Kimning “oxrana”si kuchliroq? – Dunyo rahbarlarini qanday qoʻriqlashadi (I qism)

Biz jangari filmlarda tansoqchilarni doimo urushib, otishib yurishlariga oʻrganib qolganmiz, aslida esa ularning vazifalari umuman boshqacha. Tansoqchilar mijozlarini muhofaza qilishlari uchun ular yurishalari kerak boʻlgan yoʻnalishlarning xavfsizligini rejalashtiradilar va tekshiradilar, bino va xonalarni oldindan koʻzdan kechirib chiqadilar, qoʻriqlanayotgan shaxsning uchrashmoqchi boʻlgan odamlari haqida maʼlumotlar yigʻadilar, yurishlari kerak boʻlgan transportlarni tintib chiqib, ularga safar va marosimlarda hamrohlik qiladilar. Maʼlum sabablarga koʻra, bularning barchasi oʻta maxfiy holda bajariladi. Quyida baʼzi dunyo rahbarlarining xavfsizlik xizmati va tansoqchilari haqidagi maʼlumotlar bilan tanishishingiz mumkin.
Federal xavfsizlik xizmati – Rossiyaning kuchli, qudratli va eng maxfiy maxsus xizmatidir. Uning koʻlami va vazifasi haqida faqatgina taxmin qilishgina mumkin. Baʼzi maʼlumotlarga qaraganda, bugungi kunda Rossiyaning Federal xavfsizlik xizmatida 50 ming nafar agent xizmat qiladi.

Bu shaxslar hech qanday ordersiz odamlarni yashirin holda tinglash, tintuv olib borish, fuqarolarni toʻxtatish va avtomobillarni musodara qilish huquqiga egadirlar. Ular davlat organlari joylashgan Moskvaning 12 ta koʻchasini nazorat qiladilar, bu yerda yashovchi aholining barchasi kuzatuv ostida (ularning har biri haqida shaxsiy maʼlumotlar yigʻilgan). Biroq eng asosiy vazifa – “birinchi raqamli obyektni” muhofaza qilishdan iboratdir. Sobiq SSSR hamda KGB davridan bu haqda koʻplab mish-mish va uydirmalar yurardi. Shulardan eng koʻplari Putin va uning qiyofadoshlari bilan bogʻliq. Goʻyoki presidentning qiruvchi samolyot shturvalini boshqargan holda Chechenistonga uchishi yoki batiskafda Baykal koʻlining tubiga tushishi kabi xatarli tadbirlarda qiyofadoshlaridan foydalangan.

Putinning sobiq tansoqchisi Aleksey Dyuminning aytishicha, davlat rahbarining hayotiga xavf soladigan holatlar yetarlicha sodir boʻlgan. Maʼlum bir vaqtlardan keyin ular haqida gapirish mumkin boʻlib qolar, ammo hozir emas (hozircha bu maʼlumotlarning oshkor etilishi qatʼiy taqiq ostida). Shunisi maʼlumki, 2001 yildan beri Putinga kamida toʻrt marotaba suiqasd uyushtirilgan.

2000 yildan, yaʼni Putin hukumat tepasiga kelganidan boshlab 2016 yilgacha FXX ni sobiq mudofaa generali Yevgeniy Murov boshqargan. 2016 yilning may oyida 70 yoshga toʻlishi munosabati bilan isteʼfoga chiqqan.

Uning oʻrnini Dmitriy Kochnev egalladi. Bu insonni “tarjimai holi boʻlmagan shaxs”, deb atashar edi. Chunki Kremlning ham, FXX ning saytlarida ham u haqda hech qanday maʼlumot yoʻq edi. Hozirgi kunda esa qisqagina “rezumesi” bor xolos: “1984 yildan 2002 yillar davomida SSSR hamda RF boshqarmalarida faoliyat yuritgan".

Taajjubki, ushbu federal agentlik birvarakayiga ikkita turli xil vazifani bajaradi: president va uning oilasini muhofaza qiladi hamda Amerika pullarini qalbakilashtirishga qarshi kurashadi. Rossiyalik hamkasblaridan farqli oʻlaroq ular rasmiy saytlari orqali oʻzlari haqida bemalol maʼlumotlar bera oladilar. Masalan, boshqarmada 3200 nafar maxsus agent, Oq uyning 1300 nafar qoʻriqchisi hamda 2000 nafar yana qoʻshimcha xodimlar (texniklar, boshqaruvchi va boshqalar) – jami 6500 nafar odam xizmat qilishi haqida ochiq ayta oladilar.

Barark Obama Maxfiy xizmat faoliyati bilan saylovlardan 18 oy avval tanishishga ulgurgan (AQSH tarixidagi boshqa prezidentlikka nomzodlardan ancha avval). Mish-mishlarga qaraganda bu narsa prezidentning rafiqasi Mishel Obamani tinchlantirish uchun qilingan, chunki uning turmush oʻrtogʻi nomzodlarning ichidagi eng birinchi qora tanli yetakchi edi, shuning uchun ham uning radikal dushmanlari boshqalarnikiga nisbatan ancha koʻp boʻlishi tabiiy edi. Mishel ana shundan xavotirda edi. Keyinchalik uning xavotiri oʻz isbotini topdi – xodimlarning aytishlaricha, Obamaning prezidentlik davrida Maxfiy xizmat koʻpgina xatar va tahdidlarning oldini olish uchun bir nech barobar kuchaytirilgan rejimda ishlagan.

Maxfiy xizmat muntazam ravishda eng oldi texnika moslamalari bilan taʼminlanadi: yuz qiyofasini anglay oladigan gadjetlardan tortib, eng soʻnggi rusumdagi bronemashinalargacha. Obama harbiy darajadagi zirhli “Kadillak” mashinasida yuradi, uning eshiklarining qalinligi 20 santimetrga teng boʻlib, avtomatik tarzda berkiladi. Bu mashinaning shartli nomi – “Dilijans” boʻlsada, xalq orasida u “Yirtqich”, deb ataladi. Ushbu limuzin ichida prezident tashqi olamdan butkul uzilgan boʻladi, biroq ishonchli aloqa vositalari orqali istalgan shaxs va mamlakat bilan bogʻlana oladi. Mish-mishlarga qaraganda prezident Maxfiy xizmatining oʻnga yaqin shunday “Kadellaki” bor.

Biroq inson omili har qanday texnikadan ustun turadi. Shunga qaramay boshqarma agentlari prezident xavfsizligiga putur yetkazishlariga bir bahya qolgan. Masalan, 2012 yilda Amerikaning Kolumbiyadagi Sammitida Obamaning soqchilari oʻzlari yashaydigan mehmonxonaga fohishalarni chaqirtirganlar va hattoki giyohvand moddalar ham isteʼmol qilganlar. Yengiltabiyat ayollardan biri keyinchalik “agar men terrorchi boʻlganimda, xohlagan ishimni bajara olgan boʻlar edim, chunki bizni chaqirtirgan soqchi-mijozlar bamaylixotir uxlab yotar edilar”, deya taʼkidladi. Aybdorlar darhol ortga qaytarildi, Obama ularni “ahmoq kallalar” derya urushdi, boshqarma esa talabchanlikni kuchaytirdi.
2014 yilda Maxfiy xizmat boshqarmasiga ayol kishi rahbar qilib tayinlandi, bunda undan ham battar voqea sodir boʻldi. Obama Amsterdamga davlat tashrifi bilan borganida uning uch nafar soqchisi orqaga qaytarib yuborildi. Gap shundaki, ushbu soqchilardan biri haddan tashqari koʻp miqdorda spirtli ichimliklar isteʼmol qilib, mast holga keladi va mehmonxona yoʻlagida dumalab qoladi. Ikki nafar sheriklari esa uni ichkilikdan qaytara olmaganliklari uchun ishdan haydaladilar.

Huddi shu yilning kuz oylarida yana bir mojaro sodir boʻldi: bir erkak kishi qoʻlidagi pichogʻi bilan darvozadan sakrab oshib, hech qanday toʻsiqlarga duch kelmagan holda Oq uyga kirib bora oldi. Kirish yoʻlagidagi signalizatsiya nosozligi uchun ishlamay qolgan. Bostirib kirgan erkak kishi eshik oldidagi ayol soqchini yengib oʻtib, banket zalga yoʻl olgan. U yerda uni ishdan uyga qaytmoqchi boʻlib turgan agent qoʻlga olgan. Bunday masʼuliyatsizliklardan keyin Maxfiy xizmat boshligʻi boʻlgan ayol isteʼfoga chiqarilgan.
Aytishlaricha, Donald Tramp hali presidentlikka saylanmasidan avval, “oddiy millioner” davridayoq shaxsiy “oxranasi” ga Maxfiy xizmatning sobiq agentlarini hamda Harbiy dengiz Flotiga qarashli “Dengiz mushuklari” nomli nufuzli boʻlinmaning jangchilarini yollagan edi.

Harbiy dengiz tayyorgarligini koʻrgan Nyu-York politsiyasining sobiq detektivi Kit Shiller 90 yillardan beri Trampning bosh tansoqchisi hisoblanadi. Aytishlariga qaraganda, u Tramp va uning oilasiga juda sodiq hamda Maxfiy xizmatning faoliyatdagi koʻpgina agentlaridan ancha ustun. Hayotda “yumshoq va mehribon” boʻlgani bilan, ishda “uchar va qattiqqoʻl” boʻlgan Shiller koʻpgina mojarolarning markazida boʻlib keladi. Ilk marotaba u professional restler Vins Makmenning Trampga nisbatan hazilomuz tashlanishini toʻxtatib qolib, koʻplarning diqqat markaziga tushdi. Oxirgi paytlarda esa u prezidentning antiimmigratsion siyosatidan norozi boʻlganlarni joyiga qoʻyib qoʻymoqda.

Odam.uz tahririyati. Har bir maqolani odam tekshiradi va sodda, jonli oʻzbek tilida yozamiz. Maqsadimiz - foydali boʻlish va vaqtingizni behuda sarflamaslik.



