Oliynasab kishilar buyumi – koʻzgu tarixi

Arxeolog olimlar Turkiya hududidan topilgan taxminan 7500 yillik tarixga ega sayqallangan obsidian boʻlaklarni insoniyat hayotidagi birinchi koʻzgu deb hisoblaydilar. Koʻzgu antik dunyoning eng qimmatbaho buyumlaridan biri boʻlgan, shu sabab qadimgi Yunoniston va Rimda faqat oliynasab kishilargina koʻzgu sotib olishga muvaffaq boʻlganlar.

Poʻlat va bronzadan sayqallangan, kaft kattaligidagi koʻzgular yuzasi tez-tez oksidlanib qolgani bois, ularni muntazam ravishda tozalashga toʻgʻri kelgan.

Tilshunoslarning taʼkidlashicha, koʻzgu soʻzi Qadimgi Rimda paydo boʻlib, u lotin tilida spectrum tarzida talaffuz etilgan. Boshqa tillarga koʻchgan mazkur soʻz fonetik, morfologik va leksik oʻzgarishlarga duch kelgach, turlicha jaranglay boshladi. Zamonaviy oynani yodga soluvchi koʻzgu haqidagi ilk maʼlumotlar 1279 yilga tegishli boʻlib, fransiyalik Jon Pekam oddiy shishani yupqa qoʻrgʻoshin qatlami bilan qoplash usulini bayon etgan.

Koʻzgu ishlab chiqarish ilk bor Venetsiyada yoʻlga qoʻyilgan va ushbu texnologiya yetarli darajada murakkab boʻlgan. Koʻzgu tayyorlash uchun: qalayli folga qogʻozga yopishtirilgan, ikkinchi tomoni simoblanib, ustidan yana bir marta qogʻoz yopishtirilgach shisha oʻrnatilgan.

Venetsiya koʻzgu ishlab chiqarish borasida hamisha oʻz monopoliyasini tutib turishga harakat qilgan. 1454 yili hukmdor Doj koʻzgu yasovchi ustalar oʻlkani tark etishini taqiqlovchi qaror chiqaradi. Venetsiyadan chetga chiqqan ustalar zudlik bilan qaytish haqida buyruq olganlar. Ortga qaytishni istamagan ustalar esa qattiq jazolanganlar, xatto ayrimlarining izidan yollanma qotillar yuborilgan.

Fransuz qiroli Lyudovik XIV koʻzgu desa oʻzini tomdan tashlardi. Aynan uning hukmronlik yillarida “San-Goben” firmasi venetsiyaliklarning koʻzgu ishlab chiqarish siridan voqif boʻlganlar va shu voqia koʻzgu narxi birdan tushib ketishiga sababchi boʻlgan. XVIII asrda parijliklarning har uchtadan ikkitasida koʻzgu bor edi.

1835 yilga qadar koʻzgu ishlab chiqarish sohasida sezilarli oʻzgarishlar sodir boʻlmadi, aynan shu vaqtga kelib olmon professori Yustus fon Libix kumushdan foydalangan holda tiniqroq koʻzgu tayyorlash mumkin ekanligini isbatladi.

Koʻzgular kundalik hayotimizning bir parchasiga aylanib ulgurgan, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Soʻnggi yillarda koʻzgular bino tuzilishidagi kamchiliklarni berkitish, uy intererini toʻldirish va turli dekorativ buyumlarni yasashda qoʻllanilmoqda.

Odam.uz tahririyati. Har bir maqolani odam tekshiradi va sodda, jonli oʻzbek tilida yozamiz. Maqsadimiz - foydali boʻlish va vaqtingizni behuda sarflamaslik.



