Kuchli va muvaffaqiyatli inson boʻlishni istaysizmi?

Qoʻrquvni tahlil qiling va unga oddiygina jismoniy tuygʻu sifatida nazar tashlang. Oʻzingizdagi qoʻrquvni kuzatib boring, ammo unga yengilmang. Ushbu hodisalarni xuddi biror film yoki asar syujeti kabi qabul qila olsangiz barchasi asta-sekin oʻzgara boshlaydi.

Unutmangki, barchasini qaytadan boshlash uchun hech qachon kech boʻlmaydi. Oʻtmishingizdan qolgan ogʻir yuk va omadsizliklar azobi bilan yashamang. Hayotingizning eng muhim oni - bugundir, uni baxt, quvonch va omad tushunchalari bilan toʻldirish uchun imkon ham aynan bugun beriladi!

Oʻzingizga achinish odatidan butunlay voz keching. Bu quvvatingizning behuda sarf etilishi bilan barobar. Oʻzingizga achinib qaramang, alam va gina hislari ulkan choʻqqilar tomon borishingiz uchun toʻsqinlik qiladi. Bu esa insonga ruhiy taʼsir qilibgina qolmay, salomatligingizga ham jiddiy zarar yetkazib qoʻyishi mumkin.

Kechira olish qobiliyati - insondagi ajoyib imkoniyatlardan biri sanaladi. Oʻtmish onlari, sizga azob bergan insonlar, hayotingizdagi omadsizliklar, adolatsiz holatlar, qurbonliklar, ogʻriqlar - bularning barchasini qalbingizdan faqatgina kechirish usuli orqali chiqarib tashlashingiz mumkin.

Hayotni hech qachon adolatsiz, azobli tushuncha sifatida taʼriflamang. Umringiz davomidagi har bir toʻsiq-yanada kuchli va matonatli boʻlishingiz uchun koʻmak beruvchi darsdir! Hayotingizdagi har bir noxush odam ham sizga kichik boʻlsa-da saboq berish uchun qarshingizda paydo boʻlgan. Shunday ekan, biror narsa haqida oʻylasangiz-uning faqatgina yaxshi tomonlarini koʻrish uchun harakat qiling.

Hech eʼtibor qilganmisiz, oʻzgalarga yordam qoʻlini choʻzgan paytingizda yurakda allaqanday tushunarsiz, ammo betakror his paydo boʻladi. Shu ondan boshlab oʻzingizni avvalgidan baxtliroq, kuchli va yengilroq his qilishni boshlaysiz. Bu siz ulashgan baxtning asl mukofotidir!

Hayotingizda qanday holat sodir boʻlmasin,boshingizni hamisha baland tutib, gʻoz yurishga odatlaning. Zarbalarga yengilish - kuchli odamlarga xos boʻlgan sifat emas. Unutmang, hayotdagi haqiqiy muvaffaqiyat - muvaffaqiyatga erishish yoʻlida shakllangan iroda va matonat kuchi sanaladi.

Odam.uz tahririyati. Har bir maqolani odam tekshiradi va sodda, jonli oʻzbek tilida yozamiz. Maqsadimiz - foydali boʻlish va vaqtingizni behuda sarflamaslik.



