Soʻnggi koreys malikasining fojiali taqdiri

1912 yilning may oyida imperator Kodjonning joriyasi Yan Guy In qiz farzandni dunyoga keltirdi. Qizaloqqa Tok Xe deya ism berdilar. Ammo Tok Xeni qirolicha emas, joriya dunyoga keltirgani uchun amaldorlar unga malika sifatida nazar tashlamas edilar. Xalq marhuma qirolicha Minni juda yaxshi koʻrar, shu sababli ham oddiy joriya dunyoga keltirgan qizaloqni qabul qilish odamlarga oson emasdi. Shu bois ham qizaloq davralarda hurmat ila emas, kinoyali tabassum bilan qarshi olinardi.
1917 yilga kelib imperator qizini rasmiy ravishda malika deya tan olishlariga erishdi. Ammo rasmiy unvon odamlarning unga boʻlgan muhabbatlarini toʻliq taʼminlab bera olmadi.

Buning oqibatida Tok Xe kamgap va odamovi qiz boʻlib ulgʻaydi. Malika atrofidagilar bilan koʻp ham soʻzlashmasdi. Uning otasi sevimli qizining boshqa tengdoshlari bilan til topishishi uchun saroyda amaldorlarning farzandlari tarbiyalanadigan bogʻcha ochdi. Gʻoya haqiqatdan ish berdi, tez orada Tok Xe boshqa tengdoshlari bilan doʻstlashdi, bu esa uning ruhiyatidagi yaxshi oʻzgarishlarga sabab boʻldi.

Malika balogʻat yoshiga qadam qoʻygan vaqtda Koreya va Yaponiya oʻrtasidagi siyosiy munosabatlar keskinlashdi. Imperator ushbu holat xavfini avvaldan sezib, qizini dushmanlarning changalidan himoya qilish uchun turmushga bermoqchi boʻldi. Ushbu nikoh Tok Xeni yapon amaldorlarining bosimidan himoya qilishi kerak edi. Ammo tez orada Yaponiyaning aralashuvi sababli unashtiruv bekor qilindi, Tok Xening boʻlgʻusi turmush oʻrtogʻiga saroyga kirish taqiqlab qoʻyildi.
Oradan bir necha oy oʻtmay Li sulolasining boshiga ogʻir musibat tushdi, imperator Kodjon xastalikka chalindi.
Shifokorlar imperator hayotini saqlab qolish uchun harakat qilishlariga qaramay, u olamdan oʻtdi. Ushbu holat nafaqat malika, balki butun mamlakat uchun ogʻir kunlarni boshlab berdi, Koreyada tartibsizliklar, hukumat uchun ayovsiz kurashlar boshlandi.

Koreyadagi ichki siyosiy vaziyat yaponlarga bu yerdagi taʼsir kuchini oshirish uchun imkon berdi. Tez orada yaponlar Yaponiya va Koreya yerlari birlashuvini eʼlon qildilar. Bu esa Koreyada yashovchi insonlar uchun daxshatga aylandi. Bosh koʻtarganlar qattiq jazolandi, bosma nashrlar oʻz ishini toʻxtatdi, koreyslar oʻz ismlarini yaponcha ismlarga almashtirishga majbur etildi, ulardan oʻz madaniyatidan voz kechish talab qilindi.

1925 yilda imperator Kodjon qorqqan voqea yuz berdi-uning sevimli qizi Tok Xeni majburan Yaponiyaga surgun qildilar. Tok Xe mahalliy oʻquv muassasalarining birida taʼlim olishni boshladi, unga Koreyaga kirish va onasi bilan koʻrishish taʼqiqlab qoʻyildi. Begona yurtda yashayotgan qiz qaytadan yolgʻizlik domiga choʻmdi. Uni oʻz tili va madaniyatini unutishga majbur qilmoqchi boʻldilar.

Oradan besh yil vaqt oʻtib, Tok Xening onasi olamdan oʻtdi. Malikaga dafn marosimini oʻtkazish uchun Koreyaga borishga ruxsat berishdi, ammo vataniga yetib kelgan Tok Xeni onasi bilan vidolashish uchun uning yoniga kiritishmadi.
Ushbu fojiali voqealar Tok Xening qalbida ogʻir iz qoldirdi. Tez orada unda shizofreniya kasalligi boshlanganligi aniqlandi. Malika odatiy va kundalik narsalarni- ovqatlanish, suyuqlik ichish, kundalik buyumlardan ham foydalanishni unutdi. Shifokorlar unga toza havoda sayr qilishni maslaxat berdilar. Malikaning kasalligi tufayli uning yonida boʻlish uchun uning ukasini olib kelishdi.
Malika ukasini koʻrishi bilan uning holati biroz yaxshilangandek boʻldi. Oradan bir yil oʻtib, uning salomatligida ijobiy oʻzgarishlar kuzatila boshladi.
1931 yili Yaponiya imperatorining rafiqasi Teymey malika Tok Xeni turmushga berish fikriga keldi va unga kuyov sifatida yapon oqsuyaklaridan biri – Takeyuki Soni tanlandi. Tez orada turmush qurgan juftlikvoilasida Masae ismli qizaloq dunyoga keldi. Bir qarashda malikaning hayoti iziga tushib ketgandek edi. U turmushga chiqib, oilali boʻlgan, shiringina qizalogʻini tarbiyalay boshlagandi. Aslida esa…

Juftlik orasida muhabbat hech qachon boʻlmagan. Tokxening turmush oʻrtogʻi unga hiyonat qilar, oilani saqlab qolish haqida oʻylab ham oʻtirmas edi. Tok Xe bundan qattiq azob chekardi. U yaponlar jamiyatiga oʻrgana olmasdi, Vatan sogʻinchi bilan yashashda davom etardi. Tok Xe yapon milliy liboslarini kiyishdan bosh tortish bilan birga qiziga kareyscha ism qoʻyib olgan edi. Turmushining ikkinchi yilida Tok Xe salomatligida jiddiy muammolar kuzatila boshladi. Malika uyquda yurish bilan birga odatiy narsalarni unutib qoʻydi. Ortiq unga bola tarbiyasini ishonib topshirish mumkin emasdi. Bu vaqtda unga shaxsiy yordamchisi koʻmak qoʻlini choʻzdi, uning qizini tarbiyalash bilan birga malikaning qalb ogʻriqlarini tushunishga harakat qildi. Biroq tez orada malikani ruhiy kasallar shifoxonasiga joylashtirishdi, Tok Xeni tushungan yagona inson uning shaxsiy yordamchisiga esa malika bilan koʻrishish taqiqlab qoʻyildi.

Malika umumiy hisobda umrining 15 yilini ruhiy kasalliklar shifoxonasida oʻtkazdi. Bu vaqt davomida unga eri va qizi bilan koʻrishish uchun ruxsat berilmadi. U kasalxonada boʻlgan vaqti qizini yapon odatlariga koʻra tarbiya qilishdi.
Ulgʻaygan Masae onasining qayerda ekanligi bilan qiziqa boshladi. Ammo Takeyuki So Tok Xening qayerda ekanligini qizidan qattiq sir tutdi. Bir vaqtlar Tok Xening yaqin dugonasiga aylangan shaxsiy yordamchisi tinimsiz harakat qilib, malikani kasalxonadan chiqarib oldi.
Ozodlikka chiqqan malika eri va qizi bilan uchrashdi, ammo Masaening otasi oʻzboshimchalik bilan tarbiya qilgani uni qattiq ranjitdi.

Ikkinchi jahon urushi tugagandan keyin Yaponiya Koreya ustidan nazoratni yoqotdi, siyosiy maqsadlarda barpo boʻlgan Tok Xe va Takeyuki So nikohi ham yakun topdi. Endigina oʻziga kela boshlagan Tok Xeni taqdirning navbatdagi zarbasi qiynoqqa soldi- ota-onasining ajrimini ogʻir qabul qilgan Masae oʻz joniga qasd qilib halok boʻldi.
Yagona farzandining oʻlimi Tok Xening uyquga ketgan kasalligi qayta bosh koʻtarishiga sabab boʻldi. U nafaqat odatiy narsalarni, balki odamlarning kim ekanligini ham unutdi.

1962 yilda malika koreys jurnalisti yordamida Janubiy Koreya hukumatiga murojat qilib, vataniga qaytdi. Koʻp yillardan beri odamlar bilan soʻzlashmay qoʻygan, atrofidagilarga nisbatan hech qanday munosabat bildirmaydigan malika Vatan tuprogʻiga qadam bosgach, achchiq koʻz yosh toʻkdi.
U bir necha yil davomida Seuldagi saroyda hayot kechirdi. Aynan mana shu yillar uning hayotidagi eng sokin pallaga aylandi. Soʻnggi koreys malikasi 1989 yilda oʻz vatanida olamdan oʻtdi.

Odam.uz tahririyati. Har bir maqolani odam tekshiradi va sodda, jonli oʻzbek tilida yozamiz. Maqsadimiz - foydali boʻlish va vaqtingizni behuda sarflamaslik.



