Omadning uch siri

Mashhur insonlarning tarjimayi holini koʻzdan kechirar ekansiz, ularning aksariyat qismi kundalik tutgani haqidagi maʼlumotga toʻqnash kelasiz. Misol uchun Benjamin Franklin har tong payti oʻziga “Bugun qanday yaxshi ishlar qilishim kerak?”, har kuni tun choʻkkanda esa “Bugun qanday yaxshi ishlar qila oldim?” deya savol bergan ekan.
Stiv Jobs esa vaqti-vaqti bilan oʻzingizga quyidagi savolni berib turishni tavsiya qilgan: “Agar bu hayotimning soʻnggi kuni boʻlganda bugun qilmoqchi boʻlgan ishlarimni bajararmidim?”
Albert Eynshteynning bu kabi qoʻlyozmalari soni 80 000 varaqni tashkil qilgan, AQSHning ikkinchi prezidenti Jon Adams esa umri davomida 50 ta kundalik tutgan. Oʻz hayotingizdagi fikrlar, rejalar va voqealarni yozib borish davomida eʼtiborli insonga aylanasiz va toʻgʻri qaror qabul qilishni oʻrganasiz.

Bugungi kunda olimlar kunduz kuni bir soat mizgʻib olgan insonlar oʻz vazifalarini boshqalarga nisbatan yaxshiroq amalga oshirishlari haqida aniqlab boʻlganlar. Tomas Edison, Uinston Cherchill, Ronald Reygan, Jon Rokfeller, Jon Kennedi kabi mashhur kishilar ham ushbu odatga rioya qilishgan. Shu sababli siz ham kunduz kuni bir soat uhlagancha aqlni charxlab oling!

Aksariyat muvaffaqiyatli insonlarning jismoniy jihatdan faol ekanliklarini ham yaxshi bilasiz, albatta. Misol uchun Charlz Darvin har kuni ikki marta toza havoda sayr qilgan. Charlz Dikkens esa kun davomida tez yurgancha 10 kilometrlik yoʻl bosgan. Stiv Jobs oʻzining muhim uchrashuvlari oldidan piyoda yurib rejalar tuzgan.
Zamonamiz olimlari tez yurish, piyoda sayr qilish miyani tozalashi, ijobiy qobiliyatlarni oshirishi va insonni tetiklashtirishi haqida bir necha bor taʼkidlaganlar.

Odam.uz tahririyati. Har bir maqolani odam tekshiradi va sodda, jonli oʻzbek tilida yozamiz. Maqsadimiz - foydali boʻlish va vaqtingizni behuda sarflamaslik.



