Muchal nima degani? Muchalingiz qaysi yil?

Moziyshunoslar fikricha, Muchalning tub negizida aslida bundan qirq asrcha burun xitoyliklar tuzgan, yil nomlari har oltmish yilda muntazam takrorlanib turishiga asoslangan taqvim yotadi. Uning vujudga kelishiga oʻsha kezlardagi olam suv, olov, tuproq, metall va yogʻochdan tashkil topgan hamda ular oʻzida ijobiy va salbiy xususiyatlarni mujassamlantiradi, degan tushuncha turtki boʻlgan. Bu besh unsur “osmon shoxobchasi” deb nomlangan. Samoning eng yorugʻ yoritqichlaridan Mushtariyning 12 yillik harakati yoʻli esa shuncha boʻlakka boʻlingan va harbiriga “yer shoxobchasi” deb ataluvchi 12 oy belgilari qoʻyib chiqilgan. Milodning boshlarida ularga kalamush, sigir, yoʻlbars, quyon, ajdaho, ilon, ot,qoʻy, maymun, tovuq, it, choʻchqa kabi hayvonlar nomi qoʻshilgan. Bu belgilar Quyoshning yillik koʻrinma harakati yoʻlida joylashgan Hamal, Savr, Javzo,Saraton, Asad, Sunbula, Mezon, Aqrab, Qavs, Jadiy, Dalv va Hut yulduz turkumlari egallagan hududlarga mos kelgan.

Shu zayl qadimgi xitoyliklar besh belgili “osmon shoxobchasi” va 12 belgili “yer shoxobchasi”dan tashkil topgan hamda ularning koʻpaytmasi boʻyicha oltmishyilni qamrab oluvchi, hozir ham Xitoy, Yaponiya, Koreya, Vetnam va Mongoliyada qoʻllaniluvchi siklik jadval taqvimini yaratishgan. Mohiyatan yondoshganda, bu aslida shamsiy-qamariy taqvim boʻlgan. Chunki unda Oyning Yer atrofida aylanish davri, ilmiy tilda aytganda, sinodik oy 29 kecha-kunduz 12 soat 44 daqiqa 3soniya, Quyosh yassi doirasi markazining 21 martda roʻy beradigan bahorgi teng kunlik nuqtasidan ketma-ket ikki marta oʻtishi uchun zarur vaqt 365 kecha-kunduz 5 soat 48 daqiqa 46 soniya deb olingan. Shundan kelib chiqqan holda, yilning uzunligi oddiy yillarda 12 oylik qilib 354 kunga, kabi sayillarda 13 oylik qilib 384 kunga tenglashtirilgan. Taqvimdagi yillardan qaybiri 12 oylik, qay biri 13 oylik boʻlishi maʼlum Oy fazasi, masalan, yangi oyning yilning aniq bir sanasiga toʻgʻri kelishi davriga qarab belgilanadi. Budavr 19 yilga teng boʻlib, shundan yettitasiga, yaʼni 2, 5, 7, 10, 13, 15- va 18-yillarga 13-oy qoʻshiladi, qolganlari 12 oydan iborat boʻladi. Oʻtgan asrda ushbu taqvimning 19-yillik sikllari boshi 1924, 1943, 1962, 1981, 2000 yillarga toʻgʻri kelgan.

Baʼzi qadimiy yozma manbalarga qaraganda, Muchal dastlab miloddan avvalgi III-II asrlarda yoxud Yunon - Baqtriya podsholigi davrida koʻchmanchi chorvador xalqlar, ayrim dalillarga koʻra, misrliklar va xitoyliklar tomonidan joriyetilgan. Boshqa maʼlumotlar boʻyicha esa, mazkur yil hisobi barcha turkiy, forsiy-qobuliy xalqlar, shuningdek, moʻgʻul, xitoy, tuva, oltoy, xakas, buryat, qalmoq va oʻzga millatu elatlar orasida qadimdan amalda boʻlgan. Qandayligidan qatʼi nazar, u keyinchalik Moʻgʻuliston, Xitoy, Yaponiya, Hindiston, Misr,Iroq, Eron, Afgʻoniston, Markaziy Osiyo mamlakatlariga keng tapqalgan. Oʻtmishdoshlarimiz odamning yoshini, tugʻilgan va vafot etgan vaqtini, tarixiy janglar va buyuk voqealarni, yil va fasllarning nechogʻli kelishini shu taqvim asosida “yil agʻdarib” aniqlashgan.

Shubhasiz, inson yorugʻ dunyoga koʻz ochgan yilni hayvonlar nomi bilan atash odati oʻtmishda ayrim mahluqlarga sigʻinish oqibati oʻlaroq kelib chiqqan. Qaysi yurtda qaysi jonzotlarga koʻproq sajda qilinsa, ular Muchal yili hisobiga kiritilgan. Macalan, Xitoyda bizdagi baliq oʻrniga afsonaviy ajdaho, Afrikadagi baʼzi xalqlarda timsoh, Misrda sichqon oʻrniga mushuk, ot oʻrniga eshak tanlangan. Bora-bora ayrim joylarda, jumladan, Markaziy Osiyo, Moʻgʻuliston vaXitoyda ham turli qimmatbaho buyum-jihozlarni Muchal yillariga nomi berilgan hayvonlar rasmi bilan bezash urf boʻlgan. Natijada oltin va kumushdan ilon shaklida yasalgan bilaguzuklar, baliq va boshqa hayvonlar tasviri oʻyib ishlangan mis idishlar koʻpaygan.

Albatta, Muchal yillari toʻgʻrisida turli millatlar turlicha fikr-xulosaga ega boʻlishgan. Shu bois bir xalqning muayyan yil toʻgʻrisidagi tasavvuri gohida ikkinchi xalqnikiga mos kelmagan. Ammo barchasida Muchal hisobiga kiritilgan hayvonlar xosiyatli va muqaddas sanalgan. Oʻz navbatida, yillarning baʼzilari qut-barakali, baʼzilari qutsiz-barakasiz deb taʼriflangan va har birida koʻp yillik hayotiy kuzatuvlarga tayangan holda oldindan bashorat qilingan qandaydir voqea-hodisalar sodir boʻlishi kutilgan. Bu oʻrinda koʻpincha ob-havoning qulay yo noqulay kelishi, qaysi yil kishilarga quvonch, omad va baxt ato etishi, qay biri gʻam-tashvish, omadsizlik va kulfat keltirishinazarda tutilgan. Aytaylik, Baliq yili seryogʻin keladi va ekinlardan moʻlhosil koʻtariladi. Negaki, bu “luqmai halol” suvda yashaydi. Tovuq yilida ham oziq-ovqat seroblashadi, lekin odamlarning tashvishi ortadi. Sababi, bu parranda asosiy ozigʻi boʻlmish donni topib yeyish uchun hamma yoqni oyogʻi vatumshugʻi bilan obdon titkilab tashlaydi. Xuddi shuningdek, Toʻngʻiz yilida yogʻingarchilik koʻpayib, narx-navo arzonlashsa-da, tez-tez qor yogʻib, sovuq zabtiga oladi, boz ustiga, fitnalar avjiga chiqadi. Ilon yilida esa qishning qahri qattiqlashib, qurgʻoqchilik va qimmatchilik roʻy beradi. Sigir yili kirsa, urush koʻpayadi, chunki bu zabonsiz jonivorlar bir-biri bilan tez-tez suzishib turadi.

Mahmud Koshgʻariyning “Devonu lugʻotit turk” asarida yozilishicha, bunga oʻxshash eʼtiqodiy tushunchalar turkiy xalqlar orasida ancha ommaviylashgan. Ular yillarning har birida oʻziga yarasha betakror hikmat bor deb hisoblashgan va shunga taalluqli taxminlarni ilgari surishgan. Etnograf T.Potapovning aniqlashiga koʻra, qadimgi tuvaliklar sichqon, ot, qoʻy, it va toʻngʻiz yillarini qutli, sigir, baliq (mahalliy aholi talqinida — ajdaho), ilon, maymun, tovuq yillarini qutsiz, yoʻlbars va quyon yillarini moʻtadil debbilishgan.
Bulardan tashqari, ajdodlarimiz insonning taqdiri va feʼl-atvori ham koʻp jihatdan uning muchaliga bogʻliq boʻlishini mudom eslatib kelishgan. Chunonchi, Quyon yilida dunyoga kelgan oʻgʻil bola yaxshi odam boʻlib voyaga yetadi, jamiyat uchun foydali ishlar qiladi, toʻkin-farovon hayot kechirib, uzoq umr koʻradi, degan fikrni avlodlar qulogʻiga quyishgan.

Tabiiyki, Muchal yillari toʻgʻrisidagi tasavvurlar va ibratli bashoratlar turli millatlarning xalq ogʻzaki ijodi namunalarida ham oʻz ifodasini topgan.Adashmasak, asrlar osha sayqal topgan “Bars (yaʼni, yoʻlbars yoki ilvirs) yili— boylik, Quyon yili - qahatlik”, “Bars yilida boring soch, hech boʻlmasa tariq soch”, “Sigir yili — toʻqlik, Qoʻy yili — yoʻqlik”, “It yilida boʻron boʻlar”,“It yilida ekkaningni toʻngʻiz yilida oʻrasan”, “Bars yilida boring oʻsar, Ityilida moling oʻsar”, “Sichqon yili — toʻqlik, Quyon yili — ochlik”, “Quyonyilida yut boʻladi” singari oʻzbek maqollari bunga yorqin misol boʻla oladi. Zahmatkash tadqiqotchilar Shotursun Shomaqsudov va Shuhrat Shorahmedovning 2001yili “Oʻzbekiston Milliy entsiklopediyasi” nashriyoti tomonidan chop etilgan”Maʼnolar maxzani” kitobida minglab boshqa soʻz durdonalari qatori ushbu naqllarning ham choʻng maʼno-mazmuni teran ochib berilgan. Shuningdek, mohiyatan Muchalga daxldor “Tuya boʻyiga ishonib, yildan quruq qolibdi” degan maqolning xalq afsonalariga uyqashib ketgan yaratilish tarixi haqida soʻz yuritilgan.
Bu rivoyatning muxtasar tafsiloti quyidagicha: qadimgi odamlar Muchalni oʻylab topib, unga kiritilgan oʻn ikki yilning har biriga biror jonivor nomini qoʻymoqchi boʻlibdilar. Ayni maqsadda hamma turdagi hayvonlarga daryo boʻyiga toʻplanishni buyuribdilar. Shuning barobarida “Qaysi biringiz oldin koʻrinsangiz, muchalning dastlabki yili sizning nomingiz bilan ataladi”, deb eʼlon qilibdilar. Bu xabardan ogoh topgan daroz boʻyli tuya oʻzida yoʻq quvonib ketibdi. ”Birinchi yilga baribir mening nomim loyiq qoʻriladi” degan xomxayolga borib, boʻynini gʻurur ila olgʻa choʻzgancha, loʻkillab yoʻlga tushibdi.

Hayvonlarning eng mittisi sichqon boyaqish bundoq qarasa, boshqa mahluqlar oyogʻi ostida qolib ketib, hakamlar nazariga tushmasligi tayin. Shunda u oʻzi uchun nihoyatda foydali aqlli bir ish qilibdi. Chaqqon sakrab, yonidan oʻtib borayotgan tuyaning ustiga chiqibdi-da, uning qulogʻi uchiga oʻtirib olibdi. Qarabsizki, hayvonlar aytilgan manzilga yaqinlashganlarida hammadan ilgari sichqon koʻzga tashlanibdi. Shartga binoan, muchalning birinchi yiliga uning nomi berilibdi. Boʻyiga ishongan laqma tuya esa yildan quruq qolibdi.
Albatta, bu naqlning maʼjoziy maʼnosi ham bor. Ayrim kishilar qilday amalga oʻtirsa, bamisoli filday aqlga ega chiqqanday, manmanlikka berilib, yon-atrofidagilarni mensimay qoʻyadilar. Ayrimlari oʻz oʻtkinchi mol-dunyosi yoki soxta obroʻ-eʼtiboriga mahliyo boʻlib, “Falon narsa menga tegmay, kimga tegardi?” yoki “Piston joyga mendan boʻlak kim ham aytilardi?” deya katta ketadilar.Alqissa, amalda teskarisi boʻladi. Ular oʻsha joyga aytilmaydilar yoki beriladigan narsadan quruq qoladilar. Oxir-oqibat sharmanda boʻlib, qattiq pushaymon chekadilar. Tabiiyki, “Boʻyiga ishongan qamish boʻyra boʻlibdi” degan maqol ham istehzo tariqasida mana shunday kimsalarga nisbatan ishlatiladi.
Quyida muchal yilining milodiy taqvim boʻyicha qaysi yillarga toʻgʻri kelishini koʻrsatuvchi jadvalni eʼtiboringizga havola qilayotirmiz

Agar siz muchalingizni topmoqchi boʻlsangiz, avval tavallud yilingizga 9 sonini qoʻshing, soʻngra yigʻindini 12 ga boʻling. Qoldiq sonni esa muchalingiz deb biling. Aytaylik, siz 1972 yili tugʻilgansiz. Bu sanaga 9 ni qoʻshsak, 1981 gaaylanadi. Uni 12 ga boʻlsak, 165 soni kelib chiqadi va qoldiq sifatida 1 qoladi. Jadvalda esa ushbu raqam qarshisida “Sichqon” yozuvi turibdi. U sizning muchalingizdir. Bordi-yu, amallar natijasi “nol”ga teng boʻlsa, 12-muchalyilida dunyoga kelgan hisoblanasiz. Misol uchun, siz 1959 yili tugʻilgan boʻlsangiz, bu songa 9 qoʻshilganda, yigʻindi 1968 ga tenglashadi. U 12 gataqsimlansa, hech qanday qoldiq chiqmaydi, aniqrogʻi, “nol” paydo boʻladi. 1959 raqami esa jadvalning oʻn ikkinchi qatoridan oʻrin olgan. Demak, muchalingiz toʻngʻiz ekanligi oʻz-oʻzidan ayon boʻladi.

Siz oila aʼzolaringiz va qarindosh-urugʻlaringiz muchallarini ham shu asosda bemalol aniqlashingiz mumkin.

Mavzuga oid: Tugʻilgan yilingizga qarab xarakteringiz
Odam.uz tahririyati. Har bir maqolani odam tekshiradi va sodda, jonli oʻzbek tilida yozamiz. Maqsadimiz - foydali boʻlish va vaqtingizni behuda sarflamaslik.



