C vitaminiga boy mandarinning foydali xususiyatlari

Tarkibida koʻp miqdorda limon kislotasi boʻlgani tufayli, u oʻzida nitratlar va boshqa zararli komponentlarni toʻplamaydi.
Mandarin kuz-qish mavsumida organizm tomonidan yoʻqotilgan vitominlarni tiklay oladi. U chanqoqni tez qondirib, tanani kerakli miqdordagi askorbin kislotasi bilan toʻldiradi, shamollash va isitmani tushirishda juda tez taʼsir etadi.

Mandarin shamollashda qoʻl keluvchi mikroblar bilan kurashish hususiyatiga ega. Poʻsti yoʻtalni yengillashtirib, ovqatni tez hazm qilishga yordam beradi.
Ushbu sitrus meva shishlarga qarshi kurashib, tarkibidagi sinefrin bronxlar faoliyatiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

Mandarin isteʼmoli yurak kasalliklari rivojlanish xavfini kamaytiradi, aterosklerozning oldini olib, tomir devorlarida xolesterin yigʻilib qolishiga toʻsqinlik qiladi.
Mandarinni magʻzini oʻrab turgan oq toʻri bilan birgalikda isteʼmol qilish kerak, sababi, uning tarkibida yurak qon-tomir tizimini mustaxkamlovchi glikozidlar mavjud.

Mandarinlar antidepressantlar bilan aʼlo darajada bellasha oladi. Uning sharbati, yoqimli olovrang tusi esa asab tizimini tinchlantirish va organizmning umumiy tonusni koʻtarish hususiyatiga ega.
Mandarinning poʻsti pektin moddalari, efir moylari, organik kislotalar va flavonoidlarga juda boy. Biroq ayrim mandarin yetishtiruvchilar unga aynan poʻsti orqali kimyoviy ishlov beradilar, hatto yaltirab turishi uchun mahsus mum sepish hollari ham uchrab turadi. Bunday mandarinlar poʻstini isteʼmol qilish salomatlik uchun katta havf tugʻdiradi.

Homiladorlikning ikkinchi uch oyligida aksariyat hollarda C vitamini yetishmovchiligi kuzatiladi. Ana shu vaqtda mandarin beminnat yordamchiga aylanishi mumkin. Biroq mandarin isteʼmoli boʻlajak ona va rivojlanayotgan bola uchun allergiya xavfini keltirib chiqarish ehtimolidan holi emas. Shu sabab, homilador ayol organizmi uchun oʻta zarur boʻlgan mandarin isteʼmoli meʼyorini unutmaganlari maʼqul.
Yana bir narsani ham taʼkidlab oʻtish kerakki, mandarin efir moyi bilan uqalash boʻlajak ona terisini turli yoqimsiz muammolardan halos etadi.

Odam.uz tahririyati. Har bir maqolani odam tekshiradi va sodda, jonli oʻzbek tilida yozamiz. Maqsadimiz - foydali boʻlish va vaqtingizni behuda sarflamaslik.



