Shovqinning eshitish qobiliyatiga taʼsiri haqida

Quloq odamning eshitishi va muvozanatini saqlovchi organ hisoblanadi, agar quloq orqali eshitish imkoniyati boʻlmaganida, odamlar bosh aylanishidan aziyat chekkan va notekis harakatlanishdan qiynalgan boʻlardi. Maʼlumotlarga koʻra, yer yuzidagi har oʻnta odamdan bittasi kar boʻlib, ularning koʻpchiligi maxsus eshitish moslamasidan foydalanadi.

Har qanday odam uchun qulay tovush miqdori 45-50 detsibell atrofida boʻladi. Buni yoningizdagi odam bilan oʻrtacha ovozda suhbatlashganingizda chiqadigan ovoz balandligiga qiyoslasa boʻladi.

Organizm past tovushlarga u qadar kuchli reaksiya bermaydi. Ammo ayrim hollarda tovushlar tushunib boʻlmas bezovtalik, quloq va umurtqa pogʻonasidagi ogʻriqlarga sabab boʻladi. Ayniqsa, kun boʻyi shovqin chiqarib ishlovchi mexanizmlar quloq uchun yashirin xavf sanaladi. Kezi kelganda takidlash joizki, ayollar tovushlarni erkaklarga qaraganda yaxshiroq ilgʻaydilar. Shu sababli ham ayollar hamsuxbatining ovozidan uning kayfiyatini tezda anglab oladilar.

Uzoq vaqt davom etgan yoki juda baland shovqin inson sogʻligʻiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Transport va sanoatning jadal rivojlanishi, ishlab chiqarish hamda turmushda yangi texnikalarning keng qoʻllanilishi shovqin manbalarining koʻpayishiga sabab boʻlmoqda.

Bugunga kelib shovqin kasalliklar sonini koʻpaytiruvchi omil sifatida eʼtirof etilmoqda. Olimlar asab, yurak, qon-tomir kasalliklarining koʻpayib borayotganini shovqin taʼsiridan, deya baxolashmoqda. Odam qulogʻining eshitish hujayralari va asab tolalariga salbiy taʼsir etadigan kuchli shovqinga qarshi hozircha hech qanday sunʼiy himoya vositasi yoʻq. Shovqin markaziy asab tizimiga salbiy taʼsir koʻrsatib, bosh miya poʻstlogʻi hujayralarini holdan toydiradi. Natijada odam yaxshi uhlay olmaydi, tez charchab qoladi, diqqati susayadi, harakat uygʻunligi gavda muvozanati buziladi, umumiy ish faoliyati pasayadi. Shovqinning inson organizmiga uzoq vaqt taʼsir etishi markaziy asab tizimi faoliyatining buzilishi va gipertoniya kasalligini keltirib chiqaruvchi omillardan biridir.

Yana bir gap: shovqin organizmda stress holatini paydo qiladi. Shu bois shovqin kuchayganda, qonda stress gormonlarining miqdori keskin oshib, yurak urushi tezlashadi va qon quyuqlashib, tomirlarda spazm hosil boʻladi.

Mutaxassislarning fikricha, atrofimizdagi har bir daraxt 20 detsebellgacha boʻlgan shovqinni yuta olar ekan. Demak, tevarak-atrofni koʻkalamzorlashtirish va daraxtlar sonini koʻpaytirish nafaqat shovqindan himoyalanishga, balki kislorodga toʻyingan havodan baxramand boʻlishga ham yordam beradi.

Odam.uz tahririyati. Har bir maqolani odam tekshiradi va sodda, jonli oʻzbek tilida yozamiz. Maqsadimiz - foydali boʻlish va vaqtingizni behuda sarflamaslik.



