Gulzor yaratishda nimalarga eʼtibor berish kerak?

Daraxtlar va oʻsimliklarni ekish uchun injenerlik rechasi – yer osti kommunikatsiyalari chizmasi kerak boʻladi. Elektr taʼminoti, gaz va suv yoʻllari aynan shular jumlasidan. Aks holda qurilish payti biror toʻsiqqa duch kelib qolsangiz, barcha narsalarni oʻzgartirishga ham majbur boʻlasiz. Shu sababli gulzor tashkil qilishdan avval hududni yaxshilab oʻrganish kerak.

Uyingizdagi boʻsh joyni bir nechta qismlariga boʻlib oling va ularning har birini alohida jihozlang. Odatda ularni quyidagicha taqsimlashadi:
1. Yashash qismi (uy, yozgi oshxona va ichki hovli);
2.Xoʻjalik qismi (turli xoʻjalik qurilmalari);
3. Bogʻ va tomorqa;
4. Dam olish hududi (oʻrindiqlar, basseyn, soʻri).

Hudud qismlarini rejalashtirib boʻlgach, yoʻlaklar haqida ham oʻylashingiz mumkin. Ular yurish qulay boʻlgan joylardan oʻtishi kerak. Ularni tekis yoʻnalishda hosil qilish shart emas. Toʻlqinsimon yoʻlaklar tekis yoʻlaklarga nisbatan qiziqarliroq koʻrinadi. Yaxshisi, ularni bir yoʻnalish orqali birlashtiring.

Balki sizga vertikal holatdagi rejalashtirish chizmasi kerak boʻlar. Relʼefni tuproq qazish, tuproq toʻkish kabi usullar bilan toʻgʻirlab chiqsangiz, barchasi mukammal koʻrinishga ega boʻladi. Bu borada landshaft mutaxassislariga murojaat qilish ham mumkin. Ular hududning barcha sifatlarini koʻzdan kechirib, kerakli relʼefni hosil qilib beradilar.

Reja tuzish paytida barcha mayda jihatlar – shamol yoʻnalishi, vaqti, soyalar, issiq va salqin hududlarning hammasini hisobga oling. Shundan keyin qay bir oʻsimlikni qaysi joyga ekish kerakligini osonroq aniqlab olasiz.


Odam.uz tahririyati. Har bir maqolani odam tekshiradi va sodda, jonli oʻzbek tilida yozamiz. Maqsadimiz - foydali boʻlish va vaqtingizni behuda sarflamaslik.



