Karate jangovar sanʼatining murakkab tarzda tarqalishi davridagi tarixi

Kubaliklar qoʻl jangi uchun asos qilib sovet jangovar sambosidan tashqari yapon karatesining ham elementlarini kiritgan. Kubalik karatechilarning koʻrgazmaviy chiqishi sovet xavfsizlik xizmati rahbariyati vakilida juda katta taassurot qoldirgan. Uyga qaytgandan keyin Pirojkov oʻz koʻzlari bilan koʻrgan narsalarini oʻsha davrdagi Sovet Ittifoqi Davlat Xavfsizlik Komiteti Raisi Yuriy Andropovga batafsil aytib bergan.
Shu paytda SSSR DXK 7-sonli Boshqarmasi tarkibida “A” guruhi – keyinchalik mashhur “Alfa” antiterror boʻlinmasi shakllantirilayotgan edi. Bundan tashqari 9-chi boshqarma ham (hukumatni qoʻriqlash) chet elda shu qadar moda tusiga kirgan yakka kurashning turini oʻzlashtirishga qarshi emas edi. Yuriy Andropovning iltimosiga binoan Kuba ichki ishlar Ministrligi oʻz instruktorlarini Sovet Ittifoqiga joʻnatdi.

1970-yillarning boshida Sovet Ittifoqi karateni juda faol rivojlantira boshladi. Moskvada dastlabki karatechilarning guruhlari paydo boʻla boshladi. Bu Moskva Davlat Universiteti (MDU), Xalqlar doʻstligi universiteti, “Baumanchi”, “Frunzechi” va shu kabi boshqa klublar edi. Bu yerga xatto eng ishonchli odamlarning tavsiyanomalariga koʻra ham kelish oson emas edi – istak bildirganlardan uzundan uzun navbatlar shakllangan. 1973 yilda SSSR sport komiteti karateni“ jismoniy tarbiyaning sovet tizimi bilan hech qanday uzviy aloqasi yoʻq uslub” sifatida taqiqlashga uringandi. Biroq, shunga qaramay karate bilan shugʻullanuvchi sektsiyalar kun sayin koʻpaydi.
1970-yillarning oxiriga kelib karate haqiqiy umumxalq sport turiga aylangan edi. Uning amallarini ijodiy va ilmiy ziyolilar vakillari bilan bir vaqtning oʻzida jinoiy unsurlar, yuqori amaldorlarning bolalari bilan birga noxush oilalardan boʻlgan bezori oʻsmirlar, erkaklar bilan bir vaqtning oʻzida ayollar ham oʻzlashtirish istagida boʻlgan.

DXK ayrim xodimlari bir vaqtning oʻzida MDU talabasi va SSSRdagi bir yapon firmasining vakili boʻlgan Tetsuo Sato mashgʻulotlaridan oʻtgan edi. Karate bilan shugʻullangan holda ular bu sharqiy yakka kurashdan ularning idorasidagi jismoniy tayyorgarlik koʻrish mashgʻulotlarida foydalanish nafaqat mumkin, balki zarurligini allaqachon tushunib etgan edilar. Tashabbuskorlardan biri SSSR DXK birinchi bosh boshqarmasining vakili Aleksey Aleksandrov boʻlgan. Mahkama yigʻilishlarida u gʻarbiy maxsus xizmatlar bu sohada allaqachon oʻzib ketganligini aytib, xavfsizlik xizmati xodimlari karate kurashining amallarini oʻzlashtirishi shart ekanligini doimiy ravishda isbotlashga harakat qilgan.
DXK xarbiy-jismoniy tayyorgarlik doiralarida jangovar sambo oʻrgatilgan. 1974yilning oxirida sharqiy yakkakurashlar bilan shugʻullangan jinoiy unsurlarga qarshi kurashda ularning xatti-xarakatiga yarasha javoban zarba bera olmasligi ehtimoligaqarshi ehtiyot chorasi sifatidami, gʻarbiy maxsus xizmatlar xodimlariga etibolish maqsadidami, ammo jangovar samboga karateni ham qoʻshib qoʻyishga qaror qilingan edi, biroq sport sifatida emas, qoʻl va oyoqlar yordamida zarba berishga oʻrgatish uslubi sifatida.

Mixail Silin rahbarlik qilgan SSSR DXK kadrlar boʻyicha 5-chi Boshqarma xodimlari tomonidan xavfsizlik xodimlarini tayyorlash tizimiga karateni joriy qilish boʻyicha tadbirlar rejasi tuzib chiqilgan. Ushbu reja DXK oʻz kanallari orqali chet davlatlaridan maxsus adabiyot, filmlar va anjomlarni qoʻlga kiritish, uslublarni ishlab chiqish, instruktorlarni tayyorlash, yetuk xorijiy mutaxassislarni taklif qilish va xokazolarni oʻz ichiga olgan edi. “Mutlaqo maxfiy” grifiga ega ushbu hujjatni shaxsan oʻsha davrdagi DXK raisi Yuriy Andropovning oʻzi imzolagan. Bu rejaniamalga oshirishni yosh va shijoatli tashkilotchi, jismoniy tayyorgarlik boʻyicha instruktor Nikolay Yeryominga topshirilgan. Yeryomin jismoniy tarbiya institutidan keyin 1973 yilda DXKga kelgan. U sambo boʻyicha sport ustasi unvoniga ega boʻlishidan tashqari karateni Tetsuo Satodan oʻrgangan.

Nikolay Yeryominning eslashicha karate bilan shugʻullanish uchun dastlabki maxsus zal – Moskvadagi “Dinamo” stadionida, sobiq kinoteatr binosida tashkil etilgan. Jangovar, aniqrogʻi – amaliy karate boʻyicha mashgʻulotlarni shtatdagi uch nafar instruktor oʻtkazgan: Viktor Butyrskiy, Vladimir Arbekov va Boris Primakov. Butyrskiy DXKga ichki ishlar ministrligidan kelgan, u sambo vadzyu-do kurashlari boʻyicha xalqaro toifadagi sport ustasi boʻlgan, Arbekov –xaqiqiy karatechi, Primakov esa bokschi boʻlgan. Dinamo sport klubidagi karate jamoasining asoschilaridan biri Aleksey Dmitrievich Aleksandrov boʻlgan. Bu yerda DXKning turli boshqarmalaridan xodimlar majburiy tarzda karatega oʻrgatilgan.
Tayyorgarlik davomida uslub muvofiqlashtirilgan, trenajyorlar sotib olingan. Mashgʻulot maxfiy tarzda oʻtkazilgan boʻlsada, baribir oʻta samarali kurash turi toʻgʻrisidagi asossiz boʻlmagan mish-mishlar quloqdan quloqqa chalinaverib, mashgʻulotlarning sirliligi ham qolmagan. Bu mashgʻulotlarni Moskva atrofidagi Mesherino chegarachilar dam olish uyiga koʻchirilishiga sabab boʻlgan. U yerga Sovet Ittifoqining barcha respublikalaridan xodimlar joʻnatila boshlagan. Yapon filmlarini tomosha qilgandan keyin odamlar zoʻr qiziqish bilan shugʻullana boshlaganlar. Atigi bir-ikki oy mashgʻulotlardan keyin ular oʻz boʻlinmalaridagi hamkasabalarini oʻrgata oladigan darajaga erishgan.1976 yilda keng koʻlamli yigʻinlar bilan birga DXK oliy rahbariyati va“Dinamo” sport klubi jamoasi uchun koʻrgazmaviy chiqishlarni uyushtirishga erishilgan. Darvoqe, Aleksey Aleksandrov tufayli “Dinamo” sport klubida nafaqat DXK xodimlari, balki ularning oila aʼzolari ham mashgʻulotlarga qatnasha olgan.

Bu davr uchun karatening joriy qilinishi taraqqiyot ishi boʻlib qolgan. Biroq shuni hisobga olish kerakki, avval sambo bilan shugʻullanmagan xodimlar karate – har qanday tahdiddan qutqara oladigan vosita, karatechining zarbasi esa oʻlimga olib borishi mumkin ekanligiga chuqur ishongan. Ular shu tufayli turli koʻngilsiz hodisalarga duch kelib qolgan.
Nikolay Yeryominning aytishicha bir kuni karate instruktorlaridan biri kafeda bir qizni bezorilarning shilqimligidan xalos etish maqsadida janjalning oʻrtasiga tushgan. U yigit karatechi kabi fikrlagan va bezorilarni birgina chap qoʻli bilan joyiga qoʻyib qoʻyishiga ishongan, biroq karate amallaridan birinchi harakat qilishi bilanoq peshonasiga qattiq zarba kelib urilgan va u oʻzini yoʻqotgan. U ertasi kuni “Dinamo”ga kattagina koʻkargan moʻmataloq bilan kelgan. Bu hodisa zal sharoitdagi karate bilan haqiqiy voqelikdagisi mutlaqo farq qilishining, maxsus xizmat xodimi nafaqat karate, balki jangovar sambo, boks, dzyu-doamallaridan ham xabardor boʻlishi kerakligining yorqin dalili boʻlgan. Keyinchalik bularning hammasidan sinchkovlik bilan yigʻib olingan amallarning toʻplamini “qoʻl jangi” deb atalgan.

Shu oʻrinda Karate jangovar sanʼatining sovet ittifoqiga kirib kelishiga nuqta qoʻyish ham mumkin edi. Ammo, uning kirib kelishiga faqatgina DXKning “mutlaqo maxfiy” grifi ostidagi hujjat sababchi boʻlgan deb ham boʻlmaydi.
Xoʻsh, nima uchun bunday? Yana oʻtgan asrning 60-yillariga qaytaylik.
Davlat rahbarligiga Nikita Xrushyov kelganida diktator Iosif Stalin davridan keyingi “iliqlik” boshlanib xalqaro aloqalar keng tus ola boshlagan paytda “Karate-do” toʻgʻrisidagi dastlabki sadolar Sovet Ittifoqiga ham etib kelgan edi. Bu karatening dunyo miqyosida shijoatli tarzda rivojlanishi bilan bogʻliq boʻlgan. Karatening asos solinishidan bugungi kunga qadar eng keng tarqalib, eng sayqallangani –Shotokan klassik usulidir. U ochiq va hech qanday sirlari yoʻq – bunugi kunda dunyoda u toʻgʻrisida juda koʻplab kitoblar (shu jumladan rus tilida ham) va video mahsulotlar mavjud. Dunyoning turli mamlakatlarida juda koʻp taniqli karate ustalari Shotokan taʼlimotidan yoshlarga saboq berib keladi. Bu usul oʻziga xos tarzda juda keng xilma-xillikka ega. Aynan shuning uchun ham, sobiq Sovet Ittifoqida karatening asosini Shotokan guruhlari tashkil etgan. Ammo bu birinchi qarashda oson kechganday tuyuladi.

Aslini olganda, gap shunda ediki, sovet tuzumi davrida “temir parda” mavjud edi. Lekin har qanday pardalar va toʻsiqlar ham eskirib, emirila boshlaydi. Karatening dovrugʻi Sovet Ittifoqida tarqala boshlaganida dastlabki karate sektsiyalari avval aytganimizdek, MDU, Xalqlar doʻstligi universitetida, Moris Teres institutida tashkil etilib talabalar sportning yangiturini faol oʻzlashtirishga kirishgan edi. Bu yerlarda karatening turli yoʻnalishlaridagi ustalari Shotokan usulidagi karateni oʻrgata boshlagan edi.
1970 yilda Tokioda ippon-shobu, yaʼni Shotokan qoidalari boʻyicha karate-doning birinchi chempionati oʻtkazilgan. Shundan beri, juda koʻp mamlakatlarda musobaqalar oʻtkazila boshlagan. Sovet Ittifoqida-chi? 1973 yilda karate sektsiyalarining urchib ketganiga qaramay ilk bor sport sifatida tan olinmagandan soʻng sovet sportining rahbariyati karateni jismoniy tarbiya uslubi sifatida taqiqlab qoʻygan edi. Karate instruktorlarining obroʻsi partiya va hukumat vakillari obroʻsidankoʻra balandroq boʻlishi mumkinligidan hayiqish barcha martabadagi mansabdorlar orasida karatega nisbatan qatʼiy salbiy munosabatni shakllantirib kelar edi. Tabiiyki, taqiqlarga va mutaxassilarning yoʻqligiga qaramay yashirin sektsiyalarkoʻpayib boraverar, sportchilarning koʻpchiligi esa Shotokan taʼlimotini davom ettirar edi.

Sektsiyalar “tizim”dan xoli boʻlgan muloqot orolchalariga aylanib qolgan edi. Lekin professional boʻlmagan qiziquvchilarning filmlar va kitoblar boʻyicha karate bilan shugʻullanishi ushbu usulni ayniqsa samarador qiluvchi, ustadan ustaga yetkaziluvchi eng nozik jihatlari hisobga olinmas edi. Shotokan karatening asosi boʻlgan texnikasigina emas falsafiy, maʼnaviy, ahloqiy va estetik jihatlarining talqin qilinishi oddiyroq qilib aytilganida, oʻz xolicha tashlab qoʻyilgan edi. Bu borada xalqaro aloqalarning yoʻqligi va axborot vakuumi usul mohiyatini anglashni buzilishiga olib kelgan.“Shixan”lar oʻzlariga oʻzlari “qora belbogʻ”larni taqdim qilib, bundan tashqari aslida dunyoning hech qayerida va hech qachon mavjud boʻlmagan usullar – Shotokan usuliga saviyasi oʻta past taqlidlar paydo boʻla boshlagan.“Muvofiqlashtirilgan” karate keyinchalik “Sovet karatesi” deb atalgan.
1970 yillarning oxiriga kelib Sovet Ittifoqida karate toʻgʻrisida hech boʻlmasa qulogʻining uchi bilan eshitmagan biror kishini topish qiyin edi. Shu oʻrinda karate jangovar sanʼatining tashrifnomasi sifatida bir tomondan Djo Lyuisning surati aks ettirilgan futbolkalarning tarqalib ketgani boʻlsa, ikkinchi tomondan unga qisqava aniq taʼrif beruvchi badiy film – “Yigirmanchi asr qaroqchilari”da Talʼat Neʼmatullin ijrosidagi Salex ismli qaroqchilardan birining jangovar hayqiriqila sakrab tepishi bilan sovet dengizchisini sulaytirib qoʻygani boʻlib qolgan edi.
Shu oʻrinda oʻz-oʻzidan savol tugʻiladi – nima uchun “karate” deb nomlangan, asl maqsadi insonni tinmay oʻzi ustida ishlab maʼnaviy va jismoniy barkamollik, oqillik, aqli-rasolikka yetaklash boʻlgan ushbu jangovar sanʼati aksariyat odamlarda baloning oʻqi boʻlib koʻrinishiga qaramay, koʻpchilik, va ayniqsa yoshlar (bunga eʼtibor bering - yoshlar!) uning sir-asrorlarini egallab olish istagida boʻlib qolgan?
Hamma gap shundaki, 70-yillarning oxiri, 80-yillarning boshlarida sovet tuzumining rasmiy qonun qoidalaridan tashqari “yozilmagan qonunlar” bemaʼni qovunning urugʻidek urchib keta boshlagan. Shu oʻrinda aynan yoshlar oʻzlarini himoyalanmaganligi his etgan. Birgina misol: eʼtibor bering – oliy yoki oʻrta-maxsus oʻquv yurtiga yangi oʻqishga kirgan birinchi kurs talabalari mazkur muassasadagi vaziyatni allaqachon tushunib yetgan yuqori kurs talabalari tomonidan iskanjaga olinishi, oʻzlariga “hurmat” talab qilinishi, shaharlik yoshlarning qishloqdan kelganlarga nisbatan munosabatlarining ayrim paytlarda zoʻravonlik darajasigacha yetib borishi sobiq Sovet Ittifoqining “yozilmagan qonunlari”dan biri edi.

Yana bir misol – armiyaga xizmatga ketganlarning aksariyat qismi “otaxon”lar, yaʼni “ded”larning qoʻliga borib tushar va ular tomonidan istalgan kunga solinar edi. Askarlarni tahqirlash armiya xizmati tugaganidan keyin ham tamom boʻlmas edi. Uyiga qaytayotgan askarlarga nisbatan “askar ovchilari” tomonidan ov uyushtirilgan. Qoʻyarda-qoʻymay askarlarni mashinaga oʻtkazib uyiga eltib qoʻyish evaziga moʻmaygina “suyunchi” olish ham “yozilmagan qonunlar”ning biriga aylanib boʻlgan edi.
“Yozilmagan qonunlar” nafaqat yoshlar, oʻspirinlar, xatto bolalarning ham ongiga asta sekin kira boshlagan. Oʻrta maktablardagi sinflarda 1-shef, 2-shef, 3-shef va hokazo tarzda oʻz “oʻrnini” egallab olish ham, yaxshi oʻqiydigan uquvchilar nazorat ishi yoki imtihon paytida “choʻkayotgan” dangasa, ikkichi sinfdoshini “qutqarmay” qolsa, yoki hech boʻlmaganda, shunga harakat qilmasa, uni “yozilmagan qonun”ni buzganlik uchun qattiq jazoga tortish hollari ham kuchayib ketgan edi.

Bunday misollarni minglab, xatto yuz minglab keltirish mumkin! Mana shunaqa “yozilmagan qonunlar” hukmronlik qilgan davlatda odamlarning davlat organlariga nisbatan ishonchi allaqachon soʻnib boʻlgan edi. Shuning uchun ham, oʻzini oʻzi himoya qilish uchun Karate jangovar sanʼati bir tomondan odamlarda umid hosil qiluvchi vositasi boʻlib koʻringan boʻlsa, ikkinchi tomondan unga boʻlgan qiziqish modatusiga kirib borgani uchun xatto teatr va kino aktyorlari ham oʻziga nisbatan talabni yoʻqotmasligi uchun karate bilan shugʻullanishiga toʻgʻri kelgan. Masalan, vatandoshlarimiz qatoridan kino sohasidagi ustoz sanʼatkorlar Yodgor Saʼdiev, Karim Mirxodiev, Seydulla Moldaxanovlar ham karate kurashi bilan jiddiy shugʻullangan.
1978 yilning 13 mart kunida dastlabki Karate maktablarining asoschilaridan biri Aleksey Shturmin SSSR Sport komitetidan “Karate kurashi boʻyicha komissiya tashkil etilishi toʻgʻrisida”gi buyruq chiqarilishiga erisha olgan. Turgʻunlik davrida boshqarilmaydigan va oʻzboshimcha sektsiyalar juda koʻpayib ketgani tufayli ilk attestatsiyalarning maqsadi jangovar sanʼat boʻyicha taʼlimotni qonuniylashtirish va federatsiyaga yangi aʼzolarni jalb etish boʻlgan. Hamma ham seminarlarda ishtirok eta olmagan va “Markaziy maktab”ningattestatsiyalaridan oʻta olmagan. Attestatsiyalarga kira olmagan yoki undan oʻta olmagan instruktorlarning shogirdlari rasmiy musobaqalarda qatnasha olmagan. Alohida guruhlarning istisno holatlari uchun dastlabki shartlari deyarli yopiq tizimga aylanib qolgan edi. Sport komiteti nuqtai nazaridan Sovet karate usulining yaratilishi uchun soʻzsiz qulay yoʻnalishi majburan qabul qildirilgan edi. Qoidalarning halqaro qoidalar tizimiga toʻgʻri kelmasligi, dunyo karate musobaqalarida qatnashish imkonini inkor etdi. Bu esa oʻz navbatida sportchilar va hakamlarninng malakasini oshirish ilojini yoʻqqa chiqargan edi. Maʼmuriy bosimga qaramay, koʻpchilik havaskorlar karatening “sovet” usuli – puch yongʻoqdan oʻzga narsa emas ekanligini yaxshi tushunar edi.
Sport amaldorlari hech narsani koʻrib chiqishni istamay karateni mafkuraviy jihatdan zararli deb topishdi. Keng omma bilan kuchaytirilgan reklama davrini saviyali mutaxassilar yoʻqligiga qaramay, gʻazablangan jamoatchilikning ahborot vositalari orqali eʼtirozli chiqishlari bilan yakunlandi. Jinoiy va Maʼmuriy kodeksga “ sport qoidalari bilan taqiqlangan karate amallariga oʻqitish,oʻqitish qoidalarini buzish, oʻzboshimchalik bilan oʻqitish” uchun tegishli moddalar kiritilgan edi. Dunyo hamjamiyati tomonidan gʻalati tarzda qoʻlga kiritilgan “qora belbogʻ”lar hamda mutaxassislarning tan olinmasligi, sport amaldorlari tomonidan juda ommabop sport turini rivojlantirish istagi yoʻqligi pirovardida karatening taqiqlanishiga olib keldi. Hamma narsa 1984 yilning 17may kunida SSSR sport jamoalarida karate bilan shugʻullanishning rasmiy taqiqlanishi bilan tugadi. Sport komitet tomonidan 1978 yildan boshlab yaratilgan barcha hujjatlar yoʻq qilingan edi. Natijada taqiq ostiga karatega juda yaqin boʻlgan sharq yakka kurashlarining hammasi tushdi.
Oʻzini himoya qilish bilan shugʻullanish borasidagi taqiqlar hech qachon va hech qayerda ishlamagan, ishlamaydi ham. Buni dunyo tarixi bir necha marta isbotlab bergan.

Sportchilarni texnik jihatdan tayyorgarligi va mahoratini oshirishdagi xalqaro musobaqaviy tajribasini inkor etilishi va zaruriy tibbiy nazoratning yoʻqligi musobaqalarda sportchilarning xaloq boʻlishiga ham olib kelgan paytlar kuzatilgan.
Shunday boʻlishiga qaramay, baribir olib borilgan ishning natijalari yuzaga chiqqan. SSSR ninguchta chempionati bemalol xalqaro musobaqalarda qatnashishi mumkin boʻlgan kumite boʻyicha yorqin ustalarni aniqlashga yordam bergan. Sovet amaldorlari Karate kurashi qanchalar xunuk qilib koʻrsatishga uringan boʻlsa ham, bu urinishlarning barchasi zoe ketdi, sportchilarning koʻpchiligi Shotokan usuliga sodiq qoldi va uni amaliyotda qoʻllashni davom ettirdi. 70-yillarning oxiridan boshlab Shotokan qoidalari boʻyicha musobaqalar oʻtkazilgan.
Ommaviy axborot vositalarida doimiy ravishda “sovet karatesi” maktablari reklama qilinar edi. SSSR Davlat Sport komitetining maʼlumotlariga qaraganda 1983 yilning boshida rasmiy roʻyxatdan oʻtgan sektsiyalarda 300 mingdan ortiqroq kishi mashgʻulot oʻtkazgan. Lekin, rasmiy karate ham umuman tayyor emas edi, chunki mutaxassislarning tayyorlash tizimi yoʻq, chet el sertifikatlari tan olinmagan, rasmiy intsruktorlar etishmas edi. Ruxsatetilgan sektsilarda shugʻullanish imkonini topa olmaganlar “norasmiy” sektsiyalarni topib ana oʻsha erda shugʻullanar edi. Sportchilar va attestatsiyadan oʻtgan, biroq “sovet karatesi”da oʻzi uchun hech qanday qiziqnarsani topa olmagan murabbiylar ham hafsalasi pir boʻlib, oʻsib borayotgan“yashirin hujra”larga oʻtib ketar edi.

Rasmiy sektsilar ham yashirin tarzda faoliyat yuritishga oʻtib ketgan edi. Guruhlar sportning boshqa turlariga oʻxshab niqoblanar edi. Mabodo tekshirish kelib qolgudek boʻlsa, sportchilar ortiqcha savollarga oʻrin tugʻdirmaydigan mashgʻulotlar bilan shugʻullanardi. Mashgʻulotlarga mehmonlar qoʻyilmas edi. Bunday sektsiyalarda shugʻullanganlarning ruhiyati ishonchsizlikning oʻziga xos izini qoldirar edi. Loʻttibozlar uchun juda qulay kelgan davr firibgarlarga ham oʻz ishini davom ettirish imkon eshiklarini keng ochib bergan edi: hurmat koʻr-koʻrona itoat qilishga almashtirilib, bu yerda tasavvuf, johillikka yoʻl ochilar edi. Huddi shu tarzdagi koʻr-koʻrona itoat qilish 80-yillardagi eng mudhish voqealardan biri –Vilnyus shahrida Talʼat Neʼmatullinning halok boʻlishiga olib kelgan.
Karate bilan shugʻullanganlik uchun taʼqibdan qochish maqsadida, sobiq “sovet karatechilari” oq kimonolarini yashil kimonoga aylantirgan, amallarning nomlanishini esa yapon tilida emas rus tilida atagan, maxsus boʻlinmalar xodimlari uchun qoʻl jangidan taʼlimot bera boshlagan. Har qanday qoʻl jangining texnik jihozlari karate bilan deyarli bir xil, lekin ular oʻzini himoya qilishga mutlaqo zid maʼnoni anlatadi.

Harbiy-amaliy fan sifatida u maʼlum ahamiyatga ega – dushmanni yoʻq qilish, bu taktikani ham, jang texnikasini ham belgilaydi. Odatda “tanish-bilish orqali” jalb qilinganmutaxassislar oʻzlari uslubiy qoʻllanmalarning yaratgan. Qoʻl jangi bu sohadagi dunyo tajribasini hisobga olmagan holda rivojlanib borgan. Vatanparvarlik tarbiyasi shiori ostida klublarga qoʻl jangi tufayli, aslida qoʻl jangi emas karate bilan shugʻullanish istagidagi oʻsmirlar jalb etila boshlagan edi. Oʻsha davrda sport klublari rahbarlarining koʻpchiligi qoʻl jangining spetsifikasi tufayli vazmin va xushfeʼl insonning oʻrniga jamiyat haqiqiy jangarilarni yetishib chiqishiga erishishi mumkinligini hech tushuna olmagan edi.
Bunga faqat bir tomonlama baho berib boʻlmaydi, albatta. Bir tomondan, qoʻl jangining johilligi bilan “tantrik karate targʻibotchilari” kabi loʻttibozlar oʻgʻil bolalarning ruhiyatiga salbiy taʼsir oʻtkazilgan boʻlsa, boshqa tomondan koʻpchilik sportchilarga jangovar salohiyatini saqlab qolish imkonini bergan. Buning ustiga yashirin sektsiyalarda ham Shotokan usulining malakali ustalari ishlagan. Ular usulni rivojlantirishni davom ettirib, yaxshi shogirlarni ham tayyorlagan.Musobaqalarning yoʻqligi, tabiyki karateni anʼanaviy yoʻnalishda rivojlantirgan, karate-doni oʻzini barkamollik sari rivojlantirish tizimi sifatida anglab etishdagi buzilishlarni oldini olish imkonini bergan.
1985 yilning 6 iyun kuni Xalqaro Olimpiya Qoʻmitasi tomonidan WUKO (Butunjahon karate tashkilotlari uyushmasi) tan olingan. 1988 yilda shobu-ippon boʻyicha Misrda oʻtkazilgan yorqin jahon chempionatidan keyin WUKO toʻlaligicha olimpik tizimga yoʻnalishni olgan edi. “Qayta qurish” sharoitida SSSR Davlat Sport komiteti chet qolishi mumkin emas edi. Sport maʼmuriyati aholining karatega nisabatan qiziqishi baland boʻlgan holda taqiqlar samara bermasligini tushuna turib, yana sharq yakka kurash masalalari bilan shugʻullanishga majbur edi.
Butun mamlakat boʻylab keng koʻlamda ketayotgan “qayta qurish” sharoitida SSSR Davlat sport komiteti chetda qolishi mumkin emas edi. Sport maʼmuriyati taqiqlarning foydasi yoʻqligini tushunsa-da, aholining karatega nisbatan boʻlgan qiziqishi juda balandligini hisobgaolgan holda yana sharq yakka kurashlari masalasi bilan shugʻullanishiga toʻgʻri kelgan. Biroq , yana oʻsha eski maʼmuriy amaliyotni qoʻllagan holda. Usullarni rivojlantirish masalalariga juda havfsirab qaralgan. Yana “muammolarni hal etishning yagona va toʻgʻri yoʻli” – manfaatdor tomonlarning fikrlari hisobga olmagan holda karate kurashining rivojlanishini maʼmuriy choralar vositasida nazorat qilish tiqishtirilar edi. Bu esa muammo ustiga yanada koʻproq muammo keltirgan.

1988 yili Sharq yakka kurashlar assotsiatsyasisining taʼsis yigʻilishi boʻlib oʻtdi. 1989 yilning 3 iyun kuni sovet sportchilari ilk bor rasmiy halqaro musobaqalarda qatnashgan. Biroq bu yerda ham usullar siyosati ishlab chiqilmagan edi. Shuning uchun ham Shotokan ixlosmandlari usullar borasidagi saviyasiz siyosat, aniqrogʻi esa bunday siyosatning yoʻqligi tufayli yetakchi usullarni rivojlantirish tashkilotlari bilan aloqa bogʻlashga erisha olgan edilar. Shutarzda 1989 yilda Karatening yashirin mashgʻulotlar davriga nuqta qoʻyilgandi - Vengriyaning bosh instruktori Yanosh kelgan (6- dan sohibi). Keyin esa Sovet Ittioqiga Rikuto Koga – (8-dan sohibi), Xirakazu Kanadzava kelgan. Biroq endi buning foydasi yoʻq edi, chunki juda koʻp isteʼdodli sportchilar tirikchilik dardida oxiri achinarli tarzda boshi berk koʻchaga olib kiruvchi reket va tovlamachilik bilan shugʻullanadigan turli shubhali guruhlarga aʼzo boʻlib, halokat yoʻlini tanlab boʻlgan edilar.
Shu tariqa sobiq Sovet Ittifoqida sportning eng goʻzal turlaridan biri oʻzining davrini ushbu davlat tugatilishidan oldin yakunlagan edi.
Hozirgi paytda karate jangovar sanʼatining bir necha yoʻnalishlari mavjud:
Eng keksa usullari:
Sito-ryu –asoschisi Kenva Mabuni
Godzyu-ryu –asoschisi Tyodzyun Miyagi
Vado-ryu –asoschisi Xironori Otsuka
Shotokan –asoschisi Gichin Funakoshi

Karate usullari tinmay koʻpayib bormoqda, chunki har bir usta mavjud boʻlgan usulga oʻzining biror yangiligini kiritishi mutlaqo yangi usulning vujudga kelishiga sabab boʻlgan. Avval sanab oʻtilgan toʻrttasidan tashqari usullarning eng keng tarqalganlari quyidagilar:
Kyokusinkay – asoschisi Masutatsu Oyama, 1950 yillarda shakllangan.
Ashixara-karate– asoschisi Xideyuki Ashixara, 1970-1980 yillarda Kyokusinkay usulidan tashlanish texnikasi bilan birga sabaki texnikasi qoʻshilishi hisobiga vujudga kelgan.
Kosiki –asoschisi Kayso Kori Xisataka
Fudokan – 1980yilda yugoslaviyalik karate ustasi Ilya Yorg tomonidan asos solingan usul. Tibbiyot nuqtai nazaridan karate-doning eng ilmiy asoslangan usuli.
Syorin-ryu –okin va karatesining qadimiy usullaridan biri
Dzyosinmon Syorin-ryu(Tezkor karate) – asoschisi Ikeda Xosyu. Sovet Ittifoqida DXK tomonidan keng qoʻllanilgan. 1970- yillarda yaratilgan amaliy yoʻnalish. Uch asosiy maktabiga ega.
Ueti-ryu –okinava orolida Kambun Ueti tomonidan asos solingan usul.
Kyokusin Budokay– asoschisi Yon Blyuming
Konno-dzyuku –intellektual karate, 1999 yilda yaratilgan, asoschisi Konno Satosi.
Kudo – oʻz ichiga karate, dzyu-do va tay qoʻl jangi amalarini birlashtiruvchi omixta usul. Asoschisi Adzuma Takashi.

Oʻtgan asrning saksoninchi yillaridagi Sovet Ittifoqi davrida yozgi kiyimning eng ommabop boʻlganlaridan biri – futbolkalarda bir surat juda ommabop boʻlib ketgan. Ushbu suratda sharq yakka kurashlaridan biri va eng ommalashgani – karate kurashining eng qiyin, biroq uning butun mohiyatini bir harakatdayoq koʻrsata oladigan oyoq zarbasi parvozini roʻyobga chiqargan mahoratli karatechi kim oʻzi? Bu surat haqiqiymi? Shunday inson haqiqatdan ham mavjudmi? Bunday savollar oʻsha davrda koʻpchilikning hayolidan oʻtgan, biroq, Sovet tuzumining ajralmas qismi boʻlgan “temir parda” ortidan deyarli hech narsani bilib boʻlmas edi.
Futbolkalar, plakatlarda aks ettirilgan bu odam haqiqatdan ham mavjud boʻlgan. U Masutatsu Oyama, Chak Norris, Benni Urkidez kabi mahoratli karate ustalari singari ushbu sharq yakka kurashining haqiqiy afsonasi edi. Bu afsonanviy insonning ismi Djo Lyuis. Karatening boʻlajak dahosi 1944 yilning 7 martida tugʻilgan va bolaligdan boshlab dastlab kurash bilan, keyin bodibilding, AQSH Xarbiy Dengiz kuchlari flotida hizmati soʻng, Okinava dengiz bazasida karate toʻgʻrisida eshitib, shu kurash sanʼatiga mahliyo boʻlib qolgan edi. U bir necha karate ustalarini tahsilini olgan, birinchi ustozi Godzyu-ryu usulining asosichisi Tyodzyun Miyagi boʻlgan, ammo, shunisi aniqki, unga eng katta taʼsirni Eyzo Simabuki oʻtkazgan.
Shuni aytib oʻtish kerakki, Djo Lyuis yangiliklarni mensimay maʼlum bir usul doirasida chegaralanib qolmaydigan ustalar qatoridan edi. U oʻzining koʻpchilik yelkadoshlari kabi biror narsani oʻzgartirish, tajribalar qoʻyish, tinmay izlanishdan hech qoʻrqmas edi.
Karate bilan shugʻullana boshlaganidan atigi bir yil oʻtib u qora belbogʻ sohibiga aylandi. Albatta unga bunda juda puhta sport tayyorgarligi yordam bergan.
Koʻpchilikda qanday qilib bunday yuqori darajalarni konservativ Yaponiyalik tomonidan chet elliklarga va ayniqsa koʻp hollarda mashhur kishilarga shu qadar osonligicha berilgan, degan savol tugʻiladi. Koʻpchilik ustalarning mavqei hamda qadr-qimmatini pasaytirib baho berib boʻlmaydi, ularning har biri oʻziga yarasha mahoratiga ega, biroq 20 asrda jang sanʼati sohasida ham huddi yoga sohasidagidek holat vujudga kelib qolgan edi. Aniqrogʻi, koʻpchilik ustalar amerikaliklar va yevropaliklarni oqib kelishidan juda mamnun edi. Bunga sabab shu ediki, mahalliy aholida ogʻir iqtisodiy va ijtimoiy vaziyat tufayli bu taʼlimotlarga eʼtibor pasaygan, va aksincha, AQSH bilan Yevropada ularga qiziqish moda tusiga kirib borgan. Shuning uchun ham mashgʻulotlar uchun yaxshigina pul toʻlay oladigan ajnabiylarga unvonlar hamda turli rangdagi belbogʻlar bilan taqdirlanish odatdagidan koʻra tezroq amalga oshirilgan.

Ammo har doim va har kim bilan ham shunday boʻlgan deya olmaymiz. Djon Lyuis ham aynan shu tarzda qora belbogʻ sohibi boʻlmagani aniq.
Djo Lyuis ilk marotaba Vashingtondagi karate boʻyicha birinchi musobaqada roʻyxatdan oʻtgan edi. Bir tomondan, u karate sportining hech qanday qoidalari toʻgʻrisida habari boʻlmagan, boshqa tarafdan esa – uning ususli koʻproq koʻcha mushtlashuviga oʻxshash boʻlsada janglarda peshqadamlik bilan gʻolib chiqavergan.
Mashhur sportchilarning hech biri Lyuisning sevimli zarbasi –“mavashi”ga qarshi tura olmagan. U oʻzining barcha baholarini keyingi faoliyatidagi oʻziga xos tashrif qogʻoziga aylangan aynan shu zarbasi tufayli qoʻlga kiritgan.
Sport karatesida atigi besh yil davomidagi chiqishlarida Lyuis oʻsha davrning 30 nafar eng yirik musobaqalarida gʻolib chiqqan. U 60-chi yillardagi boshqa bir sportchi – Maykl Stounning yutuqlarini, yaʼni, sport karatesi boʻyicha bir yil davomida birin-ketin uch asosiy chempionatida gʻolib chiqib qaytara olgan yagona sportchi boʻlib qolgan.
Yosh karatechining muvaffaqiyati tufayli tashkilotchilar hatto har qanday yoʻl bilan boʻlsada Lyuisning chempionatlarda qatnashishini taqiqlashga harakat qilishgan.

Biroq, Lyuis uchun endi faqat karatening doirasi torlik qila boshlagan edi. Oʻz shuhrati choʻqqisida boʻla turib, oʻz gʻalabalaridan qoniqmay qoldi. Oʻzining gaplariga koʻra, mislsiz mukammal oyoqlar texnikasiga erishganidan soʻng u shu haqda oʻylanib qolganki, karatening koʻpchilik muxlislari faqat sharqiy usullarga toʻgʻri keladigan qoʻllar texnikasi borasida yetarli darajada mahoratga ega emas.
Karate ustasining qiziqishi boksga qaratilgan edi. U boks bilan mashhur murabbiy –Djoy Orbil boshchiliga shugʻullana boshladi.
Shu bilan bir qatordau Bryus Lininng “Djit Kun Do” tizimi boʻyicha Bryusning oʻzi bilan shugʻullana boshladi, va unda yaxshi natijalarga erishdi. Aynan Bryus Li karate boʻyicha odatiy musobaqalarni "quruqlikdan suzish" deb atab full-kontakt usulining boʻlajak asoschisini toʻliq kontaktli janglar gʻoyasiga undagan, degan mish-mishlar ham urchib ketgan edi.
Djo Lyuis toʻlaligicha karatedan boksga va Bryus Li bilan mashgʻulotlarga oʻtib olgan edi. Aynan oʻsha yillarda promouter Li Folkner turli yulduzlar – Chak Norris, Mayk Stoun, Bob Uoll ishtirokida musobaqa oʻtkazishga qaror qilgab. Soʻzsiz Djo Lyuis ham taklif etilgan edi.
Lekin chempionbir shart qoʻygan edi – jang toʻliq kontaktda boʻlishi kerak.Tashkilotchilar Lyuisning shartlariga koʻngan, biroq chempionlar va ustalarning koʻpchiligi bunday musobaqalarda qatnashishdan bosh tortdi. Djo Lyuisning raqibi boshqa bir karate ustasi Greg Beyns boʻlgan.
1970 yilning 17 yanvar kuni Kaliforniya shtatining Long Bich shahrida karatening full-kontakt qoidalari boʻyicha birinchi jang oʻtkazildi. Lyuis Jangning ikkinchi raundidayoq sport yangi turi boʻyicha ilk chempioni boʻlib, Greg Beynsni nokautga uchratgan. Ayrim manbalarga qaraganda, Djoning oʻzi oʻz tizimining samarasini “full-kontakt karate” deb atagan, ammo ikir-chikirlarni yaxshi tushunmaydigan tomoshani olib borayotgan boshlovchi jang sanʼatini “amerikacha kikboksing” deb tanishtirgan.

Ushbu tadbirdankeyin bir qancha muddatga "full-kontakt" termini unutilgan va kundalik hayotda uning oʻrniga “kikboksing” termini ishlatila boshlagan. Kikboksing doiralari faqat 80-yillarga kelib aniqlashganiga, undan avval esa juda mujmal termin boʻlishiga qaramay, aslida, ushbu jang sanʼatlari bir-biridan farq qilmaydi. Shu oʻrinda shuni aytib oʻtish kerakki, 20 asrning oxiridagi adabiyotlarda “kikboksing-karate” iborasini ham uchratish mumkin. Umuman, bir soʻz bilan aytganda Djo Lyuis bu yoʻnalishning asoschisi boʻlgan, biroq ushbu usul turli joylarda turlicha nomlanadi.
- Mening falsafam shunday – deb tushuntirar edi u, - agar men raqibni batamom magʻlublikka uchratmasam, qanday qilib men uning ustidan haqiqatda gʻalaba qozondim,deyishim mumkin?
U oʻz ommabopligini ham juda oddiy taʼriflar edi: Mening sochlarim yorqin tusda, koʻzlarim moviy, qad-qomatim ham xushbichim. Men shunchaki odamlarning tasavvuridagi dovyurak jangchining ideal timsoliga boshqalarga nisabatan koʻproq toʻgʻri kelib qolganman, xolos.
Afsuski, Lyuis ham sport olamidagi boshqa koʻpchilik sportchilar singari magʻlubiyatdan qochib qutila olmagan edi. U birinchi marta ringdan yengilmagan holda chiqib ketganligiga qaramay, 1975 yildagi uning sportga qaytishini qoyil-maqom boʻlgan deb boʻlmaydi – u jangda magʻlubiyatga uchragan.

Jangchilik faoliyatini tamomila toʻhtatganidan keyin Lyuis oʻsha davrdagi boshqa koʻplab taniqli yakka kurash ustalari kabi oʻz imkoniyatlarini kinoda sinashni boshladi. Masalan, Benni Urkidez va Richard Nortonlardek ring yulduzlari ishtirok etgan “Beshovlonning qudrati” filmi.
Ammo Lyuis kino sohasida ham koʻp qolmadi, chunki u jang sanʼatlari toʻgʻrisidagi oʻsha davrdagi kinoda jangovar sahnalarning bachkanaligiga, bundan tashqari, ular zoʻravonlikni targʻib qilinishidan boshqa narsa emasligiga chiday olmas edi.
Odam.uz tahririyati. Har bir maqolani odam tekshiradi va sodda, jonli oʻzbek tilida yozamiz. Maqsadimiz - foydali boʻlish va vaqtingizni behuda sarflamaslik.



