Hindistonning Bayga xalqi: Ularni nima uchun panda-odam deb ataydilar?

Panda-odamlar faqatgina oʻrmon hududlarida hayot kechirishadi, ammo ov qilish va termachilik ular uchun birinchi oʻrinda emas. Bu odamlar yerga ishlov berish va hosil olish orqali kun koʻrishadi. Buning uchun kerak boʻlsa daraxtlarni kesib, oʻsimlik ekish uchun katta hududlarni boʻshatishga harakat qiladilar.
Eng qizigʻi, ular tuproqni haydamay ekin ekishadi. Bu narsa ularning eʼtiqodlari bilan bogʻliq - hindlar uchun yer onadek aziz hisoblanadi. Agar uni haydaydigan boʻlsalar, bu ona yerning koʻksiga tigʻ urish bilan teng boʻlar emish.
Panda-odamlar tuproqning joni bor ekanligiga juda qattiq ishonishadi. Aynan shu sababli ham yerning bir qismida dehqonchilik qilishmaydi, bitta hududdan katta hosil olishni insofsizlik deb bilishadi. Oqibatda ular har yili oʻzlarining yashash joylarini oʻzgartiradilar.
Bayga xalq odamlari dehqonchilik bilan bir qatorda ov qilish, tabiat neʼmatlarini yigʻish bilan ham shugʻullanishadi.

Bayga odamlarini kirishimli va doʻstona xalq deyish juda qiyin, shu sababli ham ular boshqa xalq vakillari bilan muloqot qila olishmaydi. Kastaga mansub boʻlmagan odamlar ularning yaxshi muomala qilishlaridan umid qilmasliklari ham mumkin.
Boshqa xalq vakillariga boʻlgan bunday ehtiyotkor munosabatning aniq sababi hamon maʼlum emas. Bayga odamlari oʻzlariga mansub boʻlmagan insonlar bilan muloqot qilgan jamoadoshlarini jinoyatchi deb bilishadi.

Ushbu xalq vakillari tatuirovkalarni haddan tashqari yaxshi koʻrishadi. Ularni aksariyat holatlarda erkaklar emas, ayollar oʻz tanasining turli qismlariga chizdirib oladilar. Qizlar esa kimning tatuirovkasi chiroyli ekani borasida bir-birlari bilan bellashishga ham tayyorlar.
Tatuirovkalarni chizish bilan mazkur koʻnikmani oʻz ajdodlaridan oʻzlashtirib olgan ustalar shugʻullanishadi.

Bundan tahminan yarim asr avval Hindiston hukumati vakillari Bayga odamlarini yashash joylaridan koʻchirib yuborishga qaror qilganlar. Buning rasmiy sababi esa yoʻlbarslarning tabiiy ravishda koʻpayishlariga halal bermaslik boʻlgan. Aslida esa hukumat vakillari ularning hududlarini oʻzlashtirib olmoqchi boʻlgani, panda-odamlarni esa qulga aylantirishni reja qilgani tahmin etiladi.
Bugungi kunda hukumat vakillari ularga qarshi chiqish uchun urinayotgan boʻlsa ham, Bayga odamlarini mamlakatning turli hududlarida uchratish mumkin. Ammo ushbu xalq vakillari kun kelib rahbariyat tomonidan qayta taʼqib qilinishlari haqida juda yaxshi bilishadi.

Odam.uz tahririyati. Har bir maqolani odam tekshiradi va sodda, jonli oʻzbek tilida yozamiz. Maqsadimiz - foydali boʻlish va vaqtingizni behuda sarflamaslik.



