Gandi - yaxshilik va ezgulikning chin qahramoni

U - zoʻravonlikva tajovuzkorlikka qarshi faqatgina soʻz kuchidan foydalanib jang qila olgan inson. U Hindiston uchun “Millat otasi”, dunyo uchun esa “Buyuk qalb”ga aylangan shaxs. Bu insonning hayoti muhim voqealar, adolatsizliklar bilan toʻla, ammo u hattoki dushmanlariga ham hurmat bilan munosabatda boʻla olgan.

Moxandas Karamchand Gandi 1869 yilning 2 oktyabr kunida Gujarat shtatining Porbandar shahrida tavallud topdi. Uning oilasi Hindistondagi savdogarlar tabaqasi vakillaridan edi. Moxandasning onasi juda taqvodor va dinga berilgan ayol boʻlib, ibodatlarning hech biriga oddiy yumush sifatida qaramas, ularni chin dildan bajarishga intilardi. Bundan tashqari boshqa hinduiylar kabi ayol ham goʻsht isteʼmol qilmasdi, qattiq roʻza tutardi. Aynan onasi sabab bolakay ham yoshlik yillaridanoq dinni taniy boshladi va bu uning hayotida juda katta oʻrin tutdi.

Aytish kerakki, anʼanalarga koʻra, Moxandas juda erta oila qurgan. U uylangan paytlari atigi 13 yoshda edi. Rafiqasi Kasturbay xonim ham oʻsha paytlarda 13 yoshda boʻlgan. Buayol “Millat otasi” ning rafiqasi boʻlibgina qolmay, butun umr unga xizmat qildi, ochlik, haqorat azoblarini yonma-yon yutib bordi, umrining soʻnggi daqiqalariga qadar uning eng yaxshi doʻsti va yordamchisi boʻlib qoldi. Ular 4 nafar oʻgʻil farzandlar, Xarilal, Manilal, Ramdas va Devdasni dunyoga keltirdilar.

Moxandas 19 yoshlik paytlarida Londonga oʻqishga bordi va bu yerda yuristlik boʻyicha taʼlim olib qaytdi. 1891 yili oʻqishni tamomlagach esa Hindiston kelib, oradan 2 yil oʻtgach Janubiy Afrikaga hindlarning huquqlarini himoya qilish uchun bordi. Aynan mana shu paytlarda u “satyagraxa” deb nom olgan kuch ishlatmaslik gʻoyasiga asos sola boshlagandi.
1905 yilda Gandi oʻz yurtiga qaytdi. Shu paytda Rabindranat Tagor tomonidan unga “Maxatma” - “Buyuk qalb” degan nom berildi. Bunom uning qanchalar betakror inson ekanligiga ishora qilardi. Moxandas nomni shunchaki qabul qila olmadi va oʻzini ushbu nomga nomunosib sanadi. Ana oʻsha paytlarda Hindistonni Britaniyadan ozod qilish harakatlarini tashkil qila boshladi va buni kuch ishlatmaslik usuli bilan, turli mitinglar orqali amalga oshirdi. Bundan tashqari u Britaniyaning barcha mahsulotlarini boykot qildi.

Axiyri uning harakatlari oʻz natijasini berdi. U mamlakatni mustaqillik tomon olib bordi, hindlar ozodligi uchun kurashdi, buni hujumlar bilan emas, kuch ishlatmasdan, aksariyat hollarda ochlik eʼlon qilib bajardi. U insonlarning buyuk siymosiga aylanib qoldi.
1948 yilning 30 yanvar kuni tungi ibodatni bajarish uchun uyidan tashqariga jiyanining xamrohligida chiqqan Gandi atrofdagi koʻplab muxlislarini koʻrdi. Ana shu shovqin-surondan foydalangan Natxuram Godze ismli shaxs Gandiga yaqinlashib, unga 3 marta oʻq uzdi. Uchinchi oʻq Gandini oʻlim bilan toʻqnashtirdi, oʻlim oldidan esa u oʻz diniy taʼlimotiga koʻra “O, Rama!” soʻzlarini takrorladi. Millat otasiga aylanib qolgan, hech bir insonga nisbatan kuch ishlatmagan holatda mamlakatni mustaqillik darajasiga qadar olib chiqqan bu odam kechirimli boʻlishga barchani daʼvat etib kelar edi. Oʻlimi oldidan ham koʻzlarini ochib, qoʻllari bilan qotilni kechirganligiga ishora berdi va jon taslim qildi.

1. Avvaliga seni payqamaydilar, keyin ustingdan kuladilar, undan soʻng sen bilan kurashadilar. Shundan keyin esa gʻolib boʻlasan.
2. “Jonga - jon, qonga - qon” qabilida ish tutish dunyoni koʻr qiladi.
3. Kechirish - kuchli insonlarning sifati. Ojiz insonlar hech qachon kechirmaydilar.
4. Ozodlik oʻzida xato qilish erkinligini jo qilmagan boʻlsa, uning qadri hech narsaga teng emas.
5. Shaxsiy tajribaning bir grammi boshqalarning tonnalab nasihatidan qimmatroq.
6. Bu hamisha men uchun sir boʻlgan: insonlar huddi oʻzlari kabi kimsalarni yerga urib, yana qanday oʻzlarini hurmat qila oladilar?
7. Baxt bu - oʻylayotgan, gapirayotgan va qilayotgan narsalaringizning oʻzaro uygʻun boʻlishidir.
8. Maqsadni top - imkoniyatlar ham topilaveradi.
9. Yashashning yagona usuli - boshqalarning yashashiga qoʻyib berishdir.
10. Men insonlarning faqat yaxshi tomonlariga umid qilaman. Oʻzim ham gunohsiz emasman, shu sababli boshqalarning xatolariga eʼtibor berishga haddim sigʻmaydi.
11. Oʻzining donishmand ekanligiga ishonish - dononing ish emas. Shuni unutmaslik kerakki, kuchlilar oʻzlarining ojiz ekanliklarini namoyon qiladilar, donolar esa xatoga yoʻl qoʻyishadi.
12. Vijdon ishi koʻplab ovozlar bilan hal qilinmaydi.
13. Nafratni muhabbat, yolgʻonni haqiqat, zoʻravonlikni esa sabr bilan yengib oʻting.
14. Bir insonga mumkin boʻlgan narsa -boshqalarga ham shunday.
15. Mening ruxsatimsiz hech bir inson menga zarar yetkaza olmaydi.
16. Haqiqiy goʻzallik - qalb tozaligidir.
17. Dunyoni oʻzgartirmoqchi boʻlsang, ana shu oʻzgarish oʻzing boʻl!
18. Inson - oʻz hayollarining mahsulidir. U nimani oʻylasa, aynan shunga aylanib boraveradi.
19. Kuch - tanadagi mushaklar sonida emas, qoʻrquvning yoʻq ekanligidadir.
20. Men shunga aminmanki, dunyoni muhabbat ushlab turadi.

Odam.uz tahririyati. Har bir maqolani odam tekshiradi va sodda, jonli oʻzbek tilida yozamiz. Maqsadimiz - foydali boʻlish va vaqtingizni behuda sarflamaslik.



