Tashkent City Bogʻi

Bogʻning kattaligi 18,5 ga, bu 27 ta futbol maydoni bilan teng degani. Bogʻ hududida tashkilotchilar barcha yoshdagi va qiziqishdagilar uchun moʻljallangan mutlaqo yangi formatdagi turli xil koʻngilochar va hordiq chiqarish joylarini yaratdilar

Bogʻ hududida kichkintoylar uchun moʻljallangan, xavfsizligi taʼminlangan bolalar maydonchasi, aktiv hordiq ishqibozlari uchun esa velosiped yoʻlakchalari, yangi taassurotlar qoʻyniga gʻarq boʻlishni istaganlar uchun esa planetariy, flying-theatre va mum haykallar muzeyi barpo etilgan. Shahar shovqinidan charchab, shunchaki sayrga chiqqanlar uchun esa koʻlga qaragan manzarali amfiteatr va boshqa koʻpgina original hududlar yaratilgan.

Bogʻ hududida shuningdek, uchta tilda ishlaydigan, turgan joyingizni hamda qaysi tomonga yurishingiz kerakligini koʻrsatib beradigan qulay elektron maʼlumot kioskasi ham bor.
18,5 ga joyni bittada aylanib chiqish juda qiyin. Shuning uchun loyiha mualliflari yoʻlakchalar boʻylab 506 ta oʻrindiq oʻrnatganlar. Oʻrindiqlar ham oddiy emas – rang-barang, marmardan va yogʻochdan yasalgan.

Bogʻni butunlay aylanib chiqish uchun besh soatdan oshiqroq vaqt sarflanadi. Mum haykallar muzeyidagi selfining oʻzi bir soat vaqtingizni oladi. Muzeyda hozircha 13 ta mum haykal oʻrnatilgan – Qirolicha Yelizaveta, Donald Tramp, Merilin Monro, Shvartsnegger, Dueyn Skal Jonson, Bryuss Uillis, Charli Chaplin, Mister Bin, kapitan Jek Vorobey, Tsukerberg, Bill Geyts, Eynshteyn hamda Mayk Tayson haykallari.






Mum haykallarning haqiqiy odamlarga oʻxshashligi tomoshabinlarni lol qoldiradi: qoʻllarda koʻrinib turgan qon tomirlari, ajinlar, soqollar va hattoki koʻzlarning chaqnab turishi – bularning barchasi huddi tirik insonlarnikidek. Yaqinda muzey yana toʻldiriladi – Ronaldo, Messi, Burak Ozchivit, Sulton Sulaymon, Hojiboy Tojiboyev, bir qator hind aktyorlari va boshqa mashhur yulduzlarning mum haykalini oʻrnatish rejalashtirilmoqda.
Muzeyning oʻng tarafida yana bir koʻngilochar joy –planetariy joylashgan. Bu yerga kirgan tomoshabinlar katta zaldagi binbeg-oʻrindiqlarga joylashib olib, nigohlarini gumbazsimon ekranga qaratadilar. Ular samodagi yulduzlardan tortib, dengiz tubigacha joʻshqin sayohat qilgandek taassurotga ega boʻladilar. Planetariyning shundoq yonginasida esa 7D-kinoteatr joylashgan.


Chiptalar narxi: mum haykallar muzeyiga – 20 000 soʻm, planetariyga - 30 000soʻm, 7D-kinoteatrga – 40 000 soʻm.
Bogʻning eng asosiy va yorqin diqqatga sazovor joyi – bu uzunligi 200 metrga teng boʻlgan musiqali favvoradir. U koʻlning qoq markazida joylashgan boʻlib, jozibadorligi bilan hammani oʻziga maftun etadi.
Ushbu favvora har kecha bogʻga tashrif biyuruvchi mehmonlarning davomli qarsaklari ostida lazerli effektga ega boʻlgan joʻshqin suvli shou namoyish qiladi. Avvaliga suv-lazerli ajoyib manzara odamlarning nigohini oʻziga jalb qilib turadi. Soʻngra favvoraning suv oqimi 80 metr balandlikka otilishi bilanoq hamma yoqni tomoshabinlarning zavqli qiyqiriqlari bosib ketadi.
Favvorali shouni amfiteatrdan, koʻprik ustida turib yoki fontan roʻparasidagi kafeda stol buyurtirib tomosha qilish mumkin.


Bogʻdagi bir necha soatli sayr davomida qorin ochishi tabiiy. Biroq havotirlanishga oʻrinyoʻq – bogʻ hududida 3 ta restoran, 2 ta kafe va bir necha fast-fudxonalar ishlab turibdi. Yaqinda bu yerda shirinliklar, suvenirlar hamda kichkintoylar uchun oʻyinchoqlar doʻkonlari ishga tushadi.
Tashkent City bogʻi hududida shuningdek, yaqinda taʼmirdan chiqqan arxitektura yodgorligi ham bor. Bu 20-asrning boshlarida qurilgan “Orifjonboy” masjididir.

Bogʻda 3000 dan ortiq tezoʻsar daraxtlar ekilgan. Ular orasida yirik gulli magnoliya, Avstriya qora qaragʻayi va boshqa koʻplab oʻsimliklar bor. Baʼzi koʻchatlar atayin Italiyadan keltirilgan. Bir necha yillardan soʻng bu daraxtlar odamlarga rohatbaxsh salqinlik va yengil shabada berib turadi..
Bogʻda tozalikni, tashrif buyuruvchilarning xavfsizligini taʼminlovchi xodimlar xizmatda boʻladilar.

Tashkent City bogʻi har kuni ertalab soat 10 dan kech soat 10 gacha tashrif buyuruvchilarni qabul qiladi.

Odam.uz tahririyati. Har bir maqolani odam tekshiradi va sodda, jonli oʻzbek tilida yozamiz. Maqsadimiz - foydali boʻlish va vaqtingizni behuda sarflamaslik.



