdi. Shundan keyin Vorontsov Pushkin ustidan shikoyat qilib, Peterburgga xatlar yozdi va shoirning Odessadan joʻnatib yuborilishini talab qildi. Bir kuni Pushkinning oʻz doʻstlaridan biriga yozgan xati politsiya qoʻliga tushadi, xatni ochib oʻqiydilar, Bu xatda shoir oʻzining dinga ishonmasligini yozgan ekan. Bu xat shoirdan tezroq oʻch olish uchun bahona boʻladi. Natijada 1824-yil yozida podshoning amri bilan Pushkin Odessadan Pskov gubernyasiga, oʻz ota-onasining joyi Mihaylovskoye qishlogʻiga surgun qilindi.

Pushkin Mihaylovskoyeda ikki yil yashadi. Bu «zerikarli», ogʻir yillarda shoirning eng yaqin kishisi uning enagasi Arina Rodionovna boʻlib qoldi. «U mening birdan-bir doʻstim, faqat u bilangina zerikmayman», deb yozgan edi Pushkin. Shoir enaganing ertaklarini, hikoyalarini mehr-muhabbat bilan tinglar va ravon, obrazli soʻzlarini eshitib, benihoya xursand boʻlardi. Enaga Pushkinga «Dengiz ortida faqirona yashovchi chittak» haqida yoki «Suvga borayotgan qiz» haqidagi qadimgi rus xalq qoʻshiqlarini, ziqna pop, uning chaqqon xizmatkori, Sulton shoh va boshqalar haqidagi ertaklarini aytib berar edi.
Mihaylovskoyeda Pushkinning xalq ogʻzaki ijodiyotiga boʻlgan qiziqishi yanada kuchaydi. Pushkin gadoy, koʻrlarning qoʻshiq, ertak va hikoyalarini tinglaydi va yozib oladi. U dehqonlarning soʻzlarini, maqollarini eshitadi. Buyuk shoir xalqdan oʻrganib, soʻz boyligini oshiradi. U oddiy kishilarning sodda hayotini oʻrganadi. Rus qishlogʻining ajoyib manzarasini, uning qahraton qorli qishini, goʻzal bahorini, oltin kuzini koʻrdi. Bu taassurotlarning hammasi shoir ijodida oʻz aksini topdi.
Pushkin xilvat Mihaylovskoye qishlogʻida koʻp va samarali ishladi.
Bu yerda u «Loʻlilar» dostonini yozib tugatdi, yuzga yaqin lirik sheʼrlar yaratdi. «Yevgeniy Onegin» sheʼriy romani ustidagi ishini davom ettirdi. U 1824-yilning oxiridan to 1825-yilning oxirigacha «Boris Godunov» nomli fojiasini yozdi. Bu asarning bosh qahramoni xalq boʻlib, shu jihatdan u jahon adabiyotida birinchi hisoblanadi. Yuqorida taʼkidlab oʻtganimizdek, buvisining yoshligida aytgan hikoyalari taʼsirida shoirda tarixga boʻlgan qiziqish katta edi. Shu munosabat bilan u «Boris Godunov» fojiasini yozadi. Pushkinning oʻzi eslashiga koʻra, u 1825-yilning noyabrida fojiaga nuqta qoʻygach, uni yolgʻiz oʻzi ovoz chiqarib oʻqiydi-da, keyinqarsak chalib, «Yashavor, Pushkin!» deya hayqirgan ekan.

1825-yilda Pushkinning qadrdon doʻstlaridan Delvig bilan Pushchinning uni koʻrishga Mihaylovskoyega kelishlari shoir hayotida eng quvonchli damlaridan biri boʻldi.
Xuddi shu yilning noyabrida podsho Aleksandr I ning oʻlgani, 14 dekabrda koʻtarilgan dekabristlar qoʻzgʻolonining yangi podsho Nikolay I tomonidan shafqatsiz bostirilgani toʻgʻriisidagi xabarlar Mihaylovskoyegacha yetib keldi.
Jazolanganlar qismati shoirni qattiq qaygʻuga soldi. «Osib oʻldirishga oʻldirdilar, lekin 120 doʻstim, yoru birodarim va oʻrtoqlarimning katorga qilinishi gʻoyat dahshatli!»- deb yozgan edi Pushkin.
Tintuv vaqtida qamoqqa olingan dekabristlarning koʻpidan Pushkin sheʼrlari topilgan va dekabristlar ularni inqilobiy ishlarga Pushkin sheʼrlari ilhomlantirganligini aytganlar.
1826-yil sentyabr oyi boshida Pskov gubernatori mansabdorlaridan biri Pushkin oldiga kelib, shoirga yoʻlga tayyorlanish kerakligini buyuradi. Chunki yangi podsho uni afv etib, Moskvaga chaqirtirgan edi. Shu bilan shoirning surgun davri tugaydi.
Lekin bu narsa shoirga koʻrsatilgan marhamat boʻlmay, balki podsho va uning jandarmlarining hiyla-nayrangdan iborat siyosati edi. Ular ulugʻ shoirni bundan keyin chekka bir joyda saqlab turish mumkin emasligini angladilar. Pushkin allaqachonlar xalqning sevimli shoiri boʻlib qolgan va uni butun Rossiya yaxshi tanir edi. Podsho uni saroy shoiriga aylantirish fikrida chaqirtirgan edi.

Yoʻldan charchab kelgan Pushkinni toʻppa-toʻgʻri podsho huzuriga olib kirdilar. Shu kunlarda Moskvada boʻlgan podsho uning yakka oʻzini qabul qildi. Nikolay dastavval Pushkindan shunday deb soʻradi: «Agar sen Peterburgda boʻlsang, 14- dekabrdagi voqeada ishtirok etgan boʻlarmiding?» Shoir oʻylab ham turmay, toʻppa-toʻgʻri javob berdi: «Albatta, davlatpanoh! Mening hamma oʻrtoqlarim qatnashgan isyonda men ham ishtirok etmay qolmas edim». Podsho oʻzini eshitmaganga solib qoʻya qoladi. Podsho hali Pushkinni xayr-ehsonlar bilan qoʻlga oʻrgatib olishdan umidvor edi.
Podsho bu uchrashuvda Pushkinni oʻz tarafiga tortish maqsadida munofiqlik bilan unga istagan yerda «ozod» yashashga ruxsat berdi. Nikolay I Pushkin bilan soʻzlashgan paytda oʻzini uning himoyachisi, doʻsti qilib koʻrsatishga harakat qildi. Ammo koʻp oʻtmasdan u adashganini tushunadi. Buni shoirni taʼqibdan qochirmay, uning ustidan uzluksiz maʼlumotlar yozib turgan aygʻoqchilar ham tasdiqlashadi. «Pushkinning qalami va gap-soʻzlari hech qachon hukumat foydasiga yoʻnaltirilmaydi» deb xulosa chiqarilgan shunday maʼlumotlarning birida, ammo shunda ham podsho «mehribonlik» bilan shoirga homiylik qilishni qoʻymaydi. Lekin bunaqa zoʻraki homiylik Pushkinga foydadan koʻra zarar keltirardi. Chunki podsho adabiyot masalalarida durustroq maslahat beradigan, ijodkorning oʻziga xos tabiatini tushunadigan darajada dono emas edi.
Moskva Pushkinni xursandchilik bilan kutib oldi. Moskvada shoirning koʻpgina samimiy doʻstlari boʻlib, ular uning zoʻr talantini juda sevar va qadrlar edilar. Lekin Pushkinning doʻstlari bilan birga dushmanlari ham bor edi. Moskvadagi toʻralar va boylar unga yomon koʻz bilan qarar edilar.
Pushkin Moskvadagi hayotining birinchi oylaridayoq oʻzining erkin emasligini seza boshladi. Jandarmlar koʻz-quloq boʻlib, shoirni hamma vaqt poylab yurar edilar. Uni bir necha martalab tergovga chaqirdilar. Pushkin jandarmlardan soʻroqsiz Moskvadan tashqariga bir qadam ham chiqa olmas edi. Jandarm boshligʻi, podshoning shoir orqasidan qoʻygan nazoratchisi graf Benkendorf Pushkinning oʻz asarlarini podshoning ruxsatisiz bosib chiqarishi u yoqda tursin, hatto oʻrtoqlariga oʻqib berishga ham yoʻl qoʻymasedi.
Nikolay I va dvoryan aslzodalari Pushkinni «oʻz» shoirlariga aylantirish mumkin emasligiga tezda ishondilar. Ulugʻ shoir samoderjaviyega boʻysunmadi, dekabristlar yengilgan boʻlsalar ham, Pushkin ularga avvalgiday sodiqligicha qolaverdi. Pushkin Mihaylovskoye qishlogʻidan qaytgandan soʻng yozgan sheʼrlarida dekabristlar ishining gʻalaba qozonishiga boʻlgan ishonchini dadillik bilan kuyladi.

Pushkin surgundan ozod qilingandan keyingi bir necha yil shoirning «sargashtalik yillari» deb ataladi. Haqiqatdan ham hukumat doiralari bilan toʻqnashish, rasmiy jurnal tanqidchiligi bilan kelishmaslik, ularning shoir ijodining ahamiyatini tushunmasligi, dekabrist doʻstlaridan judolik – hammasi qoʻshilib, Pushkinda diqqinafaslik, zerikish, hayotidan norozilik hissini uygʻotadi. Bu yillarni u bir joydan boshqa joyga koʻchish bilan oʻtkazadi. U goh Moskvada, goh Mihaylovskoye, goh Peterburg, goh Malinovkada «Tver guberniyasidagi bir tanishining mulkida», goh Ostafyevoda (Moskva atrofida) yashaydi.
Pushkin surgunda gʻazablanib yurgan dekabristlar va doʻstlarining taqdiri haqida doimo oʻylar edi. Bu uning ijodida ham aks etdi. U «Arion» (1827) sheʼrida: «Oʻshaqoʻshiqlarni hali ham kuylayman», deydi. «Sibirga maktub» (1827) sheʼrini doʻstlariga yuborib, ularga boʻlgan mehrini bayon etdi. Pushkin hatto podsholikdan ruxsat soʻramay, dekabristlar harakatida ishtirok etganliklari uchun askar qilib Kavkazga urushhga yuborilgan (Rossiya bilan Turkiya oʻrtasida urush borar edi) baʼzi doʻstlarini koʻrish maqsadida toʻppa-toʻgʻri harakatdagi armiya safiga (Arzrumga) joʻnab ketdi. Bu safar uchun Pushkin Benkendorf orqali podshodan hayfsan olgan edi.
1830-yilning bahorida Pushkin Arzrumdan Moskvaga qaytib keldi. Shu yilning kuzida otasining yer-suvi joylashgan Boldino qishlogʻiga borib, uch oy turdi.
Shu uch oy ichida u eng koʻp asar yaratdi. «Yevgeniy Onegin»ning VIII va IX boblarini, «Kolomnadagi uy» sheʼriy qissasini, toʻrtta «Kichik fojialar»ini, «Belkin povestlari», «Goryuxin qishlogʻi tarixi», talay sheʼrlar, adabiy-tanqidiy maqolalarini yozdi. Bu asarlarda Pushkin realizmi yanada chuqurlashdi.
Pushkin 1831-yilda Moskavaning goʻzal qizlaridan biri boʻlgan Natalya Nikolayevna Goncharovaga uylandi va toʻydan keyin er-xotin Peterburgga koʻchib ketishdi. «Men uylandim, baxtiyorman, - deb yozadi Pushkin doʻsti Pletnyovga. – birdan–bir istagim shuki, hayotimda hech narsa oʻzgarmasin – bundan yaxshirogʻiga erisholmayman». Biroq bu gal ham Pushkin istaganday boʻlmaydi. Peterburgda Pushkin va Natalya Goncharova podsho saroyiga yaqin guruhlar davrasiga jalb qilinadi. Bu davra esa faqat hashamatli ballar, tantanovor kechalar, ziyofatlar bilangina emas, har xil mayda igʻvolar, gʻiybatlar bilan ham band edi.
Tabiiyki, bunday boʻgʻiq muhit havosidan nafas olish Pushkinga malol keladi. Biroq Pushkin oʻz ixtiyorini kiborlar muhitining oqimiga berib qoʻymaydi. U yana tinimsiz mehnatga beriladi. Xuddi shu yillarda Pushkin bir qator ertaklar yartadi. «Shoh Sulton va uning azamat oʻgʻli Gvidon haqida ertak», «Baliqchi va oltin baliq haqida ertak», «Oʻlik malika va yetti bahodir haqida ertak», «Pop va uning xizmatkori Balda haqida ertak» kabilar shular jumlasidandir.
Pushkin yana chet ishlar Kollegiyasiga xizmatga olindi va kanselyariyada oʻtirish oʻrniga ulugʻ Pyotr tarixini yozish uchun arxivlarda ishlashga ruxsat etildi.

1833-yilda Pushkin podshoning ruxsati bilan Rossiya boʻylab toʻrt oy safarga joʻnaydi va Qozon, Orenturga, Uralsk kabi shaharlarda boʻlib, arxiv materiallari bilan tanishib, Yemelyan Pugachyov harakati haqida ilmiy ish yozmoqchi boʻldi. Shu niyatini amalga oshirish maqsadida 1833-yilning yoz oylarida Pugachyov harakat qilgan joylarni, uni koʻrgan-bilgan qariyalar bilan suhbatlashib, qoʻzgʻolon haqidagi maʼlumotlarini boyitdi. U safardan qaytishida Boldino qishlogʻida toʻxtab, kuzni shu yerda oʻtkazdi. «Pugachyov tarixi» kitobini, «Mis chavandoz» dostonini, «Qargʻa xonim» hikoyasini va bir talay sheʼrlarini yozdi.
Pushkinni dehqonlar qoʻzgʻoloni mavzusi koʻpdan qiziqtirib kelar edi. «Dubrovskiy» asari ham shu mavzuda yozildi.
Pushkinning nasriy asarlari ichida «Dubrovskiy» asari alohida oʻrin tutadi. Dastavval, Pushkin Dubrovskiy hagʻida roman yozmoqchi boʻlgan, biroq ish davomida bu niyatidan kechib, qissa yozish bilan cheklangan. Asar hajman kichkina boʻlsa-da, mazmunan juda teran. Maʼlumki, Dubrovskiy pomeshchik boʻlsa-da,adolatsizlikka qarshi bosh koʻtargan isyonkor odamdir. Toʻgʻri, uning isyonkorligi bir oz torroq xarakterga ega, u birinchi navbatda, otasi uchun pomeshchik Troyekurovdan oʻch olish maqsadida harakat qiladi, biroq shunday boʻlsa-da, ayrim oʻrinlarda uning isyoni kengroq mazmun kasb etadi. Qissa psixologik jihatdan puxta dalillangan, oʻtkir syujet asosiga qurilgan, ayni choqda, har qanday sunʼiylikdan, zoʻrma-zoʻrakilikdan xoli. Eng muhimi shundaki, Pushkin butun qalbi bilan Dubrovskiyni mard, olijanob, adoltli odam tarzida koʻrsatadi. Adib oʻz qahramoni Troyekurovning qizi Mashaga muhabbatini tasvirlashda ham birinchi navbatda, Dubrovskiydagi ritsarlik xislatlarini alohida taʼkidlaydi.

Pushkinning soʻnggi asarlaridan biri «Kapitan qizi» qissasidir. Bu qissa 1836-yilning 19-oktyabr kuni yozib tugatilgan boʻlib, Pushkin prozasining eng yaxshi namunasi hisoblanadi. Bu qissa ham tarixiy asar - unda Yemelyan Pugachyov qoʻzgʻoloni bilan bogʻliq voqealar aks etgan. Biroq yozuvchi aynan Yemelyan Pugachyov obrazini asarining markaziga qoʻymaydi. Asarning bosh qahramonlari Orenburg qalʼasining komendanti kapitan Mironov, uning rafiqasi Vasilina Yegorovna, zobit yigit Pyotr Grinyov, uning sevgilisi – kapitan qizi Masha Mironovadir. Shuningdek, Pyotr Grinyovning xizmatkori Savelyich ham qissada oʻziga xos oʻrin egallaydi. Aleksanr Sergeyevich Pushkin asar personajlarning hammasini yorqin ranglarda, hayotiy boʻyoqlarda tasvirlaydi. Ayniqsa, qissada Pyotr Grinyovning ogʻir hayotiy sinovlarda ulgʻayishi, mardona tabiatining shakllanishi yaxshi tasvirlangan – u bizning koʻz oʻngimizda boʻshgina tajribasiz yigitdan xavf-xatarlardan qoʻrqmaydigan tadbirkor zobitga aylanadi.
Pushkin Yemelyan Pugachyov obrazini ikkinchi darajali personaj sifatida koʻrsatsa-da, unga oʻzining xayrixohligini yashirmaydi. Birinchi marta u boʻronda adashgan Grinyovni toʻgʻri yoʻlga solib yuboradi va buning evaziga barinning qimmatbaho poʻstini bilan taqdirlanadi. Keyinchalik esa u Pyotr Grinyovni va Masha Mironovani dordan xalos etib, oʻzining olijanobligini roʻyi rost namoyish etadi.

Pushkin 1835-yilning oxirida «Sovremennik» (Zamondosh) degan jurnalni nashr etishga ruxsat oldi. U hayot vaqtida chiqqan shu jurnalning toʻrt sonida «Kapitan qizi», «Arzrumga sayohat», «Xasis ritsar» asarlari va bir necha sheʼrlari ham bosildi.
Bu orada Pushkinning boshi ustidagi bulutlar quyuqlasha boradi. Podsho Nikolay I har xil yoʻllar bilan shoirni tahqirlashga urinadi, uni kamsitadigan ishlar qiladi. Shu maqsadda u Pushkinga kamer –yunkerlik unvonini beradi. Bu unvon odatda yosh yigiʼlarga beriladigan unvon boʻlgani uchun, Pushkin buni kamsitishdek qabul qiladi. Shuning uchun shoir gʻururini qoʻldan bermay yozadi: «Men fuqaro boʻlishim, hatto qul boʻlishim mumkin, biroq sira-sira malay va masharaboz boʻlmayman!». Boʻyin egishdan bosh tortish, malay boʻlishni istamaslik tufayli Pushkin bilan kiborlar munosabati borgan sari yomonlashadi.
Umrining oxirgi yillarida Pushkin uchun ijod qilish va yashash tobora ogʻirlashdi. Shoirning xotini Natalya Nikolayevna Goncharova saroy bazmlarini sevar, kam oʻqir, erining ijodi bilan qiziqmas edi. Pushkinning xotini uchun va koʻpayib turgan oila aʼzolari uchun boʻlgan harajati ham osha bordi. Shoirning daromadi esa oz edi. Buning ustiga Pushkinni yomon koʻruvchi kiborlar jamiyati unga qarshi hujumni kuchaytirishni davom ettirdilar. Bu hujum usti yaltiroq, ichi qaltiroq gvardiya zobiti Djorj Sharl Dantes chet eldan Rossiyaga kelgan vaqtda ayniqsa avj oldi. Uning shoirning xotiniga odamlar oʻrtasida oshkora gap otib yurishi Pushkinning shaʼniga isnod keltiradigan gʻiybʼatlarga sabab boʻldi. 1836-yilning noyabr oyida Pushkin imzosiz maktub oladi. Maktub Pushkinni haqorat qilgan, uning nomusini tahqirlovchi iboralarga toʻliq edi. Pushkin bu maktubni golland elchisi Gekkeren yozgan deb oʻylaydi va uning tutinggan oʻgʻli Dantesni duelga chaqiradi. Shoir gap faqat Dantesdagina boʻlmay, balki podsho boshliq butun kiborlar jamiyatida ekanligini yaxshi tushunsa ham, uni duelga chaqirishga majbur boʻldi. Bundan tashqari, Dantes oʻta surbet odam boʻlib, Pushkinning xotiniga oshkora xushomad qilgan edi.

1837-yilning 8-fevralkuni (eski hisobda 27-yanvar) da Peterburg yaqinida, "Chyornaya rechka" deb nomlangan joyda oʻq tovushi eshitildi. Bu otilgan oʻq bilan Pushkin halok boʻlgan edi. Razil fransuz aslzodasi, Gollandiya elchisining asrandi oʻgʻli, zobit libosidagi yollangan qotil Dantes ulugʻ shoirni ogʻir yarador qildi. Rus xalqiga yot va dushman boʻlgan Dantes Rossiyaga amal va boylik izlab kelgan edi. Dvoryan aslzodalariuning qonli qoʻlini Pushkinga qarshi koʻtartirgan edilar. Dueldan ikki kun keyin – 10-fevralkuni (eski hisobda 29-yanvar) da Pushkinning yuragi urushdan toʻxtadi.
Podsho Nikolay I va uning hukumati duel boʻlishidan avvaldan xabardor edi, biroq uning olidini olib, buyuk shoirni oʻlimdan saqlab qolish uchun hech narsa qilmaydi. Aksincha, Pushkinni dafn qilish marosimi umumxalq namoyishiga aylanib ketishidan qoʻrqqan podsho buyuk shoirni imi-jimida koʻmish haqida koʻrsatma berdi.
Sevikli xalq shoiri bilan xayrlashish uchun minglab kishilar keldilar. Ular oʻz shoiri uchun motam tutgan oddiy rus kishilari edilar. Pushkinning tobuti ustida hoʻngrab yigʻlagan oddiy bir cholni koʻrib undan: «Siz shoirning qarindoshimisiz?» - deb soʻraganlarida u qaddini rostlab olib: «Men – rusman!» deb javob bergan edi. Faqat saroy kishilarigina shoirga motam tutmadilar.
Podshoga «Pushkinning vafotidan beri… uning uyiga 50 mingga yaqinkishi kelib ketdi», deb maʼlumot yuborildi. Shunchalik koʻp xalqning Pushkin uyiga kelishi Nikolay I ni tahlikaga soldi. U Pushkinning jasadi solingan tobutni yashirin ravishda jandarmlar nazorati ostida Pskov guberniyasidagi "Svyatiye Gori" degan joyga olib ketishni buyurdi. Ulugʻ shoirni 1837-yil 15-fevral kuni (eski hisobda 6-fevral) da Mihaylovskoye qishlogʻi yonidagi qadimgi Svyatigorskiy monastrining devori yoniga koʻmdilar.

Jahon adabiyoti tarixidagi eng buyuk siymolardan birining hayoti ana shu tarzda fojia bilan tamom boʻldi. Biroq podsho boshliq zamonaning qora kuchlari Pushkin nomini har qancha yoʻqqa chiqarishga urinishmasin, buning uddasidan chiqa olmaydilar: Pushkin sheʼriyati osmonida quyoshdek balqishda davom etadi. Uning asarlari esa sekin-asta Rossiya sarhadlaridan oʻtib, dunyoning eng olis joylarigacha yetib boradi va millionlab odamlarning qalbini zabt etadi. Beixtiyor shoirning oʻlimidan oldin yozgan soʻnggi yirik sheʼri «Haykal» esga tushadi.
Unda shoir asarlaribilan oʻziga «qoʻlda sozlab boʻlmaydigan haykal» yaratganini, hech qachon haykal poyiga olib keluvchi «xalqning ziyorat yoʻlini maysa-giyoh band qilmasligini aytadi:
Butun Rossiyani chulgʻab olar ovozam,
Undagi har bir ulus meni yodlab turajak.
Magʻrur olov bolasi,fin ham, bukun beorom
Yurgan tungus, hatto dashtin bir qalmoq.
Shoirning bashorati toʻgʻri chiqdi. Bugun u jamiki xalqlar uchun eng ardoqli shoir boʻlib qoldi.
Pushkin bevaqt vafot etdi: «Rus sheʼriyatining quyoshi» soʻndi, lekin uning oʻlmas asarlari xalqlar qalbida mangu qoldi. Uning asarlari samoderjaviye va dvoryanlarning jabr-zulmiga qarshi nafrat oʻtini yoqdi.
Yuqorida taʼkidlab oʻtganimizdek, Pushkinga butun xalq motam tutdi. Peturburgda bir sheʼr qoʻlma-qoʻl yura boshladi.
Lermontov «Shoirning oʻlimi» sheʼrida Pushkinning haqiqiy qotilini dadil va mardona koʻrsatib berdi. Bu sheʼr qoʻl yozma holida Peterburg va butun mamlakatga yoyildi.

«Shoirning oʻlimi» deb atalgan bu sheʼrda ogʻir judolikalami ham, bu fojiani tugʻdirgan qora kuchlarga nafrat ham gʻoyat zoʻr ehtirosbilan ifodalangan edi. Albatta, oʻsha kunlarda buyuk shoir kiborlar dunyosining qurboni boʻlganini, uni turli-tuman fisqu fasodlar halok qilaganini, podsho esa bu fojianing oldini olish oʻrniga voqealaarning borishini loqayd qalb bilan tomosha qilib turganini ancha-muncha odam bilardi. Bilardiyu, lekin hech kim buni baralla ovoz bilan aytgani yoʻq edi. Sheʼrda Pushkinning oʻlimi haqidagi haqiqat roʻyi rost aytilgandi. Unda mavjud qonunlar ortiga yashiringan, podsho taxtini panoh qilibolgan saroy ahli ochiqdan-ochiq shoirning jallodi, deb atalgan, bu qora kuchlar kelgusida javobgar boʻlishi, jazolanishi muqarrar ekani taʼkidlangan edi.
Pushkin asarlari jonajon xalqni hurmat qilish va sevishga oʻrgatadi. Biz uning bolalar uchun yozgan va bolalar tomonidan sevib mutolaa qilinadigan asarlari xususida toʻxtalish orqali ushbu fikrning toʻgʻri ekanligiga yana bir bor ishonch hosil qilamiz.
Aleksandr Sergeyevich Pushkin xalq ogʻzaki ijodini bolalikdan berilib oʻrgangan edi. Buloqday qaynab-toshgan xalq ogʻzaki ijodi shoirning ilhomiga ilhom qoʻshdi. Kelajakda mashhur shoir boʻlib, jahonga tanilishida boy manba boʻlib xizmat qildi. U, ayniqsa, oʻzining ertak-dostonlari bilan yosh kitobxonlarning hurmat-olqishiga sazovor boʻlib kelmoqda.
Bugungi kunga kelib butun dunyo boʻylab Aleksandr Sergeyevich Pushkinga lunyonig 50 dan ortiq mamlakatlarida haykallari oʻrnatilgan.

Aleksandr Sergeyevich Pushkin oʻzining «Pop va uning xizmatkori Balda haqida ertak» (1831), «Baliqchi vaoltin baliq haqida ertak» (1833), «Oʻlik malika va yetti bahodir haqida ertak»(1833), «Oltin xoʻroz haqida ertak» (1834) kabi ertak-dostonlari bilan jahon bolalar adabiyoti xazinasini yanada boyitdi.
Yuqorida biz taʼkidlaboʻtgan asarlarning hammasi boy va rang-barang xalq ogʻzaki ijodi taʼsirida yuzaga kelgan. Bu asarlar zamirida faktik materiallar yotganligini koʻramiz. Masalan,shoir «Ajoyib bolalar», «Egriqoʻ» xalqertaklai asosida «Shoh Sultonva uning azamat oʻgʻli knyaz Gvidon haqida ertak», «Qurumsoq kampir» xalq ertagi va rus xalq folklorining toʻplovchilaridan biri Vladimir Ivanovich Dal hikoya qilib bergan syujet asosida «Baliqchi va oltin baliq haqida ertak», «Sehrli koʻzgu» ertagi asosida «Oʻlik malika va yetti bahodir haqida ertak», uzoq yillar xalqni ayovsiz ishlatib, unga rahm-shafqat nima ekanligini bilmay oʻtgan va uning hatto pok xizmatlarini oʻzida mujassamlantirgan «Shabarsha batrak» ertagi asosida «Pop va uning xizmatkori Balda haqida ertak» yaratilganligini koʻramiz. Bu ertaklarning hammasi shoirning ijodiy ustaxonasida ishlanib, sayqallanib, yanada oʻqimishli, taʼsirli qilib yaratilgan. Ayniqsa, oltin baliqva baliqchi chol haqidagi ertagi juda ommalashib ketgan.

Pushkin oddiy, mehnatkash xalqni yaxshi koʻrardi,uni iloji boricha himoya qilishga, yon bosishga harakat qilar edi. Shuning uchun ham uning ertak-dostonlarida xalqqa boʻlgan cheksiz hurmat tuygʻusi barqurib turadi.
Masala, «Oltin xoʻroz haqida ertak»dagi shoh Dadon gʻirt ahmoq, na xalqni sevadi va na farzandlariga mehribon otalik qila oladi. Dadon oʻtaketgan darajada maishatparast va kaltabin. U butun podsholigidan, xalqidan, farzandlaridan oʻzga yurtli makkor ayolni ustun qoʻyadi. Buni xalq kechirmaydi. Natijada shoh xalqning qahr-gʻazabiga duchor boʻladi. Oltin xoʻroz tepkisidan halok boʻlgan shohga birovning rahmi ham kelmaydi, shohning oʻlimi ularga shodlik va ozodlik baxsh etadi.
Pop («Pop va uning xizmatkori Balda haqida ertak») obrazini shoir oʻziga xos tarzda aks ettirib eradi. Tekinxoʻr, ochkoʻz, oʻzgalar hisobiga umr kechiradigan bir pastkash kimsa ekanligini keskin ochib tashlaydi. Unga qarama-qarshi qilib oddiy va halol, mehnatkash va bahodir yigit Balda obrazini ijod choʻqqisiga koʻtaradi.
Ikki qahramonning bozordagi oʻzaro suhbatidanoq kitobxon kimning qanday inson ekanligini darhol sezadi.

Hayotda har bir narsaning, jumladan,tekinxoʻrlik, ochkoʻzlikning ham poyoni, oxiri bor. Kaltabin pop chertkini yeb halok boʻladi. Dastlab pop uni bir yil qattiq ishlatadi. Balda bergan vaʼdasiga binoan toʻrt kishining ovqatini yeb, yetti kishining ishini qiladi. Lekin vaʼdalashilgan vaqt yaqinlashgan sari pop undan qanday qutulish yoʻlini qidira boshlaydi. Oxiri xotini bilan maslahatlashib, Baldani huzuriga chaqirib bir vaqtlar jinlar unga oʻlpon, toʻlash kerakligini, biroq uch yildan beri hech qanday haq toʻlamagnini aytradi. Balda uning gapibilan jinlar huzuriga borib, ularning barcha shartlarini bajarib, aytilgan oʻlponni popga keltirib beradi va vaʼdasiga binoan popni chertadi. Natijasi esa oʻquvchiga maʼlum.
«Baliqchi va oltin baliq haqida ertak» dostonida shoir pok muhabbat mangu boʻlishini orzu qiladi. Boylik, mansab deb oʻtgan kunni unutmaslikni istaydi. Bundan tashqari, kimki halol peshona teri toʻkib boylik orttirmasa, birovlar hisobiga boyiydigan boʻlsa, u hech qachon yuqmasligini, birovnikimi, tamom birovnikiligicha qolib ketishini kampirning qismati bilan chogʻishtirib hikoya qiladi. Yer yuzi, butun olam hukmroni boʻlib olgan kampir cholni mensimaganligi uchun, ochkoʻz va badbaxtligi uchun yana eski hammom, eski tos bilan qolib ketaveradi. Buni shoir cholning soʻzi bilan juda chiroyli ifodalaydi.

Rostgoʻy, haqiqatni yoqlovchi shoir «Oʻlik malikava yetti bahodir haqida ertak», «Shoh Sulton va va uning azamat oʻgʻli knyaz Gvidon haqida ertak» asarlarida haqiqat bir kun emas, bir kun oʻz oʻrnini topadi, hamma baxtli, baxtiyor boʻladi, degan fikrni ilgari suradi.
Aleksandr Sergeyevich Pushkinning xalq ogʻzaki ijodiga asoslanib yozgan «Ruslan va Lyudmila» asari ham bolalar qalbiga ancha yaqin turadigan dostonlardan biri hisoblanadi. Rus ertaklari, qoʻshiqlari, afsonalari bu gʻaroyib asarga favqulodda goʻzal mazmun bergan. Yuksak insonparvarlikni oʻzida mujassamlashtirgan yorqin talant egasigina shunday asarni yarata olardi.
Mashhur rus romantik shoiri Jukovskiy «Ruslan va Lyudimila» dostoni nashr etilgach, Pushkinga «Gʻolib oʻquvchimga magʻlub murabbiydan» deb yozilgan portretini sovgʻa qiladi. Bu buyuk shoir dahosiga, qaysiki, ustozdan gʻolib kelib va zamondan ilgarilab ketgan kurashchan insonga berilgan xolisona baho edi.
Mana shuning uchun Pushkinga Rossiyaning mangu, otashin shoiri boʻlib qolmoq baxti nasib etdi.

Odam.uz tahririyati. Har bir maqolani odam tekshiradi va sodda, jonli oʻzbek tilida yozamiz. Maqsadimiz - foydali boʻlish va vaqtingizni behuda sarflamaslik.



