Dasturxon tuzash va mehmon kutish borasidagi oltin qoidalar

Tuzaladigan dasturxon albatta toza va dazmollangan boʻlishi kerak. U xontaxta yoki stol oyogʻini yarmigacha berkitib turishi lozim.
Dasturxondagi pichoq, sanchqi va qoshiqlar orasini 1 smdan ochib qoʻyish lozim.

Pichoq qoʻyilganda uning tigʻli tomoni likopchaga qaratilib qoʻyilishi kerak.
Qoʻl sochiqlarini imkon qadar dasturxonga moslab tanlash tavsiya etiladi. Har bir kishiga bittadan qoʻl sochigʻi qoʻyilishi maqsadga muvofiq.

Mexmonlarga qulay boʻlishi uchun non dasturxonning bir nechta joyiga qoʻyilishi lozim.
Mehmonlarga bir necha xil taom tortiq qilishni istasangiz, ovqatlarni oz-ozdan suzing.

Xamirli ovqatlar qatiq yoki qaymoq bilan tortiladi. Qatiqqa biroz shivit toʻgʻrab, kichik piyolachalarga solib dasturxonga tortish mumkin.
Ovqat solinadigan idish (likopcha yoki kosa) chiroyli va bir xilda boʻlsa, dasturxonga bayramona rux bagʻishlaydi.

Agar mehmon kutishni issiq kunlarga moʻljallayotgan boʻlsangiz, mayonezli va qaymoqli salatlar, tuzlamalar va tez buziladigan taomlarni tortish tavsiya etilmaydi.
Bayram taomnomangizda faqatgina bir turdagi xamirli taom boʻlgani maʼqul. Taomlar bir-birini takrorlamasa ziyofat yanada ajoyib oʻtadi.

Dasturxonga tortiladigan taomlarning bir-biriga uygʻunligini eʼtiborga olishga harakat qiling. Masalan, baliqli taom oldiga albatta, limon qoʻying. Tovuq goʻshtidan tayyorlanadigan quyuq taomlarga esa, tomat qaylasini qoʻyish maqsadga muvofiq boʻladi.
Mevalar avvaldan kesib qoʻyilsa, qorayib yoki quruqlashib qolishi mumkin. Shu sababdan ularni dasturxonga butunligicha qoʻyib turing va taom isteʼmolidan soʻng likopchalarga kesib dasturxonga torting.

Mehmon kutish ham aslida bir kichik sanʼatdir. Uyingizga kelgan mehmonlar sizning sanʼatingizga tan berib ketishsa bu juda yoqimli. Mehmon kutishingizda yuqorida keltirilgan oddiy biroq muhim boʻlgan maslaxatlarimiz sizga qoʻl kelib, oz boʻlsa-da naf keltirsa bundan juda mamnun boʻlamiz.

Odam.uz tahririyati. Har bir maqolani odam tekshiradi va sodda, jonli oʻzbek tilida yozamiz. Maqsadimiz - foydali boʻlish va vaqtingizni behuda sarflamaslik.



