Qiziqarli maʼlumot: Osmonlarda qolgan yulduzlar - 1979 yil 11 avgustda sodir boʻlgan “Paxtakor” jamoasining halokati


Ushbu fojiada 178 kishi halok boʻldi, ulardan 17 nafari “Paxtakor” futbol jamoasining aʼzolari edi: Murabbiy Izgay Tazetdinov, shifokor Vladimir Chumakov, administrator Mansur Tolibjonov, oʻyinchilar Sergey Pokatilov, Viktor Churkin, Yuriy Zagumennix, Mixail An, Sirojiddin Bozorov, Ravil Agishev, Konstantin Bakanov, Olim Ashurov, Nikolay Kulikov, Vladimir Fyodorov, Vladimir Sobirov, Shuhrat Ishboʻtayev, Vladimir Makarov va Aleksandr Korchenev.
Tasodif tufayligina jamoaning bosh murabbiyi Oleg Bazilevich omon qoldi. U sharoit taqozosi bilan Minskga boshqa samolyotda biroz kechroq yetib bormoqchi edi. Turli sabablar bilan ushbu matchga bormagan darvozabon Aleksandr Yonovskiy, himoyachilar Toʻlagan Isoqov va Anatoliy Mogilniylar ham omon qoldilar.
Halokatga uchragan samolyotlardan biri Chelyabinsk-Voronej-Kishinyov yoʻnalishi boʻyicha, yana biri esa Toshkent-Guryev-Donetsk-Minsk yoʻnalishi boʻyicha parvoz qilayotgan edi.

11 avgust kuni parvozlarni dispecherlardan – 4 yillik ish tajribasiga ega boʻlgan Vladimir Sumskoy va 2,5 oylik ish tajribasiga ega boʻlgan 20 yoshli Nikolay Jukovskiylar boshqarganlar. Ularni yana ikkita mutaxassis Sergeyev va Tomilov nazorat qilib turgan edi. Nima boʻldi- yu, biroz vaqtga shunday masʼuliyatli dispetcherlik vazifasi tajribasiz Jukovskiyga yuklandi. Bundan tashqari, oʻsha mudhish kunda oʻsha hududda yana ikkita samolyot parvoz qilyotgan edi. Birida – chet elga uchayotgan yuqori lavozimdagi amaldor boʻlgan, ikkinchisida esa Qrimga Brejnevning huzuriga uchayotgan Mongoliya kommunistlarining rahbari bor edi. Shuning uchun ham balandlikdagi bir necha koridorlar yopilgan edi. Dispetcherlar bir vaqtning oʻzida 12 ta samolyotni boshqarayotgan edilar, qoʻllanma boʻyicha esa samolyotlar soni 10 tadan oshmasligi lozim edi.
Dispetcher masofalarni notʼgri hisoblab, samolyotlarga balandliklar boʻyicha buyruq bergan, natijada ikkita samolyot bir koridorga tushib qolgan. Halokatdan 4 daqiqa avval katta dispetcher hisobda noaniqliklar borligini sezib qoldi, vaziyatni toʻgʻrilashga harakat qildi, biroq aloqa tizimidagi shovqinlar va uchinchi uchoq Il -62 samolyotining paydo boʻlib qolishi bunga halal berdi.

1979 yil 11 avgust kuni soat 13:35da samolyotlarning toʻqnashuvi sodir boʻldi. Baʼzi versiyalarda samolyotlar tumshugʻi bilan urilgani aytilsa, boshqa versiyada Chelyabinsk samolyoti Toshkent samolyotining dum qismini boʻlib yuborgani va shundan keyin samolyot balandlikni yoʻqota boshlagani hamda yoqilgʻi bakining yona boshlagandan keyin samolyotning omon qolishiga hech qanday imkon qolmaganligi aytiladi. Shuningdek, terroristik akt, siyosiy manfaat, diversiya kabi sabablar ham koʻrib chiqilgan. Ammo dispetcherlar aybi eng qulayi, deb topildi va rasman shunday deb eʼlon qilindi. Halokatning asl sababi esa mavhumligicha qoldi.
Ushbu fojia tavsilotlari “Oʻta maxfiy” grifi ostida saqlangan. Hattoki sodir boʻlgan halokat bir haftadan keyingina, yaʼni 18 avgust kuni rasman eʼlon qilingan. Hamma ayblar dispetcherlarning boʻyniga yuklatilgan, ular ham 15 yil qamoq jazosini olishgan. Ammo shu muddatning 6 yilinigina oʻtab, amnistiya tufayli ozodlikka chiqqanlar.

Futbolchilarning jasadlari temir tobutda Vatanlariga18 avgustda keltirildi va Toshkent aeroportida ular bilan xayrlashish motam marosimi oʻtkazildi. U yerga faqatgina maxsus ruxsatnomasi borlargina kira oldilar.
Shunga qaramay, xalq oʻz suygan futbolchilarini oxirgi manzilga kuzatishga chiqdi. Aeroportdan Botkin qabristonigacha davom etgan motam jarayonida odamlar yoʻlning ikkila tomonida devor boʻlib turdilar, tobutlarni olib ketayotgan mashinalarning tagiga xalq gul tashlar edi. Odam oqimi keyin qabristonga bordi. Toshkent uzra xalqning ohu-nolasi va qaygʻu-gʻami hukmron edi, yigʻlamagan odamning oʻzi qolmadi. Shahar va butun Respublika bu karaxtlikdan ancha vaqtgacha oʻziga kelolmay yurdi. Yangi tarkibdagi “Paxtakor” jamoasining Tbilisida boʻlib oʻtgan futbol matchida diktor ayol halok boʻlgan futbolchilarning nomini oʻqir ekan, yigʻisini tutib tura olmadi, uni koʻrgan 50 ming odamli stadiondagi koʻpchilik muxlislar ham koʻz yoshlarini toʻxtata olmadilar.
2013 yil 11 avgustda Toshkentdagi Botkin nomli qabristonda 1979 yilda fojiali halok boʻlgan “Paxtakor” xotirasiga bagʻishlab yodgorlik oʻrnatildi.






Odam.uz tahririyati. Har bir maqolani odam tekshiradi va sodda, jonli oʻzbek tilida yozamiz. Maqsadimiz - foydali boʻlish va vaqtingizni behuda sarflamaslik.



