Oʻrik mevasining foydali xususiyatlari

Oʻrik mevasida koʻp miqdorda kaliy mavjud. Bu esa uning buyraklar faoliyati uchun foydali ozuqa ekanligini bildiradi. Yaʼni oʻrik isteʼmol qilganda peshob ajralishi faollashadi. Bosh miya faoliyati uchun zarur magniy va fosfor ushbu mevada serob. Diqqatni jamlay olmaslik, nerv impulslari oʻtkazuvchanligining buzilshi kabi xolatlarda oʻrik eng yaxshi koʻmakchi.

Kamqonlik, homiladorlikdagi toksikozda oʻrik yoki meva qoqisi tavsiya etiladi. Oʻrikdagi temir moddasi organizmga oson soʻrilgani bois u foydali sanaladi.
Teri muammolari, shuningdek, koʻz ravshanligini oshirishda ham oʻrik foydalidir. Undagi beta- karotin (A vitamini) koʻzlar va teri holatiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

Oʻrik pektin moddasiga boy sanaladi. Pektin organizmni tozalash hususiyatiga ega. U tiqinlarni haydab chiqarish, shuningdek, xolesterin miqdorini kamaytirishga hizmat qiladi.
Oʻrik sharbati tabiiy antibiotik hisoblanadi. Infeksion kasalliklar, gripp, tomoq ogʻrigʻida oz-ozdan oʻrik sharbatini qabul qilish, bemor ahvolini yengillashtiradi.

Oʻrik mevasi qandli diabet bilan ogʻrigan kishilar uchun tavsiya etilmaydi. Ayrim manbaalarda ushbu meva gipoterioz xastaligida man etiladi deyilgan. Shuningdek, jigar kasalliklarida ham oʻrik meʼyorda isteʼmol qilinishi kerak, deydi mutahassislar.
Oʻrik tarkibidagi moddalarga yuqori sezuvchanlik aniqlanganda ham uni isteʼmol qilish mumkin emas.

Bu borada turli fikrlar mavjud. Ayrimlar oʻrik magʻizi (quritilgan holda), oshqozonga tushgach, sinil kislotasini hosil qiladi va bu organizmni zararlashi mumkin deydi. Boshqalar esa meʼyorda isteʼmol qilinsa, nojoʻya taʼsirlari yoʻq degan fikrda.

Kosmetologiyada oʻrik moyidan keng foydalaniladi. Hususan teri parvarishida ushbu moy yuzni tiniqlashtiradi, husnbuzarlarning paydo boʻlishi bilan kurashadi. Teri jaroxatlari, koʻkarish yengil kuyishlarda oʻrik moyi surtib qoʻyilsa, bemor ahvoli yaxshilanadi.
Bir kunda uch mahal, 1 stakandan oʻrik sharbatini qabul qilishga odatlansangiz, qabziyat, disbakterioz, meteorizm daf boʻladi.
Shuni unutmangki, oʻrik mevasi har kimga turlicha taʼsir koʻrsatishi mumkin. Meva sharbatini isteʼmol qilgach, qorin dam boʻlishi, spazm kuzatilsa, demak, uning miqdorini kamaytirish lozim.

Odam.uz tahririyati. Har bir maqolani odam tekshiradi va sodda, jonli oʻzbek tilida yozamiz. Maqsadimiz - foydali boʻlish va vaqtingizni behuda sarflamaslik.



